BBC’dan gapiramiz🙂

Koreya urushi 1953 yili tugadi. Biroq ikkala taraf ham tinchlik bitimini rasman imzolamasdan, otashkesim e’lon qilishgan. Urush oqibatida Janubiy Koreya iqtisodi butunlay vayron bo‘lgan edi va yalpi ichki maxsuloti miqdori aksar Afrika mamlakatlaridan ham past edi.

Bugun Janubiy Koreya dunyoda gurkirab rivojlanayotgan yirik iqtisodlardan biri.

Bu kabi yuksak yutuqlarga mamlakat kam tabiiy boyliklari bilan ham erisha oldi. Hozirda bu o‘lka neft import qilayotgan mamlakatlar orasida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.

Janubiy Koreyaning iqtisodiy fenomenini qanday tushuntirib berish mumkin?

Seulda joylashgan joylashgan Ixva universiteti professori Jasper Kim yutuqlarga erishish jarayonida yetakchi rol o‘ynagan uchta muhim omilni ta’kidlab o‘tdi.

O‘z kuchiga tayanish

Janubiy Koreya bugungi kunda erishgan boyligini deyarli yo‘q narsa ustida yaratdi, deb aytish mumkin. Biroq bu mamlakat o‘zining yagona zaxirasini ustalik bilan ishga soldi. Bu – uning aholisi, odamlar – insoniy zaxiralardir.

Ham hukumat, ham aholi ish kuchi o‘ta ma’lumotli bo‘lishining ahamiyatini yaxshi anglab olib, milliy malaka oshirish dasturiga barcha vositalarini tashladilar.

Amalga oshirilgan dastur katta muvafaqiyatlarga yetakladi. Buning natijasida mamlakatda yuqori ma’lumotli va o‘ta malakali muhandis va xizmatchilarning butun boshli armiyasi paydo bo‘ldi. Ular ishlab chiqarish tizimining poydevorini tashkil etdilar. O‘z navbatida iqtisod bu kuchga tayanib gurkirab rivojlana boshladi.

 

Erishilgan maqsad har qanday chorani oqlaydi

1961 yili mamlakatda sodir bo‘lgan harbiy to‘ntaruv oqibatida Prezident Pak Chon Xi hokimiyatga keldi. U davlat tepasida o‘n sakkiz yil o‘tkazgan davr muddatida industrial takomillashtirishga qaratilgan dastur to‘liq amalga oshirilib, bugungi kundagi taraqqiyotga olib keldi.

Shu bilan bir vaqtda u qattiqqo‘l siyosat tarafdori edi. Mamlakatda harbiy holat o‘rnatgan va ko‘proq vakolatlarni qo‘lga kiritish maqsadida konstitutsiyani o‘zgartirgan siyosatchi sifatida ham tarixda qoldi.

Biroq qo‘lidagi bor hokimiyatdan foydalanib, u korrupsiyaga botgan, deb o‘ylagan mahalliy korchalonlarni mamlakat sanoatiga, xususan kemasozlikka sarmoya kiritishga majbur qilgan edi.

Professor Kimga ko‘ra, bugun zamonaviy Koreya jamiyati, bir tomondan, Pakning boshqaruv usulini qabul qila olmaydi. Biroq, boshqa tomondan, aynan ushbu boshqaruv usuli urushdan vayron bo‘lgan mamlakat iqtisodini 1960-70 yillarda oyoqqa turg‘azishda o‘zini oqlagan.

Pakning diktatorlik boshqaruvi 1979 yili uning o‘ldirilishi bilan tugagan. Janubiy Koreyani hozirda uning qizi Pak Kin Xe boshqarib keladi.

Biznes – oilaviiy ish

Janubiy Koreya erishgan iqtisodiy yutuqlarni «Chebol» deb nom olgan tizimsiz tasavvur qilish qiyin. Mazkur tizim rasman mustaqil bo‘lgan bir necha shirkatlar guruhi bitta oilaning ma’muriy va moliyaviy nazorati ostida bo‘lishini ifodalaydi.

Jahonda bunday tizimlardan eng mashhuri – “Samsung” korporatsiyasi 1938 yildan boshlab Li oilasining qo‘lidadir. Uning hozirgi rahbari 72 yashar Li Gon Xi boshqaruv jilovini o‘z otasidan 1987 yili qabul qilib olgan edi. Uning eng munosib vorisi 46 yoshli o‘g‘li Li Dje Yon deb hisoblanadi.

G‘arb biznes doiralarida yirik korporatsiyani boshqargan shaxsning o‘g‘li mudirlar kengashiga eng munosib rahbar bo‘la oladi degan g‘oya juda zararli deb sanaladi.

Biroq, koreyaliklar ongida, hokimiyatning bevosita merosxo‘rga o‘tishi barqarorlikni ta’minlaydi, degan qarash chuqur ildiz ortgan. Va bunday qarashni ko‘plab sharhlovchilar Koreya mo‘’jizasining muhim bir omili deb ta’riflaydilar.

Misol uchun professor Kimning aytishicha, mazkur oilalarda farzandlarni yoshligidan boshqaruvga o‘rgatib kelishadi.

Biroq korporativ boshqaruvning “irsiy” tamoyili, ya’ni avloddan-avlodga mol-mulki o‘tkazilishi yaqin kelajakda jiddiy to‘siqlarga duch kelishi mumkin: o‘tgan yili may oyida “Samsung” rahbari Li Gon Xi to‘satdan shifoxonaga yotqizildi.

Va agar u boshqaruv jilovini o‘z o‘g‘liga rasman topshirmasdan turib o‘lib qolganida, uning merosidan olinadigan soliq 5 milliard AQSh dollarini tashkil etar edi.

Bunday yirik mablag‘ni qo‘ldan boy berish esa har qanday korporativ merosxo‘rlik poyasiga bolta urishi tabiiy.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here