Zabixulla Saipov, siyosiy fanlar nomzodi, tadqiqotchi
066

Maqola ilk bor Khurshid Davron kutubxonasida chop etilgan, uch qismdan iborat:

1. TARIX “OQ DOG’LARINI” TADQIQ ETISHDA MANBASHUNOSLIK, MUNAQQIDLIK VA MUROSA

2.  “SHAYTON ORQASIDAN KETGANLAR…”

3.  TAHLILIY TARIXGA OID MULOHAZALAR

 

I. TARIX “OQ DOG’LARINI” TADQIQ ETISHDA MANBASHUNOSLIK, MUNAQQIDLIK VA MUROSA

07a’lumki, 2012 yilda O’zbekistonning eng yangi tarixi bo’yicha jamoatchilik kengashi (1) ta’sis etildi. Uning nizomida “eng yangi tarixni tizimli o’rganishni tashkil etish, o’zbek xalqining o’tmishi va hozirgi kunini baholashda tarixiylik va ob’ektivlik printsiplariga asoslanib, bir yoqlama yondashuv va dogmatizmga yo’l qo’ymaslik” deb belgilangan. Shuningdek, kengash huzurida “O’zbekistonning eng yangi tarixi masalalariga oid chet el ilmiy tadqiqotlarni tanqidiy tahlil qilish sektori” tashkil etilib, “zamonaviy chet el ilmiy va o’quv adabiyotlarida O’zbekiston tarixini soxtalashtirish, buzib ko’rsatish faktlarini aniqlashga yo’naltirilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, hozirgi O’zbekistonning tarixiy o’tmishi, ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi, mamlakatda olib borilayotgan demokratik islohotlar to’g’risidagi xolis axborotni keng xalqaro jamoatchilikka yetkazish” masalasi ko’ndalang qo’yilgan.

Umuman olganda, ijtimoiy-gumanitar fanlarda, chunonchi Vatan tarixini o’rganish, uning metodologiyasi va ehtimol mavjud “oq dog’lariga” doir masalalarni faol muhokama etish milliy o’zlikni anglash va xalq xotirasini sayqallashda katta ahamiyat kasb etadi. Aksincha mavjud ziddiyatli va bahsli masalalarni to’liq yoritmaslik yoki xaspo’shlashga urinish tarix sahifalaridagi qator muhim hodisalarning jumboqligicha qolib ketishiga, pirovardida jamoatchilik orasida g’oyaviy parokandilikka olib kelishi tabiiydir. Bu borada biz “jamiyatshunoslar O’zbekiston tarixining ko’pgina sahifalarini qayta bitishlari, hujjatlar asosida nazar solishlari, teran va xolis tadqiq etishlari zarur bo’ladi. Bahslar va shubhalardan cho’chimaslik kerak. Haqiqatni kollektiv bo’lib ro’yobga chiqarish, buning uchun ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferentsiyalar, «davra suhbatlari» o’tkazish kerak”,(2) degan fikrga to’la qo’shilamiz.

Biz O’zbekiston tarixidagi ba’zi “oq dog’lar” sifatida atroflicha o’rganilib, hanuz so’nggi tarixiy baho berilmayotgan yoki alohida tadqiqot ob’ekti sifatida dadil ko’tarilmayotgan sho’rolar davrida sodir bo’lgan bosmachilik harakati, Turkiston legioni, paxta yakkahokimligi, quloqlashtirish, hujum amaliyotlari va hokazo kabi masalalarni misol sifatida ko’rsatishimiz mumkin. Qarorda zikr etilgan nihoyatda muhim bandlarni hayotga tatbiq etishda amaliy hisca sifatida biz O’zbekistonning eng yangi tarixini yoritishda o’ziga xos tadqiqot maktabini yaratishni hamda uning doimiy metodologik yo’riqnomasi sifatida eng muhim uch omil bo’lmish – manbashunoslik (1), munaqqidlik (2) va murosa madaniyati (3) an’anasini vujudga keltirishni taklif etamiz. Mazkur ilmiy maktabni shakllantirishdagi eng birinchi masala bu talqin masalasi bo’lib qoladi (3). Holbuki, talqin orqali deyarli istagan hodisani mavjud mafkura rakursi bilan istalgan yo’singa solish mumkin. Tarixchi o’rganayotgan davr tarixini talqin etishdan oldin, u duch kelgan manbaning o’zi qaysi mafkuradan turib talqin etilganini aniqlab olishi zarur.

Manbashunoslik. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib hamda so’nggi yillardagi tadqiqotlarimiz barcha manbalarni aslida to’rt sinfga tabaqalashtirilgan holda o’rganish lozimligiga ishora qilmoqda. Ya’ni biz barcha manbalarni ular qanchalar ko’p bo’lmasin asosan 4 sinfga tipologik ravishda toifalashtirishimiz mumkin: ular rasmiy (1), norasmiy — muxolif (2), aktivist — faol-jonkuyar (3) va tadqiqotchi ilmiy (4) nuqtai nazardan yoritilgan manbalardir. Birinchi manbada – o’z mafkurasi doirasidan chetlamagan quruq hukmron faktlar, ikkinchisida – hokimiyatga intilishga bo’ysindirilgan alamli tarafkashlik, uchinchisida – ba’zida xushsiz darajadagi hissiyot va ehtiroslar bo’lsa, to’rtinchisida esa – ko’pincha mavhum, lekin teran nazariya va qonuniyatlar yashiringan. Nazarimizda, olis va yaqin moziydan hikoya etuvchi va uni yozib qoldiruvchi tadqiqotchilar manbalarni yuqorida zikr etilgan tabaqalashtirishdan boshlasalar voqea va hodisalarni imkon qadar haqqoniy va xolis yaratishda ancha qo’l keladi.

Hozirgi paytda ulkan ma’lumotlar ummonida manbalarning guruchini kurmagidan ajratib olish, ularning birlamchiligini aniqlash tadqiqotchilardan qo’shimcha malakalarni taqozo etmoqda. Axborot kommunikatsion texnologiyalarning muttasil rivojlanib borayotgan davrimizda sarg’aygan sahifalarga aylanayotgan tarixni qayta yaratishdek mashaqqatli vazifani puxta ilmiy-uslubiy va metodologik yondashuv orqaligina uddasidan chiqish mumkinligi tobora ayon bo’lib bomoqda. Tarixni xolis talqin etishda turli manbalar qiyosiy o’rganilib, tahlil va sintez qilinadi, tadqiqotchi tarafkashligiga yo’l qo’yilmaydi. Buning uchun masalaning mohiyati va tub ildizi izlanib, xayolan chorraha savollarga tutilib, unga javob topilishi orqali tegishli xulosalar qilish mumkin.

Tarixni o’rganishda xalqaro miqyosda tan olingan turli xorijiy metodologik tajriba va uslublardan ham foydalanish mumkin. Shulardan biri frantsuz olimi Mark Blok qalamiga mansub “Tarixchi kasbi” (4) nomli asaridir. Nazarimizda, mazkur manbada ilgari surilgan muayyan kontseptual, nazariy va metodologik yondashuvlar O’zbekistonning eng yangi va yaqin o’tmish tarixini o’rganishda asqotishi mumkin degan fikrdamiz.

Mark Blok fikriga ko’ra, zamonaning muayyan hodisalarini uning sababchi ildizlaridan voqif bo’lgan holda oydinlashtirish mumkin. O’tmishni gavdalantirish hozirgi zamon voqealar ketma-ketligini to’g’ri kuzatish va oqilona qaror chiqarishga yordam beradi. Umuman olganda, har bir tarixchidan zamon va vaqt makonlari oralig’ida fikran g’oyibona sayohat qila oluvchi tafakkur (1), siyosatshunoslik, sotsiologiya, dinshunoslik, madaniyatshunoslik, psixologiya, huquq, iqtisod kabi turli fanlararo yondasha oluvchi ilmiy salohiyat (2) hamda imkon qadar atamashunoslik va tilshunoslikdan puxta xabardor poliglot mutaxassis bo’lishi (3) talab etilib, ushbu malakalar tarixni haqqoniylik va ob’ektivlik tamoyillariga asoslanib xolis anglash uchun nihoyatda ulkan yordamchi bo’la oladi.

Munaqqidlik. Zikr etilgan ko’nikmalar orasida turli manbalarni xolis munaqqidlik qilishda tilshunoslik malakasi ekanini alohida e’tirof etmoqchimiz. Sababi tarjima va tilshunoslik fanlar orasida tabiatan eng ob’ektiv sohalardan biri hisoblanib, mutarjim-mutaxassisni avtomatik ravishda tadqiqot ob’ekti sarhadlaridan tashqariga parvoz qildira oladi. O’rganilayotgan hujjatning asl zaboni hamda o’sha makonga xos tilni taqqoslash in’ikosida keltirilayotgan dalillar ishonchli ekaniga amin bo’lishimiz mumkin. Hujjatda ishlatilgan tilning o’ziga xos jihatlari – so’z birikmalari, maqol, matal, naql, kinoya, kesatish, piching, g’azab, alam, ishora kabi kosa ostidagi nimkosa so’z va so’z birikmalari mag’zini chaqish orqali, manba muallifining o’z davrida boshidan kechirgan ruhiy kayfiyatiga baho berish va tegishli xulosalarni chiqarish mumkin.

Shuningdek, Mark Blok o’rganilayotgan muayyan jamiyat insonlarini o’z zamonasining mahsuli sifatida ko’rishni taklif etadi. Pirovard natijada, qadimgi, yangi va eng yangi davr insoniga yagona yo’l-yo’riq, mavqe yoki dasturlar rakursi orqali yondashish mumkin emasligi haqida ogohlantiradi. Tarixni ortiqcha bo’rttirish yoki unga noxolis bayonlar bilan talqin etmaslik maqsadida, tarixchi o’z nuqtai nazaridan emas, balki tadqiqot ob’ekti insonining nuqtai nazaridan o’rganishga da’vat etadi. M.Blok o’z ilmiy qarashlarida o’tmish insoni ongu-shuurini barcha tarovati bilan borligicha bir butunlikda qayta gavdalantirish sari intiladi. Shu asnoda biz ma’lum tarixdagi voqealarda falonchi X odamning, ya’ni davlat yoki jamoat arbobining xulq-atvori va ruhiy kechinmalari nima uchun aynan shu tarzda kechgani, o’z davri tevaragidagi makon va zamonga g’iloflangan hamda aynan o’sha voqea sodir bo’lishidan avvalgi va keyingi voqealar bilan chambarchas bog’langan holda tushunishimiz zarurligi, uni samarali tahlil etishda a’lo mezon bo’la olishiga alohida urg’u bermoqchimiz.

Murosa madaniyati. Bag’rikeng o’zbekistonliklar bilan bog’liq shonli tarixni tom ma’noda “qayta audit va reviziya qilish” hamda eng muhimi aynan shu talqinga ham mamlakat ichkarisidagi, ham mamlakat tashqarisidagi keng jamoatchilikni inontira olish uchun talay ishlarni amalga oshirish lozim.
Tarixiy faktlarni talqin etishda xalqimizga xos bag’rikenglik bilan ilmiy bahs va murosa madaniyatini yanada qaror toptirish maqsadga muvofiq ekani barchaga tushunarli. O’zbekiston tarixini tadqiq etish, unga xolis baho berish, o’tmish o’tgan davrlardagi tahlikali va mavhum vaziyatni tushunish bilan qabul qilishni taqozo etadi. Fikrimizcha, tarixiy faktlar xolislik va haqqoniylikda mo»tadil va murosa ohangida yoritilishi kutiladi. Shu bilan birgalikda tarixga va tarixiy faktlarga tik ko’z bilan qaray olish ham jasorat ham jur’atni taqozo etadi.

O’zbekiston tarixining to’liq, qisqartirilmagan shaklini yaratish va ularni xolis talqin etishda bir necha mafkuraviy muammolarga duch kelib qolishi mumkin. Masalan, tarixni ochiq va xolis yoritish O’zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlariga ham ta’sir etib qolishi mumkin. Xususan, tarixning o’z milliy davlatchiligi mafkurasidan kelib chiqib o’ziga xos talqin etilishi hozirda Yaqin Sharq, Uzoq Sharq, Janubiy Osiyo va MDH makonidagi davlatlarning tarang va keskin munosabatlarida yaqqol ko’rishimiz mumkin. Yaratilajak eng yangi tarix xalqlar va millatlar orasida adovat urug’ini sochib qo’ymasin. Mazkur murosali munosabat mamlakatda bardavom millatlararo va dinlararo hamjihatlikni saqlab qolishda hamda muhim xorijiy hamkorlar bilan uzoq muddatli ishonchli muloqotni davom ettirishga xizmat qilishi mumkin.

————————

[1] O’zbekiston Rrespublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida O’zbekistonning eng yangi tarixi bo’yicha Jamoatchilik kengashini tashkil etish to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori PQ-1694-son. Toshkent. 2012 yil 27 yanvar`. O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2012 – 5-son. 42-modda. www.lex.uz

[2] A.Bekmurodov (va boshq.). O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “O’zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobini o’rganish bo’yicha o’quv-uslubiy qo’llanma. / O’zR Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi. T.: «O‘qituvchi» NMIU, 2011. – 111 b.

[3] Z.Soipov Xalqaro munosabatlarda talqin masalasi // Jamiyat va boshqaruv 2/2007, 109-110 bb.

[4] Marc Bloch. Chapter 1, History, Men, and Time, The Historian’s Craft with introduction by Peter Burke 1992 pp.20-47

II. “SHAYTON ORQASIDAN KETGANLAR…”

09yeys stadi — Turkiston legioni. Endi yuqorida bayon etgan tadqiqot metodologiyamizni Turkiston legionining ba’zi bosh qahramonlaridan bo’lmish Ro’zi Nazar (Marg’ilon 1917 y.da tug’ilgan) va Boymirza Hayit (Namangan, 17.12.1916 y. — Kyol`n, 31.10.2006 y.)ning portretiga yorqinroq chizgilar chizishga urinish misolida ko’rib chiqsak. Ularning ikkovi qismatida deyarli yagona taqdir namoyon bo’ldi – II Jahon urushi davrida nemislarga asirga tushib Gitler Germaniyasi tomonidan tuzilgan Turkiston legioni faoliyatida ishtirok etgan. Keyinchalik R.Nazar AQShga ko’chib ketsa, B.Hayit esa Germaniyada qoladi.

Shuni aytish mumkinki, bu ikki shaxsning hayoti va ijodiga nisbatan ko’plab o’zbekistonlik mutaxassislar tomonidan ijobiy baho berilgan. Masalan, Boymirza Hayit bir manbada “taniqli o’zbek olimi”, “ma’rifatparvar vatandoshimiz” (1) deyilsa, yana bir manbada “xorijdagi o’zbek diasporasining taniqli olimi” (2) , boshqa bir manbada “etuk ustoz olim” (3) deb yozilgan. Ushbu mavzuga bevosita aloqador “II Jahon urushi va o’zbeklar” nomli maqolada esa bu kishilarning nomi umuman tilga olinmagan, ehtimol botina olinmagan (4). Ro’zi Nazar esa yana bir boshqa manbada “o’zbek diasporasining Amerikadagi faxri” deb bayon etilgan (5). Turkiston legionini o’rganishda ahamiyatga molik yana bir nisbatan to’liq nodir manba Bi-Bi-Si o’zbek xizmati ijodkorlari tomonidan tayyorlangan “Turkiston legioni: tarixning o’qilmagan varaqlari” nomli risolasi hisoblanadi (6). Bu audio lavhalarda legion turkistonliklarni omon qoldirgan imkoniyat deb baholangan.

Ro’zi Nazar mashhur “Tafakkur o’yini” (A Beautiful Mind) kitobi muallifi Sil`viya (Zulfiya) Nazarning otasi. Ba’zi manbalarda Ro’zi Nazar turkman, Boymirza Hayit esa qozoq millatiga mansub bo’lgani ham qayd etilgan. O’z qizi ismiga Sylvia ismini qo’yishning o’zi qator ma’nolarni anglatishi mumkin. Zulfiya ichki oilaviy iste’mol uchun, Sil`viya esa qo’nim topgan davlat hayotiga to’laqonli integratsiya qilish, o’qish va ish joyida ortiqcha savollarga tutilishni bartaraf etish hamda o’z istiqbolini avvalda targ’ib etilgan Turkiston kelajagi bilan bog’lamaslik istagi yotgan bo’lishi mumkin, degan taxminlarni ehtimol ilgari surish mumkin. Shu kabi sobiq vatandoshlarimizdan birini Nodir deb chaqirib, lekin hujjatdagi ismi Nather deb nomlanish hollari yuqorida zikr etilgan fikrni qisman tasdiqlaydi.

Boymirza Hayit qalamiga mansub maqolalarning (7) birlamchi tahlili ularning asosiy mazmuni sho’rolar zug’umi ustidan nafrat, Turkiston o’lkasida turkiylik va islomiylikka mansub jamiyatni barpo etishdan iborat orzu va armonlarga yo’g’rilgan fikrlarga borib taqaladi. U Turkiston legioniga qo’shilish xatti-harakatini asirga tushganlarning ko’pini omonlikda saqlashga ko’maklashgani bilan izohlaydi. Albatta Sovet Ittifoqining ma’lum alohida milliy va din ishlari bo’yicha siyosati bois Boymirza Hayitning mulohaza va g’oyalari sobiq SSSRda murosaga bora olmasligi aniq va yashab ketolmaslikka mahkum edi. Boymirza Hayit va Ro’zi Nazar SSSR nuqtai nazaridan xudbin, xoin va vatangado edilar.

O’z navbatida 2009 yilda “Amerika manzaralari” ko’rsatuviga interv`yu bergan Ro’zi Nazar esa aniq sonni aytmagan holda, lekin ko’p asir lagerlaridan o’zbek, qozoq, qirg’iz, turkman, tojik yurtdoshlar kelganini, u yerda 9 ta rota tashkil etilib, shu rotalardan birinchisiga u komandir bo’lganini bildirgan. Shuningdek, R.Nazar o’z suhbatida “Mustafo Cho’qayning g’oyasi, Turkiston birligini yaratish, uni mustaqillikka erishtirish, shu sohada u kurashgan inson. Uning bu g’oyasi biz uchun bayroq bo’ldi. Biz shu g’oya orqasidan ketdik. Biz hatto agar shayton Moskovga qarshi kurashsa, biz shayton orqasidan ketamiz deganmiz”,(8) deb o’z mavqeni ma’lum qilgan.

Ushbu maqolani yozishga majbur qilgan va bizni o’yga toldirgan asosiy masala O’zbekistonning mustaqillik yillarida chop etilgan manbalardan farqli o’laroq Ro’zi Nazar va Boymirza Hayitning o’zlari qo’nim topgan AQSH, Germaniya, Turkiya va boshqa G’arb mamlakatlari adabiyotlarida ularning tamomila aksincha salbiy va tanqidiy jihatdan talqin etilishlari bo’ldi. Shu bois ushbu tadqiqotdan ko’zlangan maqsad so’nggi yillarda O’zbekiston va xorijiy manbashunoslikda yoritilayotgan aralash ijobiy va salbiy talqinlarning mag’zini anglashdir.

Masalan, Pulitser mukofoti laureati, The Wall Street Journal gazetasining Berlin shahridagi byurosi shef-muxbiri Ayen Jonson o’zining “Myunxendagi masjid: natsistlar, Markaziy razvedka boshqarmasi va G’arbdagi Musulmon- birodarlar” (9) nomli kitobining to’liq bir bobini Ro’zi Nazar va Boymirza Hayit hayotining biz bilmagan qirralariga bag’ishlagan. Chunonchi, unda qayd etilishicha, Ro’zi Nazar Reyxning bosib olingan sharqiy hududlar vazirligi mutaxassisi Gerxard fon Mende va SS boshqarmasi bilan hamkorlik qiladi, urushdan keyin “Ozodlik” radiosi, keyinchalik esa AQSH Markaziy razvedka boshqarmasiga ishga yollanadi. Hatto 1955 yilda Sovet Ittifoqidan Saudiya Arabistoniga borgan hojilar orasida sabotaj qilishga urinadi. Ro’zi Nazarning do’sti Anvar Oltoyning Turkiyada chop etilgan “Ruzi Nazar: CIA’nin Turk Casusu”
(10) nomli kitobi ham buni tasdiqlaydi. Unda hatto AQShning 1979 yilda Eron islom inqilobida garovga tushgan o’z fuqarolarini ozod qilish “Argo” operatsiyasiga Ro’zi Nazar shaxsan o’zi kuratorlik qilgani ma’lum qilingan.

Yana bir manbada dezertir va kollaboratsionistlarning aniq soni turlicha talqin etilib, mavjud dalillar ularning miqyosi hayratli va misli ko’rilmagan darajada bo’lgani, jami 1 milliondan ziyod sobiq sovet millatlari vakillari Germaniya jangovar harakatlarida ishtirok etib, ular Sharqiy frontda safarbar etilganlarning chorak qismini tashkil etgan. Ular safida O’rta osiyoliklar 110-180 ming (11) kishidan iborat bo’lgan. 1941 y. kuzida asirga tushgan 100 ming nafar o’rta osiyolik-turkistonliklar (12) orasidan atigi olti ming (6,000) nafari qishdan omon chiqa olgan. Ularning aksariyatini hatna qilingani bois yahudiy deb taxmin etilib, na sud va na tergovsiz otib tashlangan. Pol`shaning Chenstoxova shahrida esa o’ttiz ming (30,000) o’rta osiyolik askar asirlardan atigi ikki mingi (2,000) hayot qolgan (13).

Ma’lum bo’lishicha, natsizmning bosh mafkurachisi Reyxning bosib olingan sharqiy hududlari bo’yicha vaziri (Ostministerium) Al`fred Rozenberg sobiq Sovet Ittifoqi hududini 7 ta alohida norusiyzabon qismlarga bo’lish, shu jumladan Turkistonni ham rejasini nazarda tutgan bo’lsada, ularga hech qachon siyosiy suverenitet yoki o’z taqdirini o’zi belgilash g’oyasini ilgari surmaganini, balki u yagona nemis siyosiy gegemonligini yoqlab chiqqanini ta’kidlaydi. Bu maqsadga erishish uchun A.Rozenberg urushni yolg’iz harbiy vositalar bilan g’olib bo’lish to’g’ri emasligi, aholi ishonchini qozongan holda mahalliy millatlar istiqomat qiluvchi hududlar bo’ylab go’yo sanitar tasmadek qalqon sarhadlarni yaratish fikrini himoya qilgan (14).

Bel`giyalik tadqiqotchi Bruno de Kordier musulmonlarni “Reyxning fidoyilari, II Jahon urushi mobaynidagi kollaboratsionizm” (15). deb ataydi. Fin tadqiqotchisi Simo Mikkonen esa ular haqida bafurja to’xtalib, “Vashington 1950-yillarda GFR va AQShdagi sovet emmigrantlaridan sovuq urush strategiyasining bir jihati, psixologik operatsiyalar kampaniyasi sifatida foydalandi,” (16). deb baholaydi. Bu fikrni AQShning o’zida so’nggi yillarda mahfiylik grifi olib tashlab ommalashtirilgan arxiv hujjatlari kataloglari ham tasdiqlamoqdi (17).. Turkiston legioniga o’ralashib qolganlar orasida vatan sog’inchi ustun kelib o’z yurtiga qaytganlar ham bo’lgan. Ulardan biri qo’qonlik Ahror A’zamovdir (18). Ushbu manbada 100 dan ortiq davlatlarning 50 dan ortiq tillardagi mahalliy va jahon tarixi matbuot xabarlari xronikasi jamlangan. Ko’rsatilgan so’nggi ikki manbadan kelgusi tadqiqot ishlarida foydalanish mumkin.

———————

[1] Boymirza Hayit: Ikki maqola, bir suhbat. G’afur G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi http://tinyurl.com/mrkuxkf

[2] Saidakbar Agzamxodjaev. Istoriya Turkestanskoy avtonomii (Turkiston muxtoriyati). Institut istorii AN RU T.: Izd.-pol.ob’ed.“Toshkent islom universiteti” 2006 – B.23.

[3] SH.Hayitov, A.Abdullaev. Xorijdagi “farg’oniylar” o’tmishda va bugun. 08.13.2012http://uzbekny.tv/archives/2488

[4] Hamid Ziyoev, II Jahon urushi va o’zbeklar. «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 25-sonidan. www.ziyouz.uz

[5] Mavlon Shukurzoda, Avtor bestsellera «A Beautiful Mind» — gordost` uzbekskoy diaspori v Amerike. N`yu-York 23.05.2011www.12uz.com/ru/news/show/compatriots/6269 Turkiston-Amerika Assotsiatsiyasining asoschilaridan biri Ro’zi Nazar bugun 95 yoshga to’ldi 21.01.2012http://vatandosh.uz/2012/01/21/turkiston-legionining-su-ngi-ofitseri

[6] Luiza Iskandariy, Abdulhamid Ismoilov. Turkiston legioni: Tarixning o’qilmagan varaqlari, 2007 y. 21 fevral`www.bbc.co.uk/uzbek/news/story/2007/02/070221_turkiston_legioni.shtml
Arosat yo Turkiston legioni, 2007 y. 19 iyun`www.bbc.co.uk/uzbek/news/story/2007/06/070619_arosat.shtml

[7] Baymirza Hayit, Two outstanding figures in modern Uzbek literature: Qadiri and Cholpan. Journal of  the Royal Central Asian Society. Volume 52, Issue 1, 1965 pages 49-52; Turkistan: a case for national independence. Institute of Muslim Minority Affairs.
Journal Volume 1, Issue 1, 1979 pages 38-50; Some reflections on the subject of annexation of Turkestani Kazakhstan by Russia. Central Asian Survey. Volume 3, Issue 4, 1984 pages 61-75; Western Turkestan: the Russian dilemma Institute of Muslim Minority Affairs. Journal Volume 6, Issue 1, 1985 pages 137-151; Islam in Turkestan: perspectives on an enduring problem. Institute of Muslim Minority Affairs. JournalVolume 9, Issue 2, 1988 pages 338-349. Islam under Communist Rule: A View From Turkestan. Institute of Muslim Minority Affairs. Journal Volume 14, Issue 1-2, 1993 pages 246-248

[8] Urush xotiralari / Memories of War Amerika Ovozi TV «Amerika Manzaralari» dasturidan 25.05.2009 www.youtube.com/watch?v=xgcB3NqIRZQ

[9] Ian Johnson, A Mosque in Munich: Nazis, the CIA, and the Rise of the Muslim Brotherhood in the West. 2011

[10] Mavlon Shukurzoda. Vatandoshimiz Ro’zi Nazar haqida yangi kitob 28.05.2013http://vatandosh.uz/2013/05/28/ruzinaza hamda www.dogankitap.com.tr da

[11] Patrick von zur Muehlen. Zwischen Hakenkreuz und Sowjetstern: Der Nationalismus der sowjetischen Orientvoelker im Zweiten Weltkrieg (Bonner Schriften zur Politik und Zeitgeschichte, Vol.5). Droste Verlag. Dusseldorf. 1971 in Alex Alexiev. Soviet Nationalities in German Wartime Strategy, 1941-1945. RAND August 1982 R-2772-NA. p.32-33

[12-13] Jurgen Thorwald. Die Illusion: Rotarmisten in Hitlers Heeren. Droemer Knauer Verlag. Zurich. 1974 in Alex Alexiev. Soviet Nationalities in German Wartime Strategy, 1941-1945. RAND August 1982 R-2772-NA. p.31

[14] Alex Alexiev. Soviet Nationalities in German Wartime Strategy, 1941-1945. RAND August 1982 R-2772-NA. p.8

[15] Bruno De Cordier. The Fedayeen of the Reich: Muslims, Islam and Collaborationism during World
War II. China and Eurasia Forum Quarterly. Central Asia-Caucasus Institute & Silk Road Studies Program. Volume 8, No. 1. 2010. pp. 23–46

[16] Simo Mikkonen. “Exploiting the Exiles: Soviet Emigres in U.S. Cold War Strategy.” Journal of Cold
War Studies 14:2 (Spring 2012): 98-127 http://dx.doi.org/10.1162/JCWS_a_00222

[17] Extensive Collection of Declassified Materials Now Accessible, Searchable in New Digital Archive.
International History Declassified. Woodrow Wilson International Center for Scholars. Washington, DC http://digitalarchive.wilsoncenter.org

[18] Uzbek Repatriate’s Life Abroad Profiled (R.Shagayev; Sovet Ozbekistoni, February 5, 1987 referring to «The Forty-First Parallel») via Joint Publications Research Service (JPRS) Report JPRS-UPA-87-013 Soviet Union. Political Affairs July 14, 1987. Reproduced by U.S. Department of Commerce National Technical Information Service p.10-11 www.dtic.mil/get-tr-doc/pdf?AD=ADA351365www.dtic.mil/dtic/search/tr/tr.html http://guides.library.harvard.edu/jprs

 

III. TAHLILIY TARIXGA OID MULOHAZALAR

03ahliliy tarixni yaratish bu tarixiy voqealarning nima uchun va qanday qilib sodir bo’lganining sabab va oqibatlarini tahliliy yondashuv orqali yoritishdir. Bunda tarixni bayon etishga bel bog’lagan mutaxassis nihoyatda ko’p va keng qamrovli manbalar bilan ishlashga layoqatli bo’lish, xorijiy tillarni egallagan bo’lishi, nafaqat tahlil, balki manbalarni sintez qilish natijasida nazariy kontseptual fikrlay oliy malakasini oshirishga e’tiborni qaratish lozim.

Xo’sh, imkon qadar oydinlik kiritib, yoritishga harakat qilingan biz taklif etayotgan tarixni tadqiq etish metodologiyasini qo’llagan holda Turkiston legioni haqidagi turli manbalarga munaqqidlik qilib qanday murosaga kelishimiz mumkin? Nima uchun talqinlar turlicha? Nima uchun manbalar turfa? Nima uchun xulosa va baholar ham o’zgacha? Ular haqidagi haqiqatga yaqin haqiqat qaerda?

Shuni ham ta’kidlash joizki, O’zbekistonga oid qadimgi va yangi tarix hozirda asosan noo’zbekistonliklar tomonidan yozilib, ommaviy vositalarda butun dunyo bo’ylab keng tarqatilayotgani ma’lum. Shunday plyuralistik va muqobil fikrlar mavjud bo’lgan g’oyalar bellashuvida qanchalar raqobatbardoshmiz? Bunday fikrlar jangi va tarixni bayon etishda shaffoflik, xolislik, kuchli argument g’olib bo’ladi. Albatta, eng yangi tarix qotib qolgan dogmalardan xoli bo’lishi lozim. Xalqaro afkor ommasi bilan integratsiya bo’lish zarurligini inobatga olib, yangi paydo bo’layotgan manbalar xususida erkin bahs-munozara yuritish muhiti mavjudligi nafaqat soha bardavomligini ta’minlsh uchun, balki uning muntazam ichki tizimli takomillasha olish qobiliyatini oshiradi.

Olib borgan dastlabki tadqiqotlarimiz birinchi tomondan, qator G’arb olimlarining fikri Sovet Ittifoqi davrida Turkiston legioniga berilgan baholar bilan mushtarak bo’lib chiqayotganligidan dalolat bermoqda. Agar tarixiy analogiya sifatida ko’rib chiqilsa, xuddi Buyuk Britaniya Usmoniylar saltanatiga qarshi o’z kurashida arab birdamligini va’da etib, arablar yordamida markazga qarshi isyon o’tkazib, separatizmga olib kelgani kabi fashist Germaniyasi ham sobiq SSSRga qarshi rus bo’lmagan millat vakillaridan o’zini uzoq muddatli strategik maqsadlarida foydalangan.

Diyorimizdagi XIX asr o’rtalaridan hozirga qadar sodir bo’lgan va bo’layotgan voqealar mag’zini chaqish jahon harbiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy va eng muhimi mafkuraviy tendentsiyalari bilan uzviy bog’lab tushunishni talab etadi. Ro’zi Nazar, Boymirza Hayit va biz bilmagan millionlar Uchinchi reyx, G’arb mamlakatlari, shu jumladan AQSH, Buyuk Britaniya va Sovet Ittifoqining II Jahon urushi va undan keyingi sovuq urush davridagi keskin harbiy-siyosiy strategiyaning elementlari sifatida anglash lozim.

Vatan tarixiga bog’liq Turkiston legioni kabi qaltis mavzuni yozishdan ko’zlangan asosiy maqsad hech kimni ayblash emas, balki uni yaqindan tushunishga urinish, tadqiqot uslublarimiz hamda tadqiqotchilarni ham savol ostiga qo’yish, shuningdek bugungi kundagi dolzarb muammolar bilan analogiya va parallel keltirib tegishli tavsiyalarni ishlab chiqishdir. Tarixning qay tarzda talqin etilishi mamlakat fuqarolarining muqobil axborotga duch kelgan holatlarida yaqqol yuzaga chiqadi.

Fikrimizcha, jamoatchilik fikrida jipslashgan tarixiy xotirani yanada shakllantirishda O’zbekistonning nafaqat 1989 yildan boshlangan eng yangi tarixi, balki undan avvalgi asrlardagi nihoyatda boy, serqirra, shu bilan birga butkul o’rganib ulgurilmagan davrlar haqida ko’p jildlik enqiklopedik tarixni yaratishni taqozo etadi. Chunonchi, tarixiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy xaritalarni tiklash, xorijiy ilmiy hamkorlikni yo’lga qo’yish, ular asosida mul`timedia materiallari, ko’p qismli videoseriallarning yaratilishi tarixning ommalashishiga xizmat qilishi tabiiydir.

Maqola chop etilishga tayyorlanayotganda V.Putin janoblari o’zining yangi 2015 yildagi nihoyatda ramzli demarshi bo’lmish ilk farmoni bilan Rossiya Federatsiyasi hududida istiqomat qilayotgan xorij fuqarolarini mamlakat Qurolli kuchlari safida harbiy xizmatni o’tash mumkinligiga izn beruvchi nizomga imzo chekdi (1). Aslida bu masalaga oid ilk signalli sas ikki oy muqaddam LDPR partiyasining Davlat dumasidagi fraktsiyasi deputati Roman Xudyakov timsolida yangragan edi. Unda Rossiyada tirikchilik qilayotgan o’zbekistonlik va tojikistonliklar hisobidan xuddi frantsuz legioni kabi “musulmon legionini” tuzish tashabbusi olg’a surilgan (2). Bu tasdiqlanish natijasida yaqindagina nonsens bo’lib tuyulgan xabar rasmiy tusni oldi.

Rossiya Federal migratsiya xizmatining 2014 y. 4 dekabr` holatiga ko’ra hisobotida faqat 18 yoshdan 29 yoshgacha bo’lgan 919,437 nafar erkak va 138,975 nafar qiz-juvon o’zbekistonliklar (3) bepoyon Rossiyaning turli o’lkalarida shu kecha-kunduzda kun kechirishmoqda. E’tibor qarating – bu raqamlar rasmiy ro’yxatdan o’tgan fuqarolar, ro’yxatdan o’tmaganlar va boshqa davlatlarda ham ehtimol sargardonlikda yurganligi to’g’risida aniq ma’lumot mavjud emas. Ushbu maqolamiz uchun aynan shu yoshdagi tabaqa vakillarining miqdori bekorga keltirilmayapti. Bu aynan o’qish, ta’lim olish, o’z ustida ishlash, dunyoni anglash va haqiqiy do’stlar orttirish davri.

Nazarimizda, ko’p muammolarning yechimi ta’lim eshiklarini har bir istovchi fuqarolarimiz uchun lang ochishda yotibdi. Ma’lumki, o’tayotgan 2014-2015 o’quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo’nalishi bo’yicha 56,907 nafar talabaga qabul o’rni ajratildi (4), bu mavjud talabning o’ndan bir qismi qondirilishidir xolos. Oliy ta’lim tizimimizning yana bir tushunarsiz tomoni o’qishga qabul yilda faqat bir marotaba bo’lishi hamda talabalarning o’z bilim va qiziqishlari bo’yicha bir vaqtning o’zida bir necha universitetlarga kirishga kuch sinab ko’rishlari imkoniyatining yo’qligidir. Bilimi bor, hatto o’qish pulini to’lashga qodir yoshlarimiz oliy ma’lumot olishdagi cheklov tufayli, bir yil vaqtni boy bermaslik uchun, xorijga bosh ko’tarib ketayotgan bo’lishlari mumkin deb taxmin qilishga asos bor.

Shu masalaga taalluqli boshqa manbaga ko’ra, MDH mamlakatlari orasida O’zbekiston malakali mutaxassislarning o’z yurtlarini tark etib ketish mezoni bo’yicha jahon reytingida peshqadamlik qilmoqda (5). Bu nima degani? Ushbu statistik xabarlardan shu narsa ma’lum bo’ladiki, turli omillar tufayli o’qishga kira olmaganlar Rossiyaga, o’qib bo’lgan oliy toifali mutaxassislar ham afsuski chet davlatlarga ketishi davom etyaptimi?

Mavjud manzaraning eng xunuk jihati o’zini o’z yurtida topa olmagan yigit va qizlarimiz g’urbatda chet el mutaassib tashkilotlari safiga qo’shilib ketayotganlari to’g’risidagi tashvishli ma’lumotlar quloqqa chalinmoqda. Agar mazlum va alamzadalardan o’z maqsadlarida ustomonlik bilan foydalanish mumkin bo’lsa, mamlakatda har bir fuqaro o’z yurtiga egalik qilib, undan rozi bo’lishi, o’sib-unib, palak yozishi uchun qo’shimcha nima qilish mumkinligi xususida bosh qotirish kerak. Masalan, shu yilning o’zidan qabul kvotasini 200 ming etib belgilash mumkinmi? Axir mintaqadagi eng yirik mamlakatning davlat doshqozoni ham o’ziga munosib bo’lishi kerak. Mahalliy jamiyatshunoslar oldida aholi ichki va tashqi migratsiyasining tub sabablari, kishilar norizoligiga sabab bo’luvchi omillarni atroflicha ilmiy va amaliy o’rganishnini talab etadi. Shuningdek, biz istagan tarix yozilishi uchun aholi noroziligiga sabab bo’lishi mumkin bo’lgan ishlardan jilovlanish masalasi haqida ham bosh qotirish muammolar yechimini topishning yuqori pog’onada anglashdir.

———————-

[1] Putin svoim ukazom vnes izmeneniya v Polojenie o poryadke proxojdeniya voennoy slujbi v RF. // Armiya i OPK. TASS. 2 yanvarya 2015 g. http://itar-tass.com/armiya-i-opk/1683402

[2] Igor` Molotov. Gosduma prosit Minoboroni sozdat` inostranniy legion // 10 noyabrya 2014 g. http://izvestia.ru/news/579099 // Anton Mardasov. «Musul`manskiy legion» dlya Minoboroni. Deputati Gosdumi predlagayut zashishat` RF ot «Islamskogo gosudarstva» s pomosh`yu uzbekskix i tadjikskix chastey // 10 noyabrya 2014 g.http://svpressa.ru/war21/article/103567

[3] Ofitsial`nie statisticheskie dannie Statisticheskie svedeniya v otnoshenii inostrannix grajdan, naxodyashixsya na territorii Rossiyskoy Federatsii Svedeniya v otnoshenii inostrannix grajdan, naxodyashixsya na territorii Rossiyskoy Federatsii, v polovozrastnom razreze (po sostoyaniyu na 4 dekabrya 2014 g.) // Federal`naya migratsionnaya slujba Rossii www.fms.gov.ru/about/statistics/data/details/54891

[4] VUZi Uzbekistana v 2014/2015 uchebnom godu primut bolee 62,9 tis. studentov 01 iyulya 2014 g. UzDaily.uz http://www.uzdaily.uz/articles-id-20900.htm

[5] Failed States Index 2014: The Book. The Fund for Peace. June 24, 2014http://library.fundforpeace.org/cfsir1423 http://ffp.statesindex.org/2014-uzbekistan

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here