Telegraf.uz da chop etilgan «Yevropa xalq partiyasi» prezidenti siyosiy maslahatchisi Xorxe Mestre-Xordaning (Ispaniya strategik tadqiqotlar instituti) fikriga ko‘ra, O‘zbekistondagi siyosiy barqarorlikning asosini tashqi aralashuvlarga qarshi yo‘naltirilgan jipslashgan tashqi siyosat tashkil qiladi.

Ukrainadagi voqealar sababli Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar darajasida pasayish kuzatildi. Bundan tashqari, sobiq ittifoq davlatlari, jumladan Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik ittifoqiga a’zo-davlatlarning Rossiyaga nisbatan ishonchsizligi ortmoqda. Ular o‘rtasida masofa saqlashga harakat qilmoqda. Qayd etish kerakki, O‘zbekistonning dengizga chiqish yo‘li mavjud emas, u bevosita Xitoy va Rossiya yaqinida joylashgan, shuningdek Afg‘oniston bilan chegaradoshdir.

Ma’lumki, O‘zbekiston Rossiya va mintaqa bo‘ylab boshqa qo‘shni davlatlar bilan umumiy tarixga ega. Shunga qaramay, mamlakatning har qanday shakldagi tashqi aralashuvlarga qarshi yo‘naltirilgan tashqi siyosati siyosiy barqarorlik kafolatining asosi sifatida xizmat qilmoqda.

Bu orada, mamlakat asta-sekinlik bilan muhim siyosiy voqealar sari odimlamoqda. Jumladan, kelgusi uch oy ichida O‘zbekistonda parlament saylovlari (shu yilning 21 dekabrida) hamda prezident saylovlari (2015 yil mart oyi) bo‘lib o‘tadi. Aytish kerakki, mazkur saylovlar butun mintaqadagi barqarorlik uchun alohida ahamiyatga ega.

Ukraina va Qrimdagi so‘nggi voqealar Markaziy Osiyo davlatlarining ma’lum darajadagi xavotiriga sabab bo‘ldi. Bu borada, quyidagi jihatlarni qayd etish mumkin. Birinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya va Xitoy kabi ikkita buyuk mamlakat o‘rtasida joylashgan bo‘lib, ular bilan yaxshi munosabatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ikkinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari to‘rtta yadroviy mamlakat (Rossiya, Xitoy, Pokiston va Hindiston) bilan o‘ralgan dunyodagi yagona hududlardir. Uchinchidan, Afg‘onistondan «AYSAF»ning olib chiqilishi mintaqadagi davlatlarda islom terrorchiligi darajasining kuchayishiga ta’sir qiladi.

Yevropa Ittifoqi va AQSh siyosiy-shakllantirish doiralari tashqi siyosatning Markaziy Osiyo yo‘nalishini dolzarb holatda saqlab turish uchun bu omillarni ko‘zdan qochirmasligi zarur.

O‘zbekiston sobiq ittifoqning boshqa davlatlari uchun namuna sifatida xizmat qila oladi, chunki u barcha yirik davlatlar bilan teng masofada shakllantirilgan ko‘p asrlik tashqi siyosatini saqlab qolishga erishdi.

1991 yilda mustaqillika erishgan paytidan boshlab O‘zbekiston (qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan farqli tarzda) Xitoy foydasiga strategik tanlovni amalga oshirmadi va Rossiya geosiyosati kun tartibiga ham qo‘shilmadi. Shu bilan birga, O‘zbekiston (Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston da’volariga qaramay) Yevroosiyo iqtisodiy hamkorligiga kirmadi va Rossiya, Xitoy, G‘arb bilan pragmatik tashqi siyosat yuritishga qaror qilib KXBT (Kollektiv xavfsizlik haqidagi bitim tashkiloti)ni ham tark etdi.

O‘zbekiston shuningdek, teng masofadagi tashqi siyosatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, «Xonobod» aeroporti orqali Afg‘onistondagi NATO kuchlariga moddiy-texnik ta’minot ko‘rsatdi. Bu aeroport keyinchalik o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Shu bilan birga, Germaniya hukumati bilan Termiz shahrida tranzit punktni ko‘zda tutuvchi bitim imzolangan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston o‘z iqtisodiyoti va mahsulot bozorlarini diversifikatsiya qilishga urinmoqda. Mamlakat mintaqada Xitoy g‘arbidagi asosiy bo‘g‘imga aylangan. Muvozanatlashgan tashqi siyosat va yetarlicha tabiiy resurslar zaxiralari tufayli O‘zbekiston biron marotaba tashqi aralashuvlarga to‘qnash kelmadi. Biroq, hech bir mamlakat to‘liq himoyalana olmaydigan tahdidlar ham mavjud.

Siyosiy barqarorlik
O‘zbekistonda 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari Oliy Majlis quyi palatasining 135ta o‘rnini yangilaydi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning taklifi bilan yangi Bosh vazir tayinlanadi.

Mustaqillikka erishganidan keyin o‘zbek hukumatiga xos bo‘lgan sifatlardan biri bu – mamlakatda siyosiy barqarorlikni ta’minlash maqsadida prezident I.Karimov siyosatini jadal konsolidatsiya qilishdan iborat. O‘zbekistondagi mazkur siyosiy barqarorlik mamlakatda iqtisodiy rivojlanishning 8 foizga o‘sishini ta’minlab bermoqda.

Shu paytgacha biron marta hukumatning meros bo‘lib o‘tishi jarayoni haqida gap ochilmaganligi sabab, 2015 yilning birinchi choragida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlarida I.Karimov uchta asosiy sababga ko‘ra o‘z mandatini yangilaydi, degan taxmin mavjud. Birinchidan, mamlakat iqtisodiyoti o‘sishini ta’minlab berayotgan ichki siyosiy barqarorlikni yanada kuchaytirish maqsadida. Ikkinchidan, mamlakatni ikkita real tahdid – Afg‘oniston va Tojikistondagi islom terrorchiligidan himoya qilish, shuningdek tashqi ishtirokchilarga ichki siyosatdagi har qanday zaiflikdan aralashuv uchun vosita sifatida foydalanish imkonini bermaydigan amaldagi siyosiy yo‘nalishni davom ettirish maqsadida. Uchinchidan, bir tomondan O‘zbekiston va boshqa tomondan Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan suv muammosi bo‘yicha Markaziy Osiyoda o‘z o‘rnini mustahkamlash maqsadida.

Mamlakat milliy rivojlanishining asosiy strategiyasi hisoblangan «O‘zbek modeli»da qayd etilishicha, O‘zbekiston hukumati «yangi uyni qurmay turib, eskisini buzma» hikmatiga amal qilgan. O‘zbekiston asta-sekin ijobiy natijalarni ko‘rsatayotgan taraqqiyot yo‘lini tanladi. Mustaqillik yillari olib borilgan demokratik islohotlar O‘zbekiston tomonidan tanlangan yo‘l haqiqatdan ham to‘g‘ri ekanligi xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishiga qaratilgan edi.

Haqiqatda yuqorida keltirilgan ibora Mustaqillik bayramini nishonlash vaqtida prezident I.Karimov tomonidan aytilgan bo‘lib, mamlakatning rivojlanish tizimida o‘z aksini topdi.

Ta’kidlash joizki, Yevropa Ittifoqi va undagi davlatlar O‘zbekistonni sadoqatlilik va diniy bag‘rikenglik modeli bo‘lgan zamonaviy davlat sifatida e’tirof etmoqda. Yevropaning bu boradagi sayi-harakatlari O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik o‘rnatishga qaratilishi kerak, natijada Toshkent demokratiyani qurish jarayonida Yevropaning sherigiga aylanishi mumkin.

Pragmatik va teng masofadagi tashqi siyosat
Geografik nuqtai nazardan O‘zbekiston Xitoy va Rossiyadan qalqon shaklidagi davlatlar bilan yaxshi himoyalangan. Biroq, bu holat o‘zini to‘liq himoyada his qilishga asos bo‘lmaydi, chunki Rossiya Qirg‘iziston va Tojikistonda harbiy bazalarga ega. Janubda esa O‘zbekiston turli terrorchilik guruhlari uchun bandargohga aylangan Afg‘oniston bilan chegaradosh. Bundan tashqari, O‘zbekiston ochiq dengiz yo‘llariga chiqa olmaydi va Yevropa hamda Osiyodagi boshqa davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikka kirishish imkonini beradigan infratuzilma tarmog‘iga muxtoj.

Beqarorlik xususidagi turli taxminlarga qaramay, Markaziy Osiyodagi vaziyat barqaror bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda jahonning ko‘plab davlatlari mintaqadagi mamlakatlar bilan ikki tomonlama hamkorlik borasida ijobiy tajriba to‘plashga erishdi. Shu ma’noda, O‘zbekiston muammolarni hal qilish va qo‘shni davlatlar bilan nizolarga barham berish yo‘lida ogohlantiruvchi diplomatiyaga tayanmoqda.

Si Szinpin rahbarligi ostida Markaziy Osiyoda Xitoy tashqi siyosatining faollashishi mintaqada Rossiyaning ta’siriga qarama-qarshi kuch sifatida xizmat qilmoqda. Xususan, Xitoy rahbarining 2013 yilda O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida umumiy qiymati 15 mlrd. AQSh dollariga teng loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 31ta hujjat imzolandi. Shu bilan birga, mamlakatlar mavjud uchta gaz quvuridan tashqari, yana birini qurish haqida kelishib olishdi. Energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyoj tufayli Pekin energetik masalada mintaqadagi davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor. Bu holat Rossiya uchun Markaziy Osiyodagi iqtisodiy vositalardan foydalanish imkonini jiddiy ravishda cheklashi mumkin.

2000 yillar boshidan o‘zbek tashqi siyosatida ikki tomonlama shakldagi munosabatlar rivojlana boshladi. O‘zbekistonning mintaqadagi barqarorlikka sodiqligi quyidagi asosiy jihatlardan iborat bo‘lgan «Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi» orqali izohlanadi:
1. O‘zbekiston mamlakatdagi milliy manfaatlarga zid kelmaslik sharti bilan ittifoqlar va tashkilotlarda ishtirok etish huquqini o‘zida qoldiradi.
2. O‘zbekiston turli harbiy bloklarda ishtirok etmaydi va tashkilot harbiylashtirilgan taqdirda undan chiqib ketish huquqiga ega.
3. O‘zbekiston o‘z hududida har qanday xorijiy bazalar yoki ob’ektlarni joylashtirmaydi.
4. O‘zbekiston Qurolli kuchlari chet eldagi harbiy operatsiyalarda ishtirok etmaydi.

2012 yilda O‘zbekiston o‘z mustaqilligini to‘laqonli saqlab qolish va xorijiy davlatlarning aralashuvlarisiz tashqi siyosat yuritish uchun KXBT (Kollektiv xavfsizlik haqidagi bitim tashkiloti)ni tark etdi, Yevroosiyo Ittifoqiga a’zo bo‘lmadi va «Xonobod» bazasini yopdi.

Sovet ittifoqi tarqalib ketganidan so‘ng, O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi munosabatlar uchta asosiy bosqichni bosib o‘tdi. 1992-2001 yillarda asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish, davlat mulkini xususiylashtirish va bozor iqtisodiyotiga o‘tish, zamonaviy armiyani tashkil qilish va O‘zbekistonni asosiy xalqaro ta’limlarga integrallashtirishdan iborat bo‘ldi.

Ikkinchi davr o‘z ichiga 2001-2011 yillarni oladi. Bunda O‘zbekiston «AYSAF»ning Afg‘onistondagi harbiy harakatlariga ma’lum ko‘mak ko‘rsatdi.
Uchinchi davr iqtisodiy va institutsional rivojlanish orqali avvalgi davrlarning barcha elementlari ishtirokida ko‘p tarmoqli hamkorlik bilan ajralib turadi.

O‘zbekiston suverenitetini hech qanday aralashuvlarsiz, Yevropa va Amerika ko‘magisiz amalga oshirishga qaror qildi. O‘zbekiston shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida RF va XXR ta’siri o‘rtasida doim muvozanatni saqlovchi davlat hisoblanadi.

O‘zbekistonning foydali geosiyosiy holati, shuningdek strategik ahamiyatga ega tabiiy resurslar zaxirasi hisobga olinsa, bu davlatda bir nechta buyuk mamlakatlarning manfaatlari to‘qnashadi. Ayrim davlatlar go‘yoki mintaqadagi barqarorlik va rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun turli chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Aslida esa, ular beqarorlikning omili sifatida xizmat qilmoqda. Mintaqada iqtisodiy ishtirok uchun o‘sib borayotgan raqobat, siyosiy va harbiy yetakchilik hamda biznes manfaatlarni kengaytirish hozirda ko‘rib chiqish zarur bo‘lgan omillar emas.
Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi ayrim qo‘shni davlatlar Rossiyaga geosiyosat kun tartibidagi muhim yo‘nalish sifatida qaramoqda.

O‘zbekiston esa xususiy yo‘nalishga amal qilishni afzal ko‘rdi. Vaholanki, uning zamonaviy barqaror pozitsiyasi mintaqa hamda umuman dunyoda tezkor o‘zgarib borayotgan siyosiy iqlim hisobiga o‘zgarishi mumkin.

Yadroviy mamlakatlar
Markaziy Osiyo to‘rtta yadroviy davlat, Rossiya, Xitoy, Pokiston va Hindiston bilan qurshab olingan. So‘nggi 25 yil davomida mintaqadagi yadroviy qurol sohasi bo‘yicha masalalar Hindiston va Pokistondan farqli o‘laroq diplomatiya yo‘li orqali samarali yechim topdi. Mazkur davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda keskinlik ortishi sababli, «xavfsizlik dilemmasi» omili faollashdi.

Shu sababdan, mustaqillikning birinchi yillaridanoq O‘zbekiston tiyilish siyosatining faol tarafdorlaridan biri bo‘lib keldi. Mamlakat prezidenti tomonidan mintaqa va umuman jahondagi barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi sezilarli qadam bo‘lgan «Markaziy Osiyoda yadroviy quroldan holi hudud to‘g‘risidagi bitim» (SAZSYaO) tashabbusi ilgari surildi.

Mazkur bitim shuningdek, mintaqadagi davlatlar o‘rtasida qulay muhitni yaratishga ham xizmat qiladi. Bitim mintaqada terrorizmga qarshi kurashish va yadroviy qurolni terrorchilar qo‘liga tushib qolishdan saqlash kabi qator o‘ziga xos jihatlarga ega. Markaziy Osiyoda yadroviy qurol tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida O‘zbekistonning yetakchi roli alohida e’tiborga loyiq va G‘arb bilan o‘zaro munosabatlarda ustuvor yo‘nalishga aylanishi mumkin.

O‘zbekiston hukumatining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning energetika sohasi rivojlangan bo‘lib, kamida 100 yil uchun energetika xavfsizligini ta’minlashga qodir. Bundan tashqari, O‘zbekiston elektr energiyasi ishlab chiqarishda ham ancha ilg‘or bo‘lib, o‘rtacha narxlarda rivojlangan davlatlarning ehtiyojini qondira oladi. Bugungi kunda Afg‘oniston poytaxti Qobulning elektr energiyasi ta’minoti butunlay O‘zbekistonga bog‘liq.

Mustaqillikka erishilganidan so‘ng O‘zbekiston iqtisodiyoti to‘rt barobarga oshdi, aholi soni esa 10 mln. kishiga o‘sdi va bugungi kunda 30 mln.dan oshadi. Butunjahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi besh yil ichida iqtisodiy o‘sish 8 foizdan oshdi va bu ko‘rsatkich mamlakatni sobiq ittifoq davlatlari orasida tezkor sur’atlarda rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biriga aylantirdi.

Asosiy tahdidlar
Geografik va etnik omillar tufayli yuzaga kelgan mintaqaviy masalalar O‘zbekiston uchun asosiy xavf hisoblanadi. Sovet davridan beri meros bo‘lib qolgan umumiy muammolar, eski xo‘jalik tizimlari va ulkan ob’ektlarni barpo qilish bo‘yicha rejalar mintaqaviy «nizo sababi» bo‘lib qolmoqda.

Afg‘oniston
AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketishi oqibatida Markaziy Osiyodagi barcha davlatlarda yangi fuqarolik urushi xavfi va uning Markaziy Osiyoga ta’siri borasida jiddiy xavotirlar mavjud. Bu muammo birinchi navbatda Afg‘onistonga chegaradosh davlatlar, jumladan O‘zbekistonga ta’sir qiladi.

O‘zbekiston hukumatining ta’kidlashicha, AIRdan «AYSAF» chiqib ketganidan so‘ng vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmaydi, aksincha, yanada keskinlashadi.
Mazkur omillar terrorchilik tahdidlari va ekstremistik faoliyatning o‘sishini izohlab beradi. Natijada, mintaqadagi davlatlar doimiy tarzda kurash olib borishi zarur bo‘lgan beqarorlik manbai vujudga keladi. Afg‘oniston muammosi bo‘yicha kuchli siyosiy yechimning yo‘qligi vaziyatni murakkablashtirib, ichki kelishuvga erishishga to‘sqinlik qilmoqda.

O‘zbekiston an’anaga muvofiq ravishda Afg‘oniston muammosining tarixiy yechimiga nazar tashlashga chaqiradi, chunki ikkala davlat ham azaldan yagona madaniy maydonda yashab kelgan.

O‘zbekiston qo‘shni davlat sifatida Afg‘onistonning yangi hukumatiga ko‘mak berish va uning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyilini tanladi hamda munosabatlarni faqatgina ikki tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Hozirda O‘zbekiston milliy manfaatlarni hisobga olgan holda,

Afg‘oniston bilan aloqalar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlamoqda va ular tomonidan rivojlanish bo‘yicha tanlangan yo‘lni hurmat qiladi. Shu tariqa, O‘zbekiston qo‘shnisidagi ichki nizolarga aralashib qolish yoki har qanday harakatlarni qo‘llab-quvvatlash borasida betaraf bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston mazkur mamlakatda tinchlikni va tanazzulga yuz tutgan iqtisodiyotni tiklashga oid turli tashabbuslar va loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. 2011 yilda ishga tushirilgan «Xayraton-Mazari-Sharif» temir yo‘li liniyasi mintaqaning kelgusi hayotida muhim o‘ringa ega bo‘ldi, chunki ushbu yo‘nalish Markaziy Osiyo davlatlarining dengiz portlariga chiqishida muhim bo‘g‘im hisoblanadi.

Terrorizm va diniy ekstremizm
Diniy ekstremizmning mamlakat milliy xavfsizligi uchun tahdidlari ham ichkari ham tashqaridan yuzaga kelmoqda. Narkotiklarning noqonuniy aylanmasi, turli guruhlarning shakllanishi va boshqa transchegaraviy omillar milliy xavfsizlikni ta’minlashda yanada dolzarb tus olmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati diniy ekstremizm tahdidlariga qarshi ekstremistik guruhlarni «demontaj» qilish, yoki mintaqada ekstremistik g‘oyalarning salbiy qabul qilinishi vaziyatini yaratish orqali kurashishni taklif qildi.

Tabiiyki, ayrim masalalarni ijobiy talqin qilish mumkin emas. O‘zbekiston hukumatining radikalizmni kamaytirishga bo‘lgan intilishi ba’zan jamoat orasida vaziyat keskinlashuviga olib kelgan. Biroq, YeI va AQSh tan olishi kerakki, O‘zbekistonda diniy qarashlarning bugungi kundagi ahvoli xalqlar o‘rtasida tinchlikni mustahkamlashda musulmon olamining barcha davlatlari uchun namuna sifatida xizmat qilmoqda.

Mamlakatda 1999 va 2004 yillarda sodir bo‘lgan terrorchilik harakatlari o‘nlab odamlarning hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi. Ayni paytda O‘zbekiston aholisi tinchlik va barqarorlik tushunchalarini yaxshi anglagan holda, uning qadriga yetadi. Bunday yondashuv davlatdagi Toshkent, Samarqand kabi yirik shaharlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususan, metro stansiyalari va boshqa jamoat joylarida jiddiy militsiya tekshiruvlari amalga oshiriladi.

O‘zbek-afg‘on chegarasiga qaraganda, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegaralar yanada xavflidir, chunki diniy-ekstremistik guruh tuzilmalari O‘zbekistonga aynan shu davlatlar hududidan kirib kelishi mumkin. Tojik-afg‘on chegarasi deyarli nazorat ostiga olinmagan hudud hisoblanadi.

So‘nggi 50 yil ichida Orol dengizining hajmi 8 barobarga, suv hajmi esa 13 barobarga qisqardi. Bunda vaziyatni yanada keskinlashtiradigan xatar mavjud, chunki Qirg‘iziston va Tojikiston Rog‘un GES (balandligi 335 m.) va Qambarota GES (275 m.) kabi gidroelektrstansiyalari qurilishi hisobiga o‘zidagi energiya salohiyatini oshirishga intilmoqda.

Rog‘un rezervuarini suv bilan to‘ldirish uchun 10-12 yil vaqt kerak bo‘ladi, bu esa o‘zbek hukumatining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston hukumatining qayd etishicha, mazkur ulkan loyiha seysmik jihatdan xavfli hududda qurilayotgan bo‘lib, zilzila yuz bergan holda katta talafot keltirishi mumkin. Shu munosabat bilan, Toshkent mini-GES qurilishini taklif qilmoqda. Biroq, Vashington va Pekin Rogun GESga aloqador alohida loyihalarni moliyalashtira boshladi. Hozirda qurilish ishlari mablag‘ yo‘qligi tufayli to‘xtatilgan. Vaholanki, joriy yilda Butunjahon banki ishlarning davom ettirilishiga ruhsat berdi.

Qirg‘izistondagi Qambarota GES ham dunyodagi eng katta to‘g‘onlardan biridir. Mazkur suv ombori 4-6 yil mobaynida to‘ldiriladi. Loyiha «RusGidro» Rossiya kompaniyasi hamkorligida amalga oshiriladi. Bu holat Toshkentni xavotirga solmoqda, chunki istiqbolda mintaqadagi suv manbalarining barcha dastaklari Moskva qo‘liga o‘tishi mumkin.

Ikkala to‘g‘onning ishlatilishi ayniqsa ekinlar o‘sishi davrida Amudaryo va Sirdaryoga suv oqimini sezilarli ravishda kamaytiradi va qurg‘oqchilikka sabab bo‘ladi. O‘zbek ekspertlarining ta’kidlashicha, kutilayotgan suv tanqisligi mamlakat qishloq xo‘jaligiga 610 mln. AQSh dollari miqdorda zara keltirib, u mamlakat YaIM 2 foizga pasayishiga va deyarli 340 ming kishining ishsiz qolishiga olib kelishi mumkin.

O‘zbekiston misoli boshqa sobiq ittifoq respublikalari uchun o‘rganish manbaidir, chunki Toshkent munosabatlarni tenglashtirish, ularni tashqi siyosati ta’sir doirasining eski g‘oyalarini tiklashga qaratilgan siyosatdan ma’lum masofada ushlab turishga erisha oldi. O‘zbekiston o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda, ko‘p asrlik mustaqil va teng masofadagi tashqi siyosatni yuritishga qaror qildi. Natijada Toshkent mintaqadagi barqarorlik kafolatiga aylandi.

YeI va AQSh mintaqada o‘zaro munosabatlarning qo‘shma maydonini yaratishga urinmoqda. Bu maydon Markaziy Osiyoning 19-asrda bo‘lgani kabi Katta o‘yin kurashi arenasiga aylanishiga yo‘l qo‘ymaydi. G‘arbning mintaqa ishlarida O‘zbekistonning strategik ahamiyatini hisobga olishiga to‘g‘ri keladi.

Ayrim mamlakatlar Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro munosabatlarning konsultativ mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish zarur degan xulosaga kelishdi. Xitoy ShHTni qo‘llab-quvvatlagan bir vaqtda, Rossiya barcha harakatlarini MDH, KXBT, BI va YeOIIga qaratdi. O‘z navbatida, Yaponiya «Markaziy Osiyo plyus Yaponiya» platformasini, Koreya «Koreya-Markaziy Osiyo dialogi»ni barpo qildi va YeI iqtisodiyot, jamoat, siyosat va xavfsizlik sohasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan asosiy strategiyalarni o‘rnatdi.

O‘zbekiston «geohomiylar»ga qaram bo‘lishni istamaydi va bu qaror Toshkent tomonidan mintaqadagi yirik davlatlar o‘rtasida muvozanatlashgan siyosatni yuritishning qo‘llab-quvvatlovchi elementi hisoblanadi. O‘zbekistonda sekulyarizmning muvaffaqiyatli ilgari surilishi muhim
ahamiyatga ega bo‘lib, G‘arbning jiddiy e’tiboriga loyiqdir. Chunki musulmon olamining boshqa qismlarida bu yo‘nalish omadga erishmadi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yadroviy quroldan holi hududni yaratishni taklif qilish orqali yadroviy qurol tarqalmasligi masalalari bo‘yicha katta nufuzga loyiq deb topildi.

Mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston va G‘arb o‘rtasida ko‘plab tutash nuqtalar mavjud va YeI hamda AQSh bilan o‘zaro munosabatlar muhitining yaxshilanishiga xizmat qilishi mumkin.

Markaziy Osiyoda xavfsizlik borasidagi tahdidlarni bartaraf qilishning eng oqilona yo‘li davlatlar va ularning mintaqaviy integrallashuvini mustahkamlashdir. Buning asosida kafolati va markazi O‘zbekiston bo‘lgan mintaqa barqarorligini ta’minlovchi birlashmani yaratish yotadi. Chunki, istalgan hudud, jumladan Markaziy Osiyoda geosiyosiy vakuum hosil bo‘lgan taqdirda, boshqa davlatlarning aralashuvi ehtimoli o‘sib boradi va bu butun mintaqadagi barqarorlikka salbiy ta’sir qiladi.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here