Mustafo Cho‘qay

Sobiq Ittifoq davrida Turkiston legioni to‘g‘risida gapirish taqiqlangan, uning qatnashchilariga esa vatan xoinlari tamg‘asi bosilgan edi. Hozir ham bu legion tarixini xolis o‘rganish masalasi hal bo‘lgani yo‘q.

Bu legion Ikkinchi jahon urushi yillarida Germaniyada Mustafo Cho‘qay, Boymirza Hayit, Vali Qayumxon, Ro‘zi Nazar kabi bir guruh turkistonlik ziyolilar tomonidan urushda asirga tushgan turkistonliklardan tuzilgandi. Germaniya qo‘mondonligi tarkibida shunday legion tuzish taklifini sobiq Turkiston muxtoriyati rahbari Mustafo Cho‘qay bergan edi.

Qayta qurish yillarida O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatgan Turkiston xalq harakati raisi, shoir Bahrom G‘oyibning so‘zlariga ko‘ra, M.Cho‘qay Gitlerning yovuz siyosatidan ezgu ishda foydalanishga uringan. U 1939 yilda gestapo qo‘liga tushgan va qanchadan-qancha chig‘iriqlardan o‘tib, shaxsan fyurer bilan mana shu legionni tuzish haqida kelishuvga erishgan. Bu kelishuvga muvofiq O‘rta Osiyoga fashistlar emas, Turkiston legioni askarlari kirishi va alohida davlat qurishi lozim edi.

Marhum shoir Rauf Parfi bundan bir necha yil avval mazkur legionni tuzish harakatlari millat ziyolilarining Turkiston birligi, mustaqilligi uchun kurashining davomi bo‘lganini ta’kidlagandi.
“Legion rahbarlari Turkiston xalqlarini fashizm balosidan qutqarib qolish yo‘llarini izlagan. Turkiston muxtoriyati fojeasidan keyingi bu harakatlarni uyg‘ongan ziyolilarning chet eldagi olijanob ishlaridan biri, deyish mumkin”, – degandi R.Parfi.

Shoir B.G‘oyibning e’tiroficha, Mustafo Cho‘qay legionga rahbarlik qilgan yillarda fashistlarga asirga tushgan 260 ming turkistonlikning hayotini saqlab qolganining o‘ziyoq tahsinga loyiq.

B.G‘oyibning fikricha, Turkiston legioniga sovet davrida bo‘lgan munosabat hozirgi kunga kelib ham o‘zgargani yo‘q. Bu tarixni xolis o‘rganish masalasi hali ham daxlsiz turibdi.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here