Tabaqayi munavvarayi milliyasi (ya’ni intelligensiyasi) bo‘lmagan biror-bir millat yo‘qdir. Nemis, fransuz, ingliz kabi buyuk millatlardan ibrat olgan polyak, chex kabi mutamaddun qavmlarni ham qiyosga olmas esak, Rusiyaning shimolidagi bir hovuch finlanda va janubidagi yarim xovuch armanilarda ham «tabaqayi munavvarayi milliya» ko‘rmoqdamiz… Ko‘rmoqdamiz-da, suqlanib va hasratda qolib, o‘z millatimizning bundan mahrum ekanligiga qonli yoshlar to‘kmoqdamiz.

Bir milyo‘n armani orasida bir necha yuz ziyoli millatchilar borligi va muhabbati milliyalari, jiddiyat va faoliyat va ixloslari ila Usmonli va Rusiya kabi ikki buyuk hukumatning tasarrufida bo‘lgan bir necha viloyatlarni bir-biriga qarama-qarshi qilishga muvaffaq bo‘lganlari holda yigirma milyo‘n Rusiya musulmonlari yoki o‘n sakkiz milyo‘nliq Rusiya turklari orasida yetti-sakkiz jiddiy milliyatchi bo‘lmaganiga taassuf ozdir, otashlarga kirib, yonishimiz kerak.

Bundan yigirma, o‘ttiz, qirq yil avval millatimizning boshida turgan, ruslarning ta’birincha, «образованные мусульмане» (tabaqayi munavvaramiz) tilga olinar edi. Bular ikki general, uch po‘lko‘vnik, besh kapitan, yetti yasavul po‘dpo‘ruchik, o‘n ikki g‘ubernski sekretar, yigirma qolijaskiy registratur ila bularga yo‘ldosh bo‘lgan qirq-ellik sohibi medal va xil’at afandilardan bo‘lar edi.

Ushbu tabaqa uchun millat nadir va millat uchun bular nadir? Bu — har biringizga ma’lum. Ichkari Rusiyada, Qrimda va Kavkazda bu tabaqadan millatga yodgor qolgan bir narsa yo‘qdir.Na ish, na yozuv, na ilm va na yaxshi ot.

Nima bo‘lganda ham, janobi Haq bu tabaqaning taqsirotini afu etib, qayta paydo bo‘lishlarini o‘zi nasib aylasin. Falon bekning madrasasi, falonchi yetishtirgan odamlar, falon knyazning asari adabiyasi yo tarjimayi fanniyasi yoki himmati ilmiyasi o‘laroq «bir narsa» ko‘rilmadi. Millat foidasiga qilingan falon «bir ish» eshitilmaydi.

Bu marhumlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘g‘il va avlodi bo‘lmasa-da, vorislari, deb nom olgan yoshlarimiz va yosh tabaqayi munavvaramizdan buyuk ishlar, naf’li amallar, millatni taraqqiy va yuksalishiga olib boruvchi tadbirlar kutilmoqda. Ajabo, bular mansub bo‘lgan millatlariga qanday xizmat qilishlari mumkin?

Bunga javob beradigan darajada biror-bir asar va adabiyot yo‘qdir. Matbu’ suratda maslaki milliya muzokara qilinmadi. Bu holda tahsili oliya ko‘rgan javonlarimiz va boshqa bir suratda kasbi ma’lumot etmish odamlarimiz bir majlis, bir ijtimo’ qilib, jiddiy bir maslak va tarzi harakat ta’yin etsalar yaxshi bo‘lmasmidi?

Har viloyatda bir necha ziyoli yoki ma’lumotli musulmon bor. Ammo bular bir-birini bilishni istamay, parokanda umr va fikr yuritmoqdalar… Biz, ziyoli musulmonlar, juda ozmiz. Lekin jumlamiz uch-besh kun bir mahallada ijtimo’ va majlis qilsak, «bir qancha» ekanligimizni ko‘rib, ko‘nglimizni ochar, fikrimizni etardik.

Millatimizga bukun nima kerak? Millatimizga erta va indin nima kerak bo‘ladi? Bugun nima qilishi kerak, nima qilmasligi kerak? Millat nima istaydi va nimani istamaydi kabi bir qancha masalalar muzokara qilinardi va shubhasiz, foidasi ham ko‘rinar edi.

Oddiy va sodda aholi, ya’ni tujjoru ulamo va oddiy kosiblar ikki-uch marotaba «umumiy majlis»lar o‘tkazib, Maqariyada, Peterburgda «sho‘royi ummat»larga yuzlab keldilar. Bir turli mushovaralar qilib, qarorlar qabul qildilar… Biz, ziyolilarga bularning himmati namunayi im tisol bo‘ladigan hollardandir.

Millat uyg‘onadi, ish boshlaydi. Bizlar… qo‘rqaman, hozir nima lozim. Yo mavzudan chetda yoki yanglish yo‘llarda yurmokdamiz.

«Tarjimon» g., 1907 y., 12-son

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here