Tarix shuni ko’rsatadiki, zamonasining tahdidlariga munosib javob bera olgan jamiyatgina taraqqiy etadi. Munosib javobni esa o’zini doimiy isloh qilish orqali yangicha sharoitda yangicha turmushga tayyor  bo’lgan jamiyat bera oladi. Asosan bunday tayyorgarlikka sifatli ta’lim tizimi orqali erishiladi. Bekorga ham barcha tarixiy davrlarda islohotchilar o’z jamiyatini yangilashni avvalambor ta’lim tizimi islohotidan boshlashmagan.

Masalan, SSSRning ilk kunlarida kapitalist G’arb tahdidini bartaraf etish, G’arbdan o’tib ketish uchun agrar jamiyatni tezda industrial jamiyatga aylantirish kerak edi. Bolsheviklar bu ishning uddasidan ta’lim sohasidagi ulkan o’zgarishlar orqali chiqdi. O’rta ta’lim islohotlari,  likbez (ликвидация безграмотности) kampaniyalari, rabfak (рабочие факультеты), kechki maktablar  SSSR aholisining intellektual salohiyatini ancha oshirdi, jadal sanoatlashishga zamin yaratdi. Va SSSR dunyoda ikkinchi buyuk davlatga aylandi. Shu bilan birga, 60-70-yillarga kelib ta’lim tizimida hukmron bo’lib qolgan dogmatizm va mafkuraviylik, boshqa struktural muammolar bilan qo’shilib, sovet jamiyati oldidagi qayta qurish vaqtidagi chiqqan tahdidlarga munosib javob berishga yo’l qo’ymadi. Natijada katta bir davlat qulladi.

Bunday tahdidlar hozirda dunyoning eng buyuk davlati, AQSH oldida ham turgan. Masalan, 70-yillarda sovetlar tarixda ilk bor kosmosga odamli raketani uchirganida, amerikaliklar texnologik jihatdan raqiblaridan qolib ketayotganliklarini anglab yetadilar. Amerika jamiyati bunday tahdidga o’z vaqtida ta’lim tizmini tubdan ishloh etib,  STEM (Science, Technology, Engineering and Math) sohalariga katta e’tibor qaratish orqali javob berdi. Natijada, AQSH nafaqat texnologik jihatdan o’zini o’nglab oldi, balkim raqiblardan yillarga oshib ketdi.

O’zini isloh etib, yashab ketgan yoki moslasha olmasdan, nomi faqat tarixiy kitoblarda qolgan,boshqa anchagina millatlarni misol keltirish mumkin. Birinchisiga (afsuski, ilk, yagona va so’ng) misol hattoki o’zimizning tariximizda ham bor.

19-asrning ohirida soʻnggi toʻrt asrlik tanazzul va, ayniqsa, rus istilosi tufayli oʻzining zakiylik, shijoatlilik, tirishqoqlik, topagʻonlik, ahillik, mehnatsevarlik, xushaxloqlik, ayniqsa, erk va bilimga chanqoqlik kabi asliy xususiyatlarini yoʻqotib, oʻz-oʻzini mahv etib borayotgan millatni uygʻotishni, unga oʻzligini anglatishni bir qator taraqqiyparvarlar o’ziga vazifa deb bildilar. Bu ziyolilar qoloqlikni tugatib, millatni yangilashni, Turkistonda asrlar davomida o’zgarmasdan kelgan ta’lim timizini yangicha usulasosida (usuli jadid- shuning uchun ham, ular tariximizga “Jadidlar” sifatida kirdilar) isloh qilishdan boshlaydilar.

Afsus,  o’zbek jamiyatining bu yangilanish harakati juda kech, tarixiy fursat allaqachon izn bermaydigan sharoitda boshlangan edi va uzoqqa cho’zilmadi. Bu harakat kuch bilan bolsheviklar tomonidan tugatildi, jadidlar qatag’on qilindi. Millatning eng sara genofondi qirg’in qilinganligining oqibatlarini biz hattoki bugun ham sezayapmiz.Tarixiy yo’limizdan chiqib ketdik, va dunyoda o’z o’rnimizni qidirayapmiz. Kelajagimizga u yoqdan diniy ekstremizm va ibtidoiy neo-qadimchilik, bu yoqdan neo-mustamlakachilik tahdid solayapti.

Otto fon Bismark  1871-yildagi Fransiya bilan urushda nemis o’rta maktab o’qituvchisi g’alaba qozondi degan ekan, o’z davrining eng yetuk ta’lim tizimini nemislarga bergan afzalliklarni nazarda tutib. Boshqa so’zlar bilan aytganda, bu urushda millatni Germaniya bilan raqobatga tayyorlay olmagan fransuz maktab o’qituvchisi mag’lub bo’lgan.

Bugungi globallashgan shiddatli millatlararo raqobatda yashab ketish uchun zarur ko’nikma va xislatlarni bera oladigan ta’lim tizimi orqali o’zimizni yangidan ixtiro qilish vaqti kelmadimikin?

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here