Oltin asr, kumush asr tushunchalari ilk bora qadimgi yunon afsonalarida qo‘llanilgandir. Yunonlar shu yo‘l bilan o‘z ajdodlari va umuman insoniyat baxtiyor yashagan pallalarni ifodalashgan. Ularning fikricha, sekin-asta baxt-hurramlik insoniyatdan qochib, oltin kumushga, kumushdan bronzaga, bronzadan temirga aylanib borgan. Ya’ni yunonlar bir zamonlar odamlar baxtli bo‘lganliklarini ta’kidlab, shu yo‘l bilan o‘zlarining baxtsiz ekanliklarini qayd qilmoqchi bo‘lganlar.
Yunon madaniyati boshlanganiga uch ming yildan oshdi. Tugaganiga bir yarim ming yil bo‘ldi. Bundan ikki yarim ming yillar muqaddam boshlangan madaniy ko‘tarilish hozirgi zamonda qadimgi tarixning oltin asri deb baholanadi. Ya’ni, endilikda o‘zlarini baxtsiz avlod deb hisoblaganlar bizning nazdimizda baxtli…
Aslida o‘tmish zamonni ideallashtirish faqatgina yunonlarga xos emas. Har bir xalqning o‘z tarixiy oltin asri mavjud bo‘lib, mafkurachilar o‘sha zamonga mo‘ljal olgancha tomoq yirtadilar, shoirlar o‘sha zamonani ko‘klarga ko‘tarib maqtaydi, pessimistlar esa o‘tmishga qaytish orzusida yashaydi. Buning zamirida aslida ijtimoiy isyon va yalpi pessimizm yotadi: inson hech qachon turmushidan, zamonasidan rozi bo‘lmaydi, buning kompensatsiyasi o‘laroq intilishga arziydigan ideal zamon haqida mifologema yaratiladi. Taassufki, bu metod aks ta’sir o‘tkazadi, oltin asrning idealligi bugunning muammolari bilan konfliktga kirishadi, buning oqibati o‘laroq millatchilik, diniy radikallik va boshqa g‘oyalar jamiyatda ildiz otadi.
Oltin asr konsepti shunchaki primitiv ong to‘qimasidan boshqa narsa emasligi kunday ravshan. Lekin rivojlanganlik da’vosidagi bugunning insoni mana shu xurofotga ishonib yashashda davom etmoqda. Oltin – bu shunchaki bir metalligi, temir va kumushdan qimmatligi insonlar o‘ylab topgan monetizatsiya tizimi doirasida belgilangan hodisa ekanligi, umumiy ajdodlar, ijtimoiy ong tushunchalari esa tamomila sun’iy konstrukt bo‘lib, konkret maqsadlarga xizmat qilishini o‘ylab ko‘rmaymiz. O‘zi o‘ylab topgan narsalarni moddiylashtirib, sementlash insoniyatning asosiy illatidir.
Uzoq chekinishdan so‘ng muddaoga ko‘charkanmiz, avval xulosani aytib o‘tmoqchimiz: biz oltin asrda yashamoqdamiz. Aynan biz. Mafkurachilar qanchalik uqtirmasin, Temur saltanati ham, ilk islom zamonasi ham, boshqa oltin asrga da’vogar davrlar ham bizning davrimizga nisbatan mutlaqo qoloq edi. Ideal jamiyat sifatida qaraladigan Temur davrini olaylik:
Aholi bugungidan 15 barobar kam, sanitariya-gigiyena holatining yomonligi, hech qanday sanitar nazoratning va kerakli infrastrukturaning yo‘qligi tufayli odamlar o‘rtacha 40-50 yoshda vafot etadi (mafkurachilarning javobi: adashasiz, hammomlar qurilgan, insonlar pokiza bo‘lib yurishgan).
Bepul tibbiyot yo‘q, tibbiyotda uncha-muncha kasalliklarni davolaydigan bilimlar yo‘q (mafkurachilar javobi: Ibn Sino bobomiz hamma dardga davo topgan). Bepul ta’lim yo‘q, ta’lim tizimining o‘zi yo‘q, aholining aksariyat qismi savodsiz (mafkurachilar javobi: Temur bobom talabalarga nafaqa ajratgan). Davlat byudjeti degan tushunchaning o‘zi yo‘q, bir dunyo soliq olingani bilan, u faqat saroy hamda hududiy ma’muriyatni ta’minlash, shuningdek, Temurning hisobsiz harbiy tadbirlari xarajatlarini qoplashga yo‘naltirilgan, ijtimoiy ta’minot va boshqa qulayliklar mutlaqo bo‘lmagan (mafkurachilar javobi: Temur bobom saxiy bo‘lgan, xalqqa osh va pul tarqatgan). Oddiy insonning elementar huquqlarini himoya qiluvchi hech qanday mexanizm mavjud bo‘lmagan, adliya, sud tizimi primitiv darajada bo‘lgan. Kommunal qulayliklar mavjud bo‘lmagan. Aholining 90 foizi chuqur qashshoqlikda yashagan. Aksariyat oilalar bahorgi ekinlarning hosilini yig‘ib, yarmini davlatga topshirgan, yarmini yeyishga ishlatgan. Bevosita pul talab qilinadigan xarajatlar uchun (kiyim-kechak, to‘y-ma’raka va boshqa) qishloq ahli shaharlarda hammollik, dalalarda mardikorlik qilgan, shahar ahli bozorga chiqqan. Sayohat juda uzoq vaqtni olgan. Savdogarlar va ularning xizmatchilaridan boshqalar deyarli sayohat qilmagan. Bitta sayohat necha oylab va hatto yillab vaqt olgan. Axborot almashish nihoyatda sust bo‘lgan. Tezkor axborot kanallari shunchaki mavjud emas edi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, hatto bizning bugungi sharoitimiz ham, u dunyodagi eng yaxshi sharoit bo‘lmasa-da, lekin biz ideal deb ko‘rayotgan Temur davridagidan ming chandon yaxshi ekan.

Lekin odamzot buni anglamaydi. Shuning uchun biz tom ma’noda oltin davrda yashayapmiz, ammo oltin avlod emasmiz.

Tarix oldida insoniyatning umri mingda bir ulushdir. Insoniyat tarixida bizning umrimiz mingda bir ulushdir. Bizdan ilgarigi avlodlar mohiyatan yashamadi: odamlar tug‘ildi, huquqlar, erkinliklar, ijodiy erkinlik, inson qadr-qimmati degan narsani tushunmay, hokimlar va amirlar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib o‘lib ketaverdi. Hatto 50 yil muqaddam ham inson qadri oliy qadriyat hisoblanmasdi. Ayollar va bolalar huquqi singari murakkab masalalarga esa to‘xtalmasak ham bo‘ladi.

Shunday ekan, biz tom vaqtida dunyoga kelgan avlodmiz. Har birimiz inson, alohida individ sifatida yashashimiz, hayotdan zavqlanib, mingta avlod qila olmagan ishlarni qilishimiz mumkin, lekin biz negadir oltin asr haqidagi cho‘pchaklarga ishonib, diniy, milliy, siyosiy, mafkuraviy xurofotlarga ishonib yashashda davom etmoqdamiz. Biz ham o‘zimiz ajdod deb tanlagan ajdodlarning taqdirini takrorlamoqdamiz. Ular ham ongsiz biorobotlarday befoyda umr yashab, mangulikka cho‘mishdi. Biz ularning yo‘lidan boramiz, yo nihoyat ko‘zimizni ochamizmi?

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here