SO‘ZBOSHI

Millatchi, irqchi, diniy mutaassiblar o‘z tarafdorlarini insonlarning aqliga yo‘nalgan fikrlar orqali emas, ularning hissiyotiga qaratilgan mantiqan sayoz, yetarlicha asoslanmagan shiorlar orqali ko‘paytirishga urinadi. Insonning muayyan guruh (millat, din, irq, partiya)ga mansublik tuyg‘usi (instinkti) uni mudom aqlini xiralashtirib, yolg‘on g‘oyalarga ishonishga undaydi. Dushman qanchalik mudhish bo‘lsa, guruh shunchalar jipslashadi. Shuning uchun ham rahnamolar dushman tarafning qanchalar g‘addorligi haqida tinmay bong uradi. Mushtarak jihatlar, umumiy manfaatlar unutilib, farqli jihatlarga urg‘u berila boshlaydi. Odamlar o‘z millatdoshlari, dindoshlari haqidagi bor gapni hazm qila olmaydi. Oqibatda esa millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik kabi umuminsoniyatga xizmat qiluvchi g‘oyalar o‘rnini toqatsizlik, mutaassiblik egallay boradi. Xo‘sh, bunday vaziyatda yo‘lni yo‘qotmaslik, lo‘ttibozlarning aldoviga uchmaslik uchun nima qilmoq lozim? Ingliz matematigi va faylasufi Bertran Rassel (1872-1970) ikki jahon urushiga guvoh bo‘lgan inson sifatida odamlarda guruhiy emas, balki individual o‘ziga xosliklarni shakllantirish orqali biz yuqorida eslatgan illatlarning oldini olish mumkin deb hisoblaydi. Bu individual o‘ziga xoslik va mas’uliyat tuyg‘usi qanday shakllanadi? Insonlarga fikrni emas, fikrlashni o‘rgatish orqali. Fikrlash esa muayyan turtki bo‘lmasa, o‘z o‘zidan yuzaga kelmaydi. Agar siz yosh bolaga ma’lum bir fikrni mutlaq asoslangan haqiqat o‘laroq o‘rgatsangiz, uning fikrlashiga ehtiyoj yo‘q. Uning uchun o‘zgalar bosh qotirib masalani hal qilib bo‘lgan.
Inson tabiatan taqlidchi bo‘lib tug‘iladi. Zero bola o‘zi tug‘ilgan millatning tilini o‘rganishi, ijtimoiy zarur meyorlarni o‘zlashtirishi uchun taqlidchilik juda zarur. Taqlid qila olish qobiliyatisiz bolaning ijtimoiy adaptatsiyasi to‘xtaydi. Biroq bu xususiyat ba’zilarda barvaqt yo‘qolsa, ba’zilarda umr bo‘yi saqlanib qoladi. Ayrimlarda esa qisman. Inson evolyutsiyasi jarayonida paydo bo‘lgan bu xususiyat yosh bola uchun foydali, katta odam uchun esa zararli. Ta’lim go‘dakni shaxsga aylantirishi uchun undagi taqlidchilik instinktini zaiflashtirishi kerak. Bu qanday bo‘ladi? Taqlidchilik va ishonuvchanlikka eng katta zarba beruvchi xususiyat insondagi skeptiklikdir. To‘g‘ri, ba’zilar skeptiklik deganda har narsaga huda-behuda shubhalanaverishni tushunadi. Biroq Rassel taqlidchilik va ishonuvchanlikka ziddizahar sifatida taklif qilayotgan skeptiklik yetarli asoslar bo‘lmagani holatda har qanaqa g‘oya, fikr yoki ta’limotga ishonishni nomaqbul hisoblashni anglatadi. Ya’ni fikr, g‘oya uning asosi bilan birga berilishi zarur. Asoslarsiz aytilgan fikr e’tiborsiz qoldiriladi. Bir qarashda sodda ko‘ringan bu prinsip insonni mustaqil shaxsga aylantirishda qo‘l keladi.
Nima uchun oddiy odamlar skeptiklik, shubhalanishni hush ko‘rmaydi? Chunki odamlarning ishonuvchanligidan foydalanib davr davron surayotganlar buni istamaydi. Barcha narsaga davo “dori-darmon”larning, xarid qilmasangiz hayotingiz mazmunini yo‘qotadigan matohlarning sotilishi, xayriya hisobiga kun ko‘ruvchi, kerak bo‘lsa, jannatdan joy va’da qiluvchi lo‘ttibozlarning taqdiri ishonuvchan, sodda insonlarning borligiga chambarchas bog‘liq. Ular skeptiklarga qarshi tinimsiz kurashadi, ishonuvchanlikni esa insoniy fazilat sifatida kishilar ongiga singdiradi. Ishonuvchanlik e’tiqod va sadoqat bilan, shubhakorlik esa e’tiqodsizlik, prinsipsizlik va betayinlik bilan bog‘lab tushuntiriladi. Oqibatda kitob, gazeta, jurnalda nima yozilsa, obro‘liroq shaxs nimani aytsa, shunga so‘zsiz ishonadigan aqlan so‘qir avlod paydo bo‘ladi.
Ko‘r-ko‘rona ergashish insonda mas’uliyat hissini o‘ldiradi. Qarorni men chiqarmaganman, ta’limotni men yaratmaganman, umuman, men tug‘ilganimda hammasi shunday edi, hamma narsa bizgacha qilib bo‘lingan qabilidagi bahonalar taraqqiyot kushandasidir.
O‘quvchi e’tiboriga havola etilayotgan ushbu esse 1928 yili yozilgan (Qarang: Bertrand Russell. Sceptical Essays. London: Routledge, 2004, 1-14 pp). Unda o‘sha davr Yevropadagi ijtimoiy-siyosiy kayfiyat sezilsa-da, muallifning ratsionallik va irratsionallik, ishonch va uning asoslanganligi masalasida bildirgan fikrlari va yondashuvi bugungi kun uchun ham ahamiyatini saqlab qolgan. Zero inson tabiati bir-ikki asrda o‘zgarib qoladigan hodisa emas.
Tarjimon

Bertran RASSЕL
Skeptiklikning ahamiyati haqida

Sirtdan qaraganda xiyla paradoksal va zararlidek tuyulishi mumkin bo‘lgan ta’limotni muhokama uchun o‘quvchi e’tiboriga havola etish istagidaman. Uning mohiyati shunday: to‘g‘ri deb hisoblash uchun hech qanday asos bo‘lmagan mulohazaga (propozitsiya) ishonish nomaqbuldir. Biroq bu kabi qoidaga barcha birdek amal qilishi ijtimoiy hayotimiz va siyosiy tizimimizni – ular hatto mukammal shakllangan bo‘lsa ham – o‘zgartirib yuborishi mumkin. Bu esa ushbu ta’limotni rad etishga imkon beradi. Yana shunga aminmanki (bunisi yanada jiddiyroq), mazkur qoida – xoh hozir, xoh kelajakda bo‘lsin – taqdirlanishga arzigulik ish qilmagan sodda kishilarning irratsional orzu-umidlaridan foyda foyda undirib kun ko‘ruvchi bashoratgo‘ylar, bukmeykerlar, yepiskoplar va boshqalarning nonini yarimta qilishi mumkin. Ana shu kabi muholif argumentlarga qaramay, o‘z nuqtai nazarimni himoya qilishga urinib ko‘raman.

Avvalo, meni keskin mavqeni tutganlikda ayblaydiganlarga javob bersam. Men murosasozlik va mo‘’tadillikka inglizlarga xos sevgisi bo‘lgan britan vigiman (liberaliman). Pirronizm (skeptitsizm avvallari shunday nomlanardi) asoschisi Pirron ta’kidlaydiki, bir xatti-harakat boshqasidan yaxshiroq ekanini hech qachon bila olmaymiz. U haqda shunday hikoya bor. Bir kuni kechki sayrga chiqqanida, falsafa muallimi (u shu muallimdan ta’lim olgan edi) ariqqa yiqilib, chiqolmay yotganini ko‘rib qolibdi. Bir oz mulohaza qilib, uni ariqdan tortib olish yaxshi ishligiga hech qanday asos yo‘qligini o‘ylab, yo‘lida davom etibdi. Nisbatan mo‘’tadilroq skeptiklar esa, muallimni ariqdan chiqarvolib, Pirronni berahmlikda ayblashibdi. Biroq shunda ham o‘z prinsiplariga sodiq qolgan muallim Pirrondagi fikr va amal birligini maqtabdi. Men bu kabi “qahramonona” skeptitsizmni yoqlamayman. Men oddiy kundalik sog‘lom fikrga tayangan ishonchni, nazariy jihatdan bo‘lmasa-da, amaliy jihatdan ma’qullayman; fanning mukammal asoslangan xulosalarini shubhadan xoli haqiqat deb bilmasam-da, ular xatti-harakatimizni ratsional yo‘lga solishimiz uchun yetarlicha to‘g‘ri deyman. Agar falon kuni oy tutiladi deyilsa, bu bashorat o‘sha kunni kutishga arziydi. Pirron esa boshqacha o‘ylagan bo‘lardi. Ayni shu nuqtai nazardan o‘rtaliqdagi mavqeni himoya qilishimni oqlash mumkin.

Ba’zi masalalarda, deylik, Oyning tutilish vaqtini aniqlashda mutaxassislar qiyinchiliksiz bir to‘xtamga kela oladi. Yana shunday masalalar borki, ular haqida mutaxassislar xulosalari bir joydan chiqishi dushvor. Hatto barcha mutaxassislar fikri bir joydan chiqqanda ham ular xato qilayotgan bo‘lishlari mumkin. Eynshteynning gravitatsiya yorug‘lik nuri yo‘nalishini o‘zgartirishi haqidagi xulosasini bir necha yil avval deyarli barcha mutaxassislar inkor qilgan edi. Biroq u bu borada haq bo‘lib chiqdi. Shunga qaramay, mutaxassislar muayyan masala yuzasidan yagona xulosaga kelsa, o‘sha sohaga aloqasi bo‘lmagan kishilar ularning xulosasini nisbatan haqiqatga yaqinroq deb qabul qilishi maqsadga muvofiq. Binobarin, men yoqlaydigan skeptiklik quyidagichadir: 1) mutaxassislar yakdil fikrda bo‘lishsa, unga qarama-qarshi fikr shubhasiz to‘g‘ri deb qaralmaydi; 2) agar ular yakdil bo‘lishmasa, hech bir fikrning haqiqatligi aniq emas; 3) agar ular xulosa chiqarish uchun yetarli asos yo‘q deya yagona to‘xtamga kelsa, mutaxassis bo‘lmaganlar ham bu borada xulosa chiqarishga shoshilmay, uni ortga suradi.
Bu qoidalar bir qarashda qat’iy tuyulmasa-da, amalga tatbiq etilsa, inson hayotini butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Odamlar astoydil ishonadigan va, kezi kelganda, o‘zgacha fikrdagilarning ta’qib etilishiga sabab bo‘ladigan ta’limotlar skeptitsizmning mazkur uch qoidasidan biriga tushadi. Agar yetarlicha dalillangan bo‘lsa, odamlar fikrni shunchaki ifodalash va u amalda qanchalik to‘g‘ri chiqishini tekshirish bilan kifoyalanadi. Bunday fikrlar kuchli his-tuyg‘uga berilmay himoya qilinadi. Ularga bo‘lgan ishonch hissiz, asoslar esa xotirjamlik bilan keltiriladi. Kuchli ehtiros-la ishoniladigan fikrlar esa odatda asossiz bo‘ladi. Ehtiros ishonchning noratsional ekaniga dalolat qiladi. Siyosat va dinga daxldor fikrlar amalda doimo hissiyotga qorishib ketadi. Xitoyni istisno qilganda, boshqa yerlarda insonning din va siyosat borasida qat’iy qarashga ega bo‘lmasligi uning ojizligini ko‘rsatadi deb hisoblaydilar; odamlar o‘z e’tiqodlariga muholif ta’limotlarning mutaassib tarafdorlaridan ham ko‘proq skeptiklardan nafratlanadi. Ular real hayot bu kabi masalalarda aniq mavqega ega bo‘lishni talab qiladi, har bir narsada aqlga tayansak, jamiyat hayoti izdan chiqadi, deb ishonishadi. Men bu kabi gaplarga qo‘shilmayman.

1920-yillardagi ishsizlik masalasini olaylik. Bir taraf buni kasaba uyushmalarining buzg‘unchiligidan ko‘rdi. Boshqa taraf uni qit’adagi beqaror vaziyat bilan bog‘ladi. Uchinchi taraf esa, avvalgi ikki taraf keltirgan sabablarni tan olgan holda, asosiy aybdor sifatida funt sterling qadrini oshirishga uringan Angliya Bankini ko‘rsatardi. Uchinchi taraf, menga bildirishlaricha, asosan mutaxassislardan iborat edi. Siyosatdonlar partiya bayonotlariga kiritib bo‘lmaydigan fikrlarga qo‘shila olmasdi. Oddiy odamlar esa aybni dushmanlarning hiyla-nayrangiga taqaydigan tomonni ma’qullardi. Oqibatda kimdir nomuvofiq chora-tadbirlarni yoqlash, yana kimdir ularga qarshi kurashish bilan ovora bo‘ldi. Nisbatan ratsional nuqtai nazarni tutgan ozchilikni hech kim eshitmasdi, chunki ular aytayotgan gap hissiyot uyg‘otmas edi-da! Ular odamlarni o‘z fikrlariga ishontirishlari uchun Angliya Bankini buzg‘unchi qilib tasvirlashlari kerak bo‘lardi. Leyboristlarni ishontirish uchun Bank direktorlarini kasaba uyushmalariga dushman deb, London yepiskopini ishontirish uchun esa ularni “axloqsiz” deb ayblashlari lozim bo‘lardi. Shundan keyingina Bank valyuta masalasida xatoga yo‘l qo‘yganiga ularning e’tiborini qaratish mumkin edi.

Boshqa bir misolni olaylik. Sotsializmning inson tabiatiga zidligi haqida ko‘p gapiriladi. Bu fikr qanchalik hissiyot bilan himoya qilinsa, sotsialistlar ham uni o‘shanday qizg‘inlik bilan inkor qiladi. Doktor Rivers – uning vafotidan qayg‘umni so‘z bilan ifodalash qiyin – hayotining so‘nggi damlarida mazkur masala borasida Kollej Universitetida o‘qigan ma’ruza uning vafotidan keyin “Psixologiya va siyosat” nomli kitob bo‘lib bosilib chiqdi. Bu hozircha men bilgan yagona ilmiy tahlildir. Unda sotsializm inson tabiatiga zid emasligini ko‘rsatuvchi melaneziyaliklar hayotidan antropologik ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, muallif melaneziyalik va yevropalik insonning tabiati bir xil yoki turlichaligi bizga noma’lumligini ta’kidlaydi. So‘ngida shunday xulosa chiqaradi: sotsializm yevropalik inson tabiatiga muvofiq keladimi yoki yo‘q – buni amalda sinab ko‘rgachgina bilamiz. Bu xulosasi bilan doktor Rivers leyboristlarning nomzodi bo‘lishga jazm qilsa, ajabmas. Biroq siyosiy bahslarda alangalangan hissiyotlar olovini aytarli kuchaytira olmasligi tayin.

Odamlar bosiqlik bilan munosabat bildirishi qiyin bo‘lgan nikoh mavzusini olaylik. Har bir yurt aholisi o‘zinikiga o‘xshamagan nikoh shaklini axloqsiz deb biladi. Ba’zilar o‘zlarining tiyiqsiz hayot tarzlarini oqlash uchun hukmron qarashlarga qarshi kurashadilar. Hindlar bevaning qayta turmush qilishi haqidagi o‘ydanoq dahshatga tushadi. Katolik mamlakatlarida nikohdan chiqishni buzuqlik deb bilsalar-da, biroq ba’zida juftiga xiyonat qilishga, yo‘q deganda bu erkak tomonidan sodir etilsa, toqat qilinadi. Amerikada ajralish erkin, biroq nikohdan tashqari munosabatlar qattiq qoralanadi. Musulmonlar esa biz zararli hisoblaydigan ko‘pxotinlikka ijobiy qaraydi. Bu kabi turfa fikrlar taassub-la himoya qilinadi, taqiqlarni buzganlar og‘ir jazoga duchor etiladi. Biroq bu davlatlardagi biror kimsa o‘z xalqining udumlari o‘zga xalqlarning udumlariga nisbatan insonni ko‘proq baxtliroq qila olishini asoslashga urinmaydi.

Ushbu masala yuzasidan ilmiy adabiyotlarni, deylik, Uestermarkning “Nikoh tarixi”ni varaqlasak, ommaning xurofiy ishonchidan mutlaqo farqli manzaraga duch kelamiz. Inson tabiatiga mutlaqo zid deb o‘ylaganimiz odatlar insoniyat tarixida ko‘plab bo‘lganini ko‘ramiz. Biz ko‘pxotinlikni zolim erkaklar ayollarga majburlab o‘tkazgan deb o‘ylaymiz. Biroq Tibetdagi “bir xotinga ko‘p erkak” odatini qanday izohlash mumkin? Tibetga sayohat qilganlar u yerdagi oilalar Yevropadagidek bir maromda, uyg‘un hayot kechirishini aytishadi. Bu kabi adabiyotlar bilan tanishish xolis fikrlovchi har qanday insonni skeptikka aylantirib qo‘yadi. Zero bir nikoh shakli boshqa biridan yaxshi yoki yomonroqligini asoslash uchun aftidan dalil yo‘q. Jamiyatdagi deyarli barcha kishilar umumqabul qilingan meyorlarga itoat etmaydiganlarga nisbatan shafqatsiz va toqatsiz munosabatda bo‘ladi. Shuni hisobga olmaganda, ularni bog‘lab turuvchi boshqa umumiy jihatlar yo‘q. Aftidan gunoh ham jo‘g‘rofiy hududga bog‘liq, ya’ni nisbiydir. Ana shu xulosadan “gunoh” ham bir illyuziya ekan, uni sodir etganlarni shafqatsiz jazolash esa ortiqcha, degan xulosaga tomon bir qadam qoladi. Aynan ana shu xulosani ko‘pchilikning ongi qabul qila olmaydi. Shafqatsizlik bilan jazolash va ayni damda vijdonni “toza” saqlab qolish moralistlarga zavq bag‘ishlaydi. Mana shuning uchun ular do‘zaxni o‘ylab topishgan.

Mujmal masalalar qatoriga kiruvchi o‘ta kuchli e’tiqodlarning yorqin namunasi millatchilikdir. Dangal aytish mumkinki, Jahon urushi haqida ilmiy asar yozayotgan tarixchi hozir chiqarayotgan xulosalarini o‘sha davrda aytganda bormi, urushayotgan qaysi davlatda bo‘lmasin, uni shubhasiz qamoqqa tiqishardi. Xitoyni hisobga olmaganda, o‘zi haqidagi haqiqatga chidab beruvchi birorta xalq yo‘q. Tinchlik vaqtida haqiqatni ro‘yi-rost aytish shunchaki odobsizlik, urush davrida esa jinoyat deb hisoblanadi. O‘zaro qarama-qarshi e’tiqodlarning yolg‘onligini ularning faqat mushtarak milliy manfaatlarga ega kishilargagina ma’qul kelganidan ham bilsa bo‘ladi. O‘tmishda diniy e’tiqodlarni mantiqan tahlil qilish qanchalik buzg‘unchilik deb hisoblangan bo‘lsa, bugun millatchilik ruhidagi e’tiqodlarga “tosh otgan”larga shunday ayb qo‘yilmoqda. Agar odamlardan bunday masalalardagi skeptitsizmga salbiy munosabati boisi nimadaligini so‘rasangiz, javob bitta – mif urushlarda g‘alaba qozonishga yordam beradi, aqlga tayangan millatlar o‘ldirmaydilar, aksincha, o‘ldiriladilar. Xorijliklar haqida turli yolg‘on-yashiq uydirmalarni tarqatish orqali o‘z nuqsonini yashirishga urinish sharmandalik ekanligini, bilishimcha, kvakerlarni istisno qilsak, professional moralistlar hozircha tan olmayapti. Oqil millat baribir urushdan tiyilish yo‘lini topadi, degan fikr olg‘a surilsa, haqoratli javoblar yangraydi, xolos.

Xo‘sh, oqil skeptitsizmning odamlar orasida keng yoyilishi qanday oqibatlarga eltishi mumkin? Insonning xatti-harakatlari ehtiroslar va ularga esh bo‘lib keluvchi miflar ta’sirida bo‘ladi. Psixoanalitiklar lunatiklarda ushbu jarayonning ochiq va yashirin namoyon bo‘lishini o‘rganishgan. Hayotida qattiq tahqirlangan, xo‘rlangan inson turli uydirma farazlarni o‘ylab topadi. Masalan, o‘zini Angliya qiroli deb ataydi va o‘z maqomiga munosib e’tibor berilmayotganini asoslashga urinadi. Biroq yaqinlari uning illyuziyasiga ishonmaydi va bir xonaga qamab qo‘yadilar. Agar u o‘zining emas, o‘z millati, sinfi yoki e’tiqodining buyukligini ta’kidlaganda edi, hattoki uning gaplari xolis kuzatuvchida jinnixona ahlining bema’ni valdirashidek tuyulsa ham, sanoqsiz tarafdorlarga ega bo‘lar, siyosiy yoki diniy rahnamoga aylanardi. Shu tarzda jamoaviy aqldan ozish individual shaxsning aqldan ozishida ko‘rinadigan qonuniyat asosida pishib yetiladi. O‘zini Angliya qiroli sanaydigan lunatik bilan tortishish xavfli ekanini hamma biladi, juda bo‘lmaganda uni bir xonaga qamab yengish mumkin. Agar butun boshli xalq shunday yolg‘onga ishonib qolgan bo‘lsa-chi, da’volari inkor qilinsa, o‘sha lunatik g‘azablangandek g‘azablansa-chi – bunaqa vaziyatda urushdan boshqasi bu xalqning aqlini kiritib qo‘yolmaydi.

Inson fe’l-atvorida intellektual omil qanchalik rol o‘ynashi masalasida psixologlar orasida yagona bir qarash yo‘q. Ikki tur savol bor: 1) e’tiqodlar xatti-harakatlarga qanchalik ta’sir etadi? 2) e’tiqod qanchalik mantiqan izchil dalillarga tayanadi yoki umuman dalilga tayanishi mumkinmi? Har ikki savolga javob berar ekan, psixologlar intellektual omil ta’siri o‘ylaganimizdan kuchsiz ekanini ta’kidlaydilar. Ushbu omilning ta’siri ozligi masalasida umumiy qarash mavjudligiga qaramay, umumiylik manzarasida turlicha munosabatlar ham bor. Keling, bu ikki savolni ketma-ket ko‘rib chiqaylik.

1) E’tiqod xatti-harakatlarga qanchalik ta’sir etadi? Savolni nazariy tahlil qilmayin-da, oddiy insonning kundalik hayotidan so‘z ochay. U biror narsaga ishongani uchun emas, balki odat bo‘lib qolgani uchun ham ertalab o‘rnidan turadi, nonushta qiladi, poyezdga shoshiladi, gazeta o‘qiydi, ishiga boradi. Hammasi odatga muvofiq bo‘ladi. Qachonlardir bu odatlar shakllanayotganda, kamida ish joyini tanlayotganida e’tiqodi rol o‘ynagan. Ehtimol, u o‘sha damda unga taklif qilinayotgan ish o‘zi istagandek ekaniga ishongan. Aksariyat kishilarda ishonch ilk bor kasb tanlayotganda o‘zini namoyon qiladi. Qolganlari shu tanlovning hosilasi o‘laroq kelaveradi.

Agar u oddiy xodim bo‘lsa, uning faoliyati odatga ko‘ra, hech qanday ortiqcha istak, ishonch-e’tiqodga tayanmay, avvaldan belgilangan maromda davom etaveradi. E’tiroz bildirish mumkin, agar u hisob-kitob bilan shug‘ullansa, o‘zi qo‘llayotgan arifmetik qoidalarning to‘g‘riligiga ishonadi. Biroq bu ishonch emas, tennischining harakatlari kabi shunchaki odat, ko‘nikma. Bu qoidalar ularning haqiqatligiga bo‘lgan intellektual ishonchdan emas, muallimga yoqish istagi sababli o‘zlashtirilgan. Bu xuddiki kuchukning o‘z egasidan ovqat undirish ilinjida qanday o‘tirishni o‘rganishiga o‘xshaydi. Ta’lim doimo shu tarzda bo‘ladi demoqchi emasman, lekin o‘qish, yozish va arifmetika ta’limi asosan shunday.

Shunday qilib, bizning do‘stimiz, rahbar hodimmi yoki yo‘q, muhim masala yuzasidan qaror qabul qilishi lozim bo‘lib qoldi deylik. Bunday qarorlarda ishonch rol o‘ynashi ehtimoli bor. U qaysi ishlar yaxshi, qaysi biri ko‘ngildagidek emasligi, kimlar boyib, kimlar xonavayron bo‘lish arafasida turganini taxmin qiladi. Shu kabi ishonchlar asosida hukm chiqaradi. U oddiy xodimdan ko‘ra mas’uliyati yuqori bo‘lgani bois odatga ko‘ra emas, aynan o‘z ishonchiga ko‘ra harakat qilishi lozim. Basharti uning ishonchi to‘g‘ri chiqsa, mo‘maygina pul ishlab olishi mumkin.
Oilada ham ishonchning fe’lga ta’siri ayni shu nisbatda kechadi. Uning xotini yoki bolalariga munosabati shakllangan odatga yoki odat ta’sirida bir qadar o‘zgargan instinktga muvofiq keladi. Biroq muhim masalalar – uylanish, o‘g‘lini qaysi maktabga berish yoki xotinining sadoqatiga shubhalanganida bunga asos topish ko‘pincha odatga muvofiq bo‘lmaydi. Instinkt ta’sirida yoki boy deb hisoblagani uchun biror ayolning qo‘lini so‘rashi mumkin. Agar bu instinktiv bo‘lsa, u o‘sha ayolning eng fazilatli ekaniga shubhasiz ishonadi. Ayni shu narsa o‘sha ayolni tanlashining asl sababidek tuyuladi unga. Vaholanki, bu o‘rinda ishonch instinkning navbatdagi aksidirki, uning tanlovini ishonchni o‘rtaga qo‘shmasdan bevosita instinkt orqali ham izohlash mumkin. Bolaga maktab tanlash ham muhim biznes qarorlarini qabul qilishga o‘xshash jarayondir. Bunda ishonch kattaroq rol o‘ynaydi. Agar u xotinining xiyonatiga doir biror dalil topsa, u o‘zini instinktlariga tobe holatda tuta boshlaydi. Biroq bunda, aksincha, instinkt ishonch ta’sirida harakatga keladi.

Demak, ishonch-e’tiqod fe’l-atvorimizning juda oz qismiga bevosita ta’sir o‘tkazsa-da, u hayotimizning eng ahamiyatli daqiqalarida hal qiluvchi rolni o‘ynaydi. Xususan, diniy va siyosiy amallarimiz ishonch-e’tiqod bilan chambarchas bog‘liq.

2) Endi ikkinchi savolga o‘tsam. Bu savolni yana ikki qismga ajratib tahlil qilsa bo‘ladi: a) ishonch-e’tiqod qanchalik dalilga tayanadi? b) dalilga tayanishi mumkinmi yoki bu qanchalik zarur?
a) Ishonchning dalillanganlik darajasi ishonuvchilarning o‘zlari tasavvur qilganlaridan ancha past. Nisbatan ratsional hisoblanuvchi bir holatni olaylik. London-sitilik yirik bir moliyachi muayyan bir sohaga investitsiya kiritadi. Uning, deylik, fransuz franki qiymatining tushishi yoki ko‘tarilishi haqidagi fikri siyosiy simpatiyasiga va katta miqdordagi mablag‘ini ana shunday qaltis ishga tika olishiga bog‘liq. Bankrotlikka olib boruvchi eng kuchli sabablardan biri odatda qay bir darajada sentimental omillardir. Siyosatga daxldor fikrlarini bildirishlari taqiqlangan davlat xizmatchilarining qarashlarini e’tiborga olmasak, siyosiy fikrlar kamdan-kam hollarda dalilga tayanadi. Istisnolar bor, albatta. Bir necha yil muqaddam tariflarni isloh qilish bilan bog‘liq tortishuvlarda aksariyat ishlab chiqaruvchilar olayotgan foydalarini oshiruvchi tadbirlarni quvvatlab chiqishdi va o‘z fikrlarini, garchi aytayotgan gaplari tinglovchini u qadar ishontira olmasa ham, yetarlicha dalillangan deb da’vo qilishdi. Shu yerda vaziyat murakkablashadi. Froydchilar bizga o‘z xulqimizni “ratsionalizatsiyalash”ni, ya’ni aslida irratsional bo‘lgan fikr va qarorlarimizga ratsional tus berish mexanizmini o‘rgatishdi. Shuningdek, ayniqsa, inglizzabon mamlakatlarda, buning aksi – “irratsionallashtirish” deb nomlasa bo‘ladigan jarayon mavjud. Ziyrak odam o‘zi anglamagan tarzda o‘z egoistik nuqtai nazaridan masalaning kuchli va zaif jihatlarini taqqoslashi mumkin. (Bolalariga daxldor masala bo‘lmasa, odam anglanmagan tarzda egoistik bo‘lmagan yo‘sinda mulohaza yuritishi kamdan-kam uchraydi.) Anglanmaganlikning qo‘llovi bilan maqbul egoistik qarorga kelingach, odam jamiyat uchun qanchalar katta qurbonliklar berayotganini ko‘rsatish uchun turli-tuman so‘z va iboralarni o‘ylab topadi yoki boshqalardan o‘zlashtirib oladi. Aytayotgan gapiga chindan ishonayotgan odam, hamonki uning harakatlaridan jamiyat u da’vo qilayotganchalik naf ko‘rmayotgan ekan, dalillarni to‘g‘ri baholay olmayotganini taxmin qilishi lozim. Bu holatda kishi aslidagidan ham ko‘ra ko‘proq aqlsiz bo‘lib ko‘rinadi. Qizig‘i shundaki, uning irratsional jihati anglangan, ratsional jihati esa anglanmagandir. Ayni shu narsa ingliz va amerikaliklarni omadli odamlarga aylantirgan.

Chinakam ziyraklik tabiatimizning anglangan emas, anglanmagan tarafiga taalluqlidir. Bu, menimcha, biznesda muvaffaqiyat keltiruvchi zarur fazilat. Axloqiy nuqtai nazardan esa, u xudbinlik bilan bog‘langani uchun maqtagulik emas. Shunga qaramay, u odamlarni juda og‘ir jinoyatlardan tiyadi. Agar bu xususiyat olmonlarda bo‘lganda edi, ular suvosti kemalaridagi janglarga asosiy e’tiborni qaratmas, agarda fransuzlarda bo‘lganida Rurdagiga o‘xshash qilmishlarini qilishmas, agarda Napoleonda bo‘lganida Amyen shartnomasidan so‘ng urushni qayta boshlamasdi. Ba’zi bir istisnolar bilan shunday umumiy qoidani bayon qilsa bo‘ladi: qachonki odam o‘z manfaati nimada ekani borasida xato qilsa va xatolarini tan olmay uni ma’qul deb hisoblasa, bu o‘zgalar uchun yanada zararliroqdir. Binobarin, inson o‘z manfaatlari nimada ekanini bilishi faqat yaxshilikka xizmat qiladi. O‘z manfaatiga ters ekaniga ishonsa ham, axloqiy asoslarga ko‘ra biror ishga qo‘l urib baxtli hayotga erishgan insonlar oz emas. Masalan, avvalgi kvakerlar orasida boshqalarga o‘xshab xaridor bilan savdolashish o‘rniga, o‘z tovarlari uchun u bera oladiganidan ortiq haq talab qilmasdan sotib yuboradigan ko‘plab savdogarlar bor edi. Ular foyda olish uchun keragidan ortiq so‘rashni aldov deb bilishardi. Xaridorlarga qulay bo‘lganidan hamma ularning do‘koniga borardi, ular esa borgan sari boyib ketdi. (Hozir buni qayerda o‘qiganimni aniq eslolmayman, lekin ishonarli manbadan ekaniga aminman.) Har kim o‘z zakovatiga tayanib shu yo‘lni tutishi mumkin edi, biroq amalda hech kim bu qadar zakiy emasdi. Ong ostimiz o‘zimiz o‘ylaganimizdan ko‘ra bizga ko‘p zarar keltiradi. Shuning uchunmi, axloqiy talablardan kelib chiqib, o‘ziga zarar bo‘lishiga ishonsa ham tanlagan yo‘lidan qaytmaydiganlar aslida o‘z manfaatlariga hizmat qilayotgan bo‘lib chiqadi. Boshqa bir toifa odamlar ongli va ratsional fikrlashga, imkon qadar ehtiroslar olovini o‘chirishga urinadiganlardir. Yana boshqa bir toifa instinktiv tarzda zakovatlilardir. Yana biri o‘zgalarni xarob qilib, so‘ngida o‘zlari ham xonavayron bo‘ladigan, yovuz niyatlari zakovatlariga xalal beradiganlardir. Bu oxirgi sinf Yevropa aholisining 90 foizini tashkil etadi.

Mavzudan biroz chetga chiqqandek tuyulishim mumkin. Biroq zakiylik deya atalmish anglanmagan aqlni (anglanmagan tarzda voqe bo‘luvchi – tarj.) uning anglangan turlaridan farqlab olishimiz lozim. O‘qitishning an’anaviy metodlari anglanmaganlikka amalda deyarli ta’sir etmaydi. Ya’ni zakiylikni hozirgi mavjud ta’lim usullari orqali shakllantirib bo‘lmaydi. Axloqni ham, uning odatlardan tashkil topgan qismini hisobga olmasak, mavjud usullarda o‘qitib bo‘lmaydi. Doimiy nasihat va undovlar inson fe’lida ijobiy asar qoldirganini kuzatmaganman. Shuning uchun mazkur sohalardagi ijobiy o‘zgarish faqatgina intellektual vositalar orqaligina amalga oshishi mumkin. Insonni qanday qilib fazilatli va zakovatli qilib tarbiyalashni bilmaymiz, biroq uni qanday ratsional, aqlga muvofiq ish yurituvchi inson qilib tarbiyalashni bir qadar bilamiz. Ta’limga munosabatni o‘zgartirish zarur. Balki kelajakda inson tanasidagi turli garmonlarning nisbatini manipulyatsiya qilish orqali insonlarda zarur fazilatlarni ro‘yobga chiqara olarmiz. Lekin hozir axloqiy fazilatni tarbiyalashdan ko‘ra ratsionallikni, ya’ni o‘z qilmishimizning oqibatini avvaldan ko‘ra bilish malakasini kamol toptirish qulayroq.

b) Yuqoridagi mulohazalardan quyidagicha savol tug‘iladi: inson xatti-harakati qanchalik aqlga muvofiq bo‘la oladi yoki bo‘lishi kerak? Keling, “bo‘lishi kerak”ni avval muhokama qilaylik. Menimcha, ratsionallikda muayyan chegara bo‘lishi lozim. Hayotimizning ba’zi jihatlari keragidan ortiq ratsionallik ta’sirida zarar ko‘radi. Leybnis qarigan chog‘ida yozgan bir maktubida hayotida atigi bir marta – yoshi ellikka borganda bir ayolning qo‘lini so‘raganini aytadi. “Baxtimga, o‘sha ayol o‘ylab ko‘rish uchun muhlat so‘radi. Bu orada men ham o‘z taklifimni yana bir bor mulohaza qilib ko‘rishim mumkin edi. Oqibatda fikrimdan qaytdim”, deydi u. Uning bu mulohazakorligi ratsional ekaniga shubha yo‘q. Biroq men uning qilmishini yoqlamayman.
Shekspir yaxlit tasavvur paydo qilish uchun “lunatik, oshiq va shoir”ni yonma-yon eslaydi. Muammo shoir va oshiqni lunatikdan ajratib, alohida saqlab qola olishimizda. 1919 yili “Old Vik” teatrida “Troyalik ayol” spektaklini tomosha qildim. Unda Astianaktning yunonlar tomonidan kelajakda ikkinchi bir Hektor bo‘lib yetishmasligi uchun juda ta’sirli o‘ldirilish sahnasi bor. Tomoshabinlar orasida ko‘zidan yosh chiqmagan odam qolmadi. Ayni paytda auditoriya yunonlarning haddan ziyod shavqatsizligini ishonarsiz deb topdi. Teatrda ko‘zyosh to‘kkan o‘sha odamlar Yevripidning xayoliga ham kelmagan shavqatsizliklarga qo‘l urishdi. Ular urushdan so‘ng Germaniyani va Rossiyani blokada qilgan hukumatga ovoz berishdi. Bu blokadalar son-sanoqsiz bolalarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Biroq dushman davlatlar aholisini kamaytirish maqbul ish deb ko‘rildi. Astianaktga o‘xshagan bolakaylar bir kun kelib otalariga taqlid qilishlari, hatto ulardan o‘zib ketishlari mumkin edi-da. Shoir Yevripid auditoriya qalbida muhabbatni uyg‘otdi, ammo odamlar teatr darvozasidan tashqari chiqishi bilan oshiq va shoir unutildi, (qotil maniak qiyofasidagi) lunatik axloqiy fazilat va ezgulik haqida o‘y surgan bu erkaku ayollarning siyosiy istaklarini nazorat qila boshladi.

Lunatikni yo‘q qilib shoir va oshiqni saqlab qolish mumkinmi? Bu uch xususiyat har birimizda turlicha darajada bor. Yoki ular bir-biriga shu qadar mustahkam bog‘langanki, ajratish imkonsizmi? Men bunday deb o‘ylamayman. Har birimizda san’atda, ehtirosli muhabbatda yoki ehtirosli nafratda o‘zini namoyon qiladigan muayyan energiya mavjud. Obro‘-e’tibor, davomiylik va izchillik – zamonaviy sanoatlashgan jamiyatning temir intizomi hur va yaratuvchan bo‘lmasligi, turg‘un va sirli qolishi uchun artistik impulslarni o‘ldirib, muhabbatni turmaga tiqdi. Ozod bo‘lishi kerak har soha nazoratga olindi, hasad, shafqatsizlik va nafrat yepiskoplarning uzun o‘rindiqlarida ham yastanib yotibdi. Bizning instinktiv qurilmamiz ikki qismdan iborat: biri, yashashga va avlod qoldirishga, ikkinchisi, dushmanlarimizni yo‘q qilishga yo‘nalgan. Birinchisi hayotdan zavq olish, sevgi va uning bir butog‘i bo‘lmish san’atga, ikkinchisi esa raqobat, patriotizm va urushga undaydi. An’anaviy axloq birinchisini jilovlab, ikkinchisini rag‘batlantirish bilan ovora. Chinakam axloq esa buning aksi bo‘lmog‘i lozim. Sevganlarimiz bilan munosabatlarimiz instinktlarimiz ixtiyorida, nafratlanadiganlarimiz bilan munosabatlarimiz esa aqlimiz nazoratida qolgani ma’qul. Zamonaviy dunyoda biz juda nafratlanadiganlar asosan xorijliklardir. Ular haqidagi tasavvurlarimiz mavhumdir. O‘z nafratimizni esa adolat va yana qandaydir yuksak qadriyatlar yo‘lidagi kurash deya xaspo‘shlaymiz, o‘z-o‘zimizni aldaymiz. Haqiqatni ko‘zimizdan yashirib yotgan pardalarni yirtib tashlash uchun esa faqat skeptiklik yordam beradi. Shundagina o‘zga insonlar yo‘limizdagi to‘siq emasligini tushunish, to‘laqonli hayotga intilish asosiga qurilgan, nafrat va keraksiz cheklovlardan xoli yangicha axloqni yarata olishimiz mumkin. Shundagina hasad degan xastalikdan forig‘lanamiz. Bu utopiya emas. Yelizabeta davrida unga qisman erishilgan. Agar odamlar o‘zgalarning oyog‘idan chalishdan ko‘ra o‘zining baxti haqida ko‘proq o‘ylasa, bu ertagayoq amalga oshadi. Bu axloq haddan ziyod og‘ir axloq emas, bunga erisha olsak, kurrai zaminimiz jannatga aylanadi.

Ingliz tilidan
Xurshid YO‘LDOSHЕV tarjimasi

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here