Navbatdagisi kim?

Rossiyaning Ukrainadagi “fashist va banderachilar”ga qarshi kurashidan keyin bitta ham Sobiq Ittifoq davlati o’z taqdirini belgilashda Rossiya unga “yordamchi” bo’lishi kafolatiga ega emas. Oxirgi paytda Putin Rossiyasi ayniqsa Markaziy Osiyoga e’tiborini kuchaytirmoqda. RF revanshistik siyosatining keyingi obyekti – “SSSR 2.0” qayta tashkil topishiga Markaziy Osiyoda baholi qudrat qarshilik ko’rsatayotgan yolg’iz davlatlar bo’lmish O’zbekiston va Turkmaniston ekanligiga barcha dalillar ishora qilmoqda.

SSSR qulashidan afsuslanmagan insonning qalbi, SSSRni qayta tiklamoqchi bo’lganning esa aqli yo’q deb aytgan edi Putin bir paytlar. Darhaqiqat, sobiq sovet respublikalarini qaytadan “SSSR 2.0”ga yig’ish – sertashvish va mablag’talab ish. Bu respublikalarni ushlab turish va boqishdan ko’ra ularni o’z amriga bo’ysundirish ancha osonroq. Idealda, Rossiya uchun uni barcha masalalarda bo’ysunadigan, lekin o’zini o’zi boqadigan satellitlar o’rab turgani ma’qul. Bu niyatini Rossiya Markaziy Osiyoda qanday amalga oshirishmoqchi? Vaqt sinovidan o’tgan “bo’lib tashla va hukrmonlik qil” siyosati va mintaqada beqarorlikni keltirib chiqarish orqali.

Qirg’iziston va Tojikiston rahbarlari allaqachon mintaqada rus irodasining izmida faoliyat yuritishmoqda. Bu ta’kidni isbotlaydigan faktlar anchagina. O’zbekistonning transport izoliyatsiyasini yengillashtiradigan, Qirg’iziston orqali o’tishi kerak bo’lgan Xitoy-O’zbekiston temir yo’lini qirg’iz hukumati (ruslar buyrug’i bilan) sabotaj qilayotgani shunday faktlardan biri.

Qozog’istonning Nazarboyevi rus ta’sirini tashqi siyosatda boshqa kuch markazlari bilan aloqalarni rivojlantirish orqali tenglashtirmoqchi bo’lsa-da, lekin shimoliy mintaqalardagi rus separatizmi tahdidi kabi bir necha sabablar tufayli “X” soati kelganda Rossiyaga yon bosishi aniq.

Markaziy Osiyoda hozircha faqat Turkmaniston va O’zbekiston rahbarlari nisbatan mustaqil siyosat yurgizishga harakat qilyapti. Rossiya ham aynan shu ikki davlatni o’z irodasiga bo’ysindirishga zo’r beryapti. Masalan, Gazprom Turkmanistondan gaz sotib olishni to’xtatishini va, aksincha, O’zbekistondan sotib olishni davom etishini e’lon qilishi kabi mayda fitnalar so’nggi paytda hosil bo’lgan “turkman-o’zbek ittifoqini” buzishga qaratilgan taktikadan boshqa narsa emas.

“Islomiy tahdid”

Suriyada rus harbiy amaliyoti boshlangandan beri rus OAVi nuqul Rossiya Yaqin Sharqdagi bu mojaroga aralashishi orqali Markaziy Osiyoni IShID jangarilaridan himoya etayotganini iddao qilib kelmoqda. Ayni damda, rus hukumati shimoliy Afg’onistondagi guruhlarga ham harbiy va harbiy-texnik yordam berishni faol muhokama qilyapti – yana o’sha Markaziy Osiyoning himoyasini ro’kach qilib. Xususan, Afg’onistondan qurollangan xurujlar ehtimoliga qarshi chegaralarni mustahkamlash va tezkor harbiy yordam ko’rsatish 2015 yilda Dushanbeda bo’lib o’tgan “Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti” (“Организация коллективного договора о безопасности”, ОДКБ) mudofaa vazirlarining navbatdagi yig’ilishida asosiy mavzu bo’lgan edi.

Ko’pgina ekspertlarning fikricha, Kremlning “Markaziy Osiyoga islomiy tahdid” mavzusini bo’rttirishi Moskva tomonidan Markaziy Osiyoni beqarorlashtirish ssenariysi tayyorlanayotganiga bilvosita ishorat qilmoqda. Go’yoki “islomiy radikallar” chiqargan mintaqaviy beqarorlik esa o’z navbatda Rossiyaga Markaziy Osiyoda o’z harbiy-siyosiy ishtirokini, MO davlatlariga ta’sirini kuchaytirish va mintaqani Rossiyaning ta’sir doirasidagi “dala hovlisi” sifatida uzil-kesil saqlab qolish imkoniyatini beradi.

Moskva so’nggi paytlarda MO elitalarini “radikal Islom” bilan qo’rqitib, ularni diniy sohada qattiqqo’l siyosat olib borishga undayapti. Lekin 2016-2017 yillarda kutilayotgan qiyin iqtisodiy ahvol paytida bu qattiqo’llik siyosati ijtimoiy tanglikni keltirib chiqarishi mumkin va bu yana Moskvaga qo’l keladi. Diniy sohadagi qattiqqo’l siyosat qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ikkinchi fuqarolik urushi ostonasiga kelib qolgan Tojikistonda ko’zga yaqqol tashlanmoqda.

Shu bilan birga, Moskva mintaqadagi “islomiy” kuchlar bilan ham faol ishlamoqda. Jumladan, Rossiyadagi gastarbayterlar orasida FSB tashviqot olib borib (Qodirovning chechenlari orqali), ularni Suriyaga yuborayotganligi haqida mishmishlar yuribdi. Rossiyada terrorchi tashkilot sifatida taqiqlangan Tolibon harakati bilan Kreml muzokaralar olib borayotganligi ham ko’p narsadan dalolat beradi.

Markaziy Osiyoni beqarorlashtirish orqali Rossiya qanday maqsadlarni ko’zlayapti? Rus geostrategiyasining bu borada bir necha maqsadlari bor. Rossiyaning birinchi maqsadi o’z “dala hovlisi” hisoblagan mintaqada Xitoy, AQSh, Turkiya, Eron kabi boshqa mintaqaviy davlatlar ta’sirini cheklash. Ikkinchidan, tabiiy resurslarga boy MO davlatlari asta-sekin Rossiyani chetlab jahon bozoriga bevosita chiqish yo’llarini qidirmoqda. O’z mavqeini saqlab qolish uchun Moskva ruslarga raqobatchi bo’lgan Markaziy Osiyoning energiya resurslari va boshqa tabiiy boyliklari jahon bozorlariga eksportini ustidan nazoratini ushlab qolishdan manfaatdor. Uchinchidan, MOdagi beqarorlik energiya resurslari narxlarining yana o’sishiga olib kelishi, Moskvaga mintaqadagi tabiiy resuslarning yagona yetkazib beruvchisi maqomini berishi mumkin. To’rtinchidan, Xitoy mollarini Yevropaga olib borishning quruqlikdagi ikki raqobatchi marshruti mavjud. Birinchisi janubdan, Markaziy Osiyo va Kavkaz orqali Yevropaga chiqish bo’lsa, ikkinchisi shimoldan, Rossiya orqali Yevropaga chiqish yo’lidir. Markaziy Osiyoni beqarorlashtirib yuborish Xitoy uchun janubiy yo’nalishning jozibadorligini pasaytiradi va shimoliy, Rossiya hududidan o’tgan yo’lni afzalroq qilib qo’yadi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, bemalol aytish mumkinki, barqaror rivojlanayotgan, tashqi dunyo bilan bilvosita Rossiya orqali emas, bevosita hamkorlik qilayotgan Markaziy Osiyo Rossiyaning “milliy manfaatlariga” zid. Iqtisodiyoti zaiflashgani tufayli mintaqani iqtisodiy usullar bilan o’z ta’sir doirasida ushlab turish tobora qiyinlashib borayotgan bir paytda Rossiya uchun faqat harbiy-siyosiy yo’l qolyapti. Shuni hisobga olganda, Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlari qaysidir ma’noda Kremlning beqaror Markaziy Osiyo va Afg’oniston kontekstida olib boradigan amaliyotlari mashqi ekanligini anglash mumkin. Buni Kremlni o’zi ham unchalik sir tutmayapti. 2015 so’ngidagi matbuot anjumanida Putin Suriyadagi harbiy amaliyotlar rus armiyasi uchun qulay o’quv mashg’ulotlardan boshqa narsa emasligini e’tirof etgan edi.

Markaziy Osiyoning eski yangi “bosmachilari”

Azaldan, alohida insonlar ham, butun boshli davlatlar ham qilmishlarini “ko’rkam” bahona bilan oqlab kelganlar: Yevropa imperialistlari yerli aholiga “madaniyat olib borish majburiyati” bahonasida Osiyo va Afrikani o’z mustamlakasiga aylantirdilar. AQSh o’z manfaatlarini “demokratiyani yoyish” orqali olg’a surdi. Rossiya Ukrainadagi agressiyasini “rus dunyosini fashist va banderachilardan himoya qilish majburiyati” bilan oqlayapti.

So’nggi paytlarda barcha uchun qulay va universal bahonalardan biri “Islomiy terrorizm” bo’lib qolgan. Putin ham Yaqin Sharqdagi sarguzashtlarini jahon hamjamiyati va o’z xalqiga “sotish” uchun SARda Asad tuzumiga qarshi kurashayotgan suriyaliklarga yoppasiga “islomiy terrorchilar” tamg’asini bosdi. Lekin aslida bu “islomiy terrorchilar” nafaqat IShID jangarilari, balki (va asosan) mo’tadil musulmonlar, kurdlar, dunyoviy suriyaliklar va boshqa turli siyosiy va diniy qarashdagi mahalliy kuchlardan iborat.
Markaziy Osiyodagi vaziyat “boshqariladigan beqarorlik” ssenariysi bo’yicha rivojlanar ekan, Moskva Suriyada qanday yo’l tutayotgan bo’lsa, Markaziy Osiyoda ham aynan harakat qiladi. Tariximizda allaqachon o’xshash vaziyat sodir bo’lgan va ruslar o’z propagandasida undan yana bir bor “unumli” foydalanish mumkin.

XX asrning boshlarida Markaziy Osiyoda bolsheviklarga qarshi kurashgan milliy-ozodlik harakati vakillari ham “bosmachilar”, “reaktsiyon diniy fanatiklar” deb ta’riflanib, qonundan tashqari deb e’lon qilgan va qirib tashlangan edi. Rus propagandasining mohir qo’llarida (ruslar axborot urushi ustasi ekanligini butun dunyo tan oladi) ozgina yangilangan, endigi gal “radikal islomchilar” ko’rinishidagi bu mafkuraviy shtamplar XXI asrda Markaziy Osiyoni Kremlga yana bir bor bo’ysundirishda ham asqatadi. Bu bo’ysundirishga qarshilar esa “radikal islomchi, ishidchi” deb e’lon qilinadi va qirib tashlanadi. Bir qarashda yuqoridagi ssenariy aql bovar qilmaydigan bo’lib ko’rinishi mumkin. Lekin kim o’ylagan edi, Rossiya ruslarga eng yaqin bo’lgan birodar Ukrainaga bir kun agressiya uyushtirib qolishini?

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here