“O’tmishga yetolmaysan, kelajakdan qocha olmaysan” deydi rus maqoli. O’tmish va kelajak orasida tutilib qolgan o’zbek xalqiga yaxshi ogohlantirish. Biz yashayotgan davr an’anaviy jamiyatdan zamonaviy jamiyatga o’tish (aslida modernizatsiyaning mohiyati ham shu, zamonaviy bo’lish) davridir. Bu o’tish odamzot tarixidagi eng murakkab jarayonlardan biri bo’lib, o’zgarishlarni amalga oshirgan barcha xalqlar uni o’zgacha boshdan kechirgan. Har doim ham bu jarayon kutilgan natijalarni bermagan, har qaysi millat ham an’anaviy jamiyatdan zamonaviy jamiyatga muvaffaqiyatli o’tmagan, arosatda qolib ketganlari ham bor. Bugungi O’zbekistonda ham jamiyatni isloh qilish va modernizatsiyalash zarurati tobora dolzarb mavzuga aylanmoqda. Lekin modernizatsiya g’oyasi jamiyat rivojlanishining amaliy dasturiga aylanishi, muvaffaqiyat bilan tugashi uchun nafaqat hukumatning xohishi va harakati, balki avvalambor jamiyatning o’zida ham bir necha dastlabki shart-sharoitlar hozir bo’lishi kerak.

Shunday muhim shartlardan biri mamlakatdagi ilmli insonlarning qanday jamiyatda yashamoqchi ekanligi xususida ittifoqidir. Vaziyat yakdil harakatni taqozo etmoqda, lekin o’zbekistonlik ziyolilar “orzu qilingan kelajak” masalasida murosaga kelganmi? Yo’q. O’zbekistonliklar – bo’lingan millat. Masaldagi oqqush, qisqichbaqa va cho’rtanbaliqqa o’xshab, jamiyatdagi turli kuchlar aravani o’z tomoniga tortayapti. Agarda ziyolilardan ertangi kun yoki tarixga munosabat so’ralsa, bir-biriga zid javob berishadi. Ukrain-rus mojarosi va so’nggi paytdagi boshqa har qaysi muhim xalqaro voqealarga munosabatlar ham o’zbek jamiyati ancha qutblashganligidan dalolat beradi.

 

Ziyoli kim?

Millatni uyg’otish – uyg’onganlarning vazifasi.

Abdulhamid Cho’lpon

Ziyolilarning xiyonati haqida gapirishdan avval “ziyoli” istilohiga ta’rif berish kerak. Tilimizda bu istiloh ko’proq ikkinchi ma’nosi bilan mashhur. Sovet davrida qo’li bilan ishlaydigan dehqon va ishchidan farqli o’laroq, aqliy mehnat bilan shug’ullangan barcha oliy ma’lumotli mutaxassislar ziyoli deb atalar edi. Hozir ham odatda to’rt yil universitetda o’qiganlarni ziyoli deb atashadi. Aleksandr Soljenitsin bularni “obrazovanshchina” deb atagandi. Yoki, so’kmaydigan va ichmaydigan, xotinini urmaydigan, andishali, xushxulq insonlarni ham xalq ichida ziyoli deb bilishadi. Lekin asl ma’nodagi ziyoli xislatlariga o’qimishlilik yoki xushxulqlik kirmaydi, albatta. Aslida, ziyoli deb Alloh nur (ziyo) bilan ongini yoritgan, hodisa va jarayonlarni fahmlash, anglash qobiliyati berilgan inson atalar edi. O’zbek tilida kamroq ishlatiladigan “oydin” so’zi ham ayni ma’noni bildiradi.

Ziyoli istilohining asl birinchi va “kirlangan” ikkinchi ma’nosidagi farqlarni batafsilroq ko’rsatish uchun uning ma’nodoshi bo’lmish “intelligent” so’zining etimologiyasi yordam berishi mumkin. Anglaydigan, fahmlaydigan, farqiga bora oladigan insonni bildiruvchi lotin tilidagi “intelligare” o’zagidan Yevropa tillarida “intelligent” va “intellektual” so’zlari yasalgan. Ikkisi ham aqlini ishlatadigan inson ma’nosini beradi, lekin orasida katta farq bor. Intellektual o’z kasbi shuni taqozo etgani uchun, o’z funksional vazifasini sifatli bajarish uchun aqlini ishlatadi. Barcha aqliy mehnat egalari intellektuallardir (ikkinchi ma’nodagi ziyolilar).

Intelligent esa (asl ma’nodagi ziyoli) zehnini voqelikni iloji boricha to’g’ri va yaxlit anglashga, haqiqatga erishish uchun ishlatadi. Topgan bu “haqiqatini” jamiyatga yetkazish yo’lida ziyoli “to‘g‘ri so‘zlar so‘zlaydi mumkin qadar, xoh onasi ranjisun, xohi padar”. Ya’ni, ziyolini boshqa aqliy mehnat bilan shug’ullanuvchilardan keskin ajratib turadigan xislatlarning eng muhimi o’z ideallari uchun amaldagi quvvat va iqtidorga qarshi gapira olishi, yoki jamiyatda hukmron, “ardoqlangan” e’tiqod va ishonchlariga qarshi bora olishidir.

Jadid Hoji Muinnning 1918 yilda yozilgan “Bizga nima kerak” nomli maqolasida olingan quyidagi iqtibos ziyolining ikkinchi muhim fazilatiga ishora qilmoqda:

  “Hayoti ijtimoiyamizda lozim bo‘lg‘on narsalarning barchasi hozirda bizda bormi? Bo‘lsa qaysi holdadir? Bu savollarg‘a qarshi to‘g‘ri javob yozilg‘onda ixtiyorsiz qalam uyolur, kishi istiqboldan ma’yus bo‘lur. Chunki mazkur narsalarning ba’zisi bizda yo‘q va ba’zisi hanuz ibtidoiy holdadirki, bularning mumkin suratda vujudka ijtihod chiqarilishi uchun ko‘b umrlar va ko‘blar sarf qilmoq kerakdir. Lekin lozimai hayotimiz bo‘lg‘on bu narsalarni vujudga chiqarib olg‘uncha bizga zamon musoada etarmi, ya’ni fursat berarmi?

Siyosiy ahvolning hozirgi sur’atli o‘zgarishiga qarag‘anda, zamon fursat bermas kabi ko‘rinadur. Shunday bo‘lsa ham, hozirgi musoidi zamin va zamonni g‘animat bilib vatan, huquq va hayotimizning muhofazasi, istiqbolimizning ta’mini uchun kerak bo‘laturg‘on tadbir va choralarg‘a kirishmagimiz lozimdir. Mana, hozir ushbu savol vorid bo‘ladirki: bizga nima kerak?”

Ya’ni, ziyoli birinchi bo’lib muhim biror nimani fahmlay olish qobiliyati bilan boshqa yuksak salohiyatli, o’z ishining ustasi bo’lgan o’qimishlilardan ajralib turadi. Faylasuf Yurgen Habermasning fikricha, ziyoli voqelikdagi muayyan jiddiy mayllar (tendensiyalar) va jarayonlar haqida, yon-atrofidagilar hali hech narsani sezmay, kundalik yumushi bilan band bo’lib yurgan paytdayoq xavotirlana boshlashi, bong ura bilishi kerak. Jamiyat oldida turgan xavf yoki imkoniyatni mudroq ko’pchilikdan avvalroq payqash, millatning hayoti ijtimoiyasida lozim, lekin yetishmayotgan, yoki mavjud narsalarning muqobilini ko’ra bilish, jamiyatga yaxlit dastur sifatida taqdim eta olish ziyolining vazifasidir.

Demak, ziyoli bu – “eshshakday oyoq ostiga qaragan emas, tuyaday uzoqni ko’zlagan” va o’sha ko’zlagan, fahmlagan haqiqatini hukmron iqtidorga gapira olgan insondir.

 

Ziyolilar xiyonati

«Agar mamlakat xarob shavad z-shoh, maranji,Ki nazdi ahli haqiqat gunohi darveshast » 

   «Agar mamlakat xarob bo’lsa, shohdan xafa bo’lma,Haqiqat ahli nazdida bu darveshlarning – ilmlilarning gunohidir»

Naqshbandiya tariqati

 

XX asr boshida tarixiy taraqqiyotning borishi turkistonliklarni barcha Osiyo va Afrika mamlakatlarining antikolonial harakatlari yo’lidan olib ketayotgan edi.  Asta-sekin ilk kapitalistik munosabatlar, milliy burjuaziya va milliy ziyolilarimiz bo’lmish jadidlar harakati paydo bo’lgan edi.  Tarix imkoniyat berganda chor Rossiyasi tarkibidagi O’rta Osiyoda ham tadrijiy yo’l bilan siyosiy ma’nodagi millat shakllangan bo’lar edi. Bu iddaoga misol o’zbek, qozoq, yahudiy, ruslardan tarkib topgan Turkiston Muxtoriyatining hukumati bo’lishi mumkin.

Afsus, millat shakllanishi (nation-building) jarayonini mantiqiy yakuniga yetishi uchun zamon fursat bermadi. Rossiyadagi fuqarolar urushida yutib chiqqan bolsheviklar O’rta Osiyodagi zaif, hali oyoqqa turib olmagan milliy istiqlol harakatini ham tor-mor etdilar. 1920 yillarda Turkistondagi hokimiyatini mustahkamlagach, o’zbek millati uchun kommunizmdan boshqa, alternativ (muqobil) fikr bera oladigan jadidlarga nisbatan maqsadli qatag’onlar amalga oshirildi, ular ijtimoiy qatlam sifatida yo’qotildilar. Jadidlarning o’rnini kommunistik mafkura g’oyalarida tarbiyalangan mahalliy “sovet ziyolilari” bosdi.

Shuning uchun aytish mumkinki, o’zbek xalqining so’nggi “asl milliy ziyolilari” (butun millat uchun ma’nosida) jadidlar bo’lgan. Milliy intellektual elitaning qirib, o’rniga kechagi dehqon va ishchini ko’tarish kabi “manfiy selektsiyaning” millat intellektual genofondiga bergan zarbasi shunchalik kuchli ediki, asoratlari hattoki bugun ham sezilarli darajada taraqqiyotimizga ta’sir qilayapti. Jadidlardan keyin o’zbek millatida sanoqli miqdorda alohida ziyoli shaxslar bo’lgan va bor, lekin o’z millati uchun qayg’urgan, taraqqiyotga yo’naltirilgan dasturiy maqsadlarga ega va bu maqsadlarni amaliyotga o’girish uchun yetarli intellektual salohiyatga sohib uyushgan ziyolilar ijtimoiy qatlami bo’lmagan va yo’q.

Mamlakatda hamon ijtimoiy islohotlar, “orzu qilingan kelajak”  orientirlarini belgilash zarurati mavjud. Bunday orientirlarni ko’rsatib berish o’z navbatida muayyan yaxlit tasavvur (vision), umum uchun ma’qul ijtimoiy-mafkuraviy dasturlarni ishlab chiqishni taqozo etadi. Odatda aynan ziyolilar bu ish bilan shug’ullanadilar yoki kamida shug’ullanishga da‘vo qiladilar.

Lekin o’zbek ziyolilari bir necha sabablar tufayli o’z vazifasini yo bajara olmayapti, yo bu da‘vodan butkul voz kechgan. Ziyolilarimizning millatga qilgan xiyonati ham shundan iborat.

Birinchi sabab, ziyolilarimizning intellektual bagaji bugungi zamon talabiga mos emasligi bo’lsa kerak. Buni, masalan, ziyolilarimiz SSSR parchalanishining natijasida milliy davlatchiligimiz bizga qayta “hadya” qilinishini oldindan ko’ra bilmagani va shunga yarasha millatni mustaqil hayotga tayyorlay olmaganidan ko’rish mumkin. O’z hurriyatining g’oyaviy asoslarini 1950-60 yillardayoq ishlab chiqqan va shunga kurashgan chex yoki polyak hamkasblaridan farqli o’laroq, o’zbek ziyolilari nafaqat bu borada amaliy harakat qilmagan, balki o’zbek millati bir kun emas bir kun mustaqil bo’lishi mumkinligini Sovet imperiyasining oxirgi kunigacha hattoki tasavvur ham qila olmagan. Shuningdek, Sovet davrida o’zbek millati orasida dissidentlar harakati chiqmagani, o’zbek tilida muqobil fikrni tarqatgan samizdat (O’znashr) bo’lmaganining o’zi ham ibratli fakt bo’lib, ziyolilarimizning kommunistik mafkuradan boshqa jo’yali fikrga ega bo’lmaganidan dalolat bersa kerak. Natijada O’zbekistonda mustaqilligimizning ilk yillaridanoq barcha islohotlarning muallifi ziyolilar emas, baholi qudrat amaldorlar (davlat – bosh islohotchi) bo’lib kelyapti. Bu islohotlarning qanchalik muvaffaqiyatli ekani – alohida mavzu. Ba’zilari muvaffaqiyatli, ba’zilari – yo’q.

Ziyolilarimiz ulardan millat kutgan vazifani bajara olmayotganining ikkinchi sababi peshvolarimizning ko’pchiligi o’zining juz’iy manfaatlaridan umummilliy manfaatlarni ustuvor qo’ya olmasligidir. Bugungi O’zbekistonda mafkura sohasidagi bo’layotgan jarayonlarini kuzatuvchining ko’ziga birinchi bo’lib ziyolilar g’oyaviy tarqoqligi, turli firqalarga bo’linib qolganligi yaqqol tashlanadi.

Fikrlaydigan insonlarning dunyoqarashidagi farqlardan kelib chiqib, shartli ravishda ziyolilarimizni ikki guruhga bo’lish mumkin: “sharqona ziyolilar” va “yevropacha intelligentlar”.

Yevropacha intelligent deb dunyoqarashi asosan G’arb madaniyati (ko’p hollarda rus madaniyati orqali) ta’siri ostida shakllangan, Yevropa,  AQShda yashab ko’rgan yoki SSSR vaqtida voyaga yetgan rus va rusiyzabonlarni atash mumkin.

Sharqona ziyoli esa odatda mahalliy o’zbek (turkiy, islom) madaniyatining mahsuli. Asosan o’zbek tilida ijod qiluvchi jurnalist, yozuvchi, shoir, ulamo va hokazo.

Bu ikki guruh o’z navbatida din, til, siyosat va iqtisod borasidagi qarashlari bo’yicha turli mayda firqalarga bo’lingan: neo-qadimchilar va neo-jadidlar, millatchilar, dindorlar, liberallar va hokazo. Bu bo’linishlar juda qo’pol va shartli, firqalar orasidagi chegaralar mavhum bo’lib, qulaylik uchun shunday qilindi.

Har bir firqa o’zbek xalqning muayyan ijtimoiy guruhi manfaatini himoya qilishga da’vogar bo’lmoqda, lekin buning uddasidan chiqa olmayapti. Ziyolilarimiz, birinchidan, manfaatlarini aks ettirishga da’vogarlik qilayotgan ijtimoiy guruhning ahvoli, vaziyatini obyektiv tahlil qilishi kerak. Ikkinchidan, ushbu tahlilni amaliy talab va harakat dasturiga aylantirishi kerak. Uchinchidan esa, bu talablar boshqa ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini e’tiborga olishi, ular bilan murosada bo’lishi lozim.

Xullas, jamiyatda o’zgarishlarga talab bor, lekin ijobiy o’zgarishlar faqatgina peshvolarimizning ko’pchiligi o’zining juz’iy manfaatlaridan umummilliy manfaatlarni ustuvor qo’ya olganida, konstruktiv muzokara orqali umummillat uchun ma’qul va muhim ijtimoiy va siyosiy loyihalar taklif etganida sodir bo’ladi.

*

Muso payg’ambar muqaddas yerga borishning qisqa yo’lini bilsa ham, yahudiylar Fir’avn asirligida orttirib olgan qullik psixologiyasini yo’qotish uchun Isroil ahlini 40 yil cho’llar aro olib yurgan ekan. O’zbek millati ham yo’lga chiqqan, lekin millat peshvolari bo’lmish ziyolilarida na muqaddas yer haqida tasavvur, na bu tasavvurga ega bo’lish uchun jahd va harakat mavjud.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here