(Ushbu maqola qisqartirilgan shaklda “Oila davrasida” gazetasining 2016-yil 11-fevraldagi 6-sonida “Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarmaylik yoxud joy nomlari nega xunuk?” nomi ostida chop etilgan. Materialning kirill alifbosidagi versiyasini quyidagi havola orqali topishingiz mumkin)

Akademik D. S. Lixachyov o‘z vaqtida ta’kidlagan edi: “Toponimiyaning tarixiy-madaniy merosiyligini qayta tiklar ekanmiz, biz bu bilan xalqimizning madaniy qadriyatlarini qaytaramiz, bugundan o‘tmishga va o‘tmishdan bugun orqali kelajakka aloqa rishtalarini o‘tkazamiz. Tarixiy nomlarni qaytarish va himoya qilish – oliyjanob ijtimoiy va madaniy vazifa!”

Joy nomlarining kelib chiqishini o‘rganuvchi toponimiya fani haqida bildirilgan bu fikr to‘kis haqiqatni aks ettiradi: shaharlar va madaniyatlar tuproq ostida qolishi, kitoblar yo‘qolishi, tillar unutilishi mumkin, biroq joy nomlari uncha-munchaga unut bo‘lmaydi.

Toponimiyaga bo‘lgan qiziqishimni dastlabki bosqichda ilmiy nashrlar bilan qondirgan bo‘lsam, keyinchalik bugungi kunning daraklarini o‘rganish uchun davriy matbuotda mavzuning yoritilishini kuzatdim. Duch kelganim maqolalar asosan nomlarni o‘zgartirish, eskilarini qayta tiklash borasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan edi. Erishilgan yutuqlarni e’tirof etgan holda, ayrim kamchiliklarga, shuningdek, tilga olingan maqolalarda yo‘l qo‘yilgan noxolislikka ko‘z yuma olmadim va ularga qisqacha to‘xtalib o‘tishga qaror qildim.

Kuzatishlarimga qaraganda, jurnalistlar mazkur mavzu doirasida quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratadilar:

– sovet davridan qolgan joy nomlari o‘zgartirilmoqda yoxud ularga tarixiy nomlar qaytarilmoqda;

– “xunuk” nomlar o‘zgartirilmoqda.

Sovet davri nomlarining o‘zgartirilishi o‘zini oqlaydigan tadbir, deb ayta olamiz. Chor Rossiyasi mahalliy xalqlarning ichki ishlariga imkon qadar aralashmaslikka harakat qilgan bo‘lsa, Sovet hukumati o‘tmish bilan aloqani uzib tashlab, tamomila yangi jamiyat yaratishga urindi, shu bois tarixiy xotiraning muhim qismi bo‘lmish joy nomlarida yangicha mafkurani aks ettirishga intildi: xarita Buxarin, Kirov, Orjonikidze, Stalinobod, Frunze otlariga burkandi. Shunday ekan, hozirgi kunda bunday mafkuraviy ildizga ega nomlarning o‘zgartirilishi tabiiy holdir.

Ammo ushbu jarayonda ma’lum e’tiborsizlik sabab yuqorida tilga olingan “xunuk” toponimlar ham zarba ostida qolmoqda.

Masalan, Beshkal, Yalang‘och, Xarkusht singari otlar “hech qanday ma’noga ega emas” va “ma’naviy qiyofamizga mos kelmaydi”, deya talqin qilingan paytlar ham bo‘ldi. Bunday ta’kidlar toponimiya ilmi bilan ham, tarix bilan ham yaxshi tanish bo‘lmagan kishidan chiqishi mumkin, xolos.

 

Ildizi baquvvat nomlar

O‘zbekiston hududi toponimiyasini chuqur o‘rgangan etnograflardan B. Qarmisheva (Surxondaryo), O. Suxareva (Buxoro, Qashqadaryo), X. Doniyorov (Samarqand), S. Gubayevalarni (Farg‘ona vodiysi) alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. Ular to‘plab, tahlildan o‘tkazgan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, bir-bir yarim asr muqaddam joylarning atalishiga boshqacha yondashilgan. Avvalo, rasmiy nomlar bo‘lmagan, faqat xalq tilida muayyan joyning o‘ziga xos xususiyatlariga (masjid-madrasalar, choyxona va ziyoratgohlar), bino etilish tarixiga (tepalik ustida, dasht o‘rtasida tashkil topishi) va u yerda istiqomat qiluvchi urug‘ nomiga uyg‘unlashtirilgan. S. Gubayeva farg‘onalik bir nuroniyning so‘zlarini keltiradi: “Ilgari toshloq-poshloq demasdik, urug‘ning nomini aytardik”.

Shunday ekan, ma’nisiz va g‘alati deb hisoblanayotgan joy nomlarining ko‘p qismi mohiyatan chuqur tarixiy mundarijaga ega bo‘lib, o‘tmishning tom darakchisidir: Bag‘anali, Boymoqli, Taka, Yalang‘och, Beshkal – bularning bari qabila, urug‘ va to‘p-gala nomlaridir. O‘zbek xalqi o‘z tarkibiga olgan 92 bovning har biri uni moziy bilan bog‘laydigan bir rishtadir, zotan, ulardan voz kechish tarixiy xotirani tiklash borasidagi ishlarga zid kelishi mumkin. Taassufki, joylarda professional toponimchilarning deyarli yo‘qligi, shosha-pisha qabul qilayotgan ayrim qarorlar tarixiy xotiraning butun boshli qatlamlari yangi, chiroyli, ammo tarixiy asosga ega bo‘lmagan nomlar ostida qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Mutlaqo ma’nodan mosuvo joy nomlari bo‘lmaganidek, haqoratli nomlar ham bo‘lmaydi, mutaxassis etnograflar va tilshunoslar yordamiga murojaat etilmagani tufayli bu singari yanglish xulosalarga kelinadi. Avvalo, ayrim urug‘ nomlari unutilishi oqibatida xalq joy nomlarini noto‘g‘ri talqin qila boshlashi mumkin. Qo‘qon taraflarda Jalayer degan qishloq bor. Mahalliy aholining ishonishicha, bu yerlarda ko‘p jala yoqqanidan shu ta’rif o‘rnashib qolgan emish. Vaholanki, joy nomining tub shakli Jaloyir bo‘lib, bir paytlar mazkur hududda shu otdagi qabila istiqomat qilganidan darak beradi. Shuningdek, Urgutda Mang‘itobod Magnitobodga aylanib ketgan. Ba’zan mutoyiba qilinadigan Yakkabog‘dagi Qayrabsoldi ham aslida Qayrasonli bo‘lib, kenagas qavmining bir shoxini anglatadi.

Ikkinchidan, bizga xunuk tuyulgan so‘zlar 100-200 yil muqaddam boshqa ma’noda ishlatilgan bo‘lishi va haqoratli yukka ega bo‘lmagani ehtimoli baland. “Galatentak” tarzidagi keng tarqalgan toponimni tanqid ostiga olarkan, ayrim mualliflar XX asr boshiga qadar “tentak” sifati ruhiy xastani emas, balki ruhi baland, jang qilishga qobil jasoratli insonni anglatganini o‘ylab qo‘rishmaydi. “Devona” so‘zi ham salbiy tusga ega bo‘lmay, foniy dunyodan voz kechgan taqvodor darveshlarga nisbatan qo‘llangan. Taniqli mumtoz shoir Mashrabning ham devona deb atalishi bejiz emas.

Nihoyat, joy nomi qadimda mazkur hududda tarqalgan biror o‘lik tilga borib taqalishi mumkinki, bu uning tilshunoslik va tarix oldidagi qadrini o‘n chandon oshiradi. Aytaylik, yuqorida esga olingan Xarkusht nomi forscha “eshak o‘ldi” ma’nosini anglatishi mumkin (Qoraqalpog‘istonda bunga monand Qo‘yqirilgan toponimi mashhur, “Boburnoma”da esa Takasakragan tilga olinadi), lekin bu nom so‘g‘dcha “charxusht”ga ham borib taqalishi ham ehtimoldan holi emas. Ushbu so‘zning mazmuni “uzum ezadigan uskuna”dir.

Xunuk joy nomlarini chiroyli muqobillariga almashtirish oldidan har bir nom ostida berkingan tarixiy asosga chuqur razm solish kerak, nazarimda. O‘z kayfiyatiga qarab birini “chiroyli”, birini “xunuk” va “ma’naviyatsiz” deb baholaydigan havaskorlar emas, ishning ko‘zini biladigan olimlar, toponimchi va tarixchilar joylarni nomlash ishiga jalb qilinishi zarur emasmi?

 

Qo‘qonni Gulobod atasak…

“Registon” forschada shunchaki “qum to‘shalgan joy” degani. Lekin bu nomning biror-bir “chiroyli” muqobilini topib qo‘ysak, Samarqandning ramziga aylangan mashhur tarixiy yodgorlikning mavqeiga qay darajada katta zarar keltirilishini tasavvur qilib ko‘ring!

Albatta, kichik qishloqlar, soylar va tepaliklar Registonchalik muhim ahamiyat kasb etmasligi mumkin, biroq tarixan shakllangan nomlar ularning har biriga o‘zgachalik, betakrorlik, milliy ruh baxsh etadi, tarixiy xotiraning tiklanishiga va mustahkamlanishiga yordam beradi. “Guliston”, “Baxtobod”, “Bahoriston” kabi hashamatli ta’riflar ham o‘z o‘rniga ega, lekin ular bizning zamonamizda, bizning qo‘llarimiz bilan yaratilgan maydonlar, inshootlar, bog‘lar, kanallar va aholijoylarga yarashadi; tarixiy nomlarning ular bilan o‘zgartirilishi esa tussiz, bir xildagi “guliston”larning urchishiga olib keladi.

Aslini olganda, hamma tarixiy nomlar ham biz kutganchalik balandparvoz bo‘lib chiqavermaydi. Manbalarda Qo‘qon toponimi “Havo qand” (havosi yaxshi shahar), “Ko‘x kand” (Tog‘ yonbag‘ridagi shahar) tarzida tushuntirilishi ko‘p shoirlarni ilhomlantirgan, illo bu ta’riflar badiiy to‘qimadan boshqa narsa emas. Atamaning tub mazmuni biz kutgandan ancha jo‘n: so‘g‘dcha “g‘uvo kant” – “savdo shahri” (arab tili ta’sirida “Xo‘qand” shakli yuzaga kelgan). Tasavvur qiling, shu mantiqdan kelib chiqib, Qo‘qonni “Gulobod” deb atasak? Unda shahar qiyofasini, ruhiyatini yo‘qotib qo‘yadi-ku!

“Jizzax” so‘g‘dchada va forschada “kichkina qo‘rg‘on”, “Toshkent” eski turkchada “Tosh shahar” deganidir, lekin allaqachon tarixiy kapitalga aylanib ulgurgan bu nomlardan voz kechish hech kimning xayoliga kelmaydi. Nega unda kichik qishloqlarning tarixiy atalishidan osonlikcha voz kechilishi kerak?

Joylardagi komissiyalar va ishchi guruhlarning shularni e’tiborga olishi, mutaxassislar jalb qilinishi, nom almashtirishda ehtiyotkor va sinchkov bo‘lishi foydadan holi bo‘lmaydi, nazarimda.

 

Ilova

Quyida O‘zbekiston hududida keng tarqalgan, tarixiy negizi baquvvat, ammo ayrimlar tomonidan nojo‘ya deb kelinayotgan ba’zi joy nomlarini sharhlab o‘tamiz.

Taka – turkman urug‘laridan birining nomi. Taxmin qilinishicha, taka bu urug‘ning totemi bo‘lgan. Xorazm o‘zbeklari yostiqni “taka yastiq” deb atarkan, uni aynan shu qavmga nisbat beradi. O‘z navbatida, ayrim turkman bo‘ylari bu ashyoni “o‘zbek yastiq” deb ataydi;

Chandir – turkman urug‘i, chovdurlarning bir bo‘linmasi. “Chayir, epchil” degan ma’noni anglatadi;

Yalang‘och, ingichka (jingichka) – Farg‘ona qipchoqlarining to‘plari;

Galabotir, galatentak, galadevona – O‘rta Osiyo arablarining to‘plari (galalari). Qarmisheva Janubiy O‘zbekiston va Tojikiston hududida o‘tkazgan izlanishlari mobaynida Rabotakning Boy va Sari qishloqlarida istiqomat qiluvchi o‘zbekzabon arablarning shu nomdagi bo‘linmalarini qayd qiladi. Yuqorida aytilganidek, “tentak” va “devona” so‘zlari bu o‘rinda salbiy yuk tashimaydi;

Beshkal, kallar – turk ittifoqiga kiruvchi kaltatoy qabilasining bir urug‘i. U kattakallar va maydakallar to‘plariga bo‘linadi. Bundan tashqari, Rabotak arablarining bir guruhi o‘zlarini beshkal urug‘iga mansub deb hisoblaganlar, qo‘ng‘irotlarda esa kallar degan to‘p bo‘lgan;

Qo‘shtamg‘ali – nihoyatda keng tarqalgan bu toponim qo‘ng‘irot qabilasining eng yirik urug‘ini ifodalaydi. Rivoyatga ko‘ra, Qo‘ng‘irot otaning katta xotinidan to‘rtta (Uvoqtamg‘ali, Qo‘shtamg‘ali, Xonjig‘ali, Oyinli), kichik xotinidan bitta (Tortuvli) o‘g‘li bo‘lgan. Ulardan tarqalgan avlodlar 18, 16, 14, 12 va 6 guruhga bo‘linib, Oltmish olti ota qo‘ng‘irot qabilasini tashkil qilgan. Ularning ko‘pi tamg‘asiga ko‘ra nomlangan (jilontamg‘ali, qaychili, bolg‘ali, taroqli, qo‘ldovli, boymoqli, achamayli va h.k.);

Uyshin, xitoy, qoraxitoy, uyrot, laqay, qo‘ng‘irot, nukus, mitan, o‘ngut, qavchin, jaloyir, tulkichi, qushchi, qarapchi, taqachi, pichoqchi, yuz, qirq, ming, uyg‘ur, qirg‘iz, mo‘g‘ul, qozoq, qiyot, chig‘atoy, orlot (ollot), bahrin, kenagas, arg‘in, sirg‘ali, boymoqli, turkman, do‘rmon, nayman, saroy, qatag‘on, mang‘it, qalmoq va h.k. – o‘zbek bo‘ylarining nomlari;

Do‘ng qishloq – yuqorida, tepalikda joylashgan qishloq. Odatda uning yaqinida Past qishloq ham bo‘ladi;

Mohov qishloq – biror urug‘dan ajralib chiqib, yaydoq dalada oilasi bilan yerlashgan odam “mohov” yoki “yakkamohov” deb yuritilgan. Uning joylashgan yerida o‘sib chiqqan qishloq sekin-asta “Mohov qishloq” deb atala boshlangan. Nomning tarixiy muqobili – Otabezor guzar.

 

Eldar Asanov

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here