Ko’ngillini taqdir yetaklaydi, qarshilik ko’rsatganni esa sudraydi.

Seneka

O‘zbeklarning ongi so‘nggi paytda qadimchilashayotganligi (konservatorlashayotganligi) hayotimizning turli jabhalarda, “yulduzcha”larning kiyinishiga e’tirozdan tortib yangi texnologiyalardan (Facebook va Twitter kabi) hadiksirashgacha, yaqqol ko‘zga tashlanayapti. “Qadimchilik” so‘zining o‘zi ham jamiyatdagi bahslarda qo‘llana boshlandi. Masalan, Toshkentdagi Iqtisodiy Tadqiqotlar Markazining (cer.uz) eksperti Baxtiyor Ergashev o‘z maqolasini “Qadimchilik mafkurasiga bo‘lgan ehtiyoj” deb nomlabdi.

Maqolada aytilishicha, qadimchilik o‘zbek jamiyatining asl va orzu qilingan holati emish va shuning uchun davlat o‘z siyosatini qadimchilik tamoyillari asosida yuritishi kerak ekan. Aks holda jamiyatda qadimchilikka bo‘lgan talabni, muallifning ta’biri bilan aytganda, “diniy radikallar/fundamentalistlar” qondirar emish. Lekin g‘oyaviy oqim sifatida XX o‘rtalarida shakllangan “diniy fundamentalizm/radikalizm”ning o‘zi Modernity davrining mahsuli ekanligini va o‘z nomi bilan har qanday an’anaga qarshiligini e’tiborga olsak, radikallar qanday qilib jamiyatdagi an’anaviy hayot tarzini saqlab qolishga bo‘lgan talabni qondirishi savol tug’diradi. Shunday bo‘lsa ham, muallif maqolada zamona zaylini “o‘z vaqtida va to‘g‘ri” payqab, o‘zbekning ongida so’ngi paytlarda jaddalik bilan hukmron bo‘layotgan qadimchilik kayfiyatini endi butun jamiyatga yoyishni taklif qilayotganining o‘zi e’tiborga loyiq.
Afsus, muallif qadimchilikni hukmron mafkura sifatida davlat tomonidan dastaklanishini targ‘ib qilar ekan, bu taklif qabul qilinsa, natijasi qanday bo‘lishini yanglish tasavvur qilayotganga o‘xshaydi. Bu yanglish tasavvurning asl sababi, muallif jamiyatda o‘tayotgan jarayonlarni o‘zbekona nuqtai nazardan emas, tashqaridan, “Oriyentalizm” (yevropalik sharqshunoslar Yevropa kategoriya va tushunchalari orqali yerli kolonial aholini o‘rganishi) nuqtai nazaridan tahlil qilayotgani bo‘lsa kerak. “Sharqshunos” sifatida post-kolonial O‘zbekistondagi jarayonlarni anglashga harakat qilish xato xulosalarga olib kelishi muqqarar edi. Xususan, muallif bugungi Rossiyadagi liberallar (g‘arbparastlar) va konservatorlar (pochvennik, slavyanofillar) o‘rtasidagi diskursni O‘zbekistondagi jarayonlarga ko‘r-ko‘rona qo‘llar ekan, (yevropacha, dunyoviy) liberallar son jihatdan o‘zbek jamiyatida kam ekanligini, shuning uchun davlat (yevropacha, dunyoviy) konservatorlik siyosatini olib borishi zarurligi kabi yanglish xulosalarga kelishi aniq edi. To‘g‘ri, eskirib qolgan sharqshunoslik kategoriyalarida yondashsa, o‘zbek jamiyatida na Jon Lokkdan ilhomlangan yevropacha liberallar salmoqli darajada mavjud, na Edmund Burkeni o‘qigan konservatorlar.

Lekin bugungi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan jarayonlarni anglash uchun o‘zbek jamiyati shiddat bilan “yaqin sharqlashyotganidan” kelib chiqish kerak. To‘g‘rirog‘i, 75 yil davom etgan “temir parda” ortidagi izolyatsiyadan so‘ng tabiiy muhiti bo‘lmish Islom olami orbitasiga (va o‘z tarixiga) yana qaytyotganligini inobatga olish kerak. Bu qaysidir ma’noda kutilishi kerak bo‘lgan jarayon edi. Markaziy Osiyo, ayniqsa O‘zbekiston tarixan Islom olamining ajralmas (va qachonlardir ahamiyatli) qismi bo‘lib kelgan.

Zamonaviy Islom olamining G‘arb, Lotin Amerikasi yoki Xitoy, Janubiy Korea kabi Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan asosiy farqi shundaki, musulmon mamlakatlarda din hamon kuchli mavqega ega va siyosatda, jamiyatni modernizatsyalashda shu fakt bilan hisoblashish kerak. O‘zbeklarning ham kun tartibida Modernity bilan to‘qnashgan boshqa musulmon jamiyatlarining siyosatiga xos (sekulyarizm va din, taraqqiyot va an’ana o‘rtasida kabi) tangliklar  paydo bo‘lgan yoki endi paydo bo‘lyapti. Bu tangliklar o‘z navbatida allaqachon dinning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati haqidagi nizolarni keltirib chiqaryapti. Hozircha bu nizolar Navro‘z, tug‘ilgan kun yoki Yangi Yilni nishonlash, ayollar kiyimi (hijobi yoki mini-yubkasi), erkaklar soqoli kabi “beozor” mavzularda bo‘lyapti. Lekin bu vaqtincha, chunki tomonlar o‘z dunyoqarashida tobora chuqurlashayapti.

Demak, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni anglashda Yevropa (Rossiyadagi) kategoriya va tushunchalarni o‘zbek jamiyatiga ko‘r-ko‘rona qo‘llash orqali emas, balki boshqa musulmon jamiyatlarni o‘rganish yoki kamida o’z tariximizga nazar solish samaraliroq xulosalarga olib kelishi mumkin.

Islom olamining zamonga (Modernity’ga) moslashishining tort korinishi

Islom olamining mudroqlikdan uyg‘onishi XIX asrda, Yevropa imperializmi bilan to‘qnashgandan so‘ng boshlangan. Deyarli barcha musulmon o‘lkalari birin-ketin Buyuk Britaniya, Fransiya, chor Rossiyasi va boshqa Yevropa davlatlarining koloniyalariga aylandi. Salmoqli urbanizatsiya, ommaviy ta‘lim tizimini kiritilishi, jaddalashgan kommunikatsyalar, yangi turdagi jamiyat institutlari, ommaviy siyosiy safarbarlik imkoniyati va iqtisodiyotning tubdan o‘zgarishi kabi koloniyalizm bilan kirib kelgan Modernity davri muammolari boshqa jamiyatlarda bo‘lganidek, musulmon jamiyatlarni ham an’anaviy turmush tarziga bosim o‘tkazdi,  islohotlarga majburladi. Bu o‘zgarishlar Islom olami tanazzulining sabablari haqida musulmonlar orasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.  Qoloqlik va tanazzulni yengish yo‘lida taklif qilgan yechimiga qarab musulmonlar to‘rt turga bo‘lindi:

  • Dunyoviy taqlidchi/sekulyaristlar: G‘arb darajasiga yetishish uchun G‘arbga to‘liq (kiyimdan tortib fikrlashgacha) yoki qisman taqlid qilish tarafdorlari. Modernizatsiyani g‘arblashish  deb tushunganlari ham bor, G’arb g’oyalari asosida “o’z yolini” qidirganlar ham bor (arab sotsiyalizmi yoki millatchiligi kabi). Bu qarash XX asrning boshi va o‘rtalarigacha musulmon o‘lkalarining elitasi orasida keng tarqalgan bo‘lib, so‘ngra ancha ta’sir doirasi qisqargan. Lekin hozirgacha salmoqli nufuzga ega.
  • Diniy modernistlar: Islohotlarni Islom asosida olib borish kerak, chunki Islom dini barcha zamonga mos, xususan, Modernity’ga ham. Faqat Islomni to‘g‘ri anglash va zamonga mos xulosalarni chiqara bilish kerak. Jamiyat ardoqlagan ko‘pgina an’ana va yashash tarzi o‘z davrini o‘tagan va taraqqiyotga g‘ov hisoblanadi. Milliy (islomiy) xususiyatlarni inobatga olgan holda, millat doimo o‘zgarib turishi, zamon bilan hamnafas yashashi kerak. Bu qarash hozirgi Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Marokash va Tunisda nisbatan kuchli vakillariga ega.
  • Diniy qadimchilar/Traditsionalistlar: Hech qanday islohotlarga hojat yo‘q, mavjud (islomiy) yashash tarzi nafaqat ma’qul, balki G‘arbnikidan ustunroq. Yevropadagi fohishalar va ajralishlarning ko‘pligi kabi salbiy tomonlarni ro‘kach qilib, G‘arb normalarini inkor etadilar, faqat texnika sohasidagi innovatsiyalarini qabul qiladilar. Oddiy musulmonlar orasida son va ta’siri jihatidan eng keng tarqalgan dunyoqarash. Bu qarashni rasmiy mafkura sifatida qabul qilgan davlatlarga Saudiya va boshqa Ko‘rfaz amirliklari eng yorqin misol bo‘la oladi.
  • Diniy fundamentalistlar/radikallar: Islom va Modernity bir-biriga zid. Musulmonlar faqatgina oltin asrga qaytishi bilan najot topa oladi. Son jihatdan eng kam bo‘lsa ham, eng sershovqini ham shular. Turli siyosiy kuchlar ulardan o‘z maqsadlarida foydalanadi. Al-Qoida, DAESH, O‘zbekiston Islom harakati kabi terroristik guruhlar bu turga misol bo‘la oladi.

Bu tasniflash, albatta, juda qo‘pol va shartli, real hayotda bu turlarning orasidagi chegara o‘zgaruvchan va shaffof.  Sekulyarist, modernist, qadimchi va fundamentalistlar barcha jamiyatlarda muayyan foizda mavjud, lekin millatning taqdiri oddiy xalq bu yondashuvlarning qay birini o‘zi uchun jozibador deb topishiga bog‘liq. Islom o‘lkalarining so‘nggi asrdagi tarixini aynan shu to‘rt dunyoqarashning o‘zaro tortishuvi  bilan izohlasa ham bo‘ladi.

Ozbek jamiyati va Modernity: an’anaga sodiqlik va yangilanish majburiyati orasidagi tanglik

XIX asrdan boshlab Yevropa imperializmi bilan to‘qnashuv, undan mag’lub bo‘lish va islom o‘lkalarining Yevropa mustamlakasiga aylanishi asrlab mudroq yashagan musulmonlar uchun kuchli shok va uyg‘onishga chaqiriq bo‘ldi. Jamoliddin Afg‘oniy, Rashid Rida kabi islohotchi mutaffakirlar tashqi kuchlar tazyiqi ostida va Modernity davri sharoitida musulmonlar qanday yashashi, taraqqiy etishi kerakligi haqida o‘tkir bahslarni boshlab berdilar. Yuqorida aytilgandek, zamon qo‘yayotgan muammolarga taklif qilgan yechimiga qarab, islom olamida to‘rt oqim shakllandi: taqlidchilar/sekulyaristlar, diniy modernistlar, traditsionalistlar (qadimchilar) va fundamentalistlar.

Bu bahslar O’zbekistonni ham chetlab o‘tmadi, albatta. Jadidlar (diniy modernistlar) bilan qadimchilar (traditsionalistlar) o‘rtasida XX asr boshlarida kuzatilgan qizg‘in intellektual (nafaqat) bahslar ham kengroq Islom olamida bo‘lib o‘t(ayot)gan mana shu munozaralarning Markaziy Osiyodagi in’ikosi edi.

Afsus, O‘zbekistonda bu bahslarni mantiqiy yakuniga olib borishgacha tarix fursat bermadi. Rossiyadagi fuqarolar urushida yutib chiqqan bolsheviklar 1930 yillarga kelib jadidlarga ham, qadimchilarga ham nisbatan maqsadli qatag‘onlar amalga oshirdi, ularni ijtimoiy qatlam sifatida yo‘qotdi. Shu bilan o‘zbek millati 75 yilga “temir parda” ortiga chekinib, islom olamida bo‘lib o‘tayotgan bahs-munozaralar, jarayonlardan bexabar qoldi, ularda ishtirok etmadi.

Lekin o‘zbeklar bu bahslardan bexabar qoldi degani bu jarayonlarning o‘zbek jamiyatiga ta’siri sezilmaydi degani emas. Sotsializm qurish kabi muvaffaqiyatsiz tajribalardan so‘ng boshqa musulmon jamiyatlar oldida turgan tahdid va muammolar  o‘zbeklarning ham kun tartibiga shiddat bilan yana qaytdi. Qaysidir ma’noda tarix qayta takarrur qildi. XX asr boshlaridagi bahslar XXI asr boshida ham dolzarb bo‘lib turibdi.

Qiziq fakt shundan iboratki, post-sovet o‘zbek jamiyatiga “porloq kelajakka” yo‘lni yuqoridagi to‘rt guruhdan faqatgina uchtasi ko‘rsatyapti:

  1. Sovet Ittifoqining siyosati natijasida, boshqa Islom o‘lkalaridan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda sezilarli sekulyar/dunyoviy qatlam shakllangan edi. Bu qatlam asosan katta shaharlardagi ziyolilar, davlat xizmatchilari va hozirda hukmron elita, rus va boshqa o‘zbek bo‘lmagan xalqlar vakillaridan iborat. Sekulyaristlar kelajakda turli ijtimoiy-iqtisodiy (migratsiya, demografiya va hkz) sabablarga ko‘ra, asta-sekin o‘z hukmron mavqeini yo‘qotishi mumkin. Sekulyarist deganda dinga qarshi ateist emas, millatchilik, sotsializm, liberalizm, konservatizm va hokazo turli xil dunyoviy, Yevropadan import qilingan mafkuralar tarafdorlari tushunilishi kerak;
  2. Diniy qadimchilar ham tezda o‘zini eplab oldi. O‘zbekiston sharoitida diniy qadimchi deb birinchi guruhga kirmagan, o‘zini musulmon deb bilgan qolgan barcha qatlamlarni atash mumkin. Bu guruhni hokimiyatga hozircha unchalik ta’siri bo‘lmasa ham, son jihatidan eng katta va asta-sekin jamiyatda eng nufuzli kuchga aylanmoqda.
  3. O‘zbeklar qanday yashash kerakligi haqida o‘z qarashlariga ega diniy radikallar juda oz bo‘lsa ham, jamiyatda yo‘q emas. Tadqiqotchilarning fikricha, o‘zini musulmon deb bilgan o‘zbeklar orasida radikallar 3–4% ni tashkil etadi.

To‘rtinchi guruhni kommunizmga muqobil fikr bera oladigan diniy modernist bo‘lmish jadidlar va boshqa ziyolilarni Sovet tuzumi tag-tubi bilan yo‘qotgan ekanki, ularning g‘oyaviy vorislari hali ham o‘zini o‘nglay olmayapti. Diniy modernistlar o‘zbek jamiyatida kuch sifatida deyarli mavjud emas.

Shu to‘rt guruhning qay biri “orzu qilgan kelajak” o‘zbek jamiyati uchun dasturilamal bo‘lishi kerak?

 

Dunyoviy elita va diniy qadimchilar milliy modernizatsiya muallifi sifatida

Baxtiyor Ergashevning fikricha, modernizatsiyani amalga oshiradigan dunyoviy elita va diniy qadimchilar ittifoqi eng ma’qul variant emish. Lekin musulmon o‘lkalarning tarixi shuni ko‘rsatyaptiki, bunday ittifoq hech qaysi mamlakatda muvaffaqiyatli bo‘lmagan, chunki bu ikki guruhning dunyoqarashi va maqsadlari bir-biriga zid. Dunyoviy elita kuch ishlatib bo‘lsa ham, an’anaviy jamiyatni modernizatsiyalash niyatida bo‘lsa, qadimchilar eskidan davom etib kelayotgan o‘z an’anaviy turmush tarzini saqlab qolish uchun har qanday chuqur modernizatsiya harakatlariga qarshi bo‘lib kelgan. Masalan, Turkiyada qadimchilar Otaturk islohotlariga baholi qudrat qarshi chiqqan va natijada kuch bilan chetga surilib qo‘yilgan. Eronda ham Ali Rizoxon Pahlaviyning  G‘arb modelidagi keng ko‘lamli modernizatsiyasini qadimchilar qabul qila olmagan va asta-sekin radikallashib, 1979-yilda shohga qarshi inqilob ko‘targan. Buning natijasida Eron teokratik Islom respublikasiga aylandi. Ya’ni dunyoviy elita va diniy qadimchilar birlashib, mamlakatni muvaffaqatiyatli modernizatsiyalashganiga misolni Islom olamining tarixida topib bo‘lmaydi. Shuning uchun O‘zbekistonda ham bunday ittifoq muvaffaqiyat bilan tugaydi deyishga asos yo‘q.

 

Dunyoviy elita milliy modernizatsiya muallifi sifatida

Islom olamida dunyoviy elitaning yakka o‘zi modernizatsiya muallifi sifatida harakat qilishi tarixda juda ko‘p uchragan va hali ham uchrab turadi. Bunday harakatlarning muvaffaqiyati, afsus, uzoqqa cho‘zilmagan yoki umuman boshidan barbod bo‘lgan. Aytish mumkinki, XX asr boshida deyarli barcha musulmon jamiyatlari bunday ssenariyni amalga oshirib ko‘rmoqchi bo‘lgan. Bunday modernizatsiyalashish tajribasi Turkiyada Kemalizm,  Tunisda Burgubaizm, Eronda Pahlavizm, Misrda Nasserizm va Indonesiyada Pankasila deb nom olgan.

Dunyoviy elita (hukumat) tomonidan amalga oshirilgan, yuqoridan pastga (elitadan xalqqa) yo‘naltirilgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy islohotlarning asosiy maqsadi ijtimoiy, madaniy va siyosiy hayotning barcha jabhalarini g‘arblashtirish (vesternizatsiyalash) orqali sekulyar (dunyoviy) va milliy davlat (millatchilik) qurish edi. Sekulyarizm siyosatdan dinni chetlashtirish, lekin davlatning din ustidan nazoratini ushlab turishni anglatgan. Ba’zi bir davlatlarda (erta SSSR kabi) asosiy maqsad eskilik sarqiti hisoblanmish Islom dinini umuman jamoat hayotidan yo‘qotish bo‘lsa, ba’zilarida milliy va davlat manfaatlarini olg‘a surishda Islomni nazorat qilish va boshqarish, din orqali “yaxlit milliy xarakterni” shakllantirish edi. Islomiy ramz va nutq uslubiga ham jamoat joylarida yo‘l qo‘yilmas edi. Davlatning maqsadi insonlarning diniy tuyg‘ularini o’z sekulyar mijoziga moslab shakllantirish edi. Islomni siyosiylashishiga qarshi huquqiy-harbiy cheklovlar ham ishlab chiqilgan edi.

1960-yillardan boshlab ko‘pgina Yaqin Sharq mamlakatlarida dunyoviy mafkuralarni tatbiq qilayotgan elita an’anaviy Islom jamiyatining ichiga kirib bora olmagani, uni isloh qila olmagani ayon bo‘la boshladi. Aksariyat joylarda dunyoviy elita oddiy aholi uchun Islomga muqobil qadriyatlar tizimini ishlab chiqishni ham eplay olmadi. Bu fakt ayniqsa siyosiy va iqtisodiy taraqqiyot natijasida oldinlari tiyib turilgan (diniy) o‘zlik, adolat va ishtirok kabi ijtimoiy masalalar kun tartibiga qaytganda yaqqol ko‘zga tashlandi. Bu bo‘shliqni turli islomiy yo‘nalish va qarashdagi siyosiy-ijtimoiy guruhlar muvaffaqiyat ila to‘ldirdilar, ular rasmiy “-izm”larga muqobil, oddiy xalq tushunadigan ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy paradigmalarni ilg’or sura oldilar. Buni o‘z vaqtida anglab, jamiyatni faqatgina o‘z dunyoqarashiga ko‘ra modernizatsyalash da’vosidan voz kechgan dunyoviy elita (Turkiyada kemalistlar) oldinlari chetlashtirilgan ijtimoiy guruhlarni siyosatga qaytishini ta’minladi va bugunga qadar ular bilan murosa qilib faoliyat yurityapti.  Eronda esa Pahlaviylar sulolasi oxirigacha o‘z monopol dunyoqarashidan voz kecha olmadi va natijada 1979-yilda hokimiyatga diniy fundamentalistlar kelishiga sababchi bo‘ldi.

Diniy qadimchilar milliy modernizatsiya muallifi sifatida

Islom olamining tarixida diniy qadimchilar hukmron bo‘lgan jamiyatlar ko‘p. Xususan, Markaziy Osiyoda Xiva xonligi, Buxoro amirligi so‘nggi paytlarida aynan shu guruh tomonidan boshqarilgan. Jadidlar taklif qilgan islohotlarga oxirigacha qarshilik ko‘rsatgan qadimchilar boshqaruvining “muvaffaqiyat”ini Markaziy Osiyo rus zambaragining birinchi o‘qidayoq pishib turgan olmadek osonlikcha avval Rus imperiyasi, keyin bolsheviklar qo’liga o‘tganidan ham ko‘rsa bo‘ladi.

Diniy qadimchilar muvaffaqiyatli milliy modernizatsiyani amalga oshirgan mamlakatni Islom olamida topib bo‘lmaydi. Zamonamizda qadimchilikni rasmiy mafkura sifatida qabul qilgan kam sonli davlatlarga Saudiya qirolligi va boshqa Ko’rfaz amirliklari eng yorqin misol bo’la oladi. Petrodollarlar tufayli an’anaviy hayot tarzini saqlab va arxaik jamoat institutlar islohotini (hozircha) muvaffaqiyatli rad etib kelayotgan bu davlatlarning keyngi taqdiri qanday bo‘lishi savol tug‘diradi.

Diniy modernistlar va dunyoviy elita milliy modernizatsiya muallifi sifatida

O‘zbek millati 1991-yilda milliy modernizatsya harakatini boshladi. Bu nafaqat elitalarning tanlovi edi, balki hayotiy zaruriyat ham. Millat yo o‘zini isloh etib, zamonaviy iqtisodiyot va davlat shakllantiradi, yo tanazzulga uchraydi.

Bizdan oldin bu modernizatsyalash jarayonini boshlagan millatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, modernizatsiyaning muvaffaqiyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamiyatda hukmron bo‘lgan asosiy norma va qadriyatlarga, qarashlarga bog‘liq ekan. Ya’ni modernizatsya faqat iqtisodiyot yoki texnologiya sohalari (naqadar bu sohalar muhim bo‘lmasa ham) bilan cheklanib qola olmaydi. Milliy modernizatsya avvalambor ongni o‘zgartirishga qaratilgan murakkab ijtimoiy-madaniy jarayon boshlanishini talab etadi. Mana shu milliy ong, milliy shuur, dunyoqarash bilan ishlashda dinning o‘rni beqiyos, ayniqsa O‘zbekiston kabi an’anaviy jamiyatda.

O‘zbeklarning milliy (diniy) qadriyat va qarashlarida nafaqat modernizatsiya maqsadlariga zid bo‘lmagan, balki muvaffaqiyatli modernizatsyaning tayanchi sifatida ishlatila oladigan bir qator faktorlar mavjud. Aynan shu faktorlarga jadidlar urg‘u bergani uchun ham tarixiy qisqa davrda nisbatan muvaffaqiyatli modernizatsya jarayonlarini boshlashga erishdilar:

  • O‘zbeklarning milllat sifatida shakllanishining mafkuraviy asoslarini, “milliy” qahramonlar panteoni, milliy narrativlarni yaratdilar;
  • Birinchi siyosiy partiya — “Sho‘roi Islom”, musulmon olamida eng birinchi milliy respublikalaridan biri — Turkiston muxtoriyatini tashkil etdilar;
  • Zamonaviy o‘zbek tili va adabiyotini shakllanishiga hissa qo‘shdilar (Chig‘atoy gurungi, til islohoti, birinchi roman va hkz);
  • Milliy matbuotga asos soldilar (“Taraqqiy” gazetasi tashkil topgan sana bugun Jurnalistlar kuni sifatida nishonlanadi);
  • Milliy ta’limni yangi usulda isloh etdilar (usuli jadid maktablari);
  • Milliy madaniyatga ulkan hissa qo‘shdilar (birinchi teatr, birinchi roman va hkz);
  • Ilk bor yoshlarni chet elga o‘qitishga yubordilar va boshqa ko‘plab, turg‘unlikni tugatib, zamon bilan hamnafas yashash uchun harakatlarni amalga oshirdilar.

Afsus, jadidlar o‘z missiyasini mantiqiy yakunigacha olib borishga o‘sha payt zamon fursat bermadi. Hozirda bu missiyani qaysidir ma’noda dunyoviy, sekulyar elita o‘z bo‘yniga olgan (davlat — bosh islohotchi konsepti). Lekin davlat boshlagan islohotlarni muvaffaqiyatli yakuniga yetkazish uchun sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar ayni damda keng ommada ong o‘zgarishi bilan ta’minlanishi kerak. Jadidlardan biri aytganidek, “bizga barcha sohalarda islohotlar va yutuqlar kerak…. lekin avvalam o‘zbek xarakterining islohoti zarur”.

An’anaviy (islomiy) qadriyatlarga sodiq qolgan holda, ularniy ijodiy (va tanqidiy) o’zlashtirib,  XXI asr talablariga javob bera oladigan mafkura va fikrlash tarzini esa diniy qadimchilar emas, “yangi” jadidlar (neo-jadidlar) ta’minlashi mumkin. Bu qatlam hozirda juda zaif, deyarli mavjud emas, lekin davlatning maqsadli parvarishi (diniy ulamolar orasidan kandidatlarni topish, diniy ta’lim islohoti, yoshlarni chet elga yuborish kabi maqsadli interventsiyalar) orqali  tezda paydo bo‘lishi mumkin.  Davlat va neo-jadidlar ittifoqi o‘zbek jamiyati uchun bir necha tomondan foyda keltiradi:

  • Islom dinining inklyuziv (barchani qamrab oluvchi, ochiq) va plyuralist talqini o‘z navbatda diniy sohada amaldagi siyosatni sekulyarizmning yangi, inklyuziv prinsiplari asosida qayta ko‘rib chiqishga olib keladi. Shu bilan “bir O‘zbekistonda ikki jamiyat” muammosi kun tartibidan olinadi;
  • davlatning jamiyatni modernizatsyalash loyihasiga madadkor “ma’rifatparvar” Islom paydo bo‘ladi;
  • davlatning dindorlar ko‘zida legitimligi yanada oshadi, muxolifatdagi siyosiy guruhlar yoki tashqi kuchlar davlatga qarshi islomiy argumentlarni ishlatish tahdidi neytrallashtiriladi va hkz.

Yuzi bilan o‘tmishga, orqasi bilan kelajakka qaratilgan qadimchilik mafkurasi millat uchun taraqqiyot maqsadlarini taklif qila olmaydi. Va shu ma’noda qadimchilikning amaliyot muddati cheklangan. Bugunda o‘zbek ongida kuzatilayotgan qadimchilikka ommaviy burilish va “diniy modernizm”ning mavhum tushunilishiga qaramay, aniq maqsadli bu modernizatsiyalash mafkurasining kelajagi bor. O‘zbeklar bir tomondan paternalistik dunyoqarashga moyil bo‘lsa ham, ikkinchi tomondan asosan o‘z kuchiga ishonishi, bozor iqtisodiyoti tarafdori ekanligi ham fakt (otang-bozor, onang -bozor). Mana shu oddiygina mafkuraviy model orzu qilingan kelajak obrazini shakllantirish va strategik “yo‘l xaritalarini” tayyorlash orqali hayotga tatbiq qilinishi mumkin. Jadidchilikning bosh g‘oyalaridan biri millatni yangi turmushga tayyorlamoq edi. Davlatning ham bu kundagi maqsadi shunday ekan, davlat o‘z dastakini neo-qadimchilarga emas, aynan “neo-jadidlar”ga ko’rsatishi maqsadga muvofiq bo’lar edi.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here