1916 yilgi qo‘zg‘olonga 100 yil to‘lishi munosabati bilan: tarixchi qaydlari. Rus tilida maqolani bu yerda o’qing.

Roppa-rosa yuz yil oldin O‘rta Osiyoning “rus” qismida va Cho‘l o‘lkasida (hozirgi Qozog‘istonning sharqiy, shimoliy va g‘arbiy qismlarida) xalq qo‘zg‘oloni boshlandi. Bunga podsho hukumatining 1916 yil 25 iyunidagi 1526-sonli “Imperiyadagi begona xalqlar erkak aholisini harbiy inshootlar qurish ishlariga jalb qilish to‘g‘risida”gi farmoni sabab bo‘lgan. Unda hech qanday tushuntirishsiz, Imperator podsho tomonidan 19-43 yoshli erkaklarni, jumladan, “Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand viloyatlarining begona xalqlarini” front ortidagi ishlarga safarbar qilish “amr etilgan” edi. Bu farmon O‘rta Osiyo aholisining urushda qatnashayotgan armiyaga chaqirilganini bildirar edi. Farmonga nisbatan qat’iy norozilik uyg‘onib, bu voqealar “1916 yilgi qo‘zg‘olon” sifatida tarixga kirgan. Bu maqolada qo‘zg‘olonning yuz berishi va rivojlanishi bilan birga, undan olingan tajriba zamonaviy O’zbekiston va mintaqadagi boshqa mustaqil davlatlar nuqtai-nazaridan tahlil qilinadi.

Harbiylar armiyasidan fuqarolar armiyasiga

1914 yilda katta yoshli O‘rta Osiyoliklar uchun yashash joyidan boshqa joydagi davlat ishtirokida va shu davlat tarafida turib jang qilish umuman notanish bir hodisa edi. Tojik, qirg‘iz, afg‘on, o‘zbek, qozoq va turkmanlarda kam xarajatli va kam qon to‘kiladigan “jihodlar”, ziddiyatli to‘qnashuvlar, bosqinchilik, qo‘zg‘olon va hatto bosib olishlar keng tarqalgan edi. Bu urushlarda professional askarlar (lashkar) bilan birga “yarim stavkada” yoki “chorak stavkada” jang qiladigan dehqon-askarlar ham qatnashgan. Ularni hududiy-diniy yoki qabila boshliqlari, bundan tashqari “xonlar”, ya’ni Chingizxon va Amir Temurning haqiqiy yoki soxta avlodlari safarbar qilgan.

Bunday urushga misol sifatida 1920 yillardagi bosmachilik harakati, o‘rta asrlarda Amir Temur va Boburning Hindistonga yurishini keltirish mumkin. Bunda boshqa hududga bostirib kirish yoki odamning joniga qasd qilishdan oldin tajovuzning sababini tushuntirish kerak bo‘lgan. Ko‘pincha ulamolar fatvo chiqarib, g‘anim tarafni “kofir” deb e’lon qilishgan va “islom tiklanguniga qadar” ularga qarshi urush olib borish kerakligini aytishgan.

Bu urushlar, xuddi o‘rta asrlarda Yevropadagi urushlarga o‘xshab, manfaatdor shaxslar tomonidan boshqarib turilgan. Urush harakatlari bilan birga diplomatiya, pora bilan o‘z tomoniga og‘dirish va boshqa “qon to‘kilmaydigan” usullar qo‘llangan. Bu urushlarda g‘animning odam va material resurslarini butunlay yo‘q qilib, kelajakda qasos olish imkoniyatini qoldirmaslik maqsadi hech qachon bo‘lmagan (Birinchi va Ikkinchi jahon urushidan farqli o‘laroq). Aholini yoppasiga safarbar qilish va harbiylashtirish bo‘lmagan. Bu urushlarda “harbiy brokerlar”ning manfaatiga xizmat qiluvchi, mujmal ma’nodagi “dinni himoya qilish” (islom yoki xristianlikni) yoki “madaniyat”ning “varvarlik”ka qarshi urushi kabilardan tashqari aniq g‘oya bo‘lmagan, dushman tarafga nisbatan nafrat sun’iy ravishda kuchaytirilmagan.

Ommaviy harbiy majburiyat rus millatini tashkil qilish vositasi sifatida

“Fuqarolik” tushunchasi “begona xalqlarga” nisbatan qo‘llanmaydigan Rossiyadek ko‘p millatli imperiyada “askar-fuqarolardan” tashkil topgan armiyani tuzish qiyin bo‘lishi turgan gap edi. Rossiyada birinchi ommaviy chaqiriq 1894 yilda joriy etilgan, ammo 1904-1905 yilgi rus-yapon urushidagi mag‘lubiyatdan so‘nggina, rus harbiy strateglari safarbarlik siyosatini isloh qilish kerakligini tushunib yetishdi. Bunda harbiy xizmatni fuqarolik burchi deb hisoblash haqida gap borayotgan edi. Rus xalqining o‘zi harbiylashishni boshlab, armiya ommaviy siyosatning bir vositasiga aylandi. Aleksandr III aytganidek, armiya va flot “Rossiyaning eng yaqin do‘stlariga” aylandi. Imperiya davlat nomidan ommaviy o‘ldirish va davlat uchun ommaviy halok bo‘lish asriga, qonli “qisqa XX asrga” qadam qo‘ydi.

1914 yilda urushda qatnashayotgan armiyaga askar olish tabaqalashtirilgan edi. Rossiyadagi nemis va juhudlar “madaniyatli no-ruslar” sifatida armiyaga qabul qilinar edi, ammo harbiylashuv va material resurslari uchun kurash qamrab olgan jamiyatda ularni ta’qib qilishda davom etishar edi. Juhudlarni talon-taroj, nemislarni deportatsiya qilishardi. Shunday bo‘lsa ham, barcha “Rossiyaning madaniyatli xalqlari” ham frontga intilavermas edi. Masalan, finlar 1901 yildayoq rus armiyasida xizmat qilishni mutlaq rad etgan va umuman ruslashtirishga qarshi edi. Natijada ularni chaqirishdan voz kechishga to‘g‘ri keldi. 1904 yildan beri Finlyandiya harbiy xizmatdan ozod etish evaziga maxsus soliq to‘lar edi. Ya’nikim, 1914 yilda urush boshlanishiga “begona xalqlarni” jalb etish siyosiy jihatdan xatarli ekanligini podsho ma’muriyati tushunardi. Bilgani bilan kuch-qudratining cheksizligiga ham ishonar edi.

Milliy ozchilik yoki “begona xalqlar”, ya’ni tojik, turkman, o‘zbek, qirg‘iz va qozoqlar chaqiriqdan ozod etilgan edi. Nima sababdan? O‘rta Osiyo eng oxirgi mustamlaka etilgan o‘lka bo‘lib, buning ustiga aholisining aksariyati musulmon edi. Ular Sibir, Kavkaz va Povoljyadagi no-ruslardek markazga sodiq emas edi. Bundan tashqari, rus ofitserlari “sartlar” va Turkiston ko‘chmanchilaridan foyda yo‘q, ular notanish muhitda va begona iqlimda yoppasiga kasallanib qoladi deb hisoblar edi. Ularni o‘rgatish va davolashga ham ko‘p mablag‘ ketishi, natijasi ko‘ngildagidek chiqmasligi mumkinligini ham hisobga olishardi.

Rossiyada tug‘ilib, O‘rta Osiyoga ko‘chib ketgan mustamlakachilar ham xizmatdan ozod etilgan edi. Faqat XIX asr oxirida Turkistonda tug‘ilgan yevropaliklargina chaqirilar edi. Shu tariqa chorizm rus mustamlakachiligini rag‘batlantirib, G‘arbda urush olib borayotgan davlatning janubi-sharqiy tomonini himoyasiz qoldirishdan xavfsirar edi. O‘rta Osiyo yo‘nalishida Rossiya mahalliy musulmonlardan tashqari tashqi dushmanlarni ham o‘ziga raqib deb bilar edi: G‘arbiy Xitoy musulmonlari va hukumati, Hindistondagi inglizlar hamda erkinlikni sevuvchi va jihodga tayyor afg‘onlar. Tashqaridan hujum bo‘lishidan xavfsirashga haqiqiy tahdidgina emas, balki shunday mamlakatning geopolitik fobiya va ambitsiyalari sabab bo‘lar edi. Shuning uchun chorizm tomonidan rus aholisi tayanch sifatida ko‘rilar edi. 1880 yillarda rus hukumati amaldorlari orasida Sirdaryo harbiy gubernatori (bo‘lg‘usi Turkiston general-gubernatori) Grodekovning bir gapi mashhur edi: “har bitta yangi rus posyolkasi bitta rus qo‘shinlari bataloniga teng”. Mahalliy aholi isyon ko‘tarsa yoki tashqaridan hujum bo‘lgan holatda podsho hukumati ko‘chib kelgan 32 mingta rus dehqonlarini qurollantirish imkoniyatiga ega edi.


“Imperiyadagi begona xalqlar erkak aholisini harbiy inshootlar qurish ishlariga jalb qilish to‘g‘risida”gi amri oliy

Mahalliy aholining urushga bo‘lgan munosabati

Rossiyaning 1904-1905 yilgi rus-yapon urushidagi mag‘lubiyati mustamlaka qilingan xalqlar ko‘z o‘ngida Rossiyaning ojizligini ochib qo‘ydi. Shu sababli, Turkiston va Buxoro elitasining ichida Rossiya tomonidan urushga qatnashishga qarshi bo‘lganlar ko‘p edi. Bular Turkiyaga pinhona xayrixohlik qiluvchi, konservativ kayfiyatdagi mahalliy kuchlar edi. Turkiya 1914 yilda Germaniya tarafidan “muqaddas jihod” uchun urushga kirishgan edi. Podshoning josuslari xabar yetkazishicha, afg‘onlar jihod boshlagani va tez orada “rus” O‘rta Osiyosiga bostirib kirishi haqida mullalar mish-mish tarqatgan. (Bugungi kundagi voqealarni eslatib yubormayaptimi?)

Traditsionalistlar – tojik va o‘zbeklar pinhon tarzda Rossiyaning g‘animlariga xayrixohlik bildirsa, mahalliy ko‘chmanchi aholi (qozoq va qirg‘izlar) ma’lum sabablarga ko‘ra urushga nisbatan nafratini yashirmas edi. Ular kelgindilar tortib olgan mulklarni qaytarish ishtiyoqida edi. Qozoq tarixchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, XIX asr oxiridan 1916 yilgacha Qozog‘istonning to‘rtta viloyatiga (Akmola, Semipalatinsk, To‘rg‘ay va Ural) asosan Rossiya va Ukrainadan kelgan 1,14 million odam joylashib olgan. Turkiston o‘lkasiga kiruvchi Semirechye viloyatiga kamroq, atigi 100 ming kishi kelgan. Ko‘chish-ko‘chirish boshqarmasi tashkil etilib, bu boshqarma mahalliy aholidan eng hosildor yerlarni tortib olib, ko‘chib kelganlarga bergan. 1914 yilgacha ko‘chmanchi qozoqlardan 40 million desyatindan ortiq yer tortib olinib, ruslarga berilgan, bu maydon deyarli mintaqaning 20% yeriga teng edi. Urush va boshlanayotgan qo‘zg‘olon ko‘chmanchilarga o‘z yerlarini qaytarib olishdan tashqari, istilochilar bilan hisob-kitob qilish imkonini ham berar edi.

 

 Albatta, O‘rta Osiyoda Rossiya tarafdorlari ham bor edi. Xo‘jandlik taniqli tarixchi Sharif Djalilovning yozishicha, urushning boshida shaharning aslzodalari asosan Rossiyaga xayrixoh edi. Farg‘ona vodiysidagi tojiklar, o‘zbeklar va qirg‘izlar urush paytida ruslarning o‘rnini bosib, harbiy yuklar jo‘natiladigan temir yo‘llarni qo‘riqlashgan. Uezdning sanoat korxonalari front uchun ishlar edi. Dehqonlar frontga eng yaxshi otlarini bergan, boylar esa Xo‘janddagi Shayxi Muslihiddin masjidida harbiy zayomlarga yozilishgan va yaralanganlar uchun moddiy yordam berishgan. 1915 yilning mayida Turkiston o‘lkasining bosib olinganining 50 yilligiga bag‘ishlab, frontga yordam doirasida Xo‘jandda ko‘plab tadbirlar tashkil qilingan. Mahalliy musulmon ma’muriyatidan tashqari, traditsionalistlarning raqiblari – bosh ko‘tarayotgan siyosiy tashkilotlar va zamonaviy, g‘arblashgan harakatlar, jumladan, jadidlar ham Rossiyaning harbiy siyosatini qo‘llab-quvvatladi. Ular turk dindoshlariga xayrixoh bo‘lishiga qaramay (deyarli barcha jadidlar panturkist bo‘lgan), Turkiyani qo‘llab-quvvatlashmadi. Jadidchilik tarixining zamonaviy tadqiqotchisi Adib Xalidga ko‘ra (kelib chiqishi Pokistondan bo‘lgan amerikalik), jadidlar uchun Rossiya boshqaruvidagi jamiyatda o‘z o‘rnini saqlab qolish muhim bo‘lgan. Jadidlar yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalanib, vatanparvarlik orqali imperiya bilan rishtalarni mustahkamlashga intilgan. Ular shu harakat to‘lqinida rus jamiyatiga “kirib borib”, Rossiya urushda g‘alaba qozonganidan keyin rus elitasining obro‘li va tan olingan a’zolari va yangi Turkistonning liderlari bo‘lishni niyat qilgan. 1914 yilda Kavkaz tuzem otliq diviziyasini tashkil qilish orqali Rossiyani qo‘llab-quvvatlagan Kavkaz elitasi singari (unga ozarbayjonlar (turklar) ham kirgan) ish tutmoqchi bo‘lgan.Xalidga ko‘ra, unisi ham, bunisi ham podsho hukumatining nazaridan chetda qolgan. Jadidlarga ishonishmagan, ularning samimiyligiga shubha bildirib, bular ko‘nglida separatist bo‘lib qoladi va istalgan vaqtda sotqinlik qiladi deb hisoblashgan. Ko‘chmanchilar va mustamlakachi hukumatning o‘zboshimchaligi va korrupsiyaga qarshi bosh ko‘targan dehqonlar terrorist va rusofob deb e’lon qilindi. Hukumat bulardan birortasi bilan ham muloqotga kirishishni istamadi. Dehqon va ko‘chmanchilarni fanatik-choponchi deb hisoblashgan, jadidlar esa savodli bo‘lgani uchun katta xavf deb bilishgan. Chunki O‘rta Osiyo ziyolilari rus liberal-demokratik va sotsialistik lagerlarining “erkin fikrli” vakillari bilan (jumladan, eserlar bilan) yaqinlashayotganini ko‘rib turishardi.

Shu tarzda rus hukumati mahalliy aholini o‘ziga qarshi qilib qo‘ydi va Rossiyani qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘lgan kichik guruhlarni ham qo‘pol tarzda uzoqlashtirdi. 4-Davlat Dumasidagi musulmon deputatlarning “Rossiya halqlarining urush davrida mustahkamlangan ko‘p asrli aloqalarini hisobga olish” va milliy cheklovlarni umuman bekor qilish chaqiriqlari rad etildi. Hattoki frontga intilganlar ham buyruqdan xafa bo‘lishdi. Chunki ularga “Nikolay poshshoni” himoya qilish uchun maydonda ot surib, qilich solish emas, balki belkurak bilan chuqur qazish buyurilgan edi. Podsho hukumati Rossiyani qo‘lda qurol bilan himoyalashga tayyorlarning ham qadriga yetmadi. Aksincha, militaristik ishtiyoq bilan birga shovinizm va “begona xalqlarni” yoqtirmaslik kayfiyati ham kuchaydi. Qo‘zg‘olon avjiga chiqqan paytda Xo‘jand rasmiylari buyruq chiqarishdi, unda jumladan aytilishicha, “mahalliy aholining rus hokimiyati oldida ta’zim qilishi belgisi sifatida, barcha mahalliy aholiga ofitser va amaldorlar oldida o‘rnidan turib, ta’zim qilish tavsiya etilsin”. Front ortidagi ishlarga safarbarlik haqidagi buyruq esa millatga qarab ajratishga urg‘u berdi va yuridik jihatdan mustahkamladi.

Qo‘zg‘olon

1916 yil 3-iyulida Xo‘jand politsiya uchastkasi yonida mahalliy ma’muriyat vakillari bo‘lgan 85 tacha musulmon yig‘ildi. Ularga imperatorning farmoni haqidagi telegramma o‘qib eshittirildi. O‘sha kuni kechqurun iftordan keyin Shayxi Muslihiddin masjidida politsiya boshlig‘i Ye.G.Ustimovich tomonidan darhol ro‘yxat tuzishga kirishish haqidagi buyruq o‘qib eshittirildi. Buning ustiga buyruq qo‘pol tarzda berilib, qatnashganlarning izzat-nafsiga tegdi. Ertasiga ertalab, odamlarni tanlash boshlanishi kerak bo‘lgan 4 iyulda ommaviy norozilik va tartibsizliklar boshlandi. O‘sha kungi voqealardan birini Sh.Jalilov quyidagicha eslaydi: “mirshabning yoniga Xodimi Djamolak ismli ayol keldi va uning qilichini olib, yerga urdi. Qo‘zg‘olonchilar uni qo‘llagan holda politsiyachi va qo‘riqchilarni urib, toshbo‘ron qilishni boshladi”. O‘sha kuni uchta Xo‘jandlik yaralandi, shulardan ikkitasi tez orada halok bo‘ldi. Xo‘janddagi isyon haqidagi xabar butun Turkistonga tarqaldi va bir necha kun ichida qo‘zg‘olon butun mintaqaga tarqaldi. Turkistondagi qo‘zg‘olon Buxoro amirligida ham aks-sado berdi. Buxoro rasman imperiya tarkibiga kirmasa ham, aslida Rossiyaga qaram edi, katta harbiy soliq to‘lardi. Bunga javoban tojiklar qo‘zg‘olon ko‘tarishdi, ayniqsa Qorategin va Qo‘rg‘ontepada keskin bo‘ldi.

Shu tariqa, 1916 yilgi qo‘zg‘olon mintaqa aholisining quyidagilarga qarshi ommaviy noroziligi bo‘ldi: 1) musulmonlarga aloqasi bo‘lmagan urushda qatnashish; 2) mustamlakachi rejim; 3) safarbarlikni qo‘llab-quvvatlagan podsho ma’muriyati va mahalliy kuchlar vakillari; 4) eng hosildor yerlarni egallab olgan ruslar.

Qo‘zg‘olon Semirechyeda eng yirik ko‘lamli tus oldi. Bu mustamlakaga qarshi an’anaviy qo‘zg‘olon bo‘lib, ruslarning boshqaruviga qarshi qaratilgan edi. Rus generali Sandetskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu “ruslarning o‘lkani boshqarish huquqiga” qarshi harakat edi. Urush har ikkala tomondan ham vahshiylik va adolatsizlik bilan o‘tkazildi. Qo‘zg‘olonda rus millatidagi oddiy aholi, jumladan ayollar va bolalar qurbon bo‘ldi. Butun o‘lka bo‘ylab harbiy holat e’lon qilindi. Oktyabrda podsho hukumati qo‘zg‘olonni undan-da ayovsiz tarzda bostirdi. Qozoq va qirg‘izlar yoppasiga osildi, ularning ovullari, jumladan Issiqko‘ldagilar, butunlay yoqib yuborildi. Akademik B.G‘ofurovning qayd qilishicha, Xo‘jandning o‘zida harbiy sud 400 dan ortiq kishini qamoqqa tiqqan. Qo‘zg‘olon paytida jami yuz minglab “begona xalqlar”, asosan qirg‘izlar hamda 3-4 ming ruslar halok bo‘lgan. Jazodan qochgan 300 mingdan ziyod ko‘chmanchilar Xitoyga o‘tgan. U yerdagi qattiq qish tufayli yana o‘nlab mingtasi halok bo‘lgan.

Xulosalar

O‘rta Osiyo musulmonlariga qarshi bu urushda katta yo‘qotishlar evaziga Rossiya yengib chiqdi. Kutilgan natijaga erishilmadi. Taxminan 100.000 kishi safarbar qilindi, biroq bundan besh baravar ko‘prog‘i rejalashtirilgan edi. Safarbar etilganlardan foyda ham bo‘lmadi. Ular bu majburiyatni jazo sifatida qabul qilishdi; kasallanishdi, sovuq va ochlikdan halok bo‘lishdi. Minglab mayib-majruh va kasallarni uylariga jo‘natishdi. Siyosiy jihatdan zarari esa ancha kattaroq bo‘ldi. Qo‘zg‘olonning bostirilishi podsho hokimiyatining mustahkamlanishiga olib kelmadi. Rus hokimiyati va aholi o‘rtasida vositachi bo‘lgan mahalliy amaldorlar, jadidlar va ularning tarafdorlari obro‘-e’tiborni yo‘qotishdi. Chunki ular isyonchilarni qoralab, rus imperatorini ko‘klarga ko‘targan edi, jumladan, jadidlar yetakchisi Mahmud Behbudiy va shoir hamda dramaturg Hamza Hakimzoda Niyoziylar ham shunday qilgan. Har ikkalasi ham fanatiklar qo‘lidan o‘lim topgan. Qo‘zg‘olondan uch yil o‘tib Behbudiy, o‘n uch yil o‘tib, Hamza halok bo‘ldi.

1916 yil qo‘zg‘oloni jadidchilikning asosiy ojiz tomonini ko‘rsatdi – uning “zamonaviylashtirish”ga mukkasidan ketgani va o‘z ijtimoiy tajribasiga e’tibor bermaganligi edi. Ular rus tilini va Rossiyaning o‘zini yaxshi bilmagan va tushunmagan, shuning uchun uni O‘rta Osiyodagi jamiyatni zamonaviylashtirish va fanatik mullalarga qarshi kurashdagi yetakchi kuch deb hisoblagan. Afsuski, jadidlarni keng xalq ommasi tushunmadi va qabul qilmadi. Ommaning nuqtai-nazarida jadidlar “kofir”, rus mustamlakachilarining ittifoqchisi edi. Jadidlar turk-tojik shaharliklardan tashkil topgani uchun, qo‘zg‘olonning markaziy kuchi bo‘lgan ko‘chmanchilar orasida mavqega ega emasdi. Mustaqillikka intilish, inson qadr-qimmatini muhofaza qilish, milliy va ijtimoiy jabr-zulmga va dinning siquvga olinishiga qarshi kurashish – mustamlakaga qarshi shu kabi shiorlar Sharqda dolzarb bo‘lgan, Hindistonda millionlab ommani to‘plagan bo‘lsa ham – jadidlarning kun tartibidan joy olmagan edi. Rus hokimiyati qulasa, jadidlar o‘zlari yetishib chiqqan muhit va usiz yashay olmaydigan muhitdan mahrum bo‘lishardi. Haqiqatan ham, boshqalarning tajribasidan o‘rnak olishga ixtisoslashgan jadidchilikning umumilliy g‘oyaga aylanishiga to‘siq bo‘lgan asosiy kamchiligi bu – ularda originallik va madaniy o‘ziga xoslikning yo‘qligi edi. Jadidlar o‘z xalqi bilan teng hamkor sifatida muloqotga kirishishni eplay olmagan va buni xohlamagan. Ular xalqni madaniyatga yetaklash kerak bo‘lgan qora omma deb hisoblashgan.Umuman olganda, yuz yil oldingi voqealarni O‘rta Osiyoning asta-sekin qaramlikdan qutulish nuqtai-nazaridan qarab, tushunish kerak. Qo‘zg‘olon chorizmni g‘aflatda qoldirdi, chunki chor hukumati o‘zi bir tiyinga olmaydigan “begona xalqlar”dan bunday javobni kutmagan edi. Xalq indamas o‘yinchoqdan mustaqil va haybatli subyektga aylanib, to‘rt oy davomida “oyoq tirab turib oldi”. O‘rta Osiyo musulmonlari orasida birdamlik bo‘lmagan bo‘lsa ham, 1916 yilda mintaqa ozodlik sari mashaqqatli yo‘lga tushgani, imperiya esa pastga sho‘ng‘ib, qo‘zg‘olon bostirilganidan keyin bir yil o‘tiboq qulaganini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.

Kamol Abdullayev, tarixchi,

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here