O‘zbekiston modernizatsiyaga kirishmoqda. Bu nafaqat hokimiyatga yangi kelgan elitalarning tanlovi, balkim hayotiy zaruriyatdir. Yo jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy munobasatlar jamini yangilagan holda zamonaviy bozor iqtisodiyotiga o‘tadi, yo malakali kadr va tabiy resurslarni isrof etaverib, umidni uzsa ham bo‘ladigan darajada turg‘unlikka uchraydi. Lekin tanlangan modernizatsiya yo‘li albatta muvaffaqiyat bilan tugashiga hech kim kafolat bermaydi. Iqtisod fanida 200 yillik statistika asosida tuzilgan mashhur Medison jadvaliga ko‘ra, 20 asrda ellikdan ortiq mamlakatlar modernizatsyalashga urinib ko‘rdi, shundan sanoqlilarigina (Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur va balkim Xitoy) buni eplay oldi va uchinchi dunyo rivojlanayotgan davlatidan birinchi dunyo rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shildi.

Bu davlatlarning muvaffaqiyat(sizlig)ida umumiylik bormi? Muvaffaqiyatga erishgan barcha davlatlar, ayniqsa Xitoy va Singapur, taraqqiyot modelini import qilingan mafkuralar emas, urg‘uni inson salohiyatiga bergan o‘zining milliy taraqqiyot falsafasi asosida ish tutdilar.

O‘zbekiston 1991 yilda o‘z Mustaqilligini e’lon qilar ekan, kor bermagan marksizm-leninizm g‘oyalari asosida kommunizmni qurish loyihasidan voz kechdi. Keyingi hayotini qanday tamoyillar asosida qurish masalasi millat uchun dolzarb mavzuga aylangan bir paytda, najot liberal demokratiyada ekandek tuyulgan edi. Aynan demokratiya o‘zbek millatining taraqqiyot modeli va bir kun porloq kelajakda erishiladigan holat sifatida tanlanganligi bir necha sabablarga ko‘ra o‘sha payt uchun tabiiy edi:

1) 80-yillarning oxiriga kelib, demokratiya sotsializm bilan raqobatda o‘z ustunligini ko‘rsatdi;

2) demokratiya “eng yomon boshqaruv shakli bo‘lsa ham, lekin mavjudlaridan eng yaxshisi”, unga muqobil dasturlar mavjud emas edi. 90-yillarning boshida demokratiyaning dunyo bo‘ylab g‘olibona yurishi natijasida g‘arbona ‘liberal demokratiya’ odamzod ijtimoiy-madaniy tadrijining eng yuqori cho‘qqisi va boshqaruvning yakuniy shakli ekanligi haqidagi keng yoyilgan tasavvurlar (Fransis Fukuyamaning ‘tarixning yakuni ’ haqidagi tezisi) keng tarqalgan edi.

3) eng boy va taraqqiy etgan jamiyatlarning deyarli barchasi (AQSh va G‘arbiy Yevropa) demokratyalar edi va jozibador namuna sifatida xizmat qilgan edi;

Mana 25 yildan beri, yaxshimi-yomonmi, rasman shu modelni tatbiq qilishga harakat qilayapmiz, yo‘l-yo‘lakay uni tobora chuqurlashtirib, yanada kengaytirib’ va o‘zimizga moslab, ‘sharqonalashtirib’. Lekin ayon bo‘lishicha, va keyingi voqealar rivoji ko‘rsatishicha, G‘arbning ‘liberal demokratyasi’ odamzod erishgan ijtimoiy-madaniy tadrijning eng yuqori cho‘qqisi va hokimiyat turining eng yakuniy shakli emas ekan. O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlarga Osiyo muqobil model taklif etmoqda.

Demokratiyaning istiqbollariga bag‘ishlangan sonida nufuzli ‘The Atlantic’ jurnali O‘zbekiston uchun muhim ikki maqola e’lon qilgan edi. “The Future of Democracy in the Middle East: Islamist and Illiberal” maqolada Shadi Hamid haqli ravishda iddao qilishicha, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Sharqiy Yevropaning ba’zi davlatlarida G‘arbdan farqliroq, demokratiya (muntazam saylov, siyosiy kurash) va liberalizm (tamal haq-huquqlar) birgalikda kelmasligi ham mumkin ekan. Demokratik jarayonlar nafaqat liberal jamiyatlarni, balki liberal bo‘lmagan (noliberal) jamiyatlarni ham hosil qilishi mumkin. Bu albatta idealdan uzoq, va G‘arbiy bo‘lmagan jamiyatlarda demokratiyani tatbiq qilishda bir necha nuqsonlarga olib kelmoqda. Shuningdek, qay biri muhimroq – tamal haq-huquqlarga ega bo‘lishmi (liberalizm) yoki siyosatiga deyarli ta’sir qila olmaydigan hukumatga har to‘rt yilda bir ovoz berib turishmi (demokratiya)- kabi savolni ham tug‘diradi.

Demokratiya bilan bog‘liq muammo shundaki, oqibatda demokratik hokimiyat o‘z yoki tor guruh manfaatlarini ko‘zlagan shaxslar va guruhlar tomonidan ishg‘ol etiladi, chunki butun aholi, ya’ni bir necha million shaxs har doim ham to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqaruv ishida qatnasha olmaydi (demokratiyaning eng asosiy shartlaridan biri shu). Puli, nufuzi va qudrati bor guruhlar ‘oddiy xalq irodasini’ ro‘kach qilib, har doim hokimiyatni egallashga, davlat siyosatiga ta’sir qilishga muvaffaq bo‘ladilar. Bunday moyillik dunyoning turli davlatlarida – dunyoning eng oldi demokratiyasi bo‘lmish AQSh’dagi populist milliarder Donald Trump’ning g‘alabasidan tortib dunyoning eng katta demokratiyasi bo‘lmish Hindistondagi hokimiyatni qo‘lga olgan oligarxik guruhlar va ularga qarshi doimiy ommaviy noroziliklarigacha – hozirda namoyon bo‘lmoqda. Demokratik yo‘l bilan saylanib, lekin hokimiyatni o‘z manfaatlari garoviga aylantirishga uringanlarga qarshi G‘arb davlatlarida ishlaydigan sud sistemasi, ozod matbuot va boshqa ‘cheklab, bosib turuvchi’ mexanizmlar, siyosiy ongda esa immunitet shakllangan, lekin bunday mexanizm va immunitet yangi demokratiyalarda mavjud emas.

Demokratik jarayon manfaat guruhlari tomonidan ishg‘ol qilingan va natijada samarali, oqilona boshqaruvga (good governance) putur yetgan sharoitda jamiyatlar nima qilishi mumkin?

Bu savolga javobni hozirda G‘arbning ‘Liberal Demokratyasi’ modeliga muqobil maqomga da’vogarlik qilayotgan Xitoy, Singapur va boshqa janubiy- sharqiy Osiyo davlatlarining ‘Avtoritar Meritokratiya’ taraqqiyot modeli berishi mumkin.

Avtoritar meritokratya o‘zi nima?

[box type=”shadow” align=”alignright” class=”” width=””]”Shamayga bormasimdan ilgari o‘z hukmdorlig‘imizni ko‘rib; boshqalar ham shundaydir, deb o‘ylar edim, lekin Shamay manim fikrimni ost-ust qilib, o‘zimni ham butunlay boshqa kishi yasadi. Men o‘risning idora ishlarini ko‘rib, o‘z idoramizning xuddi bir o‘yinchoq bo‘lg‘anlig‘ini iqror etishka majbur bo‘ldim… Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa holimizning nima bo‘lishig‘a aqlim yetmay qoldi. Shamayda ekanman, qanotim bo‘lsa, vatanga uchsam, to‘ppa-to‘g‘ri xon o‘rdasiga tushsam-da, o‘risning hukumat qonunlarini birma-bir arz qilsam, xon ham arzimni tinglasa-da, barcha elga yorlig‘ yozib o‘risning idora tartibini dasturilamal etishka buyursa, men ham bir oy ichida o‘z elimni o‘risniki bilan bir qatorda ko‘rsam… Otabek “O‘tgan Kunlar” romanida.[/box]

‘Bugungi kunlar’ romanini yozmoqchi bo‘lgan zamondosh yozuvchi, qahramonini endi Rossiyaning Shamayiga emas, Xitoyning Pekiniga yuborib, “Men chinning idora ishlarini ko‘rib, o‘z idoramizning xuddi bir o‘yinchoq bo‘lg‘anlig‘ini iqror etishka majbur bo‘ldim” degan xulosaga kelsa kerak.

‘Avtoritar meritokratya’ iborasidagi ‘avtoritar’ so‘zi ham bugungi Shimoliy Korea yoki 30-50 yillardagi SSSRning totalitarizmining nuqsonlaridan, ham zamonaviy demokratiyalarning (bugungi AQShning ichki siyosatida kuzatilayotgan kabi) disfunktsiyonalizmidan holi boshqaruv usulidir. Boshqacha qilib aytganda, na butunlay liberal, na tamomila noliberal bo‘lmish yarim-liberal avtoritarizm (semiliberalism autocracy). Yoki ‘ma’rifatli avtoritarizm’ (‘enlightened autocracy’).

Faqatgina avtoritarizmning o‘zi albatta illatdir, u munosib insonlar tomonidan amalga oshirilsagina muvaffaqiyatli va ma’rifatli bo‘ladi. Janubiy-sharqiy Osiyo avtoritar mamlakatlarining muvaffaqiyati, Afrika va Yaqin Sharqdagi avtoritarizmining muvaffaqiyatsizligining siri ham aynan shu “avtoritar meritokratiya” iborasining ikkinchi qismi, ya’ni ‘meritokratiya’ so‘zida. Qisqa qilib aytganda, meritokratiya – qobil va fozil insonlar hokimiyatini anglatadi. Demokratiya kabi xalq hokimiyati emas, aristokratiya kabi zodagonlar yoki boylar hokimiyati ham emas.

Meritokratiyada ijtimoiy kelib chiqishi, nasl- nasabi, irqi, dinidan qat’iy nazar eng qobiliyatli (aqliy salohiyat nuqtai nazaridan) va fozil (millatparvar) texnokratlar xalqdan nisbatan mustaqil davlatni boshqaradi. Kerak bo‘lsa, xalqning bugungi irodasiga qarshi, lekin uzoq muddatda millat uchun manfaatli bo‘lgan siyosat va islohotlarni olib boradi. Shu bilan birga, xalq siyosatga aralashmaguncha, kundalik hayotida nisbatan ozod yashashga yo‘l qo‘yiladi, odamlar har qadamda nazorat qilinavermaydi.

Daniel A. Bell’ningChinese Democracy Isn’t Inevitable,” maqolasida muallif Xitoyda aynan shunday, meritokratik boshqaruv modeli vujudga kelayotganini iddao qilmoqda. Bell’ning aytishicha, Xitoyning iqtisodiy mo‘jizasining asosiy sabablaridan biri, 90-yillarning boshidan Xitoy siyosiy tuzumida iqtidorli (oqil va fozil) talantlarni aniqlash, ularning ko‘tarish, martabasini oshirishga qaratilgan puxta o‘ylangan va keng aholini qamrab oluvchi tanlov tizimini yaratilganidir.

Bunday tizimni tatbiq qilishda Xitoyliklar chet eldan import qilingan g‘oyalar emas, o‘z tarixi va falsafasiga (Konfutsiy, Zhu Xi, Sun Yat-sen fikrlariga) asoslanib ish tutdilar. Davlat xizmatchilarini, amaldorlarni imtihon va betaraf tavsiyalar orqali tanlash va yuqori lavozimlarga qo‘yish an’anasi ilk bor miloddan avvalgi 141-87 yillarda Han sulolasining imperatori Wu tomonidan tatbiq etilgan. Qadimgi Xitoyda katta lavozimlarni boyligi, tanish-bilishi, kelib chiqishidan qat’iy nazar, faqat murakkab imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tganlargina egallashi mumkin bo‘lgan. Qudratli klanlar albatta bu tizimga ta’sir qilish imkoniyatiga ega edi, lekin shu bilan birga eng past tabaqadagi inson ham sazovor karyera qila olar edi. Xitoyning butun tarixi mobaynida, toki bu tanlov mexanizmi ishlar ekan, Xitoy gullab-yashnagan. Byurokratiya eng qobiliyatli va o‘qimishli, iloji boricha sifatli boshqarishga intilgan insonlar tomonidan butlangan. Aksincha, klanlar kuchayib ketib, bu tanlov mexanizmini o‘z foydasiga og‘dira olgan davrlarda Xitoy kuchsizlanib, parokanda bo‘lgan.

Hozirgi Xitoy va Singapur bu qadimgi tanlov tizimini yangilashga muvaffaq bo‘ldi va ayni damda insoniyatga meritokratiya bugun ham ish berishini ko‘rsatmoqdalar.

Xitoy tipidagi meritokratiyaning o‘ziga yarasha nuqson va kamchiliklari albatta bor, lekin bu tizim demokratik Hindiston yoki Islom olamidagi urug‘lar, klanlar boshqarayotgan diktaturalarga qaraganda ancha muvaffaqiyatliroq ekanligi ayon.

O‘zbekistonda meritokratyaga talab

O‘zbek jamiyatiga hozirgi tarixiy bosqichda ko‘proq demokratiya emas, avtoritar meritokratiya zarur. Bunga bir necha sabablar bor.

Birinchidan, siyosiy realist bo‘lmish Samuel Huntington 1968 yildayoq “Rivojlanayotgan jamiyatlarda siyosiy tuzum” (Political Order in Changing Societies) nomlangan kitobida demokratiya kambag‘al, rivojlanayotgan davlatlarda osonlikcha o‘rnatilmasligidan ogohlantirgan edi. Huntingtonning fikricha, barvaqt siyosiy ishtirok (saylov va boshqa turdagi) rivojlanayotgan davlatlardagi odatdagi nozik siyosiy tuzumni beqarorligiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, bunday jamiyatlarga siyosiy barqarorlik, qonun ustivorligini ta’minlay oladigan, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotga zamin yarata oladigan “taraqqiyot diktaturasi” (yuqoridagi ‘ma’rifatli avtoritarizm’) ko‘proq zarur va mos keladi.

Ikkinchidan, demokratya mustahkam bo‘lishi, ishlashi uchun xalqda tegishli siyosiy ong va siyosiy madaniyat bo‘lishi kerak. Chexoslavakiyaning birinchi prezidenti Tomas Masaryk ta’biri bilan aytsak: “Mana biz demokratiyaga ega bo‘ldik, lekin endi bizga demokratlar ham kerak”. Hozirgi demokratiya G‘arbning o‘ziga xos tarixiy tajribasini aks ettiradi, va G‘arbiy bo‘lmagan kamdan kam davlatlar bu tarixiy tajribani o‘z diyorida qaytara olgan. Muvaffaqiyatsizlikning asosiy sababi “demokratlar tanqisligidir”. Xususan, Markaziy Osiyo hududida hech qachon ‘xalq hokimiyati’ degan tushuncha mavjud bo‘lmagan, bu esa o‘z navbatda xalqning siyosiy ongida aks etmoqda. Masalan, ba’zibirlarning fikricha, demokratiya bu kofirlarning amali va Islomda yo‘q emish. Zero, Islom dinida muayyan idora shakli yo‘q, idora ruhi bor va shuning uchun ham (muvaffaqiyatli) demokratiya (yoki monarxiya, yoki meritokratiya) Islomga zid emas. Yana boshqalar demokratiyani G‘arbning barcha illatlari, tabiiy resurs ilinjidagi (neo-) imperial urushlardan tortib hamjinslar nikohi va oila tanazzuli bilan adashtiradilar. Nima bo‘lganda ham, anti-demokratik (aslida G‘arbga nafrat) kayfiyat va qarashlar kuchli jamiyatda demokratiyani tatbiq qilish amri mahol va shartmikin degan savol tug‘iladi.

Uchinchidan, har qanday g‘oya milliy ongda aks sadosini topsagina, ildiz otib yashab ketishi mumkin. Zamonaviy xitoyliklar rasman marksist bo‘lsalar ham (Marksizm Xitoy Kommunistik Partiyasining rasmiy ta’limoti), lekin 21 asrga moslashishni miloddan avvalgi 551-479 yillarda yashagan qadimgi faylasuf Konfutsiy qarashlari, ayniqsa uning “muruvatli zot” tushunchasi asosida o‘zlarini qayta ixtiro qilishni afzal ko‘rmoqdalar.

Millatni munosib insonlargina boshqarish kerak degan tushuncha nafaqat Konfutsiy yoki xitoyliklarga hos, bu o‘zbek siyosiy falsafasining ham eng asosiy g‘oya va ideallaridandir. Masalan, “alXulafo ar—roshidun” nomi bilan mashhur bo‘lgan birinchi to‘rt xalifa (Abubakr, Umar, Usmon, Ali) o‘zining qobiliyat va fazilatlari asosidagina sahobalar orasidan tanlangan va boshqargan. Siyosiy hokimiyat choryor davrida bo‘lgani kabi eng munosibga emas, Abbosiy, Ummaviy va hokazo sulolalarning vorislariga meros bo‘lib o‘tishi Islom olamida ilk tanazzul alomatlaridan biridir.

“Ikkinchi muallim” nomi bilan Markaziy Osiyo madaniyatining asoschilaridan biriga aylangan Abu Nasr Forobiy ijtimoiy-siyosiy hayotga, davlatni boshqarish masalalariga bag‘ishlangan o‘zining “Fozil odamlar shahri” asarida ham klassik meritokratik prinsiplar asosida boshqarilayotgan jamoani tasvirlagan. Forobiy tafakkurida, fozillar shahri hokimi (bir necha kishidan iborat guruh ham bo‘lishi mumkin) aholiga imomlik (liderlik) qiluvchi oqil va fozil kishi bo‘lib, u o‘zi zarur deb hisoblagan chora-tadbirni amalga oshirishda qat’iyatli bo‘lishi, (Allohdan boshqa) hech kimga bo‘ysunmasligi kerak (hattoki xalqqa ham).

Mutafakkirning siyosiy falsafasi hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q, aksincha, o‘zbek milliy boshqaruvida yangi usul va qoidalarini ishlab chiqish va ularni takomillashtirishda juda katta ahamiyat kasb etadi.

To‘rtinchidan, o‘zbek jamiyati yillardan (asrlardan) beri davom etib kelayotgan poraxo‘rlik, tanish-bilish va urug‘-aymoqchilikdan charchagan, bundan ulkan ziyon va talofatlar ko‘rmoqda. Shuningdek, ko‘pgina mansabdor shaxslarning loqaydligi, o‘z egallab turgan lavozimiga munosib emasligi mamlakatning taraqqiyot sur’atiga putur yetkazmoqda, xalqning noroziligini uyg‘otmoqda. Xalqning kayfiyatini, mazmunli islohotlarga talabgor ekanligini O‘zbekiston hukumatining rasmiy portali’da virtual qabulxonani o‘ziga so‘ngi to‘rt oy ichida 400 mingdan ortiq murojaatlar tushgani yaqqol aks etmoqda. Bu murojaat va takliflarning oqimi bir narsadan dalolat beradi – insonlar o‘z dardini davlat eshitishini xohlayapti.

Quvonarlisi, davlat ham o‘z navbatda epchilligini va islohotlarga tayyor ekanligini namoyish qilmoqda.

 

2016 yil dekabrda o‘tkazilgan prezidentlik saylovda xalq bilan elita orasida o‘zaro kelishuv tuzildi desa ham bo‘ladi.

Bu ijtimoiy kelishuvning asosiy mazmuni, xalq yangi prezident Shavkat Mirziyoyevga zarur islohotlarni o‘tkazish sharti bilan to‘liq harakatlar erkinligini beradi va o‘z navbatda siyosatga aralashmaslik majburiyatini oladi (“islohotlar evaziga sodiqlik”). Yangi elita kelishuvga muvofiq mamlakatda eski ma’muriy-buyruqbozlik tizimini uzil-kesil demontaj qilish jarayonini boshlab yubordi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan O‘zbekistonda ilk bor bir necha muhim qarashlarni o‘z ichiga olgan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish Strategiyasi qabul qilindi.

Xususan, davlat boshqaruvi tizimini professional xizmat asosida isloh qilish modernizatsyaning eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri deb e’lon qilingan. Davlat xizmatiga zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor, mas’uliyatli, kasbiy tayyorlangan kadrlarni jalb etish, yuqori malakali kadrlarni chet elga ketib qolishining oldini olish, ularni davlat xizmatiga, iqtisodiyot tarmoqlariga keng jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, davlat boshqaruvi asoslari, davlat xizmati to‘g‘risida qonunlar ustida ish ketmoqda.

Bu qadamlar hattoki yon qo‘shnilarga qaraganda ancha kechikkan bo‘lsa-da, lekin ayni damda davlat boshqaruv tizimini isloh qilishda ular yo‘l qo‘yilgan nuqsonlarni o‘rganish, saboq olish va O‘zbekiston misolida bu kamchiliklarni qaytarmaslik imkoniyatini beradi. Masalan, shunday saboqlardan biri, eng muhimi, eski ma’muriy-buyruqbozlik tizimini demontaji unga muvofiq bo‘lgan hokimiyat va boshqaruv falsafasini ham tugatishni taqozo etar ekan, davlat xizmatini yangi, meritokratik tamoyillar asosida shakllantirishni talab qilar ekan.

Haqiqiy millat yetakchilari millatiga nimaiki foyda keltirsa, shuni qiladi va o‘z siyosatining ta’sirini yagona taraqqiyot va insonlar farovonligining darajasi bilan o‘lchaydi, boshqaruvning qandaydir mafkuraviy jihatlariga irratsional holda bog‘lanib qolmasdan; millatning siyosiy tizimi vosita xolos, maqsad emas. Xitoyning buyuk siyosatchisi va islohotchisi, Xitoy mo‘jizasining me’mori Den Syaopin aytgan ekan: “Mushuk oqmi, qorami, bunisi muhim emas. Agarda u sichqonni tuta olsa – u tuzukkina mushukdir”.

Toki xalqning kundalik hayotida tamal iqtisodiy va shaxsiy erkinliklar saqlanar ekan, G‘arb tipidagi demokratiyaga hojat yo‘q. Taraqqiyot uchun ham demokratiya bo‘lishi shart emas. Lekin mamlakatni oqil va fozil odamlar boshqarishi shart. 1950 yillarda Afrika mamlakatlari, Arab dunyosi va janubiy-sharqiy Osiyo (Xitoy, Janubiy Koreya, Singapur) deyarli bir hil sharoitlarda modernizatsiyon harakatlarni boshlashgan edi. Birinchisida klanlar davlat apparatini o‘z izmiga bo‘ysundirdi, urug‘-aymog‘lar ‘jiyanlar iqtisodiyoti’ mantig‘ida mamlakatni talon-taroj qilishdi. Ikkinchisida, meritokratik tanlov mexanizmi klanlar ishtahasini jilovlab turdi, davlatni eng qobiliyatli va munosiblar boshqardi. Bu davlatlarning taqdiridan olinishi kerak bo‘lgan saboqlar ayon bo‘lsa kerak.

…ammo o‘z elimga qaytib ko‘rdimki, Shamayda o‘ylag‘anlarim, oshiqqanlarim shirin bir xayol emish. Bu yerda so‘zimni eshitkuchi birov ham bo‘lmadi, bo‘lsalar ham: “Sening orzungni shu xonlar eshitadimi, shu beklar ijro qiladimi?” deb meni ma’yus qildilar.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here