Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga rahbar bo‘lgach, mamlakatning har bir qadami xalqaro jamoatchilikning sinchkov nazariga tushdi. Bu bekorga emas. Chunki yangi rahbar qanday tashqi siyosat olib boradi, qaysi mamlakatlar bilan aloqalarni yanada kuchaytiradi, degan savollar ko‘pchilikda tug‘ildi. Ayniqsa, internet nashrlarida O‘zbekiston rahbari Rossiyaga aprel oyida ilk safarini amalga oshiradi, degan xabarlar chiqdi. Ko‘p o‘tmay, Qozog‘istonga bundan ertaroq, ya’ni mart oyida rasmiy safar amalga oshiriladi, degan axborotlar tarqadi.

Albatta, ilk rasmiy tashrif ko‘proq ramziy ahamiyatga ega bo‘ladi. Qaysi mamlakatga tashrif buyurilsa, ushbu mamlakat bilan muloqot yaxshi bo‘ladi yoki ayrimlar O‘zbekiston qaysi “og‘a” bilan qalin bo‘ladi, degan xulosaga kelish mumkin. Xo‘sh, O‘zbekistonning yangi rahbari o‘zining ilk safarini qaysi omildan kelib chiqib amalga oshiradi? Bu haqida ayrim fikrlari bilan Vatandosh’ning muhbiri Murod G‘ofurov o‘rtoqlashayapti.

Yangi rahbar qanday tashqi siyosatni va’da qildi?

Parlamentning 2016 yil 8 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida Shavkat Mirziyoyevga vaqtincha Prezident vazifa va vakolatlari yuklanganda, u Islom Karimov yo‘lidan davom etishini ma’lum qildi. “Hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va obyektlari O‘zbekiston hududida joylashishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz hududidan tashqarida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, ilgarigidek, davlatimizning qat’iy siyosiy pozitsiyasi bo‘lib qoladi”, deb ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyevning fikricha, Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. “Biz o‘zimizning yaqin qo‘shnilarimiz Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz”, dedi u.

Tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bu – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan aloqalarimizni mustahkamlashdan iborat. Birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasi bilan Strategik sheriklik, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar va boshqa muhim kelishuvlar asosida do‘stona aloqalarni izchil rivojlantirish va kuchaytirish ikki mamlakat manfaatlariga javob beradi va mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Va yaqinda qabul qilingan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida O‘zbekiston “vazmin, o‘zaro foydali va konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirishi” belgilangan.

Unga muvofiq, tashqi siyosat yo‘nalishida maxsus “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi. U davlatning tashqi siyosatini yanada mustahkamlash, ikki va ko‘p tomonlama munosabatini yanada takomillashtirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzi va obro‘sini oshirish, ushbu yo‘nalishda amaliy takliflarni ishlab chiqish imkonini beradi.

Xo‘sh, amalda O‘zbekiston tashqi siyosati qanday kechmoqda?

O‘tgan davr mobaynida Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoning besh rahbari, shuningdek, Rossiya prezidenti, hukumati rahbari, Turkiya, Belarus rahbarlari bilan turli muddatlarda uchrashdi, Qozog‘iston rahbari bilan 4 marta, Turkmaniston rahbari bilan 3 marta, Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari bilan 2 marta, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan 2 marta telefon orqali muloqot qildi. Xitoy, Amerika rahbarlari bilan maktub almashdi.

“Qo‘shnilar tanlanmaydi, qo‘shnilarni Xudo beradi”

Albatta, keyingi vaqtda yuz bergan eng muhim voqealar, shubhasiz, qo‘shni mamlakatlar bilan muloqotlarning jonlangani bo‘ldi. Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi, O‘zbekistonning AQSHdagi sobiq elchisi Ilhom Ne’matov qo‘shni mamlakatlar bilan kun tartibidagi masalalar yuzasidan faol muzokaralar olib bordi.

Natijada Rustam Azimov boshchiligidagi delegatsiya Tojikistonda Emomali Rahmon bilan ikkitomonlama munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha muloqot o‘tkazgan bo‘lsa, Adham Ikramov boshchiligidagi delegatsiya Qirg‘izistonga tashrif buyurdi va Almazbek Atambekov bilan muloqot o‘tkazdi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan chegaradosh viloyatlar jamoatchiligi ishtirokida ushbu mamlakatlarga “xalq diplomatiyasi” ko‘rinishidagi safari uyushtirildi.

Bu tadbirlar nafaqat chegara viloyatlar aholisini, balki butun mamlakat aholisini xursand qildi. Odamlarni yillar davomida o‘ylantirib kelayotgan masalalar haqida so‘z yuritila boshlandi, bu borada amaliy qadamlar tashlana boshlandi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish, temir yo‘l qatnovini esa yangi bosqichga ko‘tarish, Qozog‘iston bilan esa tezyurar poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish, aviaqatnovlar sonini oshirish, Qozog‘istonning Yettisuv va O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatlaridan o‘tadigan trassadan umumiy foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Qirg‘iziston bilan ham chegara muammolari amaliy hal qilina boshlandi, bir qator masalalar, jumladan, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li bo‘yicha yakdil xulosaga kelindi. Bunday ijobiy xabarlarni Turkmaniston misolida ham ko‘rish mumkin.

Eng muhimi, O‘zbekiston Harakatlar strategiyasida qo‘shni davlatlar bilan Davlat chegaralarini huquqiy rasmiylashtirish bo‘yicha muzokaralar jarayonini davom ettirishni maqsad qilgan.

Iqtisodiyot diplomatiyadan ustun yoki O‘zbekiston mahsulotiga xaridor izlab…

Shavkat Mirziyoyevning yaqin qo‘shnichilik va umuman faol tashqi siyosat olib borishi zamirida, ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston mahsulotlari uchun yangi bozorlarni ochish, uzoq mamlakatlarga eksport qilgandan ko‘ra, yaqin qo‘shnilar iste’mol bozorini faol o‘zlashtirish maqsadi mujassamdir. Buni qator majlislarda ta’kidlab, qo‘shnilarga yaxshi gapirib, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun eksport imkoniyatlari kengaytirish zarurligini ta’kidlab keladi.

Hatto xorijiy mamlakatlardagi elchilar asosiy e’tiborini investitsiya jalb qilishga qaratish zarurligini qayd etadi. Xususan, “chet mamlakatlardagi elchilarimiz nafaqat siyosiy, ayni vaqtda yurtimizga investitsiyalarni jalb qilish masalalari bilan ham faol shug‘ullanishlari darkor. Ularning bu boradagi faoliyatini nazorat qilish uchun Oliy Majlis Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasining faoliyat sohasi va vakolatlarini kengaytirish zarur, deb hisoblayman”, degan edi Konstitutsiyaning 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida.

Iqtisodiy manfaatni ko‘zlaydigan ushbu diplomatiya nafaqat Markaziy Osiyoning to‘rt mamlakatiga nisbatan, balki yaqin va uzoq qo‘shnilar uchun ham faol qo‘llanilmoqda. Masalan, O‘zbekiston hukumati vakillari Belarus, Afg‘oniston, Pokiston, Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy singari mamlakatlarda bo‘lishdi. E’tiborlisi, delegatsiya tarkibiga mansabdor shaxslar emas, balki iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari vakillari jalb qilingan. Masalan, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan joriy yil 23-24 yanvar kunlari Afg‘onistonda bo‘ldi.

Delegatsiya tarkibida Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi, “O‘zsanoateksport”, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatlari, “O‘zeltexsanoat” hamda “O‘zavtoyo‘l” aksiyadorlik kompaniyalarining rahbarlari bor edi. Yuqori doirada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki tomonlama qator hujjatlar imzolandi. Ular orasida 2017 yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida to‘laqonli hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha Tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) bor. Mazkur hujjat siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda transport-tranzit jabhalaridagi tadbirlarni, shuningdek, energetika, tog‘-kon va neft-gaz sanoati, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash hamda farmatsevtika sohalaridagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirishni ko‘zda tutadi.

“USHBU RЕJANING HAYOTGA TATBIQ ETILISHI QISQA MUDDATLARDA MAHSULOT AYIRBOSHLASH KO‘RSATKICHINI MAVJUD 0,4 MILLIARD AQSH DOLLARIDAN 1,5 MILLIARD AQSH DOLLARIGA YETKAZISH IMKONINI BЕRADI”, DЕYILADI “JAHON” AA XABARIDA.

Albatta, fikrimizni yaqinda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi ham tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyati bo‘yicha “yo‘l xaritasi” quyidagi maqsadni ko‘zlaydi:

  • O‘zbekiston korxonalarining mahsulotlari va xizmatlarini tashqi bozorga eksport qilishni kuchaytirib borish;
  • O‘zbekistonga investitsiyalarni, ilg‘or texnologiyalarni, sayyohlar oqimini, shuningdek, grantlar, imtiyozli kreditlar va texnik ko‘maklarni jalb etish;
  • Respublikaning transport-tranzit imkoniyatlarini oshirish, tashqi savdo yuk tashish ishlari uchun qulay sharoitlarni shakllantirish;
  • ta’lim, fan va texnika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish.

Investorlar uchun Prezident qabuli

Investor borki, o‘z mulkini, mablag‘ini himoya qilishga intiladi, buning uchun mamlakat rahbariyati bilan muntazam muloqotda bo‘lib turishni istaydi. Shu sababli vaqti-vaqti bilan Prezident qabulida bo‘lish O‘zbekiston sharoitida investorlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Shavkat Mirziyoyev, shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, investorlar bilan doimo muloqotda bo‘lib turibdi. “Lukoyl” neft kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperov, «Boing – fuqaro samolyotlari» kompaniyasi prezidenti Reymond Konner, Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller, AQSHning yetakchi kompaniyalaridan biri “Jeneral Elektrik” kompaniyasi vitse-prezidenti Ronald Jeyms Pollett bunga yaqqol misoldir.

Xulosa

Bugun O‘zbekiston tashqi siyosati harakatlar, muzokaralar, muloqotlar bosqichida turibdi. Juda ko‘p sa’y-harakatlar tasavvurimizga sig‘maslik darajasida hayratlantirayotgan bo‘lsa-da, aniq va qat’iy ishonch shakllangan ham deya olmaymiz.

Shu ma’noda Shavkat Mirziyoyevning birinchi rasmiy safari qayerga bo‘lishidan qat’i nazar O‘zbekistonga foyda keltirsa, milliy manfaatlari himoya qilinsa, eng katta natijaga erishilgan bo‘ladi.

Murod G‘OFUROV.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here