Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonda o‘z faoliyatini qaytadan boshlashni rejalashtirmoqda. Ushbu reja haqida Reuters agentligiga YeTTBdagi ma’nbalari ma’lum qildi.

Bank bu haqda yakuniy qarorni o‘z boshqaruv kengashining chorshanba kuni, 8 martda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida qabul qilishi kutilmoqda.

YeTTBning ismlar oshkor etilmagan yuqori lavozimli xodimlariga ko‘ra, yig‘ilishda Bank rahbariyati o‘n yillik tanaffusdan so‘ngra bank faoliyatini O‘zbekistonda qaytadan boshlash masalasida ijobiy to‘xtamga keladi.

Reuters agentligining ta’kidlashicha, O‘zbekiston va YeTTB orasidagi 2003 yildan boshlangan sovuqlikka inson huquqlari masalasi sababchi bo‘lgan edi. 2007 yilga kelib YeTTB O‘zbekistondagi yirik loyihalarni moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘ygandi.

Agentlikning bankdagi manbalariga ko‘ra, munosabatlarning iliqlashayotgani va YETTBni O‘zbekistonga qaytishi yangi o‘zbek rahbariyatining taklifi bilan amalga oshmoqda.

YeTTB sobiq Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi postsotsialistik o‘lkalarini bozor iqtisodiyotiga o‘tkazishda yordam berish maqsadi bilan 1991 yilda ta’sis etilgan edi.

YeTTB hozirga qadar O‘rta Osiyo davlatlarga 12 milliard dollardan ko‘proq sarmoya kiritgan.

O‘zbekiston ham YeTTB hissadori, uning o‘zbek tarafidan vakili Rustam Azimov hisoblanadi.

YeTTBning O‘zbekistondagi amaliyotlari 1992 yilda boshlangan edi.

15 yil davomida YeTTB O‘zbekistonga 1 milliard dollardan ko‘proq sarmoya kiritdi. Ushbu sarmoyalarning salmoqli qismi xususiy sektorga yo‘naltirilgan edi.

Ammo, hozirgi kunda YeTTBning O‘zbekistondagi faoliyati umumiy hisobi 8 million dollarlik bor-yo‘g‘i beshta loyihani qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lib qolmoqda.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here