Fashizmning turli tarixiy shakllarini farqlash oson bo‘lmasa-da, men “barhayot fashizm” (Ur-Fascism) deb ataydigan hodisaning tipik belgilarini sanab chiqish mumkin. Bu belgilarning aksariyati bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgani bois, ularni aniq tizimga solish mushkul masala. Ularning ayrimlari fanatizm va despotizmning fashizmdan boshqa turlarida ham uchraydi. Bu belgilardan birortasining paydo bo‘lishi atrofimizda fashizmning ildiz otishi uchun yetarlidir.

  • Fashizmning birinchi belgisi an’anaga topinish (Cult of Tradition). Traditsionalizm fashizmdan ancha qadimiy hodisa, albatta. U fransuz revolyutsiyasiga qarshi vujudga kelgan katolikcha kontr-revolyutsiya kayfiyatigagina xos emas. U klassik yunon ratsionalizmiga qarshi reaksiya sifatida ellinistik davr oxirlarida yuzaga kelgan. O‘rtayer dengizi qirg‘oqlarida yashovchi turli dinga mansub xalqlar (ularning xudolari Rim panteoniga qo‘shilib ketgan edi) insoniyat ibtidosida berilgan mistik bilim – vahiy haqida hayol qila boshladilar. Bu vahiy unutilgan, yo‘qolib ketgan tillar – Misr iyerogliflari, kelt mixxatlari, Osiyoning nomi chiqmagan dinlari qo‘lyozmalari qatlamlarida uzoq vaqt yashirin yotgan.
  • Traditsionalizm modernizmning inkoridir. An’anachi mutafakkirlar odatda texnologiyani an’anaviy ma’naviy qadriyatlarni yemiruvchi illat sifatida qoralasa ham, fashist va natsistlar texnologiyaga sig‘ingan. Natsistlar, garchi o‘zlarining texnologiyadagi yutuqlari bilan faxrlangan bo‘lsalar-da, ularning modernizmi Qon va Tuproqni (Blut und Boden) asos qilib olgan mafkuralarining sirti edi, xolos. Modernizmni inkor qilish ularning kapitalistik turmush tarziga bo‘lgan qarshiliklarida pinhon edi. Ma’rifatchilik va Aql davri ularning nazarida zamonaviy axloqsizlikning ibtidosi edi. Ana shu ma’noda fashizmni irratsionalizm[1] deb ta’riflash ham mumkin.
  • Irratsionalizm “harakat uchun harakat qilish” kultiga tayanadi. Harakatning o‘zi muhim, u fikr qilishdan avval yoki umuman fikr qilmay ham bo‘lishi mumkin. Fikrchanlik zaiflik belgisidir. Tanqidiy tafakkurga tayangan madaniyat shubhalidir. Aqlga bo‘lgan ishonchsizlik fashizmning ajralmas belgisidir. Hermann Geringning Hans Yost dramasidagi iborani (“Madaniyat” so‘zini eshitsam, qo‘lim beihtiyot uzalar qurolga) takrorlashi yoki “Chirigan ziyolilar”, “Tovuqmiyalar”, “xotinmijoz snoblar”, “universitetlar – qizillar uyalari” kabi so‘zlarning tez-tez takrorlanishi shunga dalolat qiladi. Rasmiy fashist ziyolilari zamonaviy madaniyat va liberal ziyolilarni an’anaviy qadriyatlardan yuz o‘girishda ayblashar edi.
  • Tanqidiy tafakkur turfaxillikni paydo qiladi. Turfaxillik esa modernizm nishonasidir. Zamonaviy madaniyatda ilmiy hamjamiyat ixtilofli fikrlarni ilm taraqqiyoti uchun muhim deb biladi. Fashistlar esa ixtilofni xoinlik hisoblaydi.
  • Ixtilof turfaxillik belgisidir. Fashizm insondagi o‘zgachalikka bo‘lgan xadikdan samarali foydalanib rivojlanadi va shu orqali yagona konsensusni yaratishga urinadi. To‘liq shakllangan yoki shakllanayotgan fashizm kelgindilarga qarshi quroldir. Shu ma’noda fashizm irqchi mafkura sanaladi.
  • Fashizm shaxsiy va ijtimoiy umidsizlik, tushkunlikdan unib chiqadi. Fashizmning muhim belgilaridan yana biri uning iqtisodiy inqirozlarda azob chekkan, siyosiy jihatdan kamsitilgan, quyi ijtimoiy guruhlardan havotirga tushgan o‘rta qatlamga ma’qul kelishidir. Eski “proletarian”lar mayda burjuaga aylanayotgan (va lyumpen siyosiy sahnadan chetlatilayotgan) hozirgi kunimizda kelajak fashizmi ana shu yangi ko‘pchilik orasida o‘z auditoriyasini topyapti.
  • Fashizm aniq ijtimoiy identligini yo‘qotgan kishilarga ularning eng muhim yutug‘i ana shu yagona yurtda tug‘ilib o‘sganida ekanini uqtiradi. Ana shu millatchilik manbasidir. Boz ustiga, millatga identlik tuyg‘usini taqdim qiladigan narsa uning dushmanlaridir. Demak, fashist ruhiyatining o‘q ildizi ongning turli fitnalar, ayniqsa, xalqaro fitnalar haqidagi o‘ydan xalos bo‘la olmasligidir. Fashistik g‘oya tarafdorlari o‘zlarini qo‘rshovdadek his etadilar. Muammodan qutulishning eng oson yo‘li – ksenofobiyadir. Ammo fitna ichkaridan bo‘lishi ham kerak. Yaxudiylar bu borada eng qulay nishondir. Zero ular ham ichkarida, ham tashqarida bor. AQSHda fitnalardan havotirning eng yorqin namunasi Pat Robinsonning “Yangi dunyo tartiboti” asarida ko‘rinadi. Ammo so‘nggi vaqtlarda ko‘ryapmizki bundaylar juda ko‘p ekan.
  • Fashistik g‘oyaga ergashganlar dushmanlarning kuch-qudrati, boylarning hashamatli hayoti oldida o‘zlarini kamsitilgandek his etadilar. Bolaligimda inglizlar bir kunda besh mahal ovqatlanadi deb aytishgan. Ular nochor, ammo esli italyanlardan ko‘ra ko‘proq ovqat yeydi. Yaxudiylar boy va bir-birlariga turli maxfiy yo‘llar orqali ko‘mak beradilar. Shunga qaramay, fashistik mafkura ular ustidan g‘alaba qozonish mumkinligiga amin bo‘lishi lozim. Shu tarzda dushman bir paytning o‘zida ham kuchli, ham zaif qilib ko‘rsatiladi. Fashistik hukumatlar urushlarda mag‘lub bo‘lishga mahkum, zero ular dushmanning kuchini xolis, obyektiv baholay olmaydilar.
  • Fashizm uchun yashash uchun kurash emas, aksincha, kurash uchun yashash bor. Pasifizm dushman bilan kelishuvdan o‘zga narsa emas. Pasifizm yomon, chunki hayot tinimsiz urushdan iborat. Ayni shu qarash fashistlarda Armagedon kompleksini vujudga keltirgan. Dushman butkul mag‘lub bo‘lishi kerak ekan, binobarin, qachondir so‘nggi, hal qiluvchi jang bo‘ladi. Shundan so‘ng dunyo ushbu guruhning nazoratiga o‘tadi. Bu so‘nggi urush undan keyin faqat tinchlik bo‘lishi, “Oltin davr” kelishini anglatadiki, bu ayni damda “Abadiy urush” haqidagi e’tiqodning o‘ziga zid. Hech bir fashist dohiysi bu ziddiyatni yecha olmagan.
  • Elitizm har qanday reaksion mafkuraning muhim aspektidir. Chunki fashistik mafkura mohiyatan aristokratikdir. Aristokratik va militaristik elitizm zaiflardan nafratlanadi. Fashizm populyar elitizmni ma’qullaydi. Har bir fuqaro dunyodagi eng yaxshi jamoa a’zosi, partiya a’zolari esa fuqarolarning eng sarasidir. Har bir fuqaro partiya a’zosi bo‘la oladi (va shunga majbur ham). Biroq plebeylarsiz patritsiylar bo‘lishi mumkinmas. Dohiy o‘ziga hokimiyat demokratik yo‘l bilan berilmagani, balki bosib olinganini bilgani uchun ham kuch qudrati ommaning zaifligiga asoslanganini ham aslo unutmaydi. Ular shunchalar zaifliklari bois rahnamoga muhtoj va unga munosib bo‘lishlari zarur.
  • Shu nuqtai nazardan har bir kishi qahramon bo‘lishga targ‘ib qilinadi. Mifologiyada qahramon g‘ariodatiy shaxs hisoblansa, fashistik mafkura uchun bu norma. Bu qahramonlik kulti o‘lim kulti bilan chambarchas bog‘langan. Ispan falangistlarining “Viva la Muerte” (Yashasin o‘lim) shiori bejizga emas. Fashistik bo‘lmagan jamiyatlarda oddiy insonlarga o‘lim yomonligi, ammo unga bosiqlik bilan munosabatda bo‘lish lozimligi aytiladi. Dindorlarga esa o‘lim ilohiy baxtga yetishishning og‘ir yo‘li ekani uqtiriladi. Fashistik jamiyatlarda esa qahramonona o‘lim qahramonona umrning mukofoti sifatida targ‘ib qilinadi. Qahramon fashist o‘limni chin dildan istaydi, uni sabrsizlik bilan kutadi. Sabrsizlanar ekan, ko‘proq odamni o‘ldiradi.
  • Qahramonlik va Abadiy urush juda og‘ir o‘yin ekan, fashist o‘z e’tiborini jinsiy masalalarga qaratadi. Ana shu erkak bo‘lgandan g‘ururlanish tuyg‘usini paydo qiladi. (Ayollarni yomon ko‘rish, ularga nisbatan toqatsizlik, nostandart jinsiy hayot – rohiblikdan tortib, gomoseksulizmgacha bo‘lgan nafrat ham shuning ichida.) Jinsiy masalalardagi o‘yin ham og‘irlik qilganidan, fashist oxiri qurollar bilan o‘ynay boshlaydi.
  • Fashizm selektiv populizmga asoslanadi. Demokratiyada fuqarolar shaxsiy huquqlarga ega. Ammo ularning siyosiy kuchi sifatiy emas, balki miqdoriy xarakterdadir. Ya’ni, bir kishi ko‘pchilik chiqargan hukmga bo‘ysunadi. Fashizm alohida shaxslarning huquqlarini tan olmaydi. Xalqqa esa umumiy Irodaning ifodachisi sifatida yagona butunlik sifatida qaraydi. Ko‘pchilik umumiy istak-xohishni ifodalay olmagani uchun, Lider ularning irodasini talqin qiluvchi bo‘lib o‘rtaga chiqadi. Hokimiyatdagi o‘z ulushidan mahrum bo‘lgan fuqarolar shunchaki Xalq rolini o‘ynab beradilar. Binobarin, Xalq xayoliy to‘qima, xolos. Bu kabi populizmga Rimdagi Pyassa Venetsiya yoki Nyurenberg stadionini misol qilib keltirish shartmas. Kelajakda TV va Internetda aytiladigan muayyan toifa fuqarolarning emotsional talab-istaklarini Xalq Irodasi sifatida qabul qilish mumkindirki, bu ham ayni turdagi populizmga mansubdir.
  • Fashizmning tili “Yangi nutq”dir (Newspeak). “Yangi nutq” ingsos – ingliz sotsializmining rasmiy tili sifatida Oruyellning “1984” asarida keltiriladi. Fashizm barcha turdagi diktaturalarda uchraydi. Natsist va fashistlarning maktab darsliklarida til tanqidiy va murakkab tafakkurga xalal beradigan darajada qashshoqlashtirilgan edi. Ammo biz ommaviy tok-shoularda ishlatiladigan sirtdan beziyon ko‘ringan “Yangi nutq”larga bee’tibor bo‘lmasligimiz lozim.

Bu yangi madaniyat sinkretik bo‘lishi lozim edi. Bu yerda sinkretizm lug‘atlarda yozilganidek “turli amal va e’tiqodlarning aralashmasi”gina emas, ayni choqda bu aralashma turli qarama-qarshiliklarga ham toqat qilishi, ularni ham qamrab olishi kerak edi. Garchi bir-biriga qarama-qarshi bo‘lsa-da, har bir original xabarda donolik uchqunlari bor – ularning bari majoziy shaklda o‘sha ilk haqiqatni aks e ttiradi.

Oqibatda insonning aqlu tafakkuri, bilimida yuksalish bo‘lishi mumkin emas. Haqiqat allaqachon barcha uchun faqat bir marta aytilgan. Biz o‘sha mujmal xabarni talqin qilishimiz mumkin, xolos.

Amerikadagi kitob do‘konlarini aylanib, “Yangi davr” (New Age) degan yorliq osilgan jovonlariga ko‘z tashlasangiz, Avliyo Avgustin nomiga ham ko‘zingiz tushadi. Avgustin fashist bo‘lmagan, mening bilishimcha. Ammo Avgustinni Stounhenjga bog‘lash – ana shu fashizm simptomidir.

***

Fashizm odmigina libosda hali ham bizning oramizda yashamoqda. Kimdir chiqib “Aushvisni qayta ochishni, “qoraliboslilar” Italiya maydonlaridan saf tortib o‘tishini istayman” desa, tabiiy, fashizmni tanib olish oson bo‘lardi bizga. Ammo hayot bu qadar jo‘n emas. Fashizm istalgan vaqt juda ma’sum qiyofada hayotimizga qaytishi mumkin. Uni har on, dunyoning qayerida bo‘lmaylik fosh qilish, uning har qanday yangicha turlarini barmog‘imizni bigiz qilib ko‘rsatish burchimizdir.

Umberto Eko

(Qisqartirilgan)


[1] Aqlga ikkilamchi o‘rin berish yoki uni butunlay inkor qilish. –X.Y.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here