Aksariyat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy ta’limotlar, mafkuralarning manbasi falsafiy tafakkur egalari bo‘lgan. Adabiyot va san’at esa ularni ommalashtirgan. Bugun adabiyot va san’at nimanidir omma ongiga yetkazayotir, qo‘ldan kelgancha, baqadar imkon. Biroq falsafiy tafakkur so‘nib borayotgandek, nazarimda. Falsafiy tafakkuri yuqori bo‘lmagan ijodkordan falsafiy jihatdan yuksak badiiy, kino, teatr asarini kutib bo‘lmaydi. Oddiy odamlarning bu boradagi saviyasi yanada tushkun bo‘lsa, daholar arava tortadi. Ilmning kuni ilmbozlarga qoladi. Men bu o‘rinda ziyolilarimizning bir qismi bo‘lmish faylasuflar, aniqrog‘i shu sohaning mutaxassisiman deya da’vo qiladigan diplomli faylasuflar haqida to‘xtalmoqchiman.
Yurtimizdagi deyarli barcha oliy o‘quv yurtlarida falsafa kafedralari yoki fakultetlari bor. Har yili yuzlab magistrlik, doktorlik dissertatsiyalari(ikki-uch yildan buyon himoyalar vaqtincha to‘xtab qolgan bo‘lsa-da) himoya qilinadi. Yana shuncha monografiya chop etiladi. O‘nlab konferensiyalar tashkil qilinib, ming-minglab tezislar to‘plamlar holida nashr qilinadi. 15-20 yilda qilingan ishni sarhisob qilib olavering. Shuncha ishning samarasi bo‘lyaptimi? Nega falsafiy tafakkur bizda gullab-yashnab ketmayapti? Menimcha, sonda muammo yo‘q, hamma gap sifatda. Birgina gapni o‘n xil shaklda yozish va o‘nta dissertatsiyani himoya qilish mumkin. O‘zbek tilidagi falsafa darsliklarini varaqlayman – birining tili chuchuk, ikkinchisining fikri, uchinchisi esa rus tilidan shunchaki tarjima qilinib, go‘yoki original yozilgan darslikdek taqdim qilingan. Ruslar darslik chiqaradi, biznikilar uning u yer, bu yeridan cho‘qib, bir to‘plam holiga keltiradi. O‘sha darsliklarni tayyorlaganlar o‘zlari yozayotgan faylasufning birorta yirik asarini to‘liq o‘qib chiqqanmikan? To‘rt yil universitetda ta’lim ko‘rib, qo‘liga faylasuf diplomini olayotgan, lekin birorta ham falsafiy asarni o‘qib chiqmagan kadrlarni-ku gapirmasa ham bo‘ladi. (Bu filolog diplomini olib, bitta ham roman o‘qimaslik bilan barobar.)
Falsafaga ajratilagan dars soatlari qisqarib ketayotgani haqida ba’zan nolib qolishadi. Falsafaning nonini yeb, doktoru professor bo‘lib, shuning orqasidan ko‘krak kerib yurganlar buning uchun mas’ul. Ular o‘zlari va o‘zlari qilayotgan ish jamiyatga nima naf keltirishini amalda namoyish etishlari kerak. Ba’zi falsafaga aloqasi yo‘q kishilar , deylik, jurnalistlar, adabiyotshunoslar bizdagi ayrim falsafa doktorlaridan ko‘ra faylasufroq. Men quyida falsafaning chinakamiga cho‘kishiga bois bo‘layotgan ba’zi bir salbiy holatlarga e’tibor qaratmoqchiman.

Mavzumi yoki muammo?

Falsafa haqidagi tasavvurlarim ehtimol ancha cheklangan, biryoqlamadir. Biroq shunga aminmanki, falsafiy muammolar odatda yechimsiz bo‘ladi. Yechimi aniq bo‘lgan masalalar fanning predmetiga aylanib qoladi. Boshqacha aytganda muammo avval-boshda juda noaniq shaklda ifodalanadi. Asta-sekin aniqlashib konkret shaklda – aniq ta’rifga ega tushunchalar orqali ifodalangunga qadar rivojlanib, evolyutsiyaga uchraydi. Aniqlanish “spektr”ining bir boshida falsafa va din tursa, ikkinchi tomonida fan turadi. “Inson nima?”, “Ong nima?” kabi masalalar falsafiyligicha turibdi. Chunki “inson”, “ong” tushunchalarining o‘zi barcha birdek qabul qilgan ta’rifga ega emas. Tabiiyki, uning umumqabul qilingan yechimi ham hozircha yo‘q. Bo‘lganda esa u bilan faylasuflar shug‘ullanishi dargumon. Fanlarning falsafadan ajralib chiqishi fenomenini ham predmetning konkretlashishi bilan izohlash mumkin. Falsafa va fan o‘rtasidagi chegara kamalak ranglari o‘rtasidagi chegara kabi chaypalgan. Chunki konkretlashish dinamik xarakterga ega bo‘lib, uzluksiz davom etadi. Qayerda falsafiylik tugab, ilmiylik boshlanishi noaniq. Shuning uchun ham tutash sohalarda fannamo falsafalar va falsafanamo fanlar paydo bo‘ladi.
Falsafa asosan tafakkurni harakatga keltirish, insonni mustaqil fikrlashga o‘rgatish, juda bo‘lmaganda qaysidir masalani o‘zi uchun qoniqarli darajada hal etishi va topganlarini o‘zgalar bilan bo‘lishishi va shu orqali insonning ma’naviy dunyosini (adabiyot, san’at, din kabi) boyitishga xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan savol tug‘iladi: falsafadan dissertatsiya himoya qilib bo‘ladimi? Bu endi dissertatsiya deganda nima tushunilishiga bog‘liq. Deylik matematik yoki fizikning nazaridagi dissertatsiyani falsafada yozib ham, uni yoqlab ham bo‘lmaydi. Aniq va tabiiy fanlarda mavzu emas, muammo tanlanadi. U aniqlashtiriladi, yechiladi, yechimi isbotlanadi (matematikada) yoki tajribada tasdiqlanib (tabiiy fanlarda) himoya qilinadi. Falsafada esa qat’iy xulosa ham, uning himoyasi ham bo‘lmaydi. Kim ham falsafaning ming-ming yillik masalalarini hal qildim deya olardi. Shuning uchun falsafiy dissertatsiyada muammoni hal qilish birlamchi maqsad emas. Menimcha, dissertantning asosiy mo‘ljali muayyan bir masalani olish, uni konseptual jihatdan imkon qadar aniqlashtirish, u haqda aytilgan muhim fikrlarni tahlil qilish, masalaga o‘z yondashuvini ilgari surishdan nariga o‘tmaydi. Juda bo‘lmaganda mavjud ta’limotlardagi jiddiy xatoliklarni ko‘rsatib berishi mumkin. Masalan, “absolyut hokimiyat inson huquqi va erkini cheklaydi, binobarin, u yovuzlikdir” degan fikr butun boshli dissertatsiyaning xulosasi bo‘lishi ham mumkin. Biroq bu xulosa biror muammoni hal etmaydi. Muallif “hokimiyat”, “inson huquqi”, “inson erki” kabi tushunchalarni konseptual jihatdan obdon tahlil va talqin qiladi. Xulosa esa ayni shu tahlil va talqinning natijasi o‘laroq kelib chiqadi. Uning muvaffaqiyati esa qanchalik ko‘p odamni ishontira olishiga bog‘liq. Odatda mantiqiy izchillik va puxtalik bunda hal etuvchi omil sanaladi. Muxtasar aytganda, falsafiy dissertatsiya chinakam falsafiy asarga teng bo‘lishi, muallifning nuqtai nazari bo‘rtib turishi lozim. (Muammoni tugal hal etmasa, nega kerak bunaqa dissertatsiya? Tarixda shunday falsafiy asarlar yozilganki, ular butun boshli yirik ta’limotlarga, shu orqali ijtimoiy-siyosiy harakatlarga aylanib ketgan. Shuning uchunmi siyosiy va diniy arboblar falsafa va faylasuflarni nazardan qochirishmagan. Zamonaviy eksperimental fanlarning metodologik asoslari, fuqarolik jamiyati, demokratik boshqaruv shakllari haqidagi ilk g‘oyalar falsafiy tafakkur sohiblari asarlarida bayon qilingan. Falsafiy asarlarning kuchi shundaki, ayniqsa, san’at va adabiyot bilan birlashib ketsa, insonlarga sezdirmasdan, asta-sekin ta’sir o‘tkazadi.)
Ana endi, mazkur talablarni nazarda tutib, falsafadan yozilayotgan doktorlik dissertatsiyalariga nazar tashlaylik. To‘g‘ri, ulardan bu qadar katta narsani talab qilib bo‘lmaydi. Bu dissertatsiyalarning aksari turli manbalardan ko‘chirilgan, qorishiq ma’lumotlar, quruq bayon, sayoz tanqiddangina (ayniqsa o‘zimizdan chiqqan Farobiy, Ibn Sino, Beruniy kabi mutafakkirlarlar haqida yozilgan bo‘lsa, tanqid deyarli uchramaydi. Go‘yo ular xato qilmaydigandek) iborat. Falsafiylik yo‘q. Masala aniq emas. Ularda mavzu bor-u, muammo yo‘q. Masalan, “Beruniyning kosmologik qarashlari”, “Aristotelning bilish nazariyasi”. Dissertatsiya esa boshdan oxir bayon. Undan ko‘ra, o‘sha dissertant Beruniy yoki Aristotelning tegishli kitobini keltirib tarqatsa, ilmiy kengashdagilar o‘zlari o‘qib olishadi. Balki sharxlayotgandir dersiz? Deylik, Kantning “Abadiy tinchlik” (Zum ewigen Frieden) asarini “Abadiy dunyo” deb o‘girganlar (Rus tilidagi “mir”ni o‘zbek tiliga “dunyo” deb o‘girib yuborishgan. Nemischa asliyat bilan solishtirilganda edi, shunaqa xatoga yo‘l qo‘yilmasmidi.) o‘sha kitobni o‘qib chiqqanmidiki, uni sharxlay olsa. Ba’zan o‘ylab qolaman Aristotel yoki Ibn Sino falsafasi bo‘yicha doktorlik himoya qilayotgan dissertant, agar o‘z ishida original manbalardan, ya’ni yunon va arab tillaridagi asliyatdan foydalanmagan bo‘lsa, unga doktorlik darajasini berish to‘g‘rimikan? Falsafiy asarlarni tarjimalarga tayanib tahlil qilish noto‘g‘ri talqinlarga ham sabab bo‘lishi mumkin. Jumladan, ingliz faylasufining asaridagi “mind” so‘zi rus tiliga “dusha”, o‘zbek tiliga esa “ruh” yoki “jon” bo‘lib o‘tib keladi. Qarabsizki “ongning bilishdagi roli” jumlasi “jonning bilishdagi roli” deya o‘zbek tilida yoziladi. Yoki “perspective” so‘zi ruschaga “perspektiva”, u orqali o‘zbek tiliga “istiqbol” deb o‘giriladi. Holbuki, inglizchadagi “perspective” “nuqtai nazar” ma’nosini ham anglatadi. Ingliz faylasufi “shu nuqtai nazardan” ma’nosida yozgan bo‘lsa, u o‘zbek tilida “shu istiqboldan” deb jaranglaydi. Qarabsizki, o‘zbek tilida falsafiy asar o‘qisangiz, falsafadan ko‘nglingiz qolib ketadi. Falsafani tushunmayman deb o‘zingizni ayblaysiz. Jahlingiz chiqsa, hammasi safsata deya kitobni bir chetga uloqtirasiz. Dissertatsiyalar-ku bundan ortiq emas. Menimcha, dissertant qaysi xalqning falsafasidan tadqiqot olib borayotgan bo‘lsa, undan o‘sha xalq tilini bilish talab qilinishi lozim. Navoiyni tarjimalardangina o‘qigandan navoiyshunos chiqmaganidek, Aristotelni, Kantni, G‘azzoliyni tarjimalardan o‘qib, Kantshunos, G‘azzoliyshunos bo‘lish imkonsiz. Aksar tarjimalar faylasuf bo‘lmaganlar tomonidan qilinadi. Falsafadan xabari bo‘lmagan odam “Critique of Pure Reason”ni “Sof sababning tanqidi” deb o‘girishi hech gapmas. Chalakam-chatti tarjimalarga tayanib qilingan ilmiy ishlar uchun doktorlik darajasini berish ilmiy kengashlarning obro‘siga ham to‘g‘ri kelmasa kerak?
Tahrir qilish uchun bir necha dissertatsiyani o‘qib chiqdim. Dissertant o‘zi tanlagan mavzudagi fundamental asarlarni o‘qimagani ko‘rinib qoladi. Deylik, Hegeldan keltirgan iqtibosini falonchining Hegel haqida yozilgan maqola yoki kitobidan ko‘chirib olgan.

Iqtibosning iqtibosi

Bir dissertantning maqolasini o‘qiy turib, F. Bekondan keltirilgan iqtibos e’tiborimni tortdi. Manba to‘liq ko‘rsatilgan. Ammo nomi ko‘rsatilgan kitobni hech ko‘rmagan ekanman. Bekonning nashr qilingan asarlarini varaqlab chiqdim, topolmadim. So‘ng o‘sha dissertantdan iqtibos manbasini keltirib ko‘rsatishini so‘radim. Ko‘rsataman degancha bir oy yo‘q bo‘lib ketdi. Keyin qo‘ng‘iroq qilib yana so‘radim. Iqtibos nomi berilgan kitobdan emas, allaqaysi uslubiy qo‘llanmadan oligan ekan. Aniqrog‘i o‘sha uslubiy qo‘llanmada Bekondan iqtibos bo‘lgan, bizning dissertant bo‘lsa, undan ko‘chirgan va manba sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bekonning kitobini ko‘rsatgan. Bu uning faylasuf asarini o‘qiganligini go‘yoki namoyish etish uchun kerak edi. U Bekon haqida yozayapti-yu, biroq uning birorta ham asarini o‘qimagan. Qolaversa bunday holatda iqtibosdan iqtibos olingan, ya’ni oraliq manba ham ko‘rsatilishi kerak. Doktorlik dissertatsiyalarida iqtibos asliga muvofiq berilmasligi, manbalar ham noaniq va aksar hollarda muallifning qanchalik ko‘p va xo‘p “o‘qiganini” bildirib qo‘yish uchun ko‘rsatilishini hech kim gapirmasa-da, shu sohaning ichida yurganlarga sir emas. Shu o‘rinda manba ko‘rsatilishidagi kishini ranjitadigan bir-ikki vaziyatga diqqatni tortsam. Hozirda dunyoning eng nufuzli ilmiy nashrlari – jurnal maqolalaridan tortib, monografiyalargacha internetga kiritilib, arxivlashtirib boriladi. Ularning vebmanzili belgilanib, o‘zgartirilmaydi. Vebsahifalar, elektron nashrlardan iqtibos keltirish tartibi rivojlangan mamlakatlarda standartlashtirilgan. Ilmiy ishlarda ham bosma kitoblar o‘rnini elektron nashrlar asta-sekin egallay boshladi. Bizda bu amaliyot endi-endi joriy qilinayapti. Aksar katta avlod vakillari, ayniqsa, ba’zi “toshi og‘ir” professorlar internetda faqat oldi-qochdi narsalar bo‘ladi deb ishongani uchunmi, bu sohadagi ilgari siljish tezkor deb bo‘lmaydi. Vebsahifadan iqtibos olinayotganda, kitobdan olinganidek to‘liq, xatto qaysi kuni olinganigacha yoziladi. Muallif, maqola yoki kitobning nomi, vebsahifa egasi bo‘lgan tashkilot yoki shaxs nomi, vebsahifaning to‘liq manzili ko‘rsatilmasa, manba haqiqiy hisoblanmaydi. Bizda esa asosan manzil yoziladi, xolos. Qolaversa, o‘sha vebsahifa, bekorchilikdan miyasiga nima kelsa shuni yozib o‘tiradigan bloggerga tegishli bo‘lishi ham mumkin. Uning kimligini ko‘rsatmay maqola yoki dissertatsiyaga kiritib yuborilishi ishning sifatiga keskin salbiy ta’sir qiladi.
Manbalarni ko‘rsatishdagi yana bir pala-partishlik, ularning muayyan tizimga ega emasligidir. Masalan, birgina betda uchta manba berilgan. Ularning ikkitasi Moskvada, bittasi Toshkentda chop qilingan. Dissertant bittasiga “Moskva” deb to‘liq yozayapti, keyingisini “M.,”, uchinchisini “T.:” shaklida berayapti. Birinchisi Moskva bo‘lsa, ikkinchisi qayer? Minskmi? Ikkalasi ham Moskva, lekin nega ikki hil. Sahifa ham xuddi shu kabi chalkash ”str. 16” va “S 156”. Bu kabi pala-partishlikka yo‘l qo‘ygan dissertantning qolgan ma’lumotlari ham xaminqadarmasligiga kim kafolat beradi? Balki Konfutsiyning gapini Zardo‘shtniki deb yozib yuborgandir? Ba’zida allaqachon fan doktori bo‘lgan ayrimlar ushbu jurnalga ana shunaqa pala-partish yozilgan maqolalarni ko‘tarib kelishadi. Sariq matbuotdan olingan ma’lumotlar bilan “boyitilgan” ayrim “ilmiy” maqolalarga ba’zi bir professorlarning “ushbu ilmiy maqolada” deya taqriz yozib, chop etishga tavsiya qilishini qanday izohlash mumkin? Nahotki ular sariq matbuot ilmiy maqola uchun manba bo‘lolmasligini bilmaydi?! O‘zini xurmat qilgan, ilmga mas’uliyat bilan qaraydigan odam shunday qilishi mumkinmi? Olimning har bir yozayotgan narsasi uning yuzi emasmi?
Dissertant-ku bir amallab ishini himoya qilib, ega chiqqan ilmiy darajasidan “tramplin” o‘rnida foydalanib, karyera qilmoqchidir. Biroq ilmiy rahbarlar, taqrizchilar qayoqqa qarayotganini bilolmadim.

Taqrizchi dissertant

Hali magistr bo‘lmagan magistrantning magistrlik dissertatsiyasiga, doktorlik rutbasiga noil bo‘lmagan doktorantning doktorlik dissertatsiyasiga taqriz yozganini ko‘rganmisiz? Xatto o‘z dissertatsiyasini o‘zi yozmagan dissertant taqriz yozishni do‘ndiradi. Qanday qilib dersiz? Ishini o‘qib chiqishga vaqt topolmagan juda “band” professorga ko‘mak berish bilan-da!
Ba’zi bir dissertatsiyalarga yozilgan taqrizlarni yonma-yon qo‘yib, sinchiklab o‘qilsa, ular bitta odamga tegishliligi bilinib qoladi. Nega taqrizchilar taqriz yozishni bo‘lg‘usi “olim”ning o‘ziga havola qilishar ekan-a? Ba’zi professorlarning “mayda-chuyda” dissertatsiyalar uchun universal taqrizlari ham bo‘larkan. Ular dissertantning ismini va dissertatsiya nomini o‘zgartirib, bitta taqrizning o‘zini o‘nlab dissertatsiyalarga berib yuborishaveradi. Ba’zilar e’tiborsizlik qilib, tegishli joylarni o‘zgartimay berib yuborib, hiylasi fosh bo‘lib qolgan hollar ham bo‘lgan. Vaqtni tejashning yaxshi vositasi. Shunday emasmi? Ayniqsa bu usul malakaviy bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalari masalasida zap qo‘l keladi-da! Nega ular dissertatsiyalarni o‘qib chiqishga erinishadi? Menimcha buning ikki sababi bor. Birinchisi, dissertatsiyani o‘qishga uning vaqti yo‘q, yoki tayinli fikr bermaydigan ishni o‘qib, vaqtini sovurishni istamaydi. Ikkinchisi, ishni dissertantning o‘zi yozmagan, ilmiy rahbar yoki uning biror “qobiliyatli” tanishi tayyorlab berganidan xabari bor. Bu holni fosh qilib, obro‘li ilmiy rahbar bilan ziddiyatga borish kimga kerak? Himoya jarayonida taqrizchilarning aytadiganlari, beradigan savollari ba’zida ularning ish bilan chuqur tanish emasligini oshkor qilib qo‘yadi. Buni ko‘pchilik payqasa-da, hech kim jur’at qilib bu haqda gapirmaydi. Bizda yuz-ko‘z, andisha degan allanimalar bor axir! (Andisha – loqaydlikni xaspo‘shlashning sinalgan usuli.) Berilayotgan savollar ham dissertantni “silab-siypalayotganga” o‘xshaydi. Himoyaning yarmiga borib ayrimlar mudray boshlaydi, boshqalar esa ”ilmiy munozara”dan keyin bo‘ladigan ziyofatni tasavvur qilib, so‘lagi oqib ketayotgandek ko‘rinadi ko‘zimga. Yosh “olim”ning o‘z tadqiqoti haqida so‘zlagan, to‘g‘rirog‘i, o‘qigan nutqi olimning emas, siyosiy bayonotni o‘qib eshittirayotgan rasmiy shaxsning nutqini yodga soladi. So‘ngida yosh “olim”ga va uning ilmiy rahbariga hamdu sano o‘qilib, ziyofatga hozirlik boshlanadi. Yegan yoki yeyajak og‘iz uyalar degandek, hammasi sip-silliq o‘tadi. E’tirozga o‘rin yo‘q!

Ilm savdogarlari

– Tirikchilik bu. Sen yozmasang boshqasi yozadi.
– Kim?
– Yozadiganlar ko‘p.
– Kechirasiz-u domla, bu menga to‘g‘ri kelmaydi. Hozir maqolasini yozdirib berasiz, keyin dissertatsiyasini…
– Bilsang, bu – savob ish. Eng katta professorlaring ham shug‘ullanadi.
Oradan bir oycha o‘tgach, yana bir “shavvoz”ga yo‘liqdim:

– O‘zim doktor bo‘lmasam ham bir talay odamni fan nomzodi, fan doktori qildim, – deydi u o‘z “muvaffaqiyat”idan g‘ururlanib. Aytishicha, rus tilidagi kitoblar, dissertatsiyalarni tarjima qildirib, ularni ulab-chatib, dissertatsiya yasar va sotar ekan. Bu orada yana bir dissertatsiyani o‘qib qoldim. Paragraflar mantiqan bog‘lanmagan, bir gap turlicha shaklda qayta-qayta takrorlanavergan. Ba’zi o‘rinlari bir-birini mutlaqo inkor qiladi. Uslub ham turlicha. Bu “dissertatsiya”ni bir necha odam yozgan yoki bir odam bir necha manbadan oldi-ortiga qaramay ko‘chirgan. Bunday “dissertatsiya”larni saragini sarakka, puchagini puchakka chiqarib tashlaydigan kengashu komissiyalar bor, havotir olmasa ham bo‘ladi, dersiz? Qaniydi shunday bo‘lsa! Ilm savdogarlarining bozori kasod bo‘lmayotganiga qaraganda, o‘sha “dissertatsiya”lar o‘tib ketyapti. Aks holda, hech kim bunaqa past yumushni hayotiy a’mol qilib olmasdi.
Joriy qilinayotgan tartib bo‘yicha magistrlar doktorlik dissertatsiyasini yoza oladigan bo‘lishlari lozim. Ne ko‘z bilin ko‘rishsaki, magistrlarning aksariyati bunga tayyor emas. Ularning bu boradagi salohiyatini tekshirish uchun “layoqat testi” o‘ylab topildi. Hoy inson, o‘zingiz ularga magistrlik darajasini berdingiz, tag‘in ularning ilmiy ish qila olishiga shubha qilasiz. Magistr diplomi shaxsning ilmiy ishga layoqati borligini tasdiqlovchi xujjat ham hisoblanadi. Bunaqangi testlar o‘sha xujjatni bermasdan oldin o‘tkazilishi mantiqan to‘g‘riroqmasmi? Qolaversa, doktoranturaga kirish uchun shundoq ham imtihon topshiriladi. Bir maqsad uchun ketma-ket va keragidan ortiq, buning ustiga samarasiz chora-tadbirlarning ko‘rilishi bir kosadan ikki qoshiqda sho‘rva ichish va har ikkisini bir vaqtda og‘izga tiqishdek kulgilidirki, bunaqa ish qilayotgan odamning o‘zini “layoqat testi”dan o‘tkazish lozim, menimcha.
Meni tashvishga soladigan jihati shundaki, qing‘ir yo‘l bilan ilmiy darajaga ega bo‘lganlar erta-indin oliy o‘quv yurtlari, ilmiy markazlar va kengashlarga o‘rnashib olib, o‘zi kabi yaroqsiz kadrlarni ko‘paytiradi. Ular o‘z navbatida chinakamiga ilm bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlarning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lmasligiga kim kafolat bera oladi? Bu illat hozir bartaraf qilinmasa, ertaga Oliy Attestatsiya Kommissiyasining o‘zini attestatsiyadan o‘tkazishga to‘g‘ri kelib qolmasmikan? Keyin bu ishning uddasidan chiqadigan odam topilarmikan?
Bularni ta’kidlash bilan hamma dissertatsiyalar ham yasalyapti demoqchi emasman. Zaxmatkash olimlar, dissertantlar oz emas, hozircha. Lekin ilmbozlarning bir kuchli jihati bor: ular bir-birlarini juda yaxshi tushunadi, o‘zaro hamkorlik qiladi. Shu yo‘l bilan o‘z ta’sirlarini orttira boradi. Ular birdan sayrab yuborsa, boshqalar quloqlariga paxta tiqib, og‘izlariga tolqon solib o‘tirishlariga to‘g‘ri keladi.
Yuqorida keyingi yillarda kuzatganlarim, ko‘rganlarimni umumlashtirdim. Aytayotganlarim falsafa va unga yondosh sohalarga taalluqli. Aniq va tabiiy fanlarda ahvol qandayligini o‘sha sohalar mutaxassislariga havola qilaman. Qaysidir detallarida xato qilayotgandirman, lekin yurtimizda ilmbozlik avj olayotganini ochiq gapirib, bunga qarshi keskin choralar ko‘rish vaqti keldi.

* * * *

Endi yuqoridan sal pastroq tushib, talabalar, ularning ta’lim olishi masalasiga ham bir qur nazar tashlasak. Nafaqat falsafa ta’limi, balki butun ta’lim tizimida keyingi 10-15 yildan buyon kechayotgan qiziq bir o‘zgarishni payqash qiyin emas. Domla va talabalar xatti-harakatida bir-biriga teskari nisbatda o‘sib boruvchi holat kuzatilyapti. Avvallari talabalar kitob, daftar, qalamini sumkaga solib yurishardi. Keyinchalik sumkada daftar va qalam qoldi. Biroz o‘tib esa sumkalar ham bir chetga uloqtirilib, uch-to‘rt daftar va ruchka olib yura boshlashdi. Bu ham og‘irlik qildi chog‘i, to‘rt-besh predmetdan bir daftar tutib, shunigina ko‘tarib yurishdi. Ba’zi “ilg‘or” talabalar hammasini yig‘ishtirib, daftarlarni auditoriyada – parta tagida qoldirib ketadigan bo‘lishdi. Qarabsizki, ikki qo‘li bo‘m-bo‘sh talabalar soni ko‘paydi. Maylida o‘qishga qatnab turibdi-ku, davomad degan narsa bor. Salomga yarasha alik-da o‘qishdan ko‘ra ko‘proq davomad talab qilinmoqda. O‘qimaganlik uchun odatda o‘qishdan haydashmaydi. Dekanat aralashib bir nima qilib uchini olib beradi. Davomad joyida, shartnoma to‘lovlari vaqtida bajarilgan bo‘lsa kifoya, bo‘m-bo‘sh kalla bilan ham diplom olsa bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, daho bo‘lmaysizmi, haydalasiz. Davomad –davr talabi! Ana endi bunga qarama-qarshi yo‘nalishdagi jarayonga diqqat qilaylik. Avvallari domlalar yupqaroq bir sumkani ham ko‘tarib ketaverishgan. O‘zi ta’lim beradigan sohani suv qilib ichib yuborgan domlalarga odatda o‘sha sumka ham kerakmas. Bugun ular kattaroq sumka sotib olishlariga to‘g‘ri kelayapti. Qog‘oz ko‘p – jurnallar, hisobotlar, rejalar, dasturlar… Yuzlab bet bo‘lib ketadi. Ba’zi domlalar darsning yarmini qog‘oz to‘ldirishu yo‘qlama qilish, kelmaganlarni tergash bilan o‘tkazadi. Bugun talabalar emas, domlalar ko‘proq yozayapti, o‘qiyapti, imtihon topshirayapti. Maboda komissiya kelib qolgudek bo‘lsa, asosan domlalarning qog‘ozlari to‘g‘ri va to‘liq to‘ldirilganini tekshiradi. Qanchalik malakali pedagog bo‘lish, o‘z sohasini chuqur bilish, talabalarni qiziqtira olish muhim emas, qog‘ozlar to‘ldirilgan, talabalar auditoriyada jamul-jam bo‘lishi shart. Hech esimdan chiqmaydi, talabalik yillarim fakultetimizga komissiya keldi. Komissiya a’zolaridan biri auditoriyaga kirib, bizdan “sizlar qaysi zavodda amaliyot o‘taysizlar?” deb so‘rab qoldi. Falsafadan boshlang‘ich ma’lumoti ham yo‘q odam, falsafadan darslar qanday o‘tilishini taftish qilish uchun kelgan ekan! Menimcha, ularni o‘qitish sifati qiziqtirmaydi. Asosiysi davomad va kundalik daftar. Ya’ni domlaning kundalik daftari.
Bugungi talabalar 15-20 yil avvalgilarga qaraganda qanchalik o‘z tanlagan sohasini chuqur biladi? Shaklbozlik, hisobotbozlik, voqelikdagi real natija uchun emas, qog‘ozlarga yozilajak raqamlar uchun kurashishdan qachon qutulamiz? Qog‘ozlar umrimizni yeb bitirayotgandek go‘yo. Obro‘-e’tiborimiz ham, izzat-nafsimiz ham, umrimizning ma’nosi ham qog‘ozlarda. Bir umr yolg‘on va yulg‘ichlik bilan kun ko‘rgan odam haqida ham qog‘ozlarda yaxshi inson edi deb yozishsa bas. Aslida unday emas-ku, deya qachon o‘zimizga o‘zimiz savol beramiz? Kelajak avlod hozirgilar yozgan hisobotlarga qarab emas, real natijalarga qarab bizga baho beradi-ku. Hisobotlar faqat bugun, shu onda o‘z-o‘zimizni aldashimiz uchun kerak, xolos. Ijodiy tafakkuri sust, pichoqqa ilingulik g‘oya berolmaydigan odam rahbar bo‘lsa, o‘zini ko‘rsatish uchun yangi bir rasmiyatchilikni o‘ylab topadi. Shu bilan o‘zini “innovator” rahbar sifatida ko‘rsatadi, o‘zini aldab o‘z ishidan qoniqadi. Bu ham bir innovatsiyadir-a? Rasmiyatchilik ham kerak, albatta. Biroq issiqdan terlab, bo‘g‘ilib o‘tirgan odamning ustidan yana bir narsani tashlab, kiyim ham kerak demaymiz-ku!
Ma’lumki har bir fan sohasi o‘ziga xos. Ularni o‘qitish metodi ham shunga muvofiq bo‘lishi tabiiy. Doskasiz auditoriyada matematikadan dars o‘tish, deyarli imkonsiz, laboratoriyasi yo‘q bilim yurtida fizika va kimyoni xayol qilmasa ham bo‘ladi. Falsafada-chi? Bo‘m-bo‘sh auditoriya kifoya. Falsafani o‘qitishning ming yillar davomida sinalgan eng yaxshi usuli – dialog. Bu sohada bundan-da ko‘ra yaxshiroq usul ixtiro qilinganini bilmayman. Bugun innovatsiya sifatida taqdim qilinayotgan interaktiv metodlarning aksari ana o‘sha ko‘xna, lekin unutilayozgan dialogga tayanadi. Ana o‘sha buyuk faylasuflarni yetishtirishda qo‘l kelgan usul bugun falsafa darslarida deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Nega? Aksar domlalar dialogni bilimni tekshirishga yo‘nalgan savol-javob bilan almashtirib yuborishadi. Sokratcha dialog, ya’ni fikrni savol-javob orqali yetkazish va tanqidiy tafakkurga turtki berish yo‘q. Falsafada hech narsa tanqid chig‘irig‘idan o‘tkazilmasdan qabul qilinmaydi, domlaning aytayotgan fikrlari ham bundan mustasno emas. Falsafani o‘qitishdan maqsad muayyan g‘oyani talaba ongiga singdirish emas, balki unda falsafiy tafakkur malakasini shakllantirishdir. (Falsafiy, tanqidiy va erkin tafakkurga ega fuqarolargina demokratik ozod jamiyatni qura oladi.) Dialogda tomonlar teng asosda suhbat quradi. Har ikki tomon ham bir-biriga e’tiroz bildirishi mumkin. Ayni shu jarayonda talabada o‘z-o‘ziga ishonch paydo bo‘ladi. O‘z-o‘ziga ishonch esa uni mustaqil fikrlovchi shaxsga aylantiradi. Afsuski ana shu jihatlar e’tiborga olinmay, barcha sohalarni o‘qitishda bir xil metodlar talab qilinmoqda. Masalan, siz qaysi predmetdan dars berishingizdan qat’i nazar o‘z mahsulotini taqdim qilayotgan tadbirkordek “prezentatsiya” o‘tkazishingiz kerak. Darslikdan tegishli paragrafning u yer-bu yeridan olib, Power Pointga tashlaysiz va shuni dars o‘tayotganingizda namoyish qilasiz. Talabalar shularni darslikdan o‘zlari ham o‘qib olishlari mumkin-ku! Uzundan-uzun, uzuq-yuluq zerikarli matnlarni kim ham o‘qirdi. Domlani eshitadimi yoki uni o‘qiydimi? Aslida bu usul so‘z bilan ifodalash qiyin bo‘lgan turli chizmalar, tasvirlar uchun qulay. Ommaviy, ochiq ma’ruzalarda tez-tez qo‘llaniladi. Shunda ham matn imkon qadar qisqartirilib, ma’ruzani eslab qolishni qulaylashtirish uchun kalit so‘zlar bilan cheklaniladi. O‘n-o‘n besh kishidan iborat kichik auditoriyada ma’ruzachi har bir tinglovchi bilan alohida muloqot qila olgani bois, bunaqa “prezentatsiya”lar ortiqcha yuk bo‘ladi, xolos. Boshqa tomondan, deylik, Leybnisning monadalar haqidagi g‘oyalarini tushuntirish kerak bo‘lib qolsa, ularni faqat so‘z, dialog yordamida izohlash mumkin. Chizmalar, tasvirlar ish bermaydi. Lekin domladan qaysi mavzu bo‘lishidan qat’i nazar har bir darsda “prezentatsiya” o‘tkazish talab qilinsa-chi? (Dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida falsafa darslarining video lavhalarini ko‘zdan kechirganimda, ularning aksariyatida “prezentatsiya”ni ko‘rmadim.) Bu biror arzigulik samara berarmikan? Yangi vosita va usul tatbiq qilinganda u avvalgi usul va vositalarga nisbatan qanchalik ko‘proq samara berishi jiddiy, obyektiv tekshirilishi kerak. Ish bermaydigan, ortiqcha yuk bo‘lib turgan barcha chora-tadbirlarni bir chetga uloqtirish zarur, aks holda aynigan ovqatni bilmay og‘ziga solib, yutishni ham, tupurib tashlashni ham bilmay, chaynashda davom etgan ovsarga o‘xshab qolamiz. Buning ustiga mana bunisi mazaliroq deb, battarog‘ini og‘zimizga tiqib ketishlari mumkin. Nafaqat har bir fan, ayni choqda har bir mavzu o‘ziga xos yondashuvni talab qiladi. Domlalarga umumiy talablarni qo‘yish sho‘rolar davridagiga o‘xshash rejalashtirish, standartlashtirish, hay-barakallachilikka qaytishning nishonasi bo‘lmasaydi deb qo‘rqaman.
Tanlangan vosita basharti qo‘yilgan maqsadda xizmat qilmasa, uni har qancha jimjimador nomlar bilan atamaylik, pufakdan boshqa narsa emas. Maqsad esa yagona – chuqur bilimli, dunyoqarashi keng, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash. Xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni olib qaytayotgan o‘quvchi va talabalarning borligi, maqtanishga, faxrlanishga arziydi, albatta. Biroq zanjirning kuchi uning eng zaif xalqasi kuchiga teng. Ta’lim tizimining samaradorligi uch-to‘rt favqulotda qobiliyatlilar bilan emas, barcha talabalarning umumiy o‘rtacha saviyasi bilan o‘lchanadi. Favqulotda qobiliyatlilar doim bo‘lgan, bo‘ladi ham. Falsafa sohasida magistraturani bitirayotgan bir talaba mendan “ratsionalizm deyishayotgani nima o‘zi?” deb so‘raganda, og‘zim lang ochilib qolgandi. Eshitishimcha o‘sha talaba hozir doktorlikka harakat qilayotganmish. Omadini bersin!

* * * *

Bu yozganlarimdan murod yangi bir narsani kashf qilish emas. Ko‘pchiligimiz biladigan, lekin oshkor aytmaydigan illatlarimizdan birini tilga oldim, xolos. Bular ham nisbiy. Ba’zi professorlar, ba’zi fan doktorlari, ta’lim tizimi uchun ba’zi mas’ul shaxslar ilmbozlikni kasb qilib olgan, o‘z karyerasi va foyda topish yo‘lida ilmni ezib, yanchib tashlashga tayyordirki, maqola aynan o‘shalarga qaratilgan.

Xurshid Yo’ldoshev

 

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here