O‘tmishda odamlar qorni ochligi uchun ovqatlanar, sovuq qotgani uchun kiyinar, biror narsaga ehtiyoji bo‘lsa, bozorga borardi. Hozir ovqatlanish uchun ovqatlanadi, kiyinish uchun kiyinadi, bozorni aylanish uchun bozorni aylanadi, sotib olish uchun sotib oladi. Buni qisqacha qilib “iste’mol madaniyati” (konsumerizm) deymiz. Bu jarayonni bizning “ma’naviyatchilar” yovuz kuchlar insonni ma’naviyatdan mahrum qilish uchun atay paydo qilgan deyishadi. Mayli, turli konspiratsiya nazariyalariga aldanmay, moralizmga yon bosmay, shu jarayonning o‘ziga, uning iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyati va inson ruhiyatidagi ta’siriga e’tibor qarataylik.

Keling, misolni smartfondan keltirsak. Zero, ular bugungi konsumerizmning tipik obyektlaridir. Siz yangi smartfon oldingiz. Xali yap-yangi. Oradan yarim yil o‘tmay o‘sha smartfoningizning nisbatan takomillashtirilgan varianti sotuvga chiqdi. Qo‘lingizdagi smartfon ishlab turibdi, ehtiyojingizni to‘kis qondiryapti. Ammo siz uni yangisiga almashtirgingiz kelib qoladi. Shuni almashtirmasangiz nimadandir ortda qolayotgandek, hayotingizda nimadir kemtik bo‘lib qolayotgandek tuyulaveradi. Yemaysiz, ichmaysiz, ammo o‘sha smartfonni sotib olasiz, garchi bunga real ehtiyojingiz bo‘lmasa ham. Ammo shu bilan muammongiz hal bo‘lmaydi. Biroz o‘tib yana yangisi chiqadi va avvalgi holatga yana tushasiz. Bu cheksiz davom etadi. Reklamalarga ko‘zingiz tushganda mazali taom ko‘rgandek, og‘zingizning suvi qochadi. Doimiy bosimda yashaysiz. Endi hamma matohlarga – kiyim-kechak, mashina, uy-joy va hk.ga shunday munosabat shakllana boshlaydi. Matohlarni kerak bo‘lgani uchun emas, shunchaki sotib olish uchun sotib olasiz. Pulingiz tugasa, kriditga ola boshlaysiz. Qarzlaringiz osmon qadar kattarib, umringiz qarz to‘lash bilan o‘tib ketadi. Ana shu bizning iste’molga asoslangan hayotimiz. Juda achinarli ahvol, shunday emasmi? Xo‘sh, buning uchun kim aybdor? Hech kim.

Biz taraqqiyotni istaymiz. Texnologiya rivojlansin deymiz. Uylarimiz yozda salqin, qishda issiq, uzog‘imiz yaqin, sog‘lig‘imiz mustahkam bo‘lsin deymiz. Ixtiro qilinganda har yangi narsadan zavq olamiz. Ammo bular tekinga, shunchaki osmondan tushmaydi. Bunday olamshumul taraqqiyot qurbonlik talab qiladi.

Xo‘sh, kim qiladi o‘sha taraqqiyotni? Hukumatlarmi? Qaysi hukumat smartfonni takomillashtirish uchun pul ajratib, tadqiqot markazi ochib qo‘yadi? Qaysi biri elektromobillar yaratish uchun tadqiqotchilarni jamlab ishlatadi? Ehtimol qaysidir sotsialistik davlat shunday qilar. Ammo kundan kunga yangi ixtirolar qilish, yangi-yangi, yanada qulay matohlarni yaratish uchun, jarayonni tezlatish uchun stimul kerak. Hammamiz bilamiz universal stimul nimaligini. Bu – pul. Siz bilan biz o‘zimizni azoblab yetishganimiz matohlar uchun sarflaganimiz pullar. Hamyonlarimizni qoqlab olayotganlar bu pullarni yanada yaxshiroq matoh ishlab chiqarish uchun sarflayda. Bu borada kim o‘zarga bir-birlari bilan raqobat qiladi. Shunday qilishga majbur ham ular. Biz bir olgan narsamizni eskirmasa qayta sotib olmaymiz. Qachonki nisbatan tuzukrog‘i chiqsa, halovatimizni yo‘qotamiz. Demak, ishlab chiqaruvchilar o‘z ustida ishlashga, bizni har kun hayratda qoldirishga majbur. Biz sotib olish ilinjida tunni kunga ulaymiz, ular esa meniki unikidan zo‘r bo‘lsin deb halovatini yo‘qotadi. Agar zo‘rini topolmasa, o‘zgacha bo‘lsin deydi. Reklama agentliklari bilan kechayu kunduz ter to‘kadi. Aks holda, raqiblar uloqni ilib ketishi tayin. Ana sizga texnologik taraqqiyot sur’atini tezlashtirib yuborgan omil. Men yuqorida konsumerizmni kim chiqargan, kim bunga aybdor degan savolga hech kim dedim. Zero, uning aybdori hammamiz. Hammamiz shu jarayonning o‘ziga xos ham subyekti, ham obyektlarimiz. Konsumerizm bozor iqtisodi, kapitalizmning avvaldan rejalashtirilmagan, ammo zaruriy oqibatidir. Biz bozor iqtisodini xohlab, ketidan konsumerizmni tanqid qila olmaymiz.

Albatta, konsumerizm doim ham taraqqiyotning zarur sharti bo‘lavermaydi. Shunday sohalar borki, taraqqiyot kuzatilmaydi ularda. Ammo konsumerizmning oldida yuradilar. Chunonchi, kiyim-kechak manufakturasini olaylik. Bu sohada konsumerizm asosan sifatiy emas, shakliy o‘zgarishlargagina xizmat qiladi.

Poyafzal ishlab chiqaruvchilar sifati 5 yilga chidamli poyafzal bilan aholini bir yilda ta’minlab qo‘ysa, kelasi yili nima sotadi? Barcha poyafzallar eskirishini kutib, besh yil korxonani yopib qo‘ya olmaydi-ku! Bunaqada foyda qayerdan keladi? Faqat birgina yo‘l bilan vaziyatdan chiqish mumkin. Eskirmagan oyoq kiyim ongimizda “eskirtiriladi”. Bu vazifani reklama agentliklari qoyilmaqom qilib uddalayapti. Eskirmaganni “eskirtirish” “moda” deyiladi. Kelasi yili yangi “moda” chiqariladi. Zamon bilan hamnafas yashamoq – moda bilan hamnafas yashamoqdir, bu qoida ongimizga shunday yerlashtiriladiki, o‘zimiz unga bo‘ysunayotganimizni payqamay ham qolamiz.

Ana endi iste’mol madaniyati kerakmi yoki yo‘q – shu savolga javob bersak. Menimcha, bu savolni bemalol kapitalizm kerakmi yoki yo‘q, deb o‘zgartirish ham mumkin. Kapitalizm bor ekan, iste’mol madaniyati muqarrardir. Biz yuqori sur’atli texnologik tarqqiyot uchun o‘z halovatimizdan kesishga, ayrim ma’naviy qadriyatlarimizni boy berishga majburmiz. To‘g‘ri, kimlardir konsumerizmdan uzoqda, o‘zining ma’naviy ideallari bilan zohidona hayot kechirayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu kabi hayot tarzi ommalashsa, kapitalizm cho‘kadi, yangilik qilishga bo‘lgan stimul o‘ladi.

Konsumerizm alohida insonlarning ruhiy va moddiy ahvoliga salbiy ta’sir qilishi bor gap. Biroq umumjamiyat, iqtisodiy taraqqiyot miqyosida olsak, konsumerizm moddiy taraqqiyot uchun lokomotivdir.

 

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here