Hayotning ma’nosi ne?

Yashashdan maqsad nima o‘zi?

Adashmasam, bundan rosa qirq yil ilgari bir o‘quvchi qiz “Gulxan” jurnaliga xat yozib, ana shu savollarni o‘rtaga qo‘ygan edi. Savolning zalvorini his etgan tahrir hay’ati unga javob ham jo‘yaliroq bo‘lsin degan niyatda xatni Mirzakalon Ismoiliyga takdim etgan ekan — navbatdagi sonda qizning maktubi va adibning javobi yonma-yon sahifada bosilib chiqqan edi.

Hozir, to‘g‘risi, Mirzakalon Ismoiliyning hayot ma’nosi haqidagi gaplari to‘liq esimda qolmagan. Har holda, odamlarga yaxshilik qilish, umrni ezgu mazmun bilan to‘ldirish lozimligi uqtirilgan edi-yov. Savol esa, hamon yodimda…

Aslida, odamning hayotida javob emas, savol ko‘proq muhim-da.

Har bir odam bu dunyoga katta yo kichik bir savol bo‘lib kelar ekan, javob bo‘lib emas…

Savollarga javob topaman deb aziz umr o‘tib ketarkan. Tayin javob topish amrimahol ekan. Topib bo‘lmas ekan.

Birovning qanday odamligini bilish uchun, albatta, u bilan ko‘p non-tuz bo‘lish, shoir aytmoqchi, “ma’rakada o‘tirib turishini” ko‘rish kerak. Ammo saviya-sajiyasini payqash uchun savoliga diqqat qilishning o‘zi kifoya.

Bergan savolida odamning tiynati aks etadi. Savoli orqali uning kimligi ko‘rinadi. Savol — odamning mohiyati.

Shuning uchun ko‘plar, Navoiy aytganidek, orlanib so‘ramaydi, bilimsizligini yashirishga tirishib, o‘ziga zulm qiladi. Ammo ichingdagi savollar odamni tinch qo‘ymay, qiynar ekan-da. Javob topishni, javob topib halovatga yetishni tilar ekan-da, ko‘ngil.

Shuning uchun ham, bor-e deya, sizga meni doim o‘ylantiradigan bir necha savolni bergim keldi. Chunki… o‘zim ularga uzil-kesil javob topolmasam, javob bo‘lib ko‘ringanlari esa qanoatlantirmasa meni, ne qilay?

Riyokorlik qilish, bokira tuyg‘ular gulchambarini bo‘yniga osib olgan odam bo‘lib ko‘rinish niyatida aytyapmanmi bu gaplarni? Nauzan billoh. Axir siz ham o‘ylarsiz-ku, har kim dunyoga savollarini berib, dunyo ham unga inoyat qilganicha javobini olib ko‘ngli tinchigani yaxshi deb? Nodira yozganiday:

Ey dil… na uchun jahona kelding?

Kayfiyatini bayon etib ket!

Mening savollarim…

Avvalo, anovi giryon qiluvchi, biryon etuvchi: hayotning ma’nosi nima? Yashashdan maqsad ne o‘zi? — degan so‘roqlar ayni paytda meniki ham.

Odam nima uchun va kim uchun yashaydi?

To‘g‘ri, har bir davrning bunga o‘z javobi bor. Bir payt G‘afur G‘ulom:

Ko‘plarning baxtiga o‘zlikni jamlab,

Shu ulug‘ binoga bir g‘isht qo‘ysak bas, —

degan edi.

Ajib misralar! Ammo bir individ sifatida, bunday fidoyilikdan ko‘nglim butunlay taskin topmaydi. O‘zimcha o‘ylayman: nega endi men — bu yorug‘ dunyoda hozir yashab turgan, unga qaytib kelmaydigan, aqlu shuuri joyida bir odam, hayotimni “navqiron avlod”, “kelgusi nasllar minnatdor bo‘lishi uchun bag‘ishlashim — ongli ravishda mahv bo‘lishga ko‘nikishim kerak ekan?

Men kim uchun yashayman?

Umuman, odam kim uchun yashashi kerak?

Ukam bir kun menga “Aka, odam bola-chaqa deb yashar ekan, shularni deb umrini o‘tkazar ekan”, deb qoldi. Men unga, “Yo‘q, odam hayotini bus-butun bola-chaqasiga emas, «o‘ziga ham bag‘ishlashi kerak”, deb aytdim. Umrni faqat nasl qoldirish va naslini oyoqqa turg‘azishga sarflashning ma’nosi yo‘q”, dedim. “Chunki men umrimni avlodimga bag‘ishlasam, ular ham bolalarini deb yashasa — barchaning umri shu tarzda o‘taversa… bunda ne ma’no ko‘rasan?”

Ukam, “Axir, hammaning ishi shu: odam bolalarini deb yashaydi, ishonmasangiz, ana, boshqalardan ham so‘rab ko‘ring”, dedi. Men so‘rab o‘tirmadim, chunki unga qadar uzoq yo‘lda hamsafar bo‘lgan bir kampirning gapini eshitganimning o‘zi kifoya edi. U sho‘rlik “E uka, umr degani shu ekan, deya zorlangan edi. Bola-chaqa deb yashar ekansan, shularni deb qarib ham ketar ekansan, o‘zing yemay, yedirar, o‘zing kiymay, kiydirar ekansan. Ammo o‘g‘ling o‘sib o‘g‘il bo‘lganida bir paxmoqning qo‘liga topshirar ekansan, qizing o‘sib qiz bo‘lganida bir ahmoqning qo‘liga topshirar ekansan, keyin o‘shalarning kuyitiga kuyib yuri-ib, umring ado bo‘lganiniyam bilmay qolar ekansan…”

O‘ylab qolaman: bola-chaqa topasan, ularni boqish, og‘izlariga yog‘liroq luqma tutish uchun jon-jaxding bilan tirishasan… umring o‘taberadi — o‘zingni unutibgina qo‘ymay, bir kun keladiki, orzu-o‘ylaringni ham tark etasan, bariga qo‘l siltab, voz kechib ham qo‘ya qolasan…

Odam o‘zi uchun emas, bola-chaqasi uchun kun ko‘radimi?

Yo o‘zbekning o‘zligiga xosligi shundami? Ehtimol, butun Sharq olami bola-chaqam deb yashar? G‘arb mardumining hayoti esa avvalo o‘ziga atalgandir?

Agar shunday bo‘lsa, qay tomon haqroq?

Shunday deyman-u, istig‘for aytishgada chog‘lanaman: yer yuzida yashab o‘tgan eng ulug‘ insonlar — payg‘ambarlarning hayoti ham o‘ziga emas, o‘zgalarga baxshida etilgan edi-ku? Ulardan hech biri o‘zi uchun yashamagan-ku? Odamlarni hidoyatga chorlagan, umrini shunga sarf etgan ular. Chunonchi, nasorolar Iso odamlarning gunohu azoblarini o‘ziga olgan, deb aytadilar, Rasuli akram esa oxirgi nafasida ham “ummato, ummato” deya… Haqqa yetishgan.

Shunday ulug‘ nabilar, rasullar oldida… men kim bo‘libman?

Ammo shunisi ham borki, nomlari bizga ma’lum bo‘lgan payg‘ambarlarning hammasi — Sharq vakillari.

G‘arb olamidan chiqqanida, boshqacharoq bo‘larmidi ularning a’moli?

Kim biladi?

Olloh taolo butun olamni Muhammad alayhissalom uchun yaratgan. Lav laka lama xalaqtul-aflak (sen bo‘lmaganing-da falaklarni yaratmagan bo‘lur edim), deb marhamat qilgan… Va lekin Tangri taolo Muhammadning (s.a.v) o‘zini odamlar uchun, ularni imonga da’vat qilish uchun yaratmaganmi edi?

Navoiy besh asr ilgari munojotida Ollohga yolboradi, mening hayotim “jurmu isyon”dan iborat, shundan “o‘zga ishim yo‘q”, undan xalos bo‘lish uchun esa “sendin o‘zga ham kishim yo‘q”, deb istig‘for aytadi.

Navoiy ishora qilgan bu jurmu isyonlar – hayot ma’nosini anglash borasidagi ikkilanishlar, shubhayu savollar, albatta.

Navoiyning savollari… Ular Navoiyning javoblaridan ham ulug‘vorroq bo‘lgan, ehtimol. Bu jurmu isyonlar shoirning qalbida qoldi, ulardan biz deyarli voqif emasmiz. Qani edi, ulardan oz-moz xabardor bo‘lsak!

Men hayotimni kimga bag‘ishlashim kerak? Odamlargami?

Xo‘p, bundan ne ma’no? Insoniyat idrokining peshravlaridan bo‘lgan Faust hayotining intihosini aytib bering menga. Xo‘p, u xalqini dengizga damba qurayetgan — ozod va erkin mehnat bilan mashg‘ul holda ko‘rib jon taslim qildi. Chunki bu uning oliy orzusi bo‘lib qolgan edi. Shunga yetdi. Ammo… samovot sirlarini ochishga chog‘langan, iblisga dakki bergan Faustday odamning umri shundoq jo‘n yakun topmog‘i kerakmidi? Nimaga erishdi Faust oxir-oqibat?

Insoniyat qo‘lga kiritgan bilimi sharofati bilan samovotdan qo‘l siltab, yerga termulganida emas, balki zaminda hosil qilgan bilimini samovot sari ham yo‘naltirgan chog‘idagina yuksala oladi-ku? Shu ma’noda, Faustday dahoning umri tanazzul bilan intiho topmaganmikan?

Badiiy adabiyotning mohiyatiga nazar soling: uning tubida inson armoni va anduhi yotibdi. Eng kichik lirik janrlar hayotning o‘tkinchi ekani haqidagi pand yo ishq iztiroblari bayoni bo‘lsa, hikoya, poema va qissalarning eng “hayotbaxsh”lari ham odam bolasining kurashi, qiynalishi, unda yenggan yo yengilgani to‘g‘risida bo‘ladi. Faqat ertaklar shunday qilib, botir yigit bilan sohibjamol qiz murodu maqsadiga yetibdi” deb optimistik yakun topadi (darvoqe sosreal asarlarda ham xuddi shunday). Bu, bir qarashda yaxshi. Ammo asar oxirida “murodu maqsadiga yetgan”lar umrining eng yaxshi pallasi o‘tib, bu yog‘iga yana tanazzul boshlanishi ham ma’lum. Eng ulkan janr — eposlarda esa yig‘i asosiy o‘rin tutadi, epos yig‘i-yo‘qlov bilan xotimalanadi, yig‘i bilan tugamagan epos o‘z rivojining haddi a’losiga yetmagan sanaladi. Adabiy janrlarning oliy turi bo‘lmish tragediyaning mohiyati esa nomidanoq ayon: uning o‘zagi qayg‘u-hasrat va g‘am-alamdan iborat.

Nega shunday? Menimcha, bu san’at asarining inson ko‘ngliga avvalo taskin berish funksiyasi bilan izohlansa to‘g‘ri bo‘lar. Axir tabiatimizda yashirin xudbinlik mavjud emasmi? Kundalik hayotda birovning kulfatini ko‘rib, unga achinib ko‘zyoshi to‘kayotgan chog‘imizda… shu fojia mening boshimga tushmadi-ku, deya ko‘nglimiz taskin ham topadi. Avtohalokat ro‘y bersa, atrofdagilar chopib keladi. Nega? Yordam berishgami? Faqat shu uchungina emas, avvalo — avariya qanday bo‘lganini ko‘rish, tomosha qilish maqsadida. Podaga yirtqich hayvon hujum qilib, birini olib ketsa, omon qolganlari xotirjam tortgani kabi, odamda ham boshqalarning qayg‘usiga shohid bo‘laroq, quvonish illati mavjud. To‘g‘ri, yaxshi odamlar birovlarning fojiasiga kuyinadi, ammo shu bilan birga, ular dilida ham bir yengillik, achinayotganini ko‘rsatishdan qanoatlanish hissi bo‘ladi. Badiiy asarda kishilarning azoblanishi qancha ta’sirli tasvirlansa, ruhimiz shu qadar sokinlashadi, ko‘nglimiz tozaradi, badiiy asarning ta’siri katarsis darajasiga yetadi.

Yo bu tuyg‘u bizga poda bo‘lib yashagan chog‘lardan meros qolganmikan? San’at asari ana shu hissiyotni nozikroq, go‘zalroq tarzda yetkazib, aslida o‘sha ibtidoiy ehtiyojlarni qondiradimi? San’atning ildizi shumikan?

Bilmadim.

Umrning intihosi fojia — o‘limdir. Hech bir kishiga dunyoga qaytish, yana yashash imkoni berilmaydi (tanosux tarafdorlarining odam o‘lgach, uning joni yangi tug‘ilgan tanada dunyoga qayta kelishi haqidagi safsatalari esa… safsata, xolos). Binobarin, odam bolasi bir marta yashar ekan, o‘zi uchun ham yashashi hayotning asosiy aqidalaridan bo‘lishi kerak emasmi? Inson qanchalik butun shaxs bo‘lsa, u o‘zi uchun ham yashaydi, qanchalik mute, birovning yordamisiz, daldasisiz hech ish qilolmaydigan bo‘lsa, umrining ko‘pini birovlarni deb o‘tkazadi. Bu — odam xudbin bo‘lib, yovuz bo‘lib, bir-biriga bo‘ri bo‘lib yashashi degani emas. Har bir kishi takrorlanmas hayotini tobora mukammallashtirishga intilmog‘i, vaqti va kuch-quvvatini, aql-zehnini komillikka erishish uchun sarflamog‘i lozim. Ana o‘shanda farzandpar ham bizdan ulgi olib, har biri o‘z sohasida kamolga yetishga harakat qiladi, butun jamiyat shu tarzda taraqqiy etib, mukammallashadi. Yo‘qsa… bola-chaqani ko‘paytirib, ularni uyli-joyli, ishli qilaman deb umrimiz o‘taveradi.

Hech kim boshqa birovga o‘zi qadar jon koyitmaydi. Hatto farzandiga ham. Bir toifa ota-onalar bor: bolalarining qornini to‘yg‘azib, ustini butlaydi, boshpana qilib beradi, ammo ularning dili, ko‘ngli bilan deyarli ishi bo‘lmaydi. Farzandim kelajakda betashvish yashasin deb uni yog‘liroq ish egasi bo‘lmog‘ini ko‘zlab, shunaqa kasbkorga yo‘naltirgan ota-onalar ham talaygina. Ularning farzandiga muhabbatli ekaniga shubham bo‘lmagani holda, sizga bir savol bersam: o‘shalarning dil tubida kelajakdagi ana shu to‘kinlikdan bahra olish tuyg‘usi ham miltirab turmaydi, deb o‘ylaysizmi?

Yashashning mazmun-mohiyati… mantig‘i nimadan iborat?

Yo biron g‘oyaga, uni ro‘yobga chiqarishga bag‘ishlansinmi bu aziz umr?

Men hayvonlarda ham ong bor, aql, hissiyot va hokazolar ozdir-ko‘pdir bor, desalar ishonaman, ammo ularda g‘oya bo‘lmaydi. G‘oya — faqat odamga xos. Demak, hayotning mazmuni — g‘oya uchun yashashda bo‘lib chiqadimi?

G‘oya umrimning ma’nosi bo‘ladigan bo‘lsa, men g‘oyaning quliga aylanib — G‘oyaqul bo‘lib qolmaymanmi?

G‘oya deb yashaydiganlar bor, ularning hayoti bu dunyoga kelishdan maqsad — yebichish, mazza qilib “yashash” deb o‘ylaydiganlarnikidan, har tugul, behroq, ammo g‘oya-odam ham bo‘lolmayman men, bilmadim, nega? Hech qanday g‘oyaga umrimni nisor eta olmayman (garchi u shundoq, besamar o‘tayotgan bo‘lsa ham). G‘oyaqullardan hafsalam sovigani uchun shunday o‘ylarman balki…

O‘n besh yillarcha muqaddam poyezdda Toshkentga kelarkanman, kupemizdagi ikki ayol bilan suhbatlashishga urindim. Ular muxolifat vakillari deb tanishtirdi o‘zlarini. Qanaqa odamlar ekanini bilgim keldi. Qiziq-da, ehtimol ularni yaxshi bilmaganimiz sababli inkor etayotgandirmiz?

Ammo… bilasizmi, qishloqlarda, shahar joylarda shunaqa bir toifa odamlar bo‘ladi: el ularni to‘y-ma’rakaga aytmaydi, birovning dard-g‘ami bilan ishi yo‘q, hamisha qandaydir g‘alati, odamning yuragini ziq qilib, faqat tashvishdan gapirib yurishadi — o‘shanaqalardan bo‘lib chikdi bu opalar. Ertayu kech faqat ijtimoiy muammolardan so‘z ochadigan, ichida odamiyligi, oddiy insoniy tuyg‘ulari yo‘q odamlar bo‘ladi-ku… Shundan beri g‘oyaqullarni yoqtirmay qoldim. Bitta g‘oyani mahkam tutib olib, boshqa har qanday qarashni inkor etish, unga qarshi jon-jahding bilan kurashish ham cheklanganlik emasmi? Ey inson, atrofingga ham qara, umr o‘tib boryapti…

Hayotimni bag‘ishlashga arziydigan g‘oyani topa olmadimmikan yo?

Taqvo sohiblari umrini toat-ibodatga baxsh etadi. Bundan maqsad boqiy dunyoda Ollohning marhamatiyu payg‘ambarning shafoatiga noil bo‘lib, jannatdan o‘ziga joy hozirlashdir. Men imonli, savob amallari gunoh ishlaridan ko‘proq bo‘lgan odamlarni jannat ahli bo‘lsa kerak, deb tasavvur qilaman. Ammo… bu umr faqat u dunyoning g‘amini yeyish uchun beriladimi odamga? Jannati odam bo‘lmoqning fazilatini hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi, albatta. Hatto g‘irt ateist nigohi bilan boqsangiz ham — din bir afzallikka ega: taqvodor odam birovga yomonlik sog‘inmaydi, o‘z nafsidan kechib bo‘lsa ham, o‘zgalarga manfaat yetkazishga intiladi.

Ammo… jannat umidi bilan yashash Ollohga iddao qilganday bo‘lib kolmaydimi? Ya’ni, mendan bu (namozu niyoz), sendan u (jannat) deganday? Robi’a Adaviyyaning munojoti yodingizdami? “Iloho, — degan edi u, — agar men do‘zaxdan qo‘rqib senga topinsam, meni do‘zaxga tashla! Agar jannat umidi bilan topinsam, jannatni menga harom qil!.. Agar sening o‘zing uchungina topinsam, diydoringni nasibi ro‘zi ayla!..”

Ibodat qilishdan maqsadim jannatga erishish yo‘lidagi riyozatgina emas, sidq va ixlosim natijasi bo‘lsa, yaxshiroq emasmi?

Qachon betama’ ibodatga mashg‘ul bo‘larkanman? Nasib etarmikan u?

Nahot yashashdan maqsad — oxirat uchun zaxira to‘plashdan iborat bo‘lsa? Qishdan to‘q chiqish uchun yozi bilan don tashigan chumoli singari?

Bir toifa mutaassiblar bor: ularning fikricha, o‘yin-kulgi harom, xursandchilik — makruh, iztirob chekishu narigi dunyoni o‘ylash — durust. Bilmadim… Ammo umrni faqat aysh qilib o‘tkazish qancha ayb bo‘lsa, to o‘lgunicha o‘ynab-kulmay, faqat u dunyo g‘amida g‘am chekish ham shuncha gunoh bo‘lib tuyuladi menga. Axir qodir egam bizga bu hayotni yashash, umrguzaronlik qilish uchun tuhfa etdi, yer yuzini kishi bahrini ochadigan anvoi chechaklar ila bezadi, laziz ne’matlar berdi, bunga nechun quvonib yayramaslik kerak? Agar biz doim g‘am chekib, hayotdan rozi bo‘lmay, qovog‘imizni uyib yurabersak, bu Ollohning berganiga norozilikni anglatmaydimi, noshukurlikka qarab ketmaydimi? Olloh taoloning nafaqat jannati, balki bu yorug‘ dunyosi ham, hatto… dahshatli do‘zaxi ham aziz va tabarruk: zero bularni u yaratdi. Almisoqda payg‘ambarlarning “Iloho, balo tegmishda sen bizning birla bo‘lsang, ul oncha baloni bizga havola qilsang, qabul qilg‘aymiz” (Rabg‘uziy) degan axdlariga binoan, Ollohning har bir olami go‘zal, sevinchlik, aziz…

Qo‘limda eski bir yog‘och parchasi. Yillab yer tagida yotgan bo‘lsa kerak, qorayib ham ketgan, obdon chirigan. Oyoq ostiga tashlab ezsang, uqalanib ketgulik holi bor. Qup-quruq, yengil. Olovga otsang, yonadi-ketadi, so‘ng uning bu dunyoda bo‘lgan-bo‘lmaganini birov bilmaydi. Men uni o‘tga tashlaymanmi, tuproqqa ko‘mamanmi, yo suvga oqizamanmi — baribir. Bu chirik yog‘ochning joni yo‘q, shuuri yo‘q, unda hayot asari ham yo‘q.

Ammo hozirda chirik holga kelgan bu yog‘ochni men yaratmaganman, yo‘kdan bor qilmaganman, nihoyati — uning hozirgi holati bilan ro‘baro‘ kelib turibman. Uni ham, xudsi meni yaratgani kabi, Tangri yaratgan, bir mahallar u katta bir daraxtning shoxi bo‘lgan, undan surx novdalar o‘sib chiqqan, novdalardagi chiroyli gul-chechaklar, yashil barglar yorug‘ dunyoga roz aytgandir ehtimol. Ammo hayot ekan-da, mana u po‘k bir holda mening qo‘limda turibdi.

Mening shu chirik yog‘ochdan farqim ko‘pmi yaratgan Zot oldida?

Menimcha, ko‘p emas. Chunki shu yog‘och ham, men ham — yaratildik, yo‘kdan bor etildik. Shu chirik, ongsiz-shuursiz bir yog‘och parchasi ustida mening ixtiyorim qancha bo‘lsa, mening ustimda Parvardigorning irodasi ham shu qadarlik… yo‘q, astag‘firulloh, bunday desam kufrga ketgan bo‘laman. Chunki shu chirik yog‘och ham, bir o‘rgimchak ham, men ham… nihoyati yaratilgan narsadan o‘zga emasmiz. Yaratilgan maxluq bilan yaratgan xoliq o‘rtasida qandaydir bir o‘rtacha mavqe yo‘kdir. Antik yunonlar tasavvur etgan yarim ma’budlar bo‘lmaydi bu dunyoda. Qo‘rqib-qo‘rqib bo‘lsa ham aytishga jur’at etaman: Tangrining ulug‘ farishtalariyu payg‘ambarlari ham o‘z ulug‘ligida menga va boyagi chirik yog‘och parchasiga yaqinroqdirlar, zero barchamizni Olloh yo‘kdan bor etdi. Yaratilishda ixtiyorimiz bo‘lmagani kabi, boqiy hayotga ko‘chgan chog‘imizda ham na ixtiyor va na ixtiyor etishga xohish bo‘lsin bizlarda. Parvardigor meni jahannamda jizg‘anak bo‘lishga tashlaydimi yo uchmoxda kavsar suvidan ichmoqqa sarafroz etadimi — bunda mening na ixtiyorim bor va na istagim. O‘sha chirigan yog‘ochga olov bo‘lib yonish yo biron yerda asta chirishni tanlash ixtiyori berilsa, unga bu qanchalik farqsiz bo‘lsa, men uchun ham boyagilar — shunchalik… Albatta, agar menga bu ikki intihoning birini tanlash imkoni berilsa, jannatni ixtiyor etardim, zero, bu ma’voda Parvardigorning jaloliyatini, ilmini xotirjam idrok etish, teranroq anglash imkoni bor. Meni tafakkur o‘ziga jazb etadi, biron narsaning mohiyatini qancha teran anglasam, rohati shuncha ko‘p bo‘ladi. Idroksiz lazzatlanish esa hayvon hissiyotiga yaqin narsa.

Ammo kelajak qiziqtirar ekan-da, baribir: ayrim diniy kitoblarda odam o‘lgach, uning joni to qiyomatgacha Illiyyin yoki Sijjiyn degan makonlarda turishi yoki shu makonlarga bandaning kitobi yozib qo‘yilishi aytiladi. Illiyyinda savobli amallari ko‘proq, Sijjiynda esa gunohlari ko‘p odamlarning ruhlari jo bo‘lar emish.

Shak keltirayotgan bo‘lsam, hazor istig‘For aytay: bu joylarning birida yaxshi, birida yomonroq odamlar ruhi turadigan bo‘lsa, unda ro‘zi qiyomat va amallar tarozisining ne hojati qoladi?

Bizni bir tomchi suvdan, to‘g‘rirog‘i — o‘sha bir tomchi suvning yuz minglarcha upushidan bino etgan Tangri taolo har bir bandaga tarozi qo‘yib ko‘rsatishiga ehtiyoj bormi o‘zi, balki bu bir ramziy dalolatdir — tomug‘ yoki uchmoxga kirishga loyiq ekanimizga bir onda bizni ishontirishga qodir-ku? Ehtimol, bular payg‘ambarimizga zamondosh bo‘lgan odamlarning saviya darajasidan kelib chiqib aytilgan gapdir, ammo har soniyada milliardlab amal bajaradigan kompyuterlar zamonida tarozi jo‘n uskuna bo‘lib qoladi. Olloh

Odam atodan to qiyomatgacha yashab o‘tgan jami odamlar, jami maxluqotning, koinot bag‘ridagi jami ins-jinslarning butun umri davomida qilgan barcha amallarini bir onda, bir lahzada ularga ko‘rsatib, ajrini hisob-kitob qilib, ularni o‘zidan rozi etishga qodir zot-ku?

Qiyomat, vaqti kelgach, faqat Yer yuzida yashab o‘tgan odamlar uchun sodir bo‘ladimi, yo o‘n sakkiz ming olamning barida bir vaqtning o‘zida qiyomat qo‘padimi, bilmayman. O‘zi, o‘n sakkiz ming olam degani nima: Yer kabi o‘n sakkiz ming sayyorami, o‘n sakkiz mingta quyosh tizimimi, yo bo‘lmasa — o‘n sakkiz ming galaktikami, bizning bu had-hasobsiz galaktikalar olami kabi olamlar o‘n sakkiz mingta bo‘lsami? Ollohning “Rabbul olamin” sifati bejiz emas-ku?

Boshqa kitoblarda esa o‘lgan allaqaysi odamlarning hozir jannatda yo do‘zax ichida yurgani haqida xabar beriladi. Bulardan qay biri to‘g‘ri? Odam o‘lsa, Munkar-Nakirlar savolidan keyin uning nomai a’moli ochilib, qilmishiga yarasha ajrini ola boshlaydimi yo oxirat kunini, mahshargohdagi qiyomatni, Sirot ko‘prigidan o‘tishni… kutishadimi? Munkar-Nakirlar qabr ichiga kirib, marhumni so‘roq-savolga tutadi, deydilar. O‘sha kezda odam bir qur tirilib, so‘ng takror o‘ladimi, yoinki o‘lgandan so‘ng tirilish (al-ba’sa ba’d al-mavt) faqat ro‘zi qiyomatda yuz beradimi?

Diniy masalalar borasida yana bir savolim borki, uni bermaslik riyokorlikka kirsa kerak: jannatda hur qizlar bo‘ladi, ular ahli jannatga halol sanaladi, Har bir jannatiga o‘nlab hurlar mahram bo‘ladi, deyiladi. Bu durust, ammo jannatga tushgan ayollar nima qiladi? Pok va bokira vafot etgan o‘smir yoshidagilar, go‘dak bolalarning rohati nimada?

Yo, bunday gaplarni qo‘zg‘amay, istig‘for aytganim durustmikan? Parvardigoro, men osiy bandangni kechir, illo men fitna qo‘zg‘ash niyatida emas, o‘zim uchun tahqiq qilib olish uchun beryapman bu savollarni. Fikri ojizimcha, jannatda eng laziz taomlarni iste’mol qilish, hurlar visoliga noil bo‘lish — bularning bari lazzat topish, halovatga yetishning ramziy shakllari emasmikin? Negaki, jannat mevalaridan tanovul qilish, visol damlari — bular vaqt davomida amalga oshadigan xatti-harakatdir. Abadiy yeb-ichish va lazzatlanish mumkin emas, chunki bular davomida odam qariydi, albatta. Yo‘q, rohat-farog‘at abadiy davom etadi, jannat ahli esa hamisha bir xil: navqiron yoshda bo‘ladi, deyilsa, unda, mantiqan, bu abadiyat bir onga teng ekan. Aylana nuldan boshlanib, uch yuz oltmish darajaga yetgach, yakun topgani, ya’ni 360 daraja — nuldan eng uzoq nuqta va ayni holda uning o‘zi bo‘lganidek. Demoqchimanki, jannat — ruhlarning abadiy farog‘atga yetishi va do‘zax — osiylar ruhining mangu azob chekishi bo‘lsa kerak, vallohi a’lam (ammo mangulik nima ekanini tasavvurga sig‘dirish, idrok etish men uchun mahol). Abadiyat, mangulikning ma’nosi nima ekanini, ko‘lami k,ancha ekanini kim biladi deysiz? Abadiyat oldida foniylikning bahosi k,ancha bo‘lsa ekan? Darvoqe, payg‘ambarimiz bizni ogohlantirib, dinda chuqurlashmaslikka buyurgan: hazor istig‘for. Dinda bu masalalarning uzil-kesil yechimi topilgan bo‘lsa, bilmasdan so‘rayotgandirman.

Inson ongi olamni anglashda, yaratgan zotni tanishda ne darajaga yetib borishi mumkin? Bilishda biz qay darajaga yeta olamiz? Yo, bilimi bizdan yuksakroq jonzotlar ham bormi bu koinot sahrosida? Ollohni anglashning poyoniga yetish mumkinmi, borliqni to‘liq anglab bo‘ladimi?

O‘zimiz yashab turgan bu kurrai arzning, nari borsa besh chaqirim usti va besh chaqirimcha ostini sal-pal o‘rgangandaymiz. Hatto ummon tubi ham bizga qopqorong‘i. Biron o‘ttiz yillar avval Kola yarim orolidagi o‘n olti chaqirimgacha mo‘ljallangan kavlash ishlari hozir to‘xtatilgan. Yer betidagi havo qatlamini atmosfera, yer ostidagilarini esa geosfera deb, ularni o‘zimizcha stratosfera, mantiya, yer yadrosi… singari istilohlar ila ataganimiz va ular falonfalon kilometrlar orasida deya taqsimlaganimiz bilan, aslida, oyoq ostida yotgan bir bo‘lak qora toshni olib qarasak, uning xossalarini ham juda yuzaki bilamiz. Shavkat Rahmon yozganidek, bu tosh…

go‘yoki jonliday, go‘yo bir kuni

to‘satdan gurkirab gullaydiganday, go‘yoki hozircha o‘tmas ko‘zlardan sirlarin yashirib uxlayotganday.

…Balki tosh hoziroq gullayotgandir, ming rangli jiloda yashnab, o‘zgarib, balki bu gullarni ko‘rmayotgandir hatto shoirning ham o‘tkir ko‘zlari…

Ori rost, bizga bir tosh, yo bir tomchi suv, yoki birgina yaproqning… bag‘ridagi sirlar qanchalik to‘liq ayon deb o‘ylaysiz? Aslida, butun dunyodagi barcha soha olimlarining jamiki ilm-bilimini bir joyga to‘plasangiz, oddiygina bir narsani, masalan, bir bosh uzumni yaratishga qodir bo‘lolmaydi. Elektron mikroskoplar orqali ko‘z ilg‘amas zarralar bag‘ridagi hayotni, go‘yoki, anglaganday bo‘lamiz. Ammo nimani, qay darajada? Elektron, proton, neytron deya taqsimlash bilan ularning ichiga kirgan bo‘lamizmi? Eng zamonaviy radioteleskoplar bilan ham biz eng yaqin sayyoralarda hayot, hatto suvning bor-yo‘qligini aniqlayolmasakda, o‘zimizni aldab, quyoshning sirtidagi harorat besh ming daraja issiq, deb folbinlik qilamiz. Koinotning u chetidan bu chetiga qadar bo‘lgan masofani “o‘lchab”, olamning chegarasi 45-60 milliard yorug‘lik yiliga teng, deb aytamiz. To‘rt milliard yorug‘lik yili narida bir yangi quyosh paydo bo‘libdi, deb suyunchilab qo‘yamiz.

Albert Eynshteyndan, sizning boshqa odamlardan farqingiz nimada, deb so‘rashsa, olim, baland bir tepalikka o‘rmalab chiqib ketayotgan qo‘ng‘iz bosib o‘tayotgan yo‘li egri-bugri ekanini bilmaydi, to‘g‘ri ketyapman, deb o‘ylaydi. Odamzot xuddi qo‘ng‘iz singari yo‘l bosyapti, mening boshqalardan farqim — ana shuni bilganimda, deb javob qilgan ekan.

Bu nima degani, nima demoqchi edi Eynshteyn?

Bilmayman.

Ilm bilan insoniyat nimaga erishi-

shi mumkin? U o‘zini mahv bo‘lishdan qutqara oladimi?

Biz yashab yurgan Yer boshqa katta va kichik sayyoralar hamrohligida quyosh tegrasida pirillab aylanadi, shu zaylda kunlar, oylar, yil va asrlar o‘tadi, quyosh — galaktikamiz markazini tavof qilib aylanadi, galaktikamiz esa koinot markazi tegrasida charx uradi. Ularning harakatida tezlik g‘oyat katta — har soniyada minglab, o‘n minglab kilometrlar… Va bu bir zayldagi harakatgina bo‘lmay, baayni nur qatimida ko‘ringan chang zarralarining uchib yurishi kabi xaotik mavjlanish hamdirki, “zarralar”ning bir-biri bilan duchlashishi yo abadiy uzoqlashishini bashorat qilib bo‘lmaydi. To‘qnashib ketgan olamlar halok bo‘ladi. Olimlarning bashoraticha, har qanday kosmik obyekt yaqin yo uzoq kelajakda boshqa biron shunday obyekt bilan to‘qnashishi muqarrar. Garchi Fridmanning Katta portlash nazariyasiga ko‘ra, har bir galaktika va undagi quyosh hamda boshqa samoviy jismlar koinot markazidan tobora uzoqlashishi va shu tariqa koinot ufqlarining tobora kengayishi rad etilmasada, bu “uzoqlashish” bir tekisda — markazdan tobora chetga qochish va bir-birlari aro masofaning ham olislab borishini anglatmaydi, bu uzoqlashish muayyan darajada xaotik tarzda bo‘ladi.

Bashariyatning ilmi ortaversa, necha minglab yillardan so‘ng (ungacha sivilizatsiya saqlanib tursa, albatta) hatto shu darajaga kelsaki, Himolay tog‘ini hech bir qiyinchiliksiz o‘rnidan qo‘zg‘atib, boshqa bir joyga qo‘yishga qadar yetib borsa, undan ham oshsa… ana o‘shanda ham insoniyat bu galaktikaning boshqasi bilan to‘qnashmasligini, galaktikamiz ichidagi milliardlagan quyosh-yulduzlar va ular mehvarida bo‘lgan obyektlarning o‘zaro duchlashmasligini, quyoshning abadiy nur sochishi va yerning quyosh mehvarida bir zaylda aylanishini ta’minlay oladimi?

Yo‘q. Hech qachon bunga qodir bo‘la olmaydi.

Eng battol ateistlar ham, eng nekbin dahriy olimlar ham Yer yuzida hayotning abadiy davom etishi haqida gap ketganda umidsizlikka tushadi.

Diniy nuqtai nazardan, bu savol — insoniyat o‘z ilmi orqali oxiratni orqaga sura oladimi, degani. Imon ahli bu masalada yakdil: qodir Olloh belgilagan biron narsa bir on ham kechiktirilmaydi va orqaga qaytarilmaydi. Oxirat ham, qiyomat ham muqarrar.

Bas, insoniyat o‘z ilmi bilan hayotni abadiy davom ettirishga qodir bo‘la olmas, bilimi chandon oshib, “dunyoning tagiga yetgani”da ham bir kun mahv bo‘lishi tayin ekan, unda… ilm o‘rganishdan maqsad ne?

Maqsad… amaliy jihatdan, bu yorug‘ olamda kun kechirishni yengillatish bo‘lsa, unda, rivojlanganimiz sari — daryolar bo‘g‘ilib, suv omborlari barpo etilgani, dengizlar sohiliga ulkan dambalar qurilgani, uran ma’danlari boyitilib, AESlarda behisob energiya hosil qilingani, botqoqpiklar quritilib, balchig‘idan alyuminiy olingani, tog‘lar sariyog‘day kesib tushirilib, yo‘llar solingani va… buning oqibatida ekologiya buzilgani, davlatlararo munosabatlar tobora murakkablashgani, insoniyat chalinayotgan kasalliklar turi va kasallanish ko‘lami ko‘payayotgani, global iqlim o‘zgarishlari ro‘y berib, buning oqibatida misli ko‘rilmagan to‘fon, qurg‘oqchilik, suv toshqinlari, dengizu daryolarning qurishi, o‘rmon yong‘inlari kabi ofatlar tez-tez ro‘y berayotganini nima deb izohlaymiz?..

Bu dunyoda ko‘p narsaning tubiga yetish mumkin, ammo qodir Ollohni anglashning oxiriga emas. Olloh — azal, abad va qudrati beadad zot. O‘tmish adiblar jami o‘rmonlarning yog‘ochi qalam, jami ummonlar suvi siyoh bo‘lsayu yozsang, Xudoning vasfini bayon etishga kifoya qilmaydi, deyishgan. Bu shunchaki madh emas, uni tahpil va tasbih ma’nosida tushunish kerak.

Menimcha, hayotning bosh ma’nosi — yaratgan Zotni anglashdan iborat. Ana shu anglash darajamga qarab kimligim, saviyayu mohiyatim ayon bo‘ladi.

Ammo ilm cheksiz emas, mahdud bir hodisa. Uning ufqiga yetib borolmaganimiz sababligina u bizga cheksiz jarayondek ko‘rinadi. O‘tmish fozillarining, “ilmim o‘sib, shu darajaga yetdiki, hech narsani bilmasligimni angladim”, degani shunchaki aforizm yoki so‘z o‘yini emas, teran qanoatdir.

Ollohni tugal anglash amrimahol ekan, qazovu qadarni ham o‘zgartirish, orqaga “surish”ning iloji bo‘lmaydi. Nimaiki belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, uning ro‘y berishi muqarrar…

* * *

Hamonki gap din to‘g‘risida boryaptimi, yana bir qaltis savolni ochiq qoldirib o‘tmayin. Bu… odamzot qanday yaratilgan, degan masala. Aksar diniy manbalardan bu savolga konkret javobni qidirib topish qiyin. Ularning puxta jihati ham shu. Jon-ruh, oxirat va qiyomat, dunyoning (jumladan odamning) yaratilishidan oldingi holati va ilk yaratilish chog‘i, narigi dunyo haqidagi savollarga kelganda, bu yolg‘iz Ollohning o‘zi biladigan ishlar ekani, bandalarga juda oz ilm berilgani aytiladi. Sho‘ro davrida bularning barchasi inkor qilinib, materiya — abadiy, modda bir shakldan ikkinchi shaklga o‘tib turadi, bu evrilish dialektik taraqqiyot qonunlariga ko‘ra ro‘y beradi, deb aytilar edi. Ammo bizga ilgari shuni uqtirib kelgan, bunga eng zo‘r dalil sifatida Darvin nazariyasini pesh tutgan, shu ta’limot bo‘yicha ilmiy daraja olgan bir qancha olimlar bukun uning go‘riga g‘isht qalash bilan ovora. Endi ular uchun shuning o‘zi — ilm bo‘lib qoldi…

Ehtimol, Darvin nazariyasi batamom yanglish chiqar, uning chillaki muxoliflari haq bo‘lsa bordir. Ammo buni dalillash, isbot qilish kerak-da. Buning uchun esa kishiga Darvin bilan bo‘ylashish
darajasida ilm kerak bo‘ladi. Afsuski, ilmda ularning bo‘yi Darvinning tizzasiga ham yetmaydi, oqibat — Krilov masalidagi filga hurayotgan laycha holiga tushib qolishyapti, xolos.

“Evolyutsiya nazariyasining chippakka chiqishi” kitobi muallifi, tom ixlosli ulamo jomasini egniga ilgan turkiyalik olim Xorun Yahyoning (asl ismi — Adnon Oktar, taxallusini u yahudiylarning Xorun va Yahyo degan payg‘ambarlari sharafiga (?) olgan emish) asarida ham asosiy yo‘nalish boyagiday: dalil o‘rniga — da’vo, tahlil o‘rniga — tanqid, bironbir mustaqil ilm va tadqiq yo‘q, allaqaysi manbalardan olingan xilma-xil, uzuq-yuluq “yangilik”lar keltiriladi, go‘yo ular birlashib, Darvin nazariyasini yo‘qqa chiqaradiganday.

Chunonchi, bundan necha ming yil avval yashab o‘tgan odamning miya chanog‘i hajmi keltiriladi-da, u hozirgi odamlar bosh chanog‘idan salgina kichik, xolos, demak, odamlar ongida o‘sish yo‘q, ajdodparimiz bizdan aqlsiz bo‘lmagan, deb xulosa chiqariladi. Holbuki, odamning aqli miyasining kattaligiga emas, hajmiga — burmalariga bog‘liq ekani allaqachon isbotlangan. Xorun Yahyoga ishonsak, jonzotlar orasida eng aqllisi ho‘kiz bo‘lib chiqadi. Bitta kalla suyagining kattaligi barcha ilmiy dalillarga qarshi qo‘yiladigan bo‘lsa, unda, biron uch ming yildan so‘ng Turgenevning bosh chanog‘ini qo‘liga olgan dumbul bir tadqiqotchi XIX asr odamlari bizdan aqlliroq bo‘lgan ekan, deb jar soladi. Zero, ulug‘ adibning miyasi salkam 2 kilogramm chiqqan (boshqa odamlarda — o‘rtacha 1,5 kilogramm). Eng chatog‘i — Xorun Yahyo yashash uchun kurash, tabiiy saralanish qonunini inkishof etgani uchun Darvinni ijtimoiy hayot sudining qora kursisiga o‘tqazishga urinadi, u fashizm g‘oyasining ilhomchisi, deb da’vo qiladi…

Kaminangiz biolog ham, faylasuf ham emas. Ammo shunga qaramay, hayot haqida fikrlashga mening ham ular kabi haqqim bo‘lsa kerak, albatta.

Mening qat’iy e’tiqodimcha, Olloh odamni va umuman barcha tirik tabiatni mudom rivojlanib, taraqqiy etadigan qilib yaratgan. Ajdod-avlod bir zaylda takrorlanib ko‘payadigan, hech o‘sib rivoj topmaydigan — ma’nosiz va mantiqsiz hayotni yaratishning Parvardigorga luzumi bo‘lmasa kerak?

Darhaqiqat, Ollohning olam va odamni yaratishidan maqsadi hadislarda ochiq bayon etilgan:

“Kuntu kanzan xafiyyan Fa xalaqtun xalqa” (Men maxfiy bir ganjina edim, mening Tangriligimni bilguvchi hech kim yo‘q edi, xaloyiq yaratdim mendan foyda olsinlar), deb. Bas, ana shu maxfiy xazinani ochish va undagi ganjinalarni tasarruf qilish tadrijiy (dialektik tarzda) amalga oshadi, birdaniga emas. Odam Ollohni va U yaratgan olamni anglash jarayonida o‘zi ham taraqqiy
etadi, odamning yuksalishi uning Ollohni qanchalik teran anglashiga bog‘liq. Chunki olamda Olloxdan tashqari narsa yo‘q,
nimaniki anglasak, inkishof etsak, bu — Ollohni anglashning bir pillapoyasidir. Ijtimoiy munosabatlarda ham, tabiiy va
aniq fanlar sohasida ham, texnika va texnologiya sohasida ham, uluhiy ilmlar sohasida ham. Shuning uchun ham olim obid odamdan chandon afzal. Izoh berib ketaylik. Rumiyning:

Narsa yo‘qki, xoriji odam erur,

Har ne istarsan, o‘zingda jam erur…

bayti Mansur Xallojning mashhur “anal-haq”i ruhida bo‘lib, Ollohga singib, unda erib yo‘q bo‘lib ketgan odam haqidadir. Bundagi “odam” — Ollohda zuhur topgan.

Menimcha, Darvin odam maymundan kelib chiqqanini da’vo qilgan, deb bilish nafaqat Darvinni, balki oddiy dialektikani ham anglamaslik oqibatidir. Darvinning o‘zi ham bunday odamlar ustidan
kulib, anoyi talqinlarga ortiqcha e’tibor bermagani ma’lum. Chunonchi, go‘zal bir xonim uni mot qilmoq niyatida,
janob Darvin, nahotki meni ham badbashara bir maymundan bino bo‘lgan deb bilsangiz, deganida olim
unga, yo‘q xonim, siz eng chiroyli maymundanyaralgansiz, deb
lutf qilgan ekan.

O‘sha xonimning savolini bugun biz ham berib ko‘raylik. Odam maymun
zurriyodimi?

Dinda Odamato bilan Momo-havo jannatda bo‘lgani, biroq taqiqni buzgani va jannatni bulg‘atgani uchun jazolanib, yer yuziga tushirilgani aytiladi… Avvalo buni mexanistik tushunish to‘g‘ri bo‘larmikan: rahmon va rahim Olloh taolo Odamato bilan Momohavoning qiziquvchanlik ustun kelib qilgan gunohi — taqiqlangan mevani tatib ko‘rgani uchunoq (bu ikkoviga qo‘shib ulardan tarqalgan milliard-milliard odamni ham shu ayb uchungina jazolab), jannatdan shubhasiz tuban bo‘lgan ma’vo Yer yuzida yashash azobiga mahkum etadimi? Qolaversa, almisokdayoq Olloh jami insonlar ruhini yer yuziga yuborgan edi-ku: sizga hayot beriladigan chog‘da yashab o‘tadigan makoningizni ko‘rib keling, deb? Bas, bu rivoyatdan bosh maqsad din isyon emas, bo‘ysunish amali ekanini bayon etish, dinda taqiqni buzgan kishi jannatdan mosuvo bo‘lishini uqtirish bo‘lsa-chi?

Shu o‘rinda Payg‘ambarimizning Momohavo Odamatoning qobirg‘asidan yaratilgan, degan rivoyatga bergan sharhini eslab o‘taylik. Rasuli akram, ayollar qobirg‘a singari bo‘ladi, tekislashga urinish uni sindirishga olib keladi, Deya izohlab o‘tgan (Buxoriy. Jomi’i sahih. II kitob, T., 1996, 393-bet). Bu esa diniy naqplarni talqin etishda namuna bo‘lishi mumkin.

Tiriklik Yerga yaratgan Zotning marhamati bilan takdim etilgan (bu — mening emas, qarashlarini hozir ko‘p jizzaki muxoliflar inkor etayotgan buyuk Darvinning gapi). Sharoiti Yernikiga yaqin boshqa sayyoralarda hayot yo‘qligi ham bu qarashni tasdiqlaydi, albatta.

Odam loydan yasalgan, deb hisoblaydigan kishi mo‘’min-musulmonu inson evolyutsion taraqqiyot oqibatida hozirgi darajaga yetgan, deb aytgan kishi battol ateist bo‘lib qoladimi? Yo‘q. Muhimi, imon keltirish — Ollohning biru borligiga, Muhammad uning rasuli ekaniga amin bo‘lish. Gap Ollohning ilmini tafakkur qilish-qila olmaslikda. Aslida esa, bu qarashlar orasidagi zidsiyat uncha katta emas har ikki holda ham gap bir hovuch tuproq va suv ustida ketyapti.

Yo, ba’zilar aytayotgandek, inson olamning boshkd bir ma’vosida yaralgan jonzotmi? Yer sayyorasiga tajriba uchun keltirilib, hozir asl vatani, asl ajdodlarini esdan chiqarganmi?

…Zominning baland tog‘i ustida, yamyashil archazorning to‘shida diametri o‘n qadamcha keladigan bir doiraga duch keldik. Uchar likob tushgan, dedilar bu joyga. Ishonmayin desang… O‘rtasi xiyol botiqroq bu doiraning tevaragi xuddi birov pargor bilan chizganday tep-tekis, biron qing‘ayish ko‘rinmaydi. Ehtimol, kimdir maynavozchilikka ketmon olib chiqib, aniq o‘lchab shunday qilgan bo‘lsachi? Ammo doira ichidagi ko‘katlar uning markazidan har tarafga qarab bir tekisda taralib o‘sipti. Boringki, boyagi hazilkash xaskash bilan tarab shunday shakl bergandir, deysiz. Ajabki, o‘to‘lanlar hamma yerda qovjirab sarg‘aygan (avgustning oxirlari edi), biroq shu doira ichidagi ko‘katlar ko‘m-ko‘k, qulf urib o‘sib turardi. Yo anovi odam atayin leykada suv olib chiqib, shu doira ichiga purkab turganmikin? Unday bo‘lsa, doira ichida bo‘lgan ko‘katlar ko‘m-ko‘k, ammo uning qay bir novdalari o‘sib, doira-gardish chizig‘idan chetga ham chiqqani hamono sarg‘ayib ketgan? Axir, shu novdaning tagi yam-yashil-ku? Yo tavba…

Ammo agar ana shu “uchar likob” deganlari chindan ham mavjud bo‘lsa, uning olislardan kelib-ketayotgan yo‘lchilari ham ular, ilm-bilimda va… zamin tili bilan ayganda, texnikada har qancha ilgarilamasin, yaratgan Zot oldida bizlar singari u yaratgan maxluqotning bir turi.

Endi odamzodga kelsak, u bir zamonda allaqaysi sayyoradan uchib kelgan, deb folbinlik qilish, noma’lum kuchlar tomonidan nazorat etib turilibdi, tajriba ostida ekanini o‘zi bilmaydi, deya fantaziyaga berilish dinga zid ekanidan tashqari, mantiqan ham asossiz. Uning jismida Yerda mavjud bo‘lmagan, boshqa samoviy dunyolarga xos biron modda yo‘qligi-chi, bu ham nimanidir anglatmaydimi? Tanimizda qanday modda va unsur mavjud bo‘lsa, ularning hammasi Yerdan emasmi? Buni hatto din ham iqror etadi Odamni yasash uchun Yer loyi olingan, deb. Inson jismida aqalli biron-bir nozaminiy modda yo o‘zgacha bir xislat bo‘lsa edi, uni “koinotdan kelgan mehmon”, yerlik emas, deya har qancha lof ursa bo‘lardi.

Odam koinotning noma’lum puchmog‘idan kelgan jonzot bo‘lsa, biologik hosila sifatida u boshqa sut emizuvchilardan biron alohida xossasiga ko‘ra yaqqol ajralib turmasmi edi? Uning boshqa jonzotlardan prinsipial qanday farqi bor? Tanasida tuk siyrakroqmi? Tik turib yura oladimi? Aqli ko‘proqmi? Bular odamni bir jonzot sifatida shu tur — sut emizuvchilarga mansub boshqa jonzotlardan keskin ayiradimi?

Unda, yo‘lbars, ayiq, mushuk, maymun, it kabi mukammal rivojlangan juda ko‘p sut emizuvchilardek odamda ham oyoq va qo‘l panjalari soni beshtadan ekani, ortiq ham, kam ham emasligini qanday izohlaymiz? Odamda ham og‘iz bitta, ko‘z, quloq, oyoq-qo‘llar esa ikkitadan ekani, tomirlarda qon oqishi kabi umurtqalilarga xos barcha alomatlar mavjud-ku? Odam ham jami jonzotlar — xordalilar singari o‘z tanasi ichiga qabul qilgan va qayta ishlab, chiqarib yuboradigan oziq mahsulotlaridan yashashi uchun lozim bo‘lgan quvvat va energiyani oladi, jinsiy yo‘l bilan ko‘payadi, barcha umurtqalilar kabi bosh suyagi skelet tuzilishiga asos bo‘ladi, suyaklari bo‘g‘imlar orqali bir-biriga bog‘lanadi va oshqozon, o‘pka, yurak-qon tomir tizimi, jigar va hokazo a’zolardan iborat bo‘ladi, barcha sut emizuvchilardek tirik tug‘adi va bolalarini sut bilan oziqlantiradi, maymunsimonlar oilasining kenja turiga mansub maxluqlar kabi sut bezlari chovida emas, ko‘ksida joylashgan, yuz asab paylari rivojlangan. Odamni xordali jonivorlar tipining kenja turi bo‘lgan umurtqalilar guruhiga, sut emizuvchi sinfiga kiritish ilmiy nuqtai nazardan xatomi? Va nihoyat, Xalloqi olam yerda organik hayot hujayra asosida bino bo‘lishini belgilagan. Barcha tirik organizm (jumladan odam ham) avvalo hujayradan tashkil topgan.

Inson ruhini esa qaysi makonda, qay zamonda yaratganini Olloh o‘zi biladi. Ammo olam yaralganidayoq, odam jismining bir zarrasi shu zamin ibtidosida bor bo‘lgan. Bir rivoyatga ko‘ra, odam o‘lgach, qayerga ko‘milgan bo‘lsa, tuprog‘i o‘sha yerdan olingan ekan, deb aytiladi.

Menimcha, odam — borlig‘i ila Yer farzandi. U shu sayyorada yaratilgan. “Qisasi Rabg‘uziy”da ham aytiladiki, Odamga jon kiritilishdan avval uning loyi Toif va Makka shaharlari o‘rtasidagi Daxno degan joyga qo‘yilgan. Agar odamzod koinotning boshqa bir joyida yaralgan, so‘ng Yerga yuborilgan bo‘lsa, mantiqan, unda yolg‘iz odamzod emas, xuddi Nuh kemasining yo‘lchilari kabi jami nabotot va hayvonot dunyosi (jumladan, u kabi qon, et, suyak, teri va asab tolalaridan bino bo‘lgan hayvonlar ham) u bilan birga kelgan. Chunki ular ham nasl qoldirish orqali ko‘payadi, juft yashaydi va hokazo.

Yer yuzida organik dunyo o‘z-o‘zidan payDo bo‘lmagan. Qodir Olloh tiriklik xossasini Yerga in’om etgan. Milliard yillar davomida eng sodda jonivorlar rivojlanib, bir turdan ikkinchi turga o‘ta borishi orqali biz bilgan bioolam shakllangan. Ana shu taraqqiyotning cho‘qqisi — odam.

Inson Xudoni aql bilan tanibdi, degan gap bor. Darvin — olamning biologik xossalarini boshqalardan teranroq, nozikroq anglagan zot edi. U hech bir asarida tirik hujayra noorganik moddalardan bino bo‘lgan, degan emas. Bil’aks, u tiriklikni Xudo eng sodda holida Yerga in’om etgan, shundan so‘ng hayot evolyutsion tarzda rivojlana boshlangan, deb uqtirgan.

Darvin va uning salaflari Ollohning mo‘’jizalari olam yaratilishi bilanoq tugab bitmagani va to‘xtab qolmaganini, bu mo‘’jiza har on va hamma vaqt, har bir hujayradan tortib, butun koinot ko‘lamida, azal-abad bardavom bo‘lishini va Parvardigor uni bir zaylda, o‘zgarmaydigan sifatda emas, balki tinimsiz taraqqiy etadigan, tobora murakkablashib boradigan va mukammallik sari intiladigan qilib yaratganini to‘g‘ri talqin etgan edi. “Darvin chog‘ishtirma anatomiya va embriologiya, shuningdek, juda kamyob bo‘lsa-da, paleontologik topilmalarning natijalariga asoslanib, odamning hozir yashab turgan odamsimon maymunlarga yaqin qon-qardosh ekanini ishonarli qilib isbotlab berdi, — deb yozadi F.Pravdin, — Shu bilan bir vaqtda u, zamonaviy maymunlarning birontasini ham odamning ajdodi deb hisoblash mumkin emas, degan va mohiyat e’tibori bilan muhim bo‘lgan qoidani ilgari surdi” (Darvinizm. T., 1973, 420-bet). Nihoyat Darvin muxoliflari ilmiy saviya va mushohada jihatidan aksar hollarda boyagi xonimdan ko‘pam uzoqqa ketmaganini e’tirof etishga to‘g‘ri keladi.

Shamsiddin Tabriziyning savoliga javob berarkan, Jalolidsin Rumiy payg‘ambarimiz amallari misolida ilk bor dialektikaga ta’rif bergan, deb aytadilar. Tabiatdagi dialektikani evolyutsiya deb ataymiz. Buni mushohada etsak, dialektika va uning o‘zagida yotuvchi evolyutsiyani yo‘qqa chiqarish amalda ateizmga hamda dialektikani tan olmaydigan boshqa dinlar foydasiga xizmat qilishi aniq bo‘ladi. Evolyutsiyani e’tirof etmaslik dialektikani rad etish demakdir. Tabiat tadrijiy takomillashadi deyish esa marksizmni e’tirof etish bo‘lib qolmaydi. Dialektika falsafa tarixida azaldan bor, u dunyoning yashash tarzidir. Bas shunday ekan, Xorun Yahyoning olamda evolyutsiya yo‘q, uni Darvin to‘qib chiqargan, Darvinning yashash uchun kurash g‘oyasi odam — odamga kushanda degan qarashni qonuniylashtiradi va shu jihati bilan u fashistik g‘oyaga asos bo‘lgan, degan uydirmalari esa mutlaqo asossiz va islom nuqtai nazaridan ham xatodan o‘zga narsa emas. Evolyutsiya tabiatda yo‘q hodisa, uni Darvin o‘ylab topgan, deya jar solish bilan Xorun Yahyo va uning bizdagi hamfikrlari “diyonatli olim”lik rutbasiga erishmaydi, balki tabiat va jamiyatdagi tadrijni inkor etuvchi soxta ilm — metafizika sohasining yangi vakiliga aylanadi, xolos.

Butun koinot, Yerdagi jonli va jonsiz tabiat, har bir organizm betinim rivojlanishda. Olam mavjudligini harakatsiz (va u orqali keladigan taraqqiyotsiz) tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, harakat — olamning yashash tarzidir, degan fikrga qo‘shilmay ilojimiz yo‘q. Elektronlari yadrosi tevaragida aylanishdan to‘xtagan birorta atom, jismu joni harakatsiz biron-bir jonivor, koinotda charx urmayotgan biron galaktikani topolmaysiz — harakatsiz narsa bo‘lishi mumkin emas.

Yer yuzidagi maxluqotning eng oldingi safida inson turadi, u eng taraqqiy etgan va rivojlanishi tobora tezlashayotgan jonzotdir. Sut emizuvchilarning boshqa vakillari undan xiyla sust rivoj topadi, umurtqalilarning boshqa vakillari undan ham sekinroq taraqqiy etadi, barcha xil boshqa jonivorlarda bu jarayon yanada ohista kechadi. Undan keyin nabotot olami (daraxt va o‘simliklar) rivoji haqida gapirish mumkin (odamning aralashuvi — payvand qilish, chatishtirish, duragay navlar olish — bo‘lak narsa). Hatto o‘lgan organizm — qurigan daraxt, halok bo‘lgan jonivor ham bir zaylda qotib qolmaydi — chiriydi, tuproqqa qo‘shiladi va yangi hayot urug‘lari uchun ozuqaga aylanadi. Taraqqiyot, yo‘q bo‘lib ketmaslik, yashash uchun kurash shunga olib keldiki, bizga aksar biovakillar — nabotot, hayvonot turlari o‘z himoya vositalari — o‘simliklarning tikani, go‘shtxo‘r hayvonlarning o‘tkir qoziq tishlari ular bilan birga yaratilgandek tuyuladi. Aslida, tikon va qoziq tishlar (biz shu ikki sodda misol bilan cheklanaylik) o‘simlik va darrandalarning asliy xossasi emas, yashash uchun kurashning million yillar davomida shakllangan ikkilamchi xossalaridir.

Taraqqiyotning eng sust darajasi esa noorganik olamga taalluqli. Ammo har bir oddiy modda ham million yillar davomida tashqi va ichki ta’sirlar, turli boshqa omillar natijasida rivojlanadi, eng asl holatiga erishadi, keyin nuraydi va bir turdan ikkinchi turga o‘ta boradi. Moddani tashkil etuvchi atomlar o‘zaro birikkan va har bir atom yadrosi atrofida elektron, neytron kabi “sayyora”lar aylanib, jism mudom taraqqiy etadi. Bu rivojlanish tarzi organik olamnikidan boshqacha, albatta.

Agar Olloh taolo barcha turdagi nabotot va hayvonotni hech o‘zgarmaydigan, rivojlanmaydigan sifatida yaratishni ixtiyor etib, shunday bino qilganida, mantiqan, yer yuzida hech bir tur qirilib bitmaydigan, hammasi qiyomatgacha yashaydigan bo‘lmasmi edi?

…Yer kurrasining uzoq o‘tmishida bir zamonlar yashagan, hozir yo‘qolib ketgan ko‘pgina o‘simlik, daraxt va jonivorlarning qazilmalari topilgan. Ularning bir qismi qandaydir sabablarga ko‘ra tur sifatida yashashdan to‘xtagan bo‘lsa, boshqasi million yillar mobaynida rivojlangan, sharoitga, iqlimga moslashib, yangi turga aylana borgan. Buni inkor etish aqldan emas.

Evolyutsiya tabiatda bor hodisadir. Qazilma ishlari natijasida eng kichik sut emizuvchi jonivor — ko‘rshapalakning bir turi million yillar ilgari suvdagi o‘ljani tutib yeyish uchun suzishga moslashgani, havoda uchishni tark etib, suv ichida hayot kechirishga o‘tgani va… kitga aylangani uzil-kesil dalillandi. Ammo hali ham kitda ko‘rshapalakka xos belgilar — sutemizuvchilik, exolokator orqali ko‘rish, o‘ljasini tutgan zahoti yeyish kabi xossalar saqlanib qolgan. Yoki bundan yigirma besh million yillar ilgari Amerika qit’asidan Yevroosiyo qit’asiga o‘tgan, qo‘l va oyoq kafti uch barmoqli (fanda hipparion deb ataladigan) kichkina hayvon o‘rta barmog‘i qattiq tuyoqqa aylangan otning ajdodi edi (ikki chetki barmoq rudimentlari saqlanib qolgan), taraqqiyot davom etib, undan eshak, zebra va ot shakllangan.

Tabiatda evolyutsion taraqqiyot borligini ko‘rmaslik amalda din foydasiga emas, aksincha ateizmni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Chunki u taraqqiyotga turtki beruvchi Tangrini nazardan qochiradi. Odamzod bir yaratilganicha, ongi ham, shakl-shamoyili ham million yillar o‘tsa-da, o‘zgarmaydigan bo‘lsa, yer yuzida har bir o‘t-o‘lan va dov-daraxt, har bir jon-jonivor abadiy shu holicha, rivoj topmay, yangilana beradigan bo‘lsa, unda Ollohni bu olamni yaratishdan muddaosini tushunib bo‘lmay qoladi-ku? Abadul-abad o‘zgarmas narsalarni yaratishning unga keragi bor deb o‘ylaysizmi? Io‘q, albatta. Unda olamning yaratilishida mantiq bo‘lmas edi (Gyote bu to‘g‘rida gap ketganda, Xudo hozir ham olam yaratilishining birinchi kunidagi kabi qudratga molik, unga horish-toliqish begona, deb aytgan).

Lev Tolstoy evolyutsion nazariyaga munosabat bildirib, dialektikani sodda, teran talqin etgan edi: “Agar odam noma’lum zamon davrida maymundan paydo bo‘lgan bo‘lsa, bu narsa inson ma’lum bir davrda bir hovuch tuprokdan yaralgan deganday gap ‘. Ya’ni, odam maymundan bino bo‘lgan bo‘lsa, maymunning o‘zi undan-da soddaroq bir maxlukdan, unisi yana ham tubanroq bir jonivordan va oxir-oqibat… bir hovuch tuproq jonli tabiat uchun xamirturush bo‘lgan, ilk hayot nishonalari tuprokda yuz ko‘rsatgan.

Odam maymundan tarqalmagan, u maymunsimon odamning (pitekantrop) rivojlanishi natijasida paydo bo‘lgan. Biz bilgan hozirgi maymunlar esa ana shu maymunsimon odamning asosiy taraqqiyot yo‘lidan chetga qayrilgan, rivoji tanazzulga qarab ketgan turidir.

Ammo har nechuk, odamsimon maymun boshqa sut emizuvchilar orasida eng taraqQiy etgan jonzot bo‘lib, o‘zga barcha hayvonlardan o‘zining serharakatligi, chaqqonligi, sharoitga oson moslashishi bilan, shuningdek, mimika paylarining rivojlangani va o‘z kayfiyatini yuzi orqali bildira olishi, miyasining massasi tana og‘irligiga nisbatan boshqa jonivorlarnikidan katta ekani kabi xossalari bilan alohida ajralib turadi. Maymunda Ham, odamda ham boshqa sut emizuvchilardan farqli o‘laroq, qo‘l va oyoq panjalari uchida tirnoqlar bor, bosh barmoq boshqa barmoqpar qarshisida, sut bezlari esa ko‘krakda joylashgan va hokazo.

Tabiat dialektikasi haqida mening fikrim bunday: odamlar turli noorganik va organik moddalarni minglab xil usulda, har turli sharoitda o‘zaro qovushtirish va qorishtirish orqali harchand urinib biron tirik hujayra, biron-bir o‘simlik yo eng sodsa jonivorni ham shakllantira olmaydi (akademik Oparinning shu yo‘ldagi bir umrlik mehnati zoye ketgan), Yerda organik hayotning ilk nishonasi shakllanishini qodir Olloh ixtiyor etgan. Undan keyingi tiriklik esa sharoitga moslashish, ko‘nikish va saralanish orqali davom etgan. Hech bir o‘simlik yo jonivor kosmosdan o‘zi kelib qolmagan yoki bizdan ko‘ra rivojlangan tamaddun vakillari tomonidan Yerga tushirilib, tajriba o‘tkazilayotgani yo‘q. Ilk o‘simliklar million yillar davomida asta rivojlangan, boshqa sharoitda o‘sishga mahkum bo‘lganlari esa necha o‘nlab asrlar mobaynida asta-sekin yangi o‘simlik turiga aylangan. Suvda ko‘chib yurishga moslashgan o‘simliklar paydo bo‘lgan. Biron zaminga ildiz otgan, ammo jonlilik xususiyati aniq seziladigan murakkab o‘simliklar (masalan, gullari hasharotni tutib, o‘ziga yemga aylantiradigan qopqon o‘simliklar) bor. Ular nabotot olami bilan tirik jonivorlar o‘rtasida bog‘lovchi halqadir.

Jon-jonivorlar olamida esa sharoitga ko‘nikib moslashish ham, turlararo aloqa ham ancha faol (Darvin vyur degan qushchaning turli sharoitda qanday o‘zgarganini juda ishonarli isbotlab bergan).

Xorun Yahyo, jonivor yo o‘simliklarning oraliq turlari kam ekani ularning evolyutsiya natijasida kelib chiqmaganini ko‘rsatadi, deb da’vo qiladi. Bizningcha, oraliq tur — bir tur boshqa turga aylanayotgandagi holat, u biologik xilma-xillik jihatidan ham, xronologik jihatdan ham asosiy turlarga nisbatan benihoya kam bo‘lishini, nihoyat, tushunish kerak.

Sharoitga moslasha olgan turlargina yashab qolgan. Hozir tirik jonivorlarning barchasi o‘z yashaydigan muhitiga moslashganlaridir, moslasha olmaganlari qirilib bitgan. Chunonchi, oq ayiqning yungi oppoq bo‘lganidan qor ustida o‘ljaga sezdirmay yaqinlashish imkoni ko‘proq, ovi o‘ngidan kelishi tayinroq. Qahraton sovuqqa moslashgan qo‘yho‘kiz (juni uzunligi 60-90 santimetr) tundrada bemalol yashaydi. U qo‘yning bir turi, biologik tanlanish orqali hozirgi ko‘rinishga ega bo‘lgan. Ayrim jonivorlar sonining bugun nihoyatda kam ekanligiga sabab ko‘p ovlanganigina emas. Ularda himoyaning zaifligi ham bor gap.

Har bir tur avvalgisidan turli sabablarga ko‘ra ajralib chiqqan — yo asosiy yashash joyi torlik qilib, boshqa sharoitga moslashib yashashga majbur bo‘lish oqibatida o‘zgarishlar yuz bergan, ular oxir-oqibat sifat o‘zgarishiga olib kelgan, yo yangi, yanada qulay sharoitga tushib qolish natijasida o‘zgargan va hokazo. Yer yuzidagi taraqqiyot biz ko‘rib turgan hayotning o‘zidan ham murakkab va xilmaxildirki, buning natijasida bizga ma’lum bo‘lgan va bo‘lmagan ming-million nabotot va hayvonot turi shakllangan.

Inson — hayot daraxtining qulf urib o‘sayotgan eng tik novdasi. Odamning eng qadimgi ajdodlari nisbatan qulay yashash sharoitiga tushgan va buning oqibatida boshqa turdoshlariga qaraganda tezroq kamol topgan. Ikkinchi yokdan, ularda kurashuvchanlik, har qanday noqulay sharoitdan chiqib keta olish ko‘nikmasi rivojlangan. Boshqa jon-jonivorlar mana shu taraqqiyot jarayonining ma’lum bir bosqichida tik novdadan ajralib chiqqan yon shoxlar singari bo‘lib, ularda o‘sish istiqboli qolmagan. Albatta, yon shoxlarda ham yangi novdalar chiqqani kabi, asosiy o‘sish yo‘lidan chetda ham, biron tur ichida yangi o‘simlik yo hayvonlar shakplanib chiqqani shubhasiz. Hozirgi yirtqich va o‘txo‘r sut emizuvchi hayvonlar baayni o‘sib borayotgan daraxtning yon-atrofdagi shoxshabbalari singari bo‘lib, “hayot shajarasi”ning bu shoxlari endi tik — yuqoriga o‘sish u yokda tursin, hatto pastga qayrilgan, ya’ni tanazzulga yuz tutgan. Endilikda ularning rivoji yuksalish sari emas, aksincha bo‘ladi. Bular — yuz million yillar davomida taraqqiyotning asosiy oqimidan chetga chiqqan va ongi rivoj topmaydigan turlardir. Jumladan, ayrimlar odam ajdodi deb tushungan maymunlar ham.

Odam maymun taraqqiyoti tufayli paydo bo‘lgan emas. Odam boshqa hayvonlarga qaraganda maymunga ko‘proq o‘xshab ketgani uchunoq uning qadim ajdodi maymun bo‘lgan deyish Darvin nazariyasini yuzaki anglash, ya’ni, bu bo‘sh temir qutini protsessor deb atash bilan mohiyatan bir… Buyuk tabiatshunosning nazariyasini to‘g‘ri tushunadigan bo‘lsak, odam maymundan emas, maymun odamdan kelib chiqqan, deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Zero, biologik tabiat taraqqiyotining asosiy yo‘nalishi odamzodning kelib chiqishiga qaratilgan bo‘lsa, maymunlar va umuman primatlar ana shu rivojlanish yo‘lining ma’lum bir bosqichida asosiy rivojlanishning o‘q ildizidan ajralib chiqqan va taraqqiyotda ilgarilay olmay qolgan vakillardir.

Xo‘sh, odamzod hayot daraxtining tobora bo‘y cho‘zayotgan markaziy tik novdasi ekan, vaqti kelib undan yana yon shoxlar unib chiqishi — insoniyatning tobora tezlashayotgan taraqqiyotiga yeta olmagan biron tur paydo bo‘lib, qolib ketishi mumkinmi (lo‘lilar hayotida bundan ming yil oldingi turmushdan aytarli ko‘p narsa o‘zgardimi)? Buni bilish amrimahol. Ammo hozir eng qoloq, hatto ibtidoiy qabila holida yashayotgan guruhlar ham tamaddun jarayoniga jadal ravishda tortilib, umumdunyoviy globallashishga qo‘shilayotgan ekan, bunday ajralib qolishlar bo‘lmas.

Odamning paydo bo‘lishiga munosabat masalasini ochiq o‘rtaga qo‘yish, bu boradagi qarashlarni ko‘rib chiqish va qat’iy bir qarorga kelish juda muhim. Bu masalada dudmollik qilish ilmda metodologik chalkashlikka olib keladi. Aytaylik, maktabda biologiya o‘qituvchisi odamning paydo bo‘lishini qanday talqin qilyapti? Bizning kuzatishimizcha, darsliklarda odamning paydo bo‘lishi borasidagi diniy qarashlar mutlaqo tilga olinmayapti va qariyb materialistik evolyutsiya nazariyasi bir oz pardalangan holda takdim etilyapti. Masjidda, diniy kitoblarda esa bolalarga Odamatoni loydan yaratib, so‘ng unga jon kiritgani uqtirilyapti. Bunda bolalarning o‘sib kelayotgan ongida mavhumot paydo bo‘lishi turgan gap: maktab darsligiga, muallimga ishonsinmi yo o‘zgalarga? Bizningcha, Xudo olamni, jumladan, odamni yaratib, hayot berganini, butun borliq — tabiat va insoniyat dialektik taraqqiyot va yashash uchun kurash orQali o‘sib kamol topishi borasidagi qarashlar tizimini shakllantirish zarur. Zero, ilm mantiqqa muvofiq, haqiqatga eng yaqin talqin tanlab olinishini taqozo etadi. Olloh taolo nabotot, hayvonot va, shu jumladan, insonni bir-biriga aloqasiz qilib, ayri-ayri holda yaratganiga qaraganda, u ato etgan ichki intilish tufayli jami mavjudot rivojlanadigan, ulkan davrlar mobaynida biri ikkinchisidan kelib chiqadigan qilib hayot berganida hikmat va jaloliyat benihoya ko‘p ekanini anglash lozim. Busiz biz jaholat sari qarab ketamiz.

Darvin nazariyasini yoqlash materializmga yon bosish degani emas. Dindor Darvinni g‘irt ateistga chiqarib tanishtirgan sho‘ro davri hamma narsaga marksizm nuqtai nazaridan baho berar, metodologik masalalar ateistik dunyoqarash negiziga qurilar, shu sababli ko‘p masalalar mavhumligicha qolgan edi. Ba’zi olimlarning darvinizm deganDa ateizmni tushunishi, aslida, sho‘ro davriga xos bo‘lgan fikrlash oqavasidir. Oybekning mana bu iztirobli misralari yodingizdami:

Haqiqat yaratdi tartib va qonun,

Hikmat oftobi go‘yo bir yolqin.

Katta falsafaning ildizi qani?

Topilsa, bo‘lurdi oftob — toshqin…

Bu to‘rtlik 1967 yilda — shoir tildan qolgan, qo‘li qalam tutolmagan xasta chog‘ida imo-ishora bilan aytib yozdirilgan. Menimcha, undagi “haqiqat” so‘zi Haq taoloni bildiradi va u olamni tartibli qilib, qonuniyat asosida yaratgani, uning hikmat oftobi o‘ta nurli ekani, lekin mavjud tuzum e’tirof etgan monopolistik “katta falsafa” — materializmning ildizi yo‘qligi, hayotdan uzilgan holda ekani bayon etilgan…

* * *

Bergan savoli odamni xijolatga soladi. Chunki bilimsizligi fosh bo‘lib qoladi. Omiligidan uyaladiganlar bizda yetarli. Men ularga qo‘shilib, “o‘ziga zolim”lar safini yana kengaytirgim kelmadi, azizlar.

Xayr, diniy va dunyoviy ishlar borasida savollarni hozircha bas qilaylik. Donolar, til bitta, quloq esa ikkita, bir gapirsang, ikki bor quloq sol, deydilar. Holbuki, kishini o‘ylantirib, iztirobga soladigan, hatto kelgusidan umidini yo‘qqa chiqarishga qodir bo‘lgan talay masalalar — millat axloqining buzilishi, ekologiya, globallashish, asl qadriyatlarning hozirgi qimmati haqida ham “so‘rorim bor” edi. Mavridi kelar. Unga qadar esa, boya aytganimizDay, bu boradagi har qanday mulohazani jon deb eshitamiz.

Maqolani doktor Sayyid Muhammad Xotamiyning “Islom tafakkuri tarixidan” asaridagi ushbu so‘zlar bilan yakunlasak bo‘lar:

“Fikr — bu inson hayotining manbai va insonni hayvondan ajratib turuvchi omil. Fikr savol qadrlangandagina mavJUD bo‘la oladi. Savol esa hamma vaqt mavjuddir, biroq u faqat aniq va to‘g‘ri savol berish imkoni bo‘ladigan, samara beradigan xavfsiz va erkin muhitda paydo bo‘lishi mumkin. Aks holda, ichkarida mavjud bo‘lgan savollar hech qachon tugamaydi va yo‘qolmaydi, agar mabodo ular qirg‘in qilinadigan bo‘lsa, ular fikrning ziddiga aylanadi” (Xotamiy Sayyid Muhammad. Islom tafakkuri tarixidan. T., “Minhoj” nashriyoti, 2003 273-bet).

Zero, biz shunchaki dindor emas, taqvoli dindor bo‘lishni xohlaymiz; mutaassib emas, ma’rifatli musulmon bo‘lgimiz keladi. Maqsad — fikrlashish orqali haqiqatga yaqinlashish. Axir, Olloh bizga bergan eng buyuk ne’mat ham tafakkur-ku! Payg‘ambarimizning dinda chuqurlashmang, degan buyrug‘i esa yuzaki bilimli bo‘lishga da’vat emas aslo,

U tamoman boshqa masala. Axir, o‘zingiz O‘ylab ko‘ring: mutaraqqiy G‘arb rivojining ruhiy negizi — andishabozlikka berilmasdan, barcha narsaga ochiq ko‘z bilan qarab, real mulohaza yuritishda ham emasmikan?..

Zuhriddin Isomiddinov

(“Tafakkur” jurnali, 2009 yil, 1-sonda bosilgan.)

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here