Qatag'on qurbonlari xotira muzeyi

O‘zbek milliy matbuotining to‘ng‘ichi bo‘lgan «Taraqqiy» gazetasi chiqqan kunga 111 yil to‘ldi.

To‘g‘ri, ungacha 1870 yili Turkiston general gubernatori Fon-Kaufmanning ko‘rsatmasi bilan o‘lkada rus tilida «Turkestanskie vedomosti» va unga ilova tarzida o‘zbek va qozoq tillarida «Turkiston viloyatining gazeti» tashkil qilingan va ular 47 yil davomida nashr etilib turgan edi. Biroq bu gazetalar bosqinchilarning nashr afkori bo‘lib, o‘lkada mustabidlik siyosatini olib borgan va ana shu tizimni mustahkamlash yo‘lida xizmat qilgan.

«Taraqqiy» esa mahalliy xalq­larning milliy manfaatini himoya qilgan, ularda erk, istiqlol tuyg‘usini uyg‘otgan, millat sha’nini ko‘tarishga, ularni ozod va mustaqil hayot uchun kurash yo‘liga chorlagan gazeta sifatida Vatanimiz tarixidan munosib o‘rin oldi. Ushbu gazetani tashkil etish mustabidlik davrida millatdoshlarimizning milliy ozodlik yo‘liga kirishdek jasorat sari qay tarzda qadam tashlaganlarini ko‘rsatuvchi yorqin dalil hamdir. Shu bois «Taraqqiy» gazetasi qanday ijtimoiy-siyosiy sharoitda yuzaga kelganini, uni kimlar bunyod etishganini bugun yana bir karra eslash jasur ajdodlarimiz ruhi poklarini shod qilish degan gap. Keling, mana shular haqida suhbatlashish uchun yuz yil muqaddam sodir bo‘lgan voqealarga xayolan bo‘lsa-da, qaytishga urinaylik.

… 1905-1907 yillardagi shiddatli inqilobiy harakatlar yakkahokimlik asosiga qurilgan chor Rusiyasidek saltanatni ham larzaga keltirgandi. Talvasaga tushgan podsho Nikolay Ikkinchi 1905 yilning 17 oktyabrida manifest deb atalgan hujjatni imzolashga majbur bo‘lgandi. Manifestga ko‘ra, Rusiya fuqarolariga so‘z va matbuot erkinligi, jamiyatlar (firqalar) tuzish ixtiyori va’da qilingandi. Mana shu vaziyat mustabidlik zanjiriga tushgan Turkistonda ham milliy matbuot yuzaga kelishining siyosiy omilini tashkil etgandi.

Turkistondagi mustabidlar mahalliy aholining mafkuraviy qudratli qurol hisoblangan gazeta chiqarishlaridan nihoyatda xavfsirardilar. Shu bois manifest e’lon qilingandan so‘ng ham turli yo‘llar bilan bunga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ldilar. Mahalliy ziyolilarni, aniqrog‘i, taraqqiyparvarlarni laqillatish maqsadida 1906 yilning 2 yanvarida o‘zlarining sodiq xizmatkori Ivan Geyer muharrirligida «O‘rta Osiyoning umr guzorligi. Taraqqiy» nomli o‘zbekcha gazeta chiqarib, go‘yo bu bilan mahalliy aholi manfaatlarini himoya qiluvchi gazeta tashkil qilindi, degan soxta tasavvur uyg‘otmoqchi bo‘ldilar. Mahalliy ziyolilar bu makrning tagiga yetmasdan, I. Geyer gazetasi chiqqanidan xursand bo‘lishib, unda ishtirok etish uchun gurillab gazeta tahririyatiga yo‘l oldilar. Lekin tez orada ma’lum bo‘ldiki, mustabid hukmdorlar bu gazetani ko‘z bo‘yash uchungina chiqargan ekan. Amalda u ham Turkiston gubernatorligining rasmiy nashri «Turkiston viloyatining gazeti»dan deyarli farq qilmasdi. Shu bois mahalliy ziyolilarning mazkur gazetadan hafsalalari pir bo‘lishib, unga mutlaqo qatnashmay qo‘yishdi va u 17 soni  chiqqach to‘xtab qoldi. Shu vaziyatdan jadidlar ustalik bilan foydalanadilar. Xususan, Munavvar qori mazkur gazetaning moddiy-texnik zaminida mahalliy aholining manfaatlarini himoya qila oladigan davriy nashrga ega bo‘lish uchun qattiq harakat qiladi. Chunki u I. Geyer chiqargan «O‘rta Osiyoning umr guzorligi. Taraqqiy»gazetasi tahririyatiga ishga joylashib olgandi. Uning gazeta tahririyatiga joylashishiga bir tasodif ko‘mak bergan.

I. Geyer gazetasini chiqarish harakati bilan yurganda, «Turkiston viloyatining gazeti»da xodim bo‘lib ishlayotgan mulla Olim Abulqosimovdan mahalliy aholidan o‘zlariga sadoqatli bir ziyolini topib berishni so‘raydi. Mulla Olim unga Munavvar qorini tavsiya qiladi. Har holda, bu yerda mulla Olim ham, I. Geyer ham adashishgandi: Munavvar qori mustabidlarga sadoqatli gumashta emas, mahalliy aholining manfaatini himoya qiladigan el farzandi ekanligini payqamay qolishadi. Shu tariqa Munavvar qori jurnalistikaga kirib kelgan va buning katta kuch-qudratga egaligini o‘z tajribasida sinab ko‘rgandi. Endi u mustaqil holda gazeta chiqarish harakatiga tushadi. Tashkil etmoqchi bo‘lgan gazetasiga o‘zi muharrir bo‘lish uchun mustabidlarga rasmiy hujjatlar asosida murojaat etishga to‘g‘ri keladi. Ruschani esa yaxshi bilmaydi. Shu  bois ikkilanadi va mahalliy aholining tilini yaxshi biladigan, ayni paytda, rus tilida yaxshi gapira oladigan qozonlik Ismoil Obidiy degan kishini gazeta muharrirligiga taklif qiladi. U darhol rozi bo‘ladi. Shu tariqa, yuzaga kelgan qulay siyosiy vaziyatdan foydalangan Turkistondagi mahalliy xalq vakillari – taraqqiyparvarlarning harakati bilan 1906 yilning 14, yangi hisob bilan 27 iyunida «Taraqqiy» nomli o‘zbekcha milliy gazeta yorug‘lik yuzini ko‘radi.   

Gazetaning shiori

«Najot: maslakda sobit, to‘g‘rilikni ijobat» .

Ilmiy, adabiy, fanniy, tujjoriy bo‘lgan gazeta oxirgi sonigacha o‘zining shioriga sodiq qoldi. U mahalliy xalq­ning sevimli gazetasiga aylandi. U chinakamiga milliy gazetamiz bo‘la oldi. Negaki, u o‘z davrida millatimizning eng dolzarb, og‘riqli muammolarini dadil ko‘tara bildi, yurtdoshlarimiz qalbiga erk, ozodlik uchun kurash tuyg‘usini joyladi, ularda o‘z kuchiga ishonch uyg‘otdi, istiqlol sari yo‘lladi.

«Taraqqiy» dastlabki sonlaridanoq mahalliy aholiga Rusiya saltanatining mohiyatini, milliy zulm, mustabidlik nima ekanligini, erk, ozodlik naqadar buyuk ne’matligini anglatishga harakat qildi. Gazeta muharriri o‘qimishli, aqlli inson bo‘lganligidan tahririyat ishini puxtalik bilan boshqarib bordi. Muhimi, eserlar firqasiga moyillik bildiruvchi Ismoil Obidiy bilan Toshkent jadidlarining rahnamosi Munavvar qori birgalikda ishlab keta oldi. Ularni bir narsa birlashtirib turardi: zolim va makkor saltanatning bo‘g‘ovidan qutulish.

Gazeta muharriri Ismoil Obidiy mustabidlarni «hurkitib yubormaslik» uchun gazeta birinchi sonining oxirgi – to‘rtinchi sahifasida o‘z maslagini pardaliroq qilib bayon etadi: «Gazetamiz «Taraqqiy» nominda o‘lub, bora-bora jismi ham ismig‘a muvofiq o‘lub millatimizni «keyin» qolmog‘ig‘a, jaholat va g‘aflati oliyda o‘lub boshqa millatlardan kam darajada qolmog‘ig‘a aslo rozi emasdirmiz… binoan alayha, gazetamizning najotimizg‘a, dunyo va oxiratda mas’ul o‘lmoqig‘a yolg‘uz ilm bobidur demak eng birinchi vazifasidur». Gazeta «najot» deganda, nimani nazarda tutganligini payqash qiyin emas: mustabidlik zanjiriga tushib qolgan xalqning najoti erkinlik, ozodlikdan boshqa narsa emasligi o‘z-o‘zidan ma’lum. Millatimizning boshqa millatlardan orqada qolishiga aslo rozi bo‘lmaslik go‘yo bugun yozilgan satrlardek taassurot qoldiradi. Najotga erishishning, taraqqiytopishning yagona yo‘li – ilm-ma’rifatni egallash orqali, degan fikr ham naqadar o‘ylab aytilgani sezilib turadi.

Gazeta «zamonimiz foyda va istifoda zamonidir», «millat manfaatini xizmat etmak zamon, tortgan mehnat, ko‘rgan zahmatlaridan qutuladurg‘on zamon bu zamon. Din va dunyomiz uchun g‘ayrat qilub ibrat oladurg‘on zamon – bu zamon. Har kim o‘z hissasin olib turg‘on muddatda og‘iz ochub qoladurg‘on zamon emas»ligini ham ustalik bilan ishora qilib o‘tadi. Buning uchun yashash tarzini, turmush sharoitini bir karra ko‘zdan kechirib, eskirgan, zamona talablariga javob berolmay qolgan urf-odatlarni, rasm-rusumlarni, muassasalarni «ta’mirlash», isloh qilish kerak, degan g‘oyani ilgari suradi, asrlar davomida xalqni taraqqiyotda, tamadduniyatda orqaga qolishga sababchi bo‘layotgan narsalardan voz kechish kerakligi anglatildi. Eng muhimi, millatdoshlarimizning rivoj topishida ulkan to‘siq bo‘lib qolayotgan jaholat balosidan qutulishga alohida e’tibor berildi.     

«Taraqqiy» ilk sonidayoq Munavvar qorining mahalliy aholini jaholat bot­qog‘idan olib chiqishga da’vat etuvchi «Bizni jaholat – jahli murakkab» sarlavhali maqolasini e’lon qilgandi. Maqolada mahalliy aholi o‘rtasida ildiz otgan eng katta  bir illat ochiq ko‘rsatib berildi. Jaholat – bu biror narsani bilmaslik. Jahli murakkab esa bilmagan narsasini jaholati tufayli anglamaslik, ya’ni ikki karra jaholatdir, deydi muallif. Shu asnoda muallif «eski maktab» deb ataluvchi an’anaviy musulmon maktablaridagi o‘qitish tizimini keskin tanqid qiladi, uni tubdan isloh etish kerak, degan fikrni ilgari suradi. Maktabda islom dini asoslari bilan birga, o‘qitilishidan foyda bo‘lmagan kitob (dars)lar o‘rniga zamonaviy hayotda foydasi tegadigan fanlar, jumladan, hisob, jug‘rofiya, tavorix, tarixi islom kabilarni o‘qitish masalasi qo‘yiladi. Demak, muallif maktabdagi ta’lim va tarbiya hayot bilan bevosita  bog‘liq bo‘lishi lozim, degan talabni qo‘yadi. Munavvar qori birinchilardan bo‘lib o‘qitiladigan dars (fan)larning bolalar yoshiga munosib bo‘lishi lozimligini, ularning axloqiga ko‘rsatadigan ta’sirini hisobga olish darkorligini o‘rtaga tashlaydi. Maqolada maktablarda hayotda asqotadigan  darslarni o‘qitish kerak, o‘qituvchilar bilimi, axloqi, ma’naviy jihatlari bilan shu kasb­ga mos bo‘lishlari lozim, ular zamonaviy pedagogik uslublarni egallagan bo‘lishlari darkor, degan fikrlar ilk martaba o‘rtaga tashlandi. Bu fikrlar o‘sha paytda — din ahllari, ulamolarning jamiyatda mavqelari katta bo‘lib turgan zamonda dadil o‘rtaga tashlanishi, aytish mumkinki, muayyan darajada jasorat edi.     

«Taraqqiy» gazetasi chor Rusiyasi davlat tizimi haqida ham dadil fikrlarni bildira oldi. Jumladan, gazetaning 1-sonida «Duma xususinda» sarlavhali maqola shunday ruhga ega. Maqolaning mazmuniga mutlaq hokimiyat (absolyut monarxiya) tuzumiga qaraganda parlament­li davlat tuzumi afzaldir, degan fikr singdirilgan.

Gazetaning 3-sonidagi «Toshkand. ­22 iyun» sarlavhali bosh maqolada ham chor Rusiyasi davlati tizimining illatlari haqida so‘z yuritiladi. Unda yozilishicha, rus-yapon urushi Rusiyadagi katta mansabdor harbiylarning o‘z lavozimlariga noloyiqligini isbotlagan. Urush Rusiya qo‘shinlarining texnika, zamonaviy qurol-yarog‘ jihatidan orqada qolganligini ko‘rsatgan. Shu bois Rusiyadek katta saltanat Ajam (Eron)dan qarz so‘rashga majbur bo‘lgan. Bu fikrlarning zamirida go‘yo Rusiyaning mag‘lubiyatidan achinilgandek bo‘lsa-da, aslida uning har qancha qudratli, ulug‘ saltanat ­deyilishiga qaramay, zaif joylari, tizimida illatlari borligi ko‘rsatilmoqda. Demak, Rusiyadek qudratli va makkor saltanat iskanjasidan qutulish mumkin. Mana shu fikr «Taraqqiy»dagi katta-kichik xabarlarni tanlashda ham seziladi. Jumladan, gazetaning 16-sonidagi bir xabarni olaylik. Unda «Tarjumon» gazetasidan quyidagi xabar olib bosilgan: bir matbaaga 20 iyul kuni bir guruh qurolli kishilar bostirib kirishadi va millat majlisi a’zolarining aholiga murojaatini tatar tilida 1200 nusxada chop ettirib chiqib ketishadi. Bu xabar zamirida shunday ma’no bor: Rusiya qudratli davlat deyilsa-da, harakat qilinsa, uning zaif joylarini topish mumkin. Demak, milliy-ozodlik harakatiga bel bog‘layverish kerak.

«Taraqqiy» o‘sha davrdagi Rusiya davlati amaldorlari haqida ham dadil fikrlar bildira oldi. Jumladan, uning 8 avgust sonidagi «Ma’murlar» sarlavhali maqolasida hozir aksari ma’murlar o‘zlari egallab turgan lavozimlarga salohiyatlari, qobiliyatlari jihatidan loyiq emas. Ularni Davlat dumasiga chaqirib, noyiblar oldida savol-javob vositasida o‘z lavozimlariga loyiq-noloyiqliklarini aniqlash darkor. Ana shundan ­keyingina podshoh ulardan loyiqlarini lavozimlarga tayinlash to‘g‘risida farmon chiqarishi darkor, deyilgan.

Gazeta o‘rta maktablar islohi bo‘yicha butun mamlakatda ketayotgan bahslarga go‘yo aralashgandek bo‘lib, mustamlaka o‘lkalarning maktablarida o‘qitish aholining o‘z ona tilida bo‘lishi kerak, degan talabni qo‘yadi. Muhimi shundaki, gazeta bu fikrini shunchaki so‘rash, o‘tinish tarzida aytmaydi. Bu mahalliy aholining haq-huquqi deydi. Haq esa berilmaydi, olinadi. Bunday ifodaga katta ma’no, ramz joylangan edi.          

«Taraqqiy» shu kabi dadil fikrlari, mahalliy aholining manfaatlarini himoya qilgani, milliy ongini o‘stirishga harakat qilgani uchun mahalliy ziyolilar, umuman,  aholi orasida katta obro‘ga ega bo‘ldi.  Mustabidlar esa gazetaning  har bir sonini katta bir xavfsirash bilan  qarshilardi. Vahimaga tushgan ma’murlar missioner, «Turkiston viloyatining gazeti»   muharriri N.Ostroumov orqali gazetaga qarshi hujum uyushtirdilar. Tullak Ostroumov esa aholining zaif joylarini yaxshi bilardi. Shu bois u «Taraqqiy»ga qarshi ulamolarni gij-gijladi. Uning gazetasi «Turkiston viloyatining gazeti»da «Taraqqiy»ga qarshi butun bir kurashuvchilar guruhi shakl­landi: deyarli har bir sonida «Mulla», «Mullavachcha»  degan turli imzoli kimsalarning demagogiyaga asoslangan, bo‘hton aralash zaharli chiqishlari uyushtirildi. Bular, shubhasiz, behudaga qilinmagan edi.

«Taraqqiy» gazetasining bor-yo‘g‘i 20 soni chiqdi. 1906 yilning 21 avgustida gazeta tahririyatiga politsiyachilar bostirib kirishadi, tintuv o‘tkazishib, oxirgi, 20-sonini musodara qilishadi, olib ketilgan  ashyolar asosida  muharririni sudga berishadi.  26  avgustda  bo‘lgan sud  gazetani  yopishga,  muharririni esa  3 oy qamoq jazosiga hukm qiladi. So‘ng qamoq jazosi uch yillik surgun bilan almashtiriladi. Ilk milliy gazetamiz va uning jasoratli muharririning taqdiri shu tariqa yakun topadi. Lekin  xalqimiz gazeta muharririni shunday jasorati, umuman, mahalliy millat oldidagi xizmatlari evaziga «Ismoil Taraqqiy» degan nisba bilan ataydi. Bu turkistonliklarning Ismoil Obidiyga bo‘lgan katta ehtiromining belgisi edi.

Xulosa tariqasida aytish mumkinki, «Taraqqiy» gazetasi uch oygina faoliyat ko‘rsatgan bo‘lishiga qaramay, xalqimiz qalbida o‘chmas iz qoldira olgan. U yopilgach, Munavvar qori «Xurshid» degan gazeta nashr qildi, uni ham yopishgach, Abdulla Avloniy «Shuhrat» gazetasini chiqardi. Uni ham taqiqlashgach, «Osiyo», «Samarqand» va boshqa gazetalar chiqdi. «Taraqqiy» boshlagan ish to‘xtab qolmadi. U boshlagan yorqin yo‘l davom ettirildi. Uning sahifalarida orzu qilingan Mustaqillikka xalqimiz XX asr oxirlarida yetib keldi. Bobolarimiz boshlagan muborak ish yillar o‘tib amalga oshdi. Mustaqillikning buyuk ne’matidan bahramand bo‘lolmay ketgan istiqlol qahramonlari nomini minnatdor avlodlar doimo qalbining to‘rida asraydi.

Boybo‘ta DO‘STQORAYEV

“Hurriyat” gazetasidan olindi.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here