«Kishining o‘z qusurlarini ko‘rmog‘i – eng katta bilimdir»  Seneka

  1. Eng katta dushman — o‘zingiz…

Sharqda Iskandar Zulqarnayn nomi bilan mashhur bo‘lgan makedoniyalik Aleksandrga fors hukmdori Doro qo‘shinlariga kechasi hujum qilishni taklif etishganda, u: “Men g‘alabani o‘g‘irlamayman!” — deya javob bergani tarix sahifalarida yozib qoldirilgan. O‘sha paytda kimlardir Aleksandrning bu qarorini xatoga yo‘ygani turgan gap. Ammo, u haq edi. Dorodek qudratli shoh bunday harbiy hiylalar oqibatida yengiladigan raqib emas. U tungi kutilmagan hujumda askarlarining bir qismidan ajralar, ammo yo‘qotishlar o‘rnini qisqa muddatda to‘ldirish va jang tizginini qo‘lga olish imkoniga ega edi. Shunday ekan, Doroni va uning shonli armiyasini mag‘lub etishning birdan-bir yo‘li ularning jangovor ruhini sindirish bo‘lib, buni esa faqat ochiq maydondagi yuzma-yuz jangda amalga oshirish mumkin edi xolos.

Bugun jamiyat ayni holatda. Davlat islohotlari tafakkur va ruhiyat o‘zgarmaguncha kutilgan natijani bermaydi. Jamiyatimizda yangilikka to‘g‘anoq bo‘layotgan eng katta dushman milliy stereotiplarimiz, ruhiyatimizdagi qusurlarimiz, ongimizdagi turg‘unlikdir.

Tasavvur qiling: chorvadan xabari yo‘q odamga 100 ta qo‘y berilsa… Bir umr avtomobilga ega bo‘lishni orzu qilib kelgan, ammo uni boshqarishni bilmaydigan odamga mashina sovg‘a qilinsa… Boring, ana, qulga ozodlik hadya etilsa, nima bo‘ladi? Chorvadan xabari yo‘q odam qo‘ylarning kamida yarmini nobud qiladi, mashina boshqarishni bilmagan, tabiiyki, avariya qiladi. Qul esa… Bu haqda maqola so‘ngida to‘xtalamiz.

  1. Asl maqsadimiz – …

Bu maqolada biz yeru-ko‘kka sig‘may yangi hukumat va davlat rahbarini alqash, maddohlik qilish, tasannolar yog‘dirish (aslida bular endi nima qilishni bilmaganlar yoxud davlat va hukumat ko‘zini shamg‘alat qiluvchilarning xobbisi) kabi tendensiyalarda o‘zimizni ko‘rsatishni maqsad qilmadik. Maqsadimiz jamiyatimizga kirib kelgan yangi bir islohotlarni amalga oshirishda davlatga yordamchi bo‘lish. Ammo yolg‘onlarsiz, maqtovlarsiz va eng asosiysi konstruktiv bir shaklda.

Shunday qilib, davlat rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar chinakamiga amalga oshishida qator to‘siqlarga duch kelmoqda. Boshqaruv kadrlarining malakasizligidan tortib, oddiy fuqaroning yangi davrga ko‘nikishigacha, biznes estebleshmentning iqtisodiy islohotlar shiddatidan ortda qolayotganligidan, jamiyat a’zolari tafakkurining o‘zgartirishda mas’ullarning nima qilishni tushunmayotganigacha. Mavjud real muammolar tahlil qilinganda, bugungi jamiyat muammolarini quyidagi turlarga bo‘lish mumkin:

— iqtisod bilan bog‘liq muammolar (soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, fuqarolar real daromadlarining pastligi, ishsizlik, bozor iqtisodi va munosabatlari ko‘nikmalarining kamligi);

— tibbiyot sohasidagi muammolar (sifatli tibbiy xizmat qamrovining cheklanganligi, malakali mutaxassislarning xorijga ketib qolayotgani, tibbiyot xodimlari maoshining kamligi va hokazolar);

— ta’lim va savodxonlik borasidagi muammolar (maktabgacha ta’lim muassasalaridagi salbiy holatlar, maktablar hamda oliy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatining pastligi, kirill yoki lotin alifbosi mashmashalari, yoshlarning kitob o‘qishga qiziqmasligi);

— mafkura sohasidagi muammolar (muammolarning eng kattasi!).

Ba’zi bir eski tizim vakillariga yoqsa-da, yoqmasa-da, davlat rahbari tomonidan iqtisodiy islohotlar jadal sur’atlar bilan amalga oshirilmoqda. Garchi hali sezilar-sezilmas bo‘lsa ham ular samara bera boshlaganini barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz. Ammo islohotlarning asl mohiyatini xalqqa yetkazish, odamlarni yangi bozor munosabatlariga ko‘niktirish, yurtdoshlarimizning tafakkurini o‘zgartirishda kamchiliklar ko‘p. Iqtisodchi bo‘lmaganim uchun ham bu sohadagi muammolarni tahlil qilish maqsadidan yiroqman. Men masalaning mutlaqo boshqa jihatlariga e’tiboringizni jalb etishni xohlardim.

Prezident tibbiyot sohasini keskin tanqid qilishiga qaramay sohada o‘zgarishlar juda sekinlik bilan amalga oshirilayotganiga kim sababchi? Ta’lim sohasidagi korrupsiya va sifatsiz ta’lim, buning sabablari va aybdorlari xususida ham soatlab gapirish, kimlarnidir aybdor qilish mumkin. Ammo bu muammolarning eng katta sababi — jamiyat kelajagi va ravnaqini belgilovchi omil hisoblangan ijtimoiy tafakkur masalasidir. Jamiyat a’zolari tafakkuri o‘zgarmas ekan, boshlangan islohotlar qanchalik chuqur o‘ylab mukammallashtirilgan bo‘lmasin, natija berishi qiyin. Biz bugun ana shu muhim va og‘riqli nuqta — tafakkur va mafkura masalasiga to‘xtalishga qaror qildik. Zero, bandaning Haq oldidagi darajasi molu dunyosi-yu, boshqasi bilan emas iymoni bilan belgilangani kabi millatning darajasi uning tafakkuri bilan belgilanadi.

  1. Milliy “brend” darajasidagi qusurlarimiz

Millatimizning ulug‘ligiyu, yuksak ma’naviy taraflari haqida bizdan boshqa millionlab gapirganlar, gapirayotganlar va gapiradiganlar topiladi. Biz esa milliy “brend” darajasiga ko‘tarilgan qusurlarimiz haqida mushohada etishga jazm etdik. Tafakkurdagi qusurlar haqida so‘z yuritganimizda ularning butun boshli millatga xos kamchilik sifatida tamg‘alanmasligini istardik. Biroq millatimiz vakillari orasida ba’zi qusurlar kundan-kunga urchiyotirki, falokatga olib boruvchi bu illatlarning oldini olish, oqibatlari haqida ogohlantirishni fuqaroviy burchimiz deb bildik.

Ana shunday qusurlardan biri maddohlik deb etaladi. Bugun jamiyatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, islohotlar, muammolar to‘g‘risida konstruktiv muloqot o‘rnini yig‘ilishlar, majlislar, teleko‘rsatuvlarlarda aravani quruq olib qochishu feysbuk sahifalarida davlat rahbarini, hukumatni alqash, ko‘kka ko‘tarish tendensiyasi egallab oldi. Va bu kundan-kunga avj olayapti.

Maddohlik mustaqillikni qo‘lga kiritgan ilk kunlarimizdan boshlanmadi yoki sovet tuzumi davrida shakllanmadi. Uning ildizi olis-olislarga borib taqaladi. Tuprog‘imizda vujudga kelgan ulkan davlatlarning aksariyati saroy ayonlari va amaldorlarining zimmasidagi vazifalarni ado etish o‘rniga maddohlikni kasb etgani, maqtov va aldov orqali davlat rahbarining ko‘zini ko‘r qilib, haqiqiy ahvoldan uzoqlashtirgani sababli inqirozga yuz tutgani haqida ko‘p o‘qiganmiz. “Moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrlidir”, deganda Abdulla Qodiriy o‘tmishdagi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish, ularni takrorlamaslikni nazarda tutgan bo‘lsa ne ajab?! Afsuski, o‘tmishdagi ana shu xatolar bugun qayta bo‘y ko‘rsatmoqda, ayrimlarning qon-qoniga singib ketgan, ta’bir joiz bo‘lsa, yo‘rgakda yuqqan eski illatlar yana jonlanmoqda.

Maddohlikning eng yomoni ziyolilarnikidir. Chunki u davlatni hamisha jarga yetaklagan. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning adabiyot, OAV, san’at va madaniyat sohalari vakillari bilan uchrashuvda ziyolilarning asosan moddiy masalalarnigina ko‘tarib chiqishdi. Yaxshiki, Prezidentning o‘zi jiddiy muammolarni tilga oldi. Yig‘ilishda ziyolilar tomonidan biror-bir konstruktiv fikr aytilmadi. Birgina shoira opamizning Amir Temurdan o‘rinli iqtibos keltirganini hisobga olmasak, ziyolilarning aytgani “Bo‘ldi, ko‘zimiz ochildi, endi zo‘r ishlaymiz, ishonchingizni oqlaymiz!” qabilidagi oldi-qochdi gaplar bo‘ldi.

Bundan avval siyosiy partiyalar, deputatlar Prezident tanqidiga xuddi shu formatda javob bergan edi. Birortasi mard bo‘lib, men o‘zimga bildirilgan ishonchni oqlolmaganim sababli iste’fo beraman, xalqim meni kechir demadi.

Na deputatlar, na olimlar va na boshqa ziyolilar davlat rahbari bilan uchrashuv chog‘ida davlat va millat taqdiriga daxldor masalalar, yechimini kutayotgan o‘tkir muammolar, dunyoda ro‘y berayotgan mafkuraviy evrilishlar, bu jarayonda yuzaga kelayotgan yangi xavflarning oldini olish, buning uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishlar xususida fikr bildirmadi, taklif bermadi.

Ushbu ushrashuvlarda ko‘tarilgan muammolarning pichoqqa ilingani to‘ylar haqidagisi bo‘ldi. Shundan beri OAV, ijtimoiy tarmoqlarda shu mavzu obdon chaynalmoqda. Dunyoda uchinchi jahon urushi hidi anqib turgan bir paytda go‘yoki o‘zbek davlatchiligining boshqa muhim muammosi yo‘qdek?!

Prezident ziyolilarning dardu iztirobini eshitay, yurt va millat qayg‘usiga doir fikrlarini bilay, amalga oshirilayotgan islohotlarni kuchaytirish bo‘yicha aniq amaliy takliflar olay deb uchrashuv tashkil etgan edi. Afsuski, ular juda mayda narsalar haqida gapirishdi, asosan maqtov va alqovlar yog‘dirishdi, o‘zlari taklif bermagach, davlat rahbari o‘rtaga tashlagan masalalarni “Bajaramiz!”, “Do‘ndiramiz!”dan nariga o‘tishmadi. Bularni eshitib, Shavkat Miromonovichning hafsalasi pir bo‘lgan bo‘lsa ajabmas. Shukurki, uchrashuvda so‘z ololmagan adabiyotshunos Shuhrat Rizayev millatni haqiqatda qiynayotgan masalalarda o‘z fikrlarini ajoyib bir maqola shaklida e’lon qildi.

Taraqqiyotimizni ortga surayotgan yana bir qusurlardan biri andisha deb ataladi. Aslida ijobiy bo‘yoqqa ega bu xususiyat yillar mobaynida mohiyatini o‘zgartirdi. Bugun nohaqni nohaq demaslik, haqsizlikka indamay ketish, axloqsizlikka keskin munosabat bildirmaslik, kerakli o‘rinda o‘z fikrini, o‘z munosabatini bildirishdan uyalish — bularning barchasini biz andisha deya o‘zimizni alday boshladik. Nadomatki, jasoratsizligimizga, qo‘rqoqliligimizga, mas’uliyatsizligimizga ma’naviy vaj topib o‘zimizni oqlab, andishalimiz deb vijdonimizni tinchlantirib, o‘z yolg‘onimizga o‘zimiz ishonib kelayapmiz.

Darvoqe o‘zini aldash xususida. O‘zini o‘zi aldash eng buyuk xiyonatdir. Nafaqat insonning o‘ziga balki millatga nisbatan eng katta xiyonatdir. Chunki o‘zini o‘zi aldayotgan olomon o‘z yolg‘onlarini kultga, “brend”ga aylantiradi. Yolg‘onlaridan butlar yasab oladi va ularga sig‘ina boshlaydi. Avlodlarini ham sig‘intiradi. Bu butlar millatlarni inqirozga yuz tuttirgan, tuttirayapti va tuttirajak! Achchiq bo‘lsa-da haqiqat shuki, bu qusurlar qullik asoratini ifoda etuvchi qusurlardir.

  1. Titanik holatiga tushmaylik – Butlarni sindiring!

Bugungi iztirobli masalalarni sanasak adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Kiyinish madaniyati deysizmi, dinga munosabat masalasi, kitobxonlikni ommalashtirish muammolarimi yoki o‘sha ziyolilar tilga olgan to‘ylardagi urflar masalasimi — bularning barchasi aysbergning ustki ko‘rinishi xolos. Biz qachonki sabablar bilan emas, tafakkur darajasining mahsuli bo‘lgan asoratlar bilan kurashda davom etar ekanmiz, go‘yoki soyalar bilan jang qilayotgan odam uni yengolmaganidek, millat sifatida qismatimiz aysbergning ko‘zdan panadagi, ya’ni suv ostidagi katta qismi halok qilgan Titanikdek fojiali tugashi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak???

  1. Najot ilm taraqqiyoti va axloq ravnaqida!

Gay Sallyustiy Krisp Sezarga yozgan to‘rtinchi maktubida shunday nasihat qiladi:

“Hech qachon o‘z davlatingda axloqsiz insonlarning faqat puldorligi uchn obro‘ topishiga yo‘l qo‘yma! Chunki kambag‘al bo‘lsada axloqli insondan ko‘ra, axloqsiz boy jamiyatda obro‘ topsa, axloqsizlik o‘sha jamiyatda urf bo‘ladi va Sening har qancha qudratli imperiyang tanazzulga yuz tutadi”.

Biz eng avvalo yolg‘ondan voz kechishimiz kerak! Bu haqda avvalgi maqolalarimdayam aytganman, shu bois bu nuqtai nazarimni qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Chunki davlat boshqaruvi sohasida ko‘pchilik ibrat qilib ko‘rsatadigan Singapur iqtisodiy mo‘’jizasi ham aslida ana shu qadamdan boshlangan edi. O‘zimizni aldashni bas qilish ayni onda haqiqatni qabul qilish demakdir.

Ishga o‘n daqiqa kech kelsa mukofotdan mahrum qilib, ish soati oltida tugasa-da, yana ikki uch soat ishlatib, ayni maoshni berish yolg‘ondir! Besh ish kuniga shartnoma tuzib, olti kun ishlatib, besh kunlik maosh berish yolg‘ondir! Har kuni ishga kelib ketib, na haftalik, na oylik maqsad qo‘ymasdan, natijasiz ishlash yolg‘ondir! O‘qituvchi, shifokor, nafaqali (nafaqaxo‘r emas!), ziyolilarning jamiyat ijtimoiy hayotida mavqei va ijtimoiy ahvoli past bo‘lsa, buyuk kelajak haqidagi o‘ylar yolg‘ondir! Bir oylik armiyaga borib kelib, bir marotaba o‘q otmagan, avtomatni qismlarga ajratish va yig‘ishni bilmagan askarning harbiy guvohnomasi yolg‘ondir! O‘qituvchisi ko‘cha supurayotganini, chopiq qilayotganini ko‘rgan avlodning muallimga ehtirom ruhida tarbiyalanishi, o‘sha jamiyatda Ustozning mavqe’i ulug‘ligi yolg‘on!

Yoshlarni chiroyli gapirishga (maddohlik qilishga) emas, amalda jasoratli, haqiqatparvar, prinsipial, ilmga mukkasidan ketgan, fidoyi bo‘lishga; shahardagi shundoq ham istasa bo‘sh vaqtini nima bilan o‘tkazishni biladigan yoshlar emas, qishloqda mehnatning tagida ezilib, vaqt topsa ketmonini tutib ish bilan andormon bo‘layotgan qahramon yoshlarning hayotiga ma’no baxsh etishga, o‘z salohiyatini oshirish uchun imkoniyat yaratishga asosiy e’tiborini qaratmayotgan yoshlar tarbiyasi uchun mas’ullarning, tashkilotlarning ishlari, hisobotlari yolg‘on! Uyushmagan yoshlar muammolarini konferensiya o‘tkazish, ommaviy konsertlar, festivallar o‘tkazish bilan hal qilish mumkin degan xayollar yolg‘on! To davlat rahbari aytmaguncha yoki tepadan topshiriq bo‘lmaguncha nima ish qilishi kerakliligini bilmay o‘tiradigan amaldorlarning fidoyiligi yolg‘on!

Millat baqosi uchun ertayu kech tinimsiz ishlayapman deb o‘zini ovutayotgan, aslida Forobiy, Xos Hojib, Koshg‘ariy, Behbudiy, Dostoyevskiy, Tolstoy, Bjezinskiylarning asarlarini o‘qimagan mas’ullarning layoqatliligi yolg‘on! Bir adolatsizlik yoki haqsizlikni ko‘rib indamay ketish jinoyat emasligi yolg‘on! Pora orqali mansabga o‘tirayotganlarning davlatga xizmat qilish da’vosi yolg‘on! Pora olayotganlarning o‘zlarini hojatbaror deb bilishlari yolg‘on! Maddohlarning maqtovi, qo‘rqoqlarning andishaligi yolg‘on! Biz bu yolg‘onlardan voz kechishimiz kerak.

  1. Olovni qayerdan olamiz?

Kuchli jamiyat barqaror Davlat qurish yo‘lidagi asosiy qadamlardan yana biri jamiyatda axloqning rolini kuchaytirishdir. Axloq aslida tarbiyalovchi va cheklovchi xususiyatlarga ega. Bu ikki xususiyatning birligi axloqni vujudga keltiradi. Axloq insonlarni tarbiyalaydi va yomonliklardan tiyadi. Bizda-chi? Aksariyat hollarda axloq faqat tarbiyalaydi. Ammo cheklashga kelganda afsuski…

Tungi klublar, kalta ko‘ylaklar, tor shimlar, ichish-chekish, kitob o‘qimaslik kabi o‘nlab illlatlarning yomonligini ta’kidlaymiz-u, ammo qonun darajasida cheklamaymiz. E’tibor qiling! Biz cheklash to‘g‘risida gapirayapmiz, taqiqlash to‘g‘risida emas! Dunyoviy davlatda tungi klublarni yopib tashlash, sigaret va spirtli ichimliklarni sotishni taqiqlash aqlga sig‘maydigan ish. Ammo ularni tartibga soladigan mexanizmlarni milliy manfaatlarga moslamaslik ham jinoyat.

Tungi klublarga 25 yoshdan kichiklarning kirishini, tamaki va alkogol mahsulotlarini shu yoshdan kichiklarga sotishni man etish, ularni kechki 2200dan keyin sotishni taqiqlash ko‘pgina rivojlangan mamlakatlar tajribasida bor-ku!

Ikkita qabilani tasavvur qiling: birinchisi, olovni kashf etgunga qadar uch ming yil kutdi va kashf etdi. Xo‘sh, qo‘shni qabila olovni kashf etish uchun u ham uch ming yil kutishi kerakmi yoki birinchi qabiladan olgani mantiqliroqmi?

Bizning bugungi muammolarimizga ancha oldin duch kelgan mamlakatlar borligi hech kimga sir emas. Ular qoqilib, sinab, axiyri topgan to‘g‘ri yechimlarini tadbiq etishga nima xalaqit beradi bizga?! Biz dunyoga ochilayotgan mamlakat sifatida hamma sohada xalqaro tajribalarni o‘rganib, yechimlarni tadbiq etsak mamlakat tezroq rivojlanmaydimi? Bunga nima xalaqit beradi?!

  1. Fobiyalar – taraqqiyot kushandasi

Dunyoga so‘z aytishni murod qilgan ekanmiz, buning uchun yuqoridagi qadamlar barobarida fobiyalardan voz kechish zarur. Fobiya — u qanaqa shakldagi qo‘rquv bo‘lishidan qat’iy nazar ruhiyat bilan, yanada to‘g‘rirog‘i, tafakkur bilan bog‘liq muammodir. Ammo asosiysi shuki, fobiya (qo‘rquv) o‘ziga ishonmagan shaxsda, kengroq olinganda, millatda uchraydi.

Biz bugun nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyoda eng rivojlangan Davlat bo‘lish maqsadida dunyoga ochilgan ekanmiz, milliy tafakkurimizdagi turli fobiyalardan voz kechishimiz kerak. Eski SSSRni tiklamoqchi deya rusofobiyani, Turkiy mamlakatlarni birlashtirib o‘ziga bo‘ysundirib olmoqchi deya Turkofobiyani, hamma namoz o‘qisa terroristlar bosib ketadi deya islomofobiyani, yangiliklar yaxshilikka olib kelmaydi deya neofobiyani urchitmaslik kerak.

O‘ziga ishongan millat, o‘z qudratiga ishongan Davlat hech narsadan qo‘rqmaydi. Kuchli ma’naviyatga, mustahkamga e’tiqodga ega shaxs dahriy bilan muloqot qilib dahriy bo‘lib qolmaganidek, uch yarim ming yillik davlatchilik tarixiga ega bu Davlatni hech qanday kuch o‘z yo‘lidan, o‘z e’tiqodidan qaytara olmaydi!

  1. Faqirlik millatga isnoddir.

Taraqqiyotga zarar keltiruvchi eng katta tushunchalardan biri bu kambag‘allik ayb emas degan tushunchadir. Kambag‘allik — hozirgi zamonda ayb. To‘g‘rirog‘i kambag‘allikka ko‘nikish, u bilan kurashmaslik aybdir. Biz har birimiz, eng avvalo, kambag‘al va faqir bo‘lishdan qutulish chorasini ko‘rishimiz kerak. Harakat bilan, qat’iyat bilan iqtisodiy ahvolimizni yaxshilashimiz zarur. Bu Vatanning koriga yarash uchun ham faqir bo‘lmaslik kerak. Unga xiyonat qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham faqirlikka qarshi kurashish kerak. Nafaqat moddiy faqirlik balki ma’naviy faqirlik bilan ham kurashish kerak. Vatanga nisbatan kim xiyonat qiladi, bilasizmi? Ma’nan faqirlar. Faqirlik nima? Faqirlik – muhtojlik. Lekin mol-dunyoga, pullarga muhtojlik emas.

Faqirlik — chiroyli javonlariga terilgan, lekin biror marta o‘qilmagan kitoblardir. Faqirlik — hojatxonalarga qirqib qo‘yilgan gazetalardir. Faqirlik — avtomobil oynasidan ko‘chaga uloqtirilgan po‘choqlardir. Faqirlik — to‘rt kishi uchun o‘n kishi to‘ygulik noz-ne’matlar qo‘yilgan dasturxondir. Faqirlik — ma’naviyat masxaralanib, moddiyat ulug‘langan suhbatlardir. Faqirlik — muhtojlarga berilmagan ehson, to‘ralarga kiydirilgan to‘nlardir. Faqirlik — ochlikdan azoblanish emas, to‘qlikdan mag‘rurlanishdir. Faqirlik — bexabarlik, ILMdan bexabarlikdir. Faqirlik — qorindagi to‘qlik, aqldagi bo‘shliqdir.

Faqirlik — hashamat tobutidagi yuraklardir…

  1. Xo‘sh qul nimani orzu qiladi?

Haqiqatda qul nimani orzu qiladi? Biz maqola boshida qulga ozodlik hadya etilsa nima qiladi degan savolga atayin maqola so‘ngida javob berishga maqsad qildik.

Gap shundaki, qul hech qachon ozodlikni orzu qilmaydi, qul hamisha o‘z qullari bo‘lishini orzu qiladi! Nima uchun deysizmi?! O‘zini ezgan xo‘jayinining alamini boshqalardan olish uchun! E’tibor qilsangiz, hayotda qattiqqo‘l qaynonaga uchragan kelinlarning ko‘pi o‘zlari qaynona bo‘lgach, boshiga tushgan kunlar eslab, kelinlarini asrab-avaylamaydi. Aksincha, ongostidagi xotiralar harakatga kelib, ularga qaynonasidan battar muomalada bo‘ladi, shu orqali qaynonasining o‘chini boshqalardan oladi. Bu bir hayotiy misol xolos. Aytmoqchimizki, shuning uchun ham qullik psixologiyasi asoratlaridan kechish yuksalish uchun muhim omil sanaladi!

  1. Shakl va mohiyat

Komillik shakl va mohiyat uyg‘unligida ekanligini hammamiz bilamiz. Bizning shaklimiz mohiyatimizga va aksincha mohiyatimiz shaklimizga uyg‘un bo‘lmas ekan, tafakkurimiz o‘zgarmas ekan biz baxtli bo‘la olmaymiz. Murodimizga yetmaymiz. Jaloliddin Rumiy hazratlarining mashhur yetti o‘gitidan eng asosiysini eslang: “Yo bo‘lganing kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l!”.

Bugun hukumat Prezident qabul qilgan harakatlar strategiyasini ulug‘lash bilan, uni madh qilish bilan ovora. E’tibor qiling: uning mohiyatini tarannum etish bilan band hamma. Ammo uning chinakamiga, hov, o‘sha olis qishloq odami hayotiga ijobiy ta’sir qilishi borasida amaliy ishlar kam. Hatto millatning oliyjanobi bo‘lgan bobodehqon, mehnatkash odamlar orasida targ‘ibot ham sust. Go‘yoki harakatlar strategiyasi faqat Toshkent va markaziy shaharlar uchun qabul qilinganidek. Ertaga yil yakunlarida esa hukumat Prezident oldiga chiqib uncha uy qurdik, buncha ko‘prik qurdik, aholini ijtimoiy himoyasini kuchaytirdik deya go‘zal hisobotlar beradi. Ammo bu hisobotlarda qishloqdagi oddiy mehnatkash onalarimizu singillarimizning qonidagi gemoglabin miqdori nega oshmaganligi, qorako‘z millatim bolasining jismida yod tanqisligi nega kamaymaganligi, nega qishloqdagi har bir go‘dak har ertalab shahardagi bolalar kabi sutli ovqat, kolbasa, saryog‘ yeyish imkoniyati yo‘qligi haqida biror so‘z bo‘lmaydi. Prezident bu savollarni so‘ramaydi deb umid qiladi. Ammo Prezident bularning barchasini so‘raydi. Chunki u o‘g‘rini o‘g‘ri, to‘g‘rini to‘g‘ri deyishdan qo‘rqmaydi. Harakatlar strategiyasi oddiy qishloq mehnatkashi hayotiga ijobiy o‘zgartirish kiritmagunicha tinchimaydi.

Shu o‘rinda yana bir fikr. Biz Harakatlar strategiyasini tilga olgan ekanmiz, uni to‘laqonli hayotga tadbiq etishda muammo tug‘dirayotgan kichik bir nuqtaga to‘xtalishimiz lozim. Harakatlar strategiyasi qanchalik ulug‘ marralarni maqsad qilib olgan bo‘lmasin, toki har bir strategiyani amalga oshirish bo‘yicha aniq konseptual dasturlar ishlab chiqilmas ekan, murodga yetilmaydi.

  1. Murakkab davr

Umuman olganda, yuqorida aytganimiz barcha iztirobli masalalar ortida milliy tafakkur va mafkura masalasi yotadi. Bugungi kun uchun yangi bir mafkura zarurligini hayotning o‘zi isbot qilib turibdi. Biz bir ongli jamiyat sifatida do‘ppini boshdan olib bizga qanday mafkura kerakligi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Bu juda og‘ir tanlov. Chunki yashayotganimiz va murakkab deyayotganimiz hozirgi zamon faqat O‘zbek uchun emas, barcha millatlar uchun murakkab bir davrdir.

Bugun mamlakatimiz emas, dunyoga kosmik nuqtadan bir nazar soling-a: Bugun biz insoniyatning qurayotgan imoratlarimiz yuksak, ammo sabrimiz sayoz; yo‘llarimiz keng, ammo o‘ylarimiz tor; ko‘p sarf qilamizu kam tasarruf etamiz; katta uylar quramizu oilalarimiz kichrayib bormoqda; aql bovar qilmas darajadagi hayotni yengillashtiradigan sharoitlarga egamizu, vaqtimiz kam; ilm sohasida yetukmiz-u, aqlimiz nokaslashmoqda; yuksak tibbiyotga egamizu salomatligimiz joyida emas.

Ekspert, tahlilchilarimiz ko‘p-u vaziyatni to‘g‘ri baholay olmaymiz. Ko‘p ichamiz, ko‘p chekamiz, ko‘p gapiramizu kam o‘ylaymiz; kam tabassum qilamiz. Avtomobilni tez haydaymiz, jahlga tez berilamiz. Kech yotamiz, kech turamiz, ammo shunda ham charchoq bilan uyg‘onamiz. Ko‘p televizor ko‘ramiz, ko‘p bahslashamiz, ammo kam kitob o‘qiymiz, kam ibodat qilamiz.

Kun sayin mayllarimizni orttirdigu ammo soat sayin qadriyatlarimizni kamaytirmoqdamiz. Nafratimiz ko‘paymoqda, muhabbatimiz ozaymoqda. Qahrda saxovatli, mehrda xasis bo‘lmoqdamiz. Yashash uchun kurashishni bilamiz-u yashashni bilmaymiz. Inson umriga yillar qo‘shayapmiz-u, ammo yillarga umr baxsh etolmayapmiz.

Koinotni zabt etishni uddaladigu, yaqinimizning ko‘nglini zabt etishni eplolmadik. Atmosferani tozalaymizu, ko‘nglimiz kirini ketkazmaymiz. O‘z irodamizga atomni bo‘ysindirdigu, nafsimizga ega chiqolmadik. Ko‘p yozamizu kam o‘rganamiz. Shoshilishni o‘rgandigu, kutishni unutayapmiz go‘yo. Dunyoning istalgan nuqtasi bilan bog‘lanish imkonini beruvchi texnologiyalar yaratdik, lekin dildan suhbat qurmay qo‘ydik. Hirslar ortdi, hislar kamaydi. Gullarning yangi navlarini yaratayapmizu, tuyg‘ularni eskitib qo‘ymoqdamiz.

Bugun go‘yoki yirik odamlar, ammo mayda shaxslar, tez olinadigan manfaatlar va murakkab munosabatlar asri —– paradokslar asrida yashayapmiz.

  1. Og‘ir tanlov

Davr shartlarining o‘zi jamiyatimiz oldiga dolzarb masala sifatida bundan keyin qaysi yo‘ldan ketishimizni tanlab olishimiz kerakliligini ko‘rsatmoqda. Yo‘l murodga ko‘ra tanlanadi. Murodsiz yo‘l tanlanmasligi kabi, mafkurasiz jamiyat ham harakatga kelmaydi. Mafkura borasida oldimizda to‘rt xil tanlov bor: birinchisi, millatchilik ruhidagi mafkura; ikkinchisi, diniy-monarxik mafkura; uchinchisi, liberal-demokratik mafkura; to‘rtinchisi, konservativ mafkura.

Qaysi birini tanlashdan qat’i nazar, muhim bir nuqtani unutmasligmiz lozim: biz mafkurani ommani boshqarish vositasi emas, mamlakatimiz va butun dunyo oldida turgan muammolarini yechish instrumenti sifatida ko‘rishimiz kerak.

Bu tanlovning og‘irligi shundaki, bularning hech biri ideal emas. Barchasining foydasi kabi zarari, yaxshisiga barobar yomon oqibatlari bor. Biz bugun yaxshi yoki yomon o‘rtasida tanlash imkoniyatimiz yo‘q. Bizda faqat ko‘p yomondan ko‘ra ozroq yomonini, ko‘p zarardan ko‘ra ozroq zararlisini tanlash imkoni bor xolos. Ammo bunda ham adashmasligimiz, buning uchun har tomonlama chuqur o‘ylab, yetti o‘lchab bir kesishimiz zarur. Holatning og‘irligi shundaki, o‘ylashga vaqtimiz oz. Juda ham oz.

Said Abdulaziz Yusupov, sangtarosh usta
(samarqandlik sangtarosh usta Mo‘min Kamolovning shogirdi)

P.S. Men millatimni boshqariluvchi emas, boshqaruvchi; taroshlanuvchi emas, tarashlovchi sifatida ko‘rishni orzu qilaman!

P.p.s. Maqola ilk bor Tafsilot’da chiqdi.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here