Jamiyatning axloqiy-ma’naviy holati uning dindorlik darajasiga bog‘liqmi? Kishilarning diniy aqidalarga e’tiqod qilishi ular xulq-atvoriga qanchalik ijobiy ta’sir o‘tkazadi? Asrlar mobaynida din va axloqqa bir butunlik o‘laroq qaralgan; sodir etilgan gunoh uchun jazo muqarrarligiga bo‘lgan ishonch insonlarni yomonlikdan qaytarishi bot-bot ta’kidlangan. Hatto ba’zi ashaddiy ateistlar ham dinni jamiyat axloqini nazorat qiluvchi institut sifatida tan olgan. Mustaqillik mamlakatimizda islomiy axloq va qadriyatlarning qayta tiklanishi va rivoj topishiga yo‘l ochdi. Diniy nashrlarning ko‘payishi, juma namozlari va ehsonu ma’rakalardagi amrima’ruflar ta’sirida xalqimizning savobu gunoh to‘g‘risidagi tasavvurlari birmuncha shakllanib ulgurdi. Aksar o‘zbeklar diniy aqidalarni inkor qilmaydi, ularga ishonadi. Oddiy aholi orasidan Xudoning borligi, narigi dunyo va taqdiri azalni inkor etuvchilarni topish oson emas. Biroq dinga va diniy qadriyatlarga munosabat jamiyatimizning axloqiy-ma’naviy qiyofasini qanchalik yaxshiladi? Avvalgiga nisbatan yuksakroq axloq va ma’naviyat egasiga aylandikmi? Bizningcha, ahvol, taassufki, aytarli darajada qoniqarli emas. Boshiga ish tushgan kishi duch kelganda vaziyatdan foydalanib qolib, imkon qadar ko‘proq haq undirib olish ilinjida o‘zini har ko‘yga solayotgan kirakashdan tortib tibbiyot xodimigacha, maktab muallimidan tortib universitet rektorigacha uchratganimizda, ba’zi imom domlalarning barmoqlari orasiga “ko‘ki”ni qistirib olib, “topganingga baraka bersin”, deb duoga qo‘l ochayotganining shohidi bo‘lganimizda (diniy ta’lim muassasidagi tanish-bilishchilik va hatto tamagirlik holatiga shaxsan guvoh bo‘lganman) nima uchun diniy e’tiqod ularni bu yo‘ldan qaytara olmas ekan, deb o‘yga toladi kishi. Din o‘zgalar haqiga xiyonat qilishni qoralaydi, albatta. Biroq nega ijobiy o‘zgarish kuzatilmayapti?

Bizningcha, dindorlik va axloqiylik darajalari o‘rtasida to‘g‘ri proporsional munosabat mavjud emas. Bu fikrni asoslash uchun masalani kengroq miqyosda ko‘rib chiqamiz. Avvalo ba’zi tushunchalarga aniqlik kiritib olsak.

Dindorlik – kishining o‘z qilmishlarini kuzatib turgan, har narsadan boxabar Yaratuvchining borligi hamda yaxshi-yomon amallar uchun mukofot va jazo muqarrar ekaniga e’tiqod qilishidir. Bunda axloqiy me’yorlar aqida sifatida qabul qilinib, ularning mantiqiyligi va sharoitga mosligi masalasi e’tibordan soqit etiladi.

Axloqiylik – kishilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatda butun jamiyat to‘g‘ri deb qabul qilgan xulq-atvor me’yorlariga og‘ishmay amal qilinishidir. Hech bir jamiyatda yolg‘onchilik, poraxo‘rlik, o‘g‘rilik kabi illatlar axloqan joiz deb hisoblanmaydi va bunday bo‘lishi mantiqan olganda ham imkonsizdir. Masalan, yolg‘onchilik axloqan to‘g‘ri amal sifatida butun jamiyat tomonidan ma’qullanmaydi. Zero, odamlar bir vaqtning o‘zida bir-birini aldashi va ayni damda aldanayotganini bilaturib biror ishga kirishishi inson tabiatga mos emas. Binobarin, kishilar istasalar-da, bu kabi amalni axloqiy me’yorga aylantira olmaydi. Demak, barcha jamiyatlarda dini va tilidan qat’i nazar, aql yordamida tushuntirib bersa bo‘ladigan umumiy, mushtarak axloqiy me’yorlar mavjud.

Bu o‘rinda biz axloqiy me’yorlar ilohiy ko‘rsatmalardan kelib chiqadimi (masalan, Xudo taqiqlagani uchun o‘g‘rilik gunohmi yoki bu ish jamiyatga zarar bergani sababli Xudo uni taqiqlaganmi?) yoki jamoa foydasini ko‘zlab qachonlardir ishlab chiqilgan qoidalar insoniyat taraqqiyoti mobaynida sekin-asta diniy qonunlar tusini olganmi degan falsafiy-tarixiy muammoni emas, umuman bugun din axloq nazoratchisi vazifasini qanchalik o‘tamoqda degan savol atrofida mulohaza yuritamiz. Biz quyidagi fikrlarni inkor etamiz:
– Dindan tashqarida axloq bo‘lishi mumkin emas.
– Dunyoviylik ma’naviy va axloqiy buzuqliklarning bosh sababidir.

****

Avvalo bugungi kunda qaysi mamlakat aholisi ko‘proq dindor va yana qaysilari dinga nisbatan befarq ekanini aniqlashtirib olsak.
Garchi bu borada qilinayotgan sotsiologik tadqiqotlar xulosalari nisbiy bo‘lsa-da, vaziyatni yetarlicha tasavvur qila olishimizga imkon beradi. Bunda global miqyosda omma fikrini o‘rganish salohiyatiga ega to‘rt tadqiqot markazi – Gallup (AQSH), Ipsos MORI (Britaniya), Pew Research Center (AQSH) hamda Yevropa Komissiyasining maxsus sektori tomonidan o‘tkaziladigan Yevrobarometr tadqiqotlari xulosalaridan foydalanamiz.
Gallupning 2009 yili 114 mamlakatda o‘tkazgan so‘rovi natijalariga ko‘ra, “Din sizning kundalik hayotingizda muhim o‘rin tutadimi?” degan savolga aksar musulmon davlatlari vakillarining 90 foizdan ortig‘i “ha” deb javob bergan bo‘lsa, Yevropa davlatlarida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 25 foizni tashkil qilgan. (Bangladesh – 99% +; Niger – 99% +; Yaman – 99% ; Indoneziya – 99%; Malavi – 99%; Shri Lanka – 99%; Buyuk Britaniya – 27%; Gongkong – 24%; Yaponiya – 24%; Daniya – 19%; Shvetsiya – 17%; Estoniya – 16%.)
So‘rovda Italiya (72%), Singapur (70%) va AQSHni (65%) istisno qilganda deyarli barcha demokratik rivojlangan davlatlarda dinga nisbatan e’tibor anchagina past natija ko‘rsatgan.
Ipsos MORI tomonidan 2010 yili 24 davlatda o‘tkazilgan nisbatan batafsil xulosalarga ega so‘rovda musulmon respondentlarlarning (Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Turkiya) o‘rtacha 61 foizi, hindularning 33 foizi va nasroniylarning 24 foizi o‘zgalarga yordam berishda asosiy turtki diniy e’tiqod ekanini aytishgan: Indoneziya – 84%; Saudiya Arabistoni – 71%; Janubiy Koreya – 45%; JAR – 44%; Hindiston – 36%; Yaponiya – 15%; Belgiya – 14%; Buyuk Britaniya – 14%; Vengriya – 14%; Fransiya – 12%; Shvetsiya – 11% (qarang: Ipsos MORI).
“Din XXI asrda axloqiy va umuman ma’naviy qadriyatlar uchun birlamchi asos bo‘la oladimi?” degan savolga berilgan javoblarga e’tibor qarataylik: Saudiya Arabistoni – 92%; Indoneziya – 91%; Hindiston – 69%; Braziliya – 67%; JAR – 67%; Yaponiya – 29%; Ispaniya – 25%; Fransiya – 24%; Belgiya – 21%; Shvetsiya – 19%.

Pew Research Centerning ayni mavzuda 2007 yili 47 mamlakatda o‘tkazgan tadqiqotida “Xudoga bo‘lgan ishonch axloq uchun zaruriy asosmi?” degan savolga berilgan javoblar ham shunga o‘xshash natijani takrorlagan: Misr – 99%; Indoneziya – 98%; Iordaniya – 97%; Senegal – 91%;Bangladesh – 90%; Bolgariya – 24%; Buyuk Britaniya – 22%; Fransiya – 17%; Chexiya – 14%; Shvetsiya – 10%.
Ipsos MORI tadqiqotchilari tomonidan “Muhim davlat xizmatida ishlash uchun mustahkam diniy e’tiqod zarurmi?” deya so‘ralgan musulmonlarning aksari ijobiy (Indoneziya 83%) javob bergan bo‘lsa, nasroniylarda aksincha holat kuzatilgan (Fransiya 13%, Ispaniya 13%, Shvetsiya 5%). Yaponiyaliklar ham bu masalada nasorolardan qolishmas ekan. Ularning javoblari ham bor-yo‘g‘i 5 foiz natijani ko‘rsatgan.
Xulosalarni umumlashtirishdan avval Yevrobarometrning 2005 yilgi natijalariga ham bir qur nazar tashlasak, tasavvurimiz yanada oydinlashadi. “Siz Xudo yoki biror ruhiy kuchning mavjudligiga ishonasizmi?” degan savolga eng kam ijobiy javobni Shvetsiya (23%), Chexiya (19%) va estoniyalik (16%) respondentlar bergan bo‘lsa, eng yuqori natijani Malta (95%), Kipr (90%) va Gretsiya (81%) ko‘rsatgan. So‘rovda ishtirok etganlarning o‘rtacha 52 foizi Xudoning borligiga ishonishini, 27 foizi qandaydir ruhiy kuchning mavjudligini tan olishini aytgan bo‘lsa, 18 foizi ateist bo‘lib chiqqan.
Natijalarni shunday xulosalashimiz mumkin:
– Dinga nisbatan befarqlik nasroniylar orasida kengroq tarqagan;
– Musulmon mamlakatlari aholisining aksari o‘z diniga munosabatda boshqa din vakillariga qaraganda dindorroqdir;
– Rivojlangan demokratik davlatlarda ateizm va agnostitsizm nisbatan ko‘proq uchraydi.

****

Endi masalaning ikkinchi tomoni – axloqiylik va undan kelib chiquvchi demokratik kayfiyat, inson qadr-qimmati va huquqlari, kishilar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va tolerantlik borasidagi ahvolga diqqat qarataylik. Bunda eng dindor va eng dinsiz mamlakatlardagi vaziyatni ko‘rib chiqamiz.
Har qanday davlatning taraqqiyoti, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samarasi qonun ustuvorligi qanchalik ta’minlangani bilan belgilanadi. Qolaversa, qonun ustuvorligi o‘sha mamlakat aholisining axloqi ko‘zgusi hamdir. Shu bois so‘z yuritayotganimiz davlatlarda ayni xususiyatlar qanchalik shakllangani din va axloq o‘rtasidagi munosabatni oydinlashtirishda benihoya muhimdir. Markazi AQSHda joylashgan qonun ijrosi va ustuvorligi ta’minlanishi bo‘yicha global miqyosda monitoring olib boruvchi “Jahon adolat loyihasi” (World Justice Project) 2011 yil e’lon qilgan “Qonun ustuvorligi indeksi”ga nazar solsak, jahondagi eng dahriy mamlakatlardan biri bo‘lmish Shvetsiya hukumat faoliyatining ochiqligi, korrupsiya darajasining pastligi, inson huquqlarining ta’minlanishi, davlat boshqaruvi samaradorligi bo‘yicha peshqadam ekanini ko‘ramiz. Keyingi o‘rinlarni esa Norvegiya, Niderlandiya va Yangi Zelandiya egallagan. Aholisining 90 foizidan ko‘prog‘i dindor bo‘lmish Indoneziya (29), Bangladesh (48), Pokiston (63) bu sohada ancha ortda qolgan. “The Econimist” haftanomasi har yili e’lon qiladigan “Demokratiya indeksi”ning 2010 yilgi sonida ham yuqoridagiga hamohang natija qayd etilgan: Norvegiya (1), Daniya (3), Shvetsiya (4) yuqori o‘rinlarni band qilgan bo‘lsa, Indoneziya (60), Bangladesh (83), Pokiston (103) quyida qolib ketgan. Qizig‘i shundaki, eng demokratik musulmon davlati Indoneziya ekan. Binobarin, undan yuqoridagi 59 mamlakat ichida birorta ham musulmon davlati yo‘q. Shtab-kvartirasi Berlinda joylashgan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha monitoring yurituvchi “Transparensi interneyshnal” nodavlat tashkilotining 2011 yilgi hisobotida (Corruption Perception Index 2011) korrupsiya eng kam tarqalgan to‘rt mamlakat yana o‘sha eng dunyoviy davlatlar – Yangi Zelandiya, Daniya, Finlyandiya va Shvetsiya ekaniga guvoh bo‘lamiz. Musulmon davlatlaridan eng yaxshi natija Qatarga (22) nasib qilgan. Aholisi dindorroq davlatlar esa pastki o‘rinlarga tushib qolgan (Iordaniya 56, Saudiya Arabistoni 57, Malayziya 60, Turkiya 61, Indoneziya 100).

Yuqorida keltirilgan ko‘rsatkichlar hisobot e’lon qiluvchi tashkilotlar qo‘llagan mezonlarga bog‘liq bo‘lib, muayyan darajada nisbiy, albatta. Biroq ulardagi umumiylik e’tiborimizni tortmay qolmaydi. Keling, raqamlarning o‘zi bilan kifoyalanmay, real voqelikni kuzataylik.
2011 yil 11 martda yuz bergan zilzila va sunamidan keyin kelib chiqqan yadro inqirozi yapon millatining qanchalar birdam, mas’uliyatli, umuman olganda, axloqan yuksak millat ekanini butun dunyoga namoyish qildi. Yaponiya diniy bag‘rikenglik jihatidan havas qilarli mamlakatdir. Yaponlarning milliy dini shintoizmdan tashqari u yerda buddizm, konfutsizm va daoizm ham keng tarqalgan. Yaponlarning diniy e’tiqodi o‘ziga xos bo‘lib, ularda “bir emas, bir necha ilohlar mavjud. Xudoning amriga itoatsizlik gunoh ekaniga urg‘u berishdan ko‘ra, poklanish rituallariga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Bir kishi birdan ortiq dinga mansub marosimlarda qatnashaveradi. Axloqiy normalar dindan ko‘ra ko‘proq oilaviy hayot va falsafa bilan chambarchas bog‘liq. Axloqiy sifatlar va kamchiliklar ilohiy irodadan ko‘ra ko‘proq inson tabiati va uning nomukammalligi bilan izohlanadi.”(Japan: Profile of a Nation. Tokyo: Kodansha International Ltd., 1994, p. 202.) Yaponiyada nikoh marosimlari shintoistlar ibodatxonasida o‘tkazilsa, dafn marosimlari buddizm odatlariga muvofiq tashkil qilinadi. Xulq-atvor konfutsiychilik ta’limotiga muvofiq tartibga solinadi. Omad va omadsizlik haqidagi tasavvurlar esa daosizmdan kelib chiqqan (O‘sha asar, 203-bet). Yaponlar e’tiqod qiladigan dinlarda somiy dinlarida (yahudiylik, xristianlik, islom) bo‘lgani kabi o‘zida ilohiy buyruqlarni jamlagan, itoatsizlik uchun jazodan ogohlantiruvchi, gunoh va savob uchun ajrimdan so‘z yuritadigan, yakka, qudratli Xudo g‘oyasini ifodalagan yagona ilohiy kitob mavjud emas (ularni ma’lum ma’noda xudosiz dinlar deyish ham mumkin), qolaversa, yaponlar diniy aqidalarni “kitob ahli” kabi qabul qilmas ekan, qaydan keldi o‘z xulqu atvori bilan o‘zgalarning olqishiga sazovor bo‘layotgan millat! Xudodan qo‘rqish, narigi dunyo azoblaridan qochish istagi kishilar axloqini ma’lum maromda ushlab turgani uchun din va axloq ajralmas unsurlardir desak, nafaqat Yaponiya, balki butun sharqiy va janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarining aksari axloqsizlik domiga tushib, u yerlarda shakllangan madaniyat va sivilizatsiyalar allaqachon yo‘q bo‘lib ketishi lozim edi. (Ipsos Mori omma fikrini o‘rganish markazi o‘tkazgan so‘rovda “Din XXI asrda axloqiy va umuman ma’naviy qadriyatlar uchun birlamchi asos bo‘la oladimi?” degan savolga 29 foiz yapon respondenti ijobiy javob bergan bo‘lsa, “Muhtojlarga mablag‘ va vaqt ajratishda diniy e’tiqodingiz turtki beradimi?” degan savolga ularning 15 foizi ijobiy javob qaytargan. Dinga ishonuvchanlarning atigi 7 foizi o‘z e’tiqodlarini eng to‘g‘ri yo‘l deb hisoblashini bildirishgan, xolos.)

2006 yili avgust oyida ro‘y bergan Katrina to‘foni oqibatida AQSHning Luiziana shtati Nyu-Orlean shahrida yuz bergan voqealar esa Yaponiyadagi holatning mutlaqo aksi bo‘ldi. Shaharning 80 foizini suv bosgach boshlangan sarosima va uning ortidan kelgan tartibsizliklar AQSHdek rivojlangan davlatni emas, boshqa qandaydir qoloq “uchinchi dunyo” davlatini eslatardi. Odamlar supermarketlar oynalarini sindirib ichkaridagi bor narsani olib chiqib keta boshlagan, har zamonda nimanidir talashib ikki talonchi bir-birining boshini urib yorgan, tartib saqlash uchun esa politsiya kuchlari yetishmagan, odamlar uyini o‘g‘rilar “shilib” ketishidan xavotirda kechayu kunduz poyloqchilik qilgan.

Bu voqea aholisining 73 foizi dinni hayotiy muhim qadriyat deb biladigan, 53 foizi esa haftada kamida bir marta cherkovga borishni kanda qilmaydigan shtatda sodir bo‘lgan. Bu mamlakatda evolyutsiya nazariyasi dinga to‘g‘ri kelmagani uchun maktab o‘quv rejalaridan chiqarib tashlanishi kerak degan da’voda qariyb to‘qson yildan buyon sudlashuvu bahslar davom etadi. Birorta ham nasroniy davlatida AQSHdagichalik radikal diniy sektalar keng yoyilmagan. Xo‘sh, nima uchun odamlarning diniy e’tiqodi Nyu-Orleandagi tartibsizliklarning oldini ololmadi? Axir nasroniylik bu kabi ishlar uchun narigi dunyoda azoblar muqarrar ekanini uqtiradi-ku! Mantiqan olganda ashaddiy talonchilar amerikaliklar emas, yaponlar bo‘lishi kerak emasmi? Muqoyasa qilishni davom ettirsak, hakamning ko‘zini shamg‘alat qilib jarima ishlab olish ilinjida maydonda yotib olib o‘zini har maqomga solayotgan arab futbolchisi va turtkilashlariga parvo ham qilmay, muvozanatni saqlab bor kuchi bilan oldinga intilayotgan ingliz futbolchisiga e’tibor qilganmisiz? Ularning o‘yinidagi g‘irromligi yoki halolligi kishilar o‘rtasidagi real munosabatlarga ko‘chib o‘tmaydi deya olmaymiz. (Ayting-chi, dunyoviyroq shvedlar yoki nemislar biznesda ishonchliroq hamkormi yoki dindor turklarmi?)

Ko‘pgina musulmon davlatlarida islomiy qonunlar rasmiy (ijrosi davlat tomonidan ta’minlanadi) yoki norasmiy (ommaning shaxs diniy e’tiqodini nazorat qilishi) shakllarda amalga tatbiq etiladi. Pokiston, Saudiya Arabistoni, Eron kabi mamlakatlarda dindan qaytganlar (albatta, islomdan) rasman sud qilinib qatl etiladi, hatto nisbatan taraqqiy etgan Malayziya va Indoneziyada ham turli bosimlar (murtadlar nikohi bekor qilinishi, bolalaridan ajratib olish, ishdan haydash, ommaning nafrati) orqali diniy e’tiqoddagi sobitlik nazoratda tutiladi. Nega mazkur mamlakatlarda yolg‘onchilik, poraxo‘rlik uchun bu qadar og‘ir jazolar qo‘llanmaydi-yu, kimdir aqlu tafakkuri ixtiyor etgani uchun e’tiqodini o‘zgartirganini samimiy tan olsa, ta’qib qilinadi? Dinda haddan oshish shakllar bilan ovora bo‘lib asl mohiyatni unutishga, o‘zgalarni qanday kiyinishi, xotini o‘ranganmi-yo‘qmi, taomni qaysi qo‘lda yeydi, tahoratda oyog‘iga mas’h tortadimi yoki yuvadimi, ro‘zada ovqat yeb qo‘ymayaptimi kabi mayda sabablarga ko‘ra baholab, sen u mazhabdansan, sen bu mazhabdansan, sen bizdanmassan, ulardansan deya g‘avg‘o chiqarishga sabab bo‘ladiki, bunday sharoitda axloqni rivojlantirib bo‘larmikan?

Yuqorida keltirilgan mulohazalar “dinga qarshi targ‘ibot” deb qaralmasligi lozim. Biz har kim bir oz diqqat qilish bilan ilg‘ab olsa bo‘ladigan real holatga o‘quvchi e’tiborini tortmoqchimiz, xolos. XXI asr sharoitida din jamiyat axloqini yuksaltirishning ishonchli vositasi bo‘la olmaydi. Bu fikrga e’tiroz bildirishlari mumkin: “O‘z qilmishlari uchun narigi dunyoda azoblanishdan qo‘rqish insonlarni o‘z hoyu havaslaridan tiyilishga majbur qiladi, binobarin, din oddiy omma xulq-atvorini nazorat qilishning eng ishonchli vositasidir.” Biroq yuqorida keltirilgan faktlar bunday o‘ylash xato ekanini ko‘rsatmoqda. Qolaversa, jannatdagi rohat-farog‘at ilinjida, do‘zax azobidan qo‘rqqani uchun kimgadir yaxshilik qilish yoki imkon bo‘lsa-da, o‘zgalarni aldamaslikning o‘zi axloqdanmikan? Ikkinchi tomondan, o‘z yovuz qilmishlarini din nomi bilan oqlaydiganlar kammi? Dindan ezgu maqsadda ham, yovuz maqsadda ham foydalanish mumkin. Bu insonning qanchalik insonparvar va ezgu niyatli ekaniga bog‘liq. Narkotik moddalarni yetishtirib sotish harom ekanini tolibon bilmaydi deb o‘ylaysizmi? Biladi va to‘g‘ri ish qilyapmiz deb ishonadi ham. O‘z qilmishini oqlash uchun yana dinni dastak qiladi: “Biz narkotik moddalarni g‘ayridinlarga sotish orqali, bir tomondan, ularning jamiyatini ichdan yemiramiz, ikkinchi tomondan esa, kelgan foydaga qurol sotib olib ularga qarshi to Ollohga va oxirat kuniga iymon keltirmagunlarigacha jang qilamiz. Kim Olloh yo‘lida jang qila turib halok bo‘lsa, u jannati bo‘ladi” va hokazo. Ya’ni, Qur’on oyatlarini o‘z manfaatiga moslab talqin qilib ketaveradi. Biz qavmimizdan bo‘lgani uchun musulmonlardan misol keltirdik. Aslida bu kabi muammolar barcha dinlarga xos.
Chinakam axloqli inson dindor bo‘lgani yoki do‘zaxdan qo‘rqqani uchun emas, aksincha, aynan axloqli bo‘lgani uchun ham Yaratganning ko‘rsatmalariga amal qiladi. Dindan mutlaqo bexabar, biroq “din himoyachisiman” deydiganlardan ming chandon axloqliroq insonlarni kuzatganimizda ulardagi axloq dindan emas, boshqa bir asosdan kelib chiqayotganiga amin bo‘lamiz. Bunday insonlarni musulmonlar, nasroniylar, buddistlar, yahudiylar, ateistlar orasidan ko‘plab topish mumkin.

Xo‘sh, din jamiyat axloqini yaxshilay olmasa, u holda nima bu vazifani bajaradi? Bunga javobimiz juda oddiy – to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ta’lim va qonunlar ijrosining qat’iy ta’minlanishigina vaziyatni o‘nglashi mumkin. Bir tomondan mustaqil, tanqidiy fikrlay oladigan shaxsni tarbiyalashni bosh maqsadga aylantirgan dunyoviy ta’lim tizimi va adolat tamoyillariga sodiq ijroiya va sud hokimiyati. Ana shu ikki shart bajarilgandan keyingina din jamiyatda ijobiy rol o‘ynay boshlaydi, kishilarning ma’naviy-ruhiy ozuqasiga aylanadi. Islom davlatlarida esa vaziyat buning aksi. Davlat o‘zining eng muhim funksiyasi – qonun ustuvorligini ta’minlay olmaydi, yetarlicha dunyoviy ta’lim ko‘rmagan omma esa dunyoviy qonunlar va hukumatni tan olmaydigan radikal voizlarning itoatkor somelariga aylanib qolgan. Vaholanki, bunday radikal voizlar boshqa dinlarda ham bor. Biroq ularning ta’siri biz musulmonlardagichalik emas. Nima uchun? Shuning uchunki, ularning somelari bizlardagichalik ishonuvchan emas. Ishonuvchanlari ham basharti haddidan oshsa, qonun ularning joyi qayerda ekanini ko‘rsatib qo‘yadi. Yuqorida AQSHda radikal diniy sektalar ancha faol ekanini aytgan edik. Buning sababi, bizningcha, u yerda maktab ta’limi yetarli darajada qoniqarli emas. (Iqtisodiy Hamkorlik va Rivojlanish Tashkilotining 2010 yilgi hisobotiga ko‘ra, AQSH bu sohada rivojlangan davlatlar orasida 23-o‘rinni egallaydi. Nufuzli universitetlar va ba’zi xususiy maktablargina xorijliklar e’tiborini o‘ziga jalb eta oladi. U holda nega o‘sha sektalar ijtimoiy tartibsizliklar keltirib chiqarib, xavfsizlikka taxdid sololmaydi? Buning sababi oddiy – u yerda konstitutsiya va qonunlarni buzganlar jazodan qochib qutula olmaydi.

Mavridi kelganda bir masalaga to‘xtalib o‘tish joiz. Avval dunyoviy ta’lim berish kerakmi yoki diniy, degan mavzuda bahslar bo‘lib turadi. Bu savolga javob qilishda avval diniy ta’lim ko‘rganlar ko‘proq ekstremizmga moyilmi yoki dunyoviy ta’lim olib so‘ng din bilan qiziqqanlarmi – mana shunga e’tibor qaratishimiz lozim.
Xudo, narigi dunyo, jannat, do‘zax, gunoh kabi tushunchalarni endi ta’lim olishni boshlayotgan, dunyo va insonlar to‘g‘risida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmagan bolaning ongu tafakkuri qabul qilishga qodir emas. Ular bola aqlini, ta’biri joiz bo‘lsa, falaj ahvolga solib qo‘yadi. Oqibatda esa erkinlikdan, erkin va tanqidiy fikrlashdan qo‘rqadigan, dunyoviy fanlar borasida esa quruq yodlashdan narigi o‘tmaydigan chalamullalar paydo bo‘ladi. Chunki din tafakkurga emas, balki avtoritetga so‘zsiz ishonish va itoat etish ko‘nikmasini avval-boshdanoq shakllantirib qo‘yadi. Erkin tafakkur salohiyati esa hali bo‘y ko‘rsatmasdanoq yanchib tashlanadi. Bunday ta’lim ko‘rganlar keyinchalik ham e’tiqodiga zid yoki o‘zgacharoq fikrga duch kelsa, o‘sha zahoti undan xalos bo‘lishga intiladi. Undagi ijodkorlik qobiliyati cheklanib qoladi. Demak, diniy ta’lim faqat yuqori sinf o‘quvchilariga berilishi, shunda ham dars targ‘ibot maqsadida emas, bilim berish uchun, xulosa chiqarishni o‘quvchining o‘z aqlu tafakkuri ixtiyoriga qoldirgan holda o‘tilishi, dinlar o‘zaro qiyosiy o‘rganilayotganda xolislik va tanqidiylik tamoyiliga rioya etilishi, bizningcha, maqsadga muvofiqdir.

Din yetarlicha dunyoviy ta’lim ko‘rgan jamiyatda ijobiy rol o‘ynasa, buning aksi bo‘lgan vaziyatda ahvol o‘zgacha tus oladi. Axloqning asosi puxta o‘ylangan ta’lim tizimi va qonun ustuvorligining ta’minlanishidir.

****

Din ma’naviy va moddiy qadriyatlar, qo‘yingchi, banibashar tamadduni beshigini tebratgan buyuk kashfiyotdir. Shoirlar, bastakorlar, rassomlar undan ilhom olgan, faylasuflar uning aqidalarini asoslash yoki inkor etish yo‘lida ter to‘kkan. U ma’naviy yuksalishni ta’minlagan bunyodkor kuch edi. Dinning insoniyatga keltirgan beqiyos nafini (u sababli kelib chiqqan turli salbiy oqibatlarni faromush qilmagan holda) tan olmaslik mumkin emas. Shunday bo‘lsa-da, har bir davr kishisining ruhiyati o‘ziga xos bo‘lishini yoddan chiqarmaslik lozim. Qachonlardir din insonlar xulqini tartibga solib turuvchi, muayyan maqsad sari eltuvchi ulkan mayoq bo‘lgandir, ammo fan-texnika taraqqiyoti yaratgan bugungi muhitda voyaga yetgan shaxs quruq nasihatlarga quloq bermaydi; u shubhaparast, ertangi ehtimoliy jazodan bugungi rohat-farog‘atni afzal biladi. Uning uchun uzoq kelajakdagi ehtiyojlarning qondirilishi emas, bugungi real manfaatlar uchun kurashish muhimroq. Dinlar va madaniyatlarning o‘zaro tanishuvi kuchaygan bugungi kunda hech bir din axloq masalasida monopol mavqega ega bo‘lolmaydi. Axloqiylikni birgina din omili bilan bog‘lash o‘ta murakkab muammoning sodda biroq ishonchsiz yechimini qabul qilishdan o‘zga narsa emas. Axloqsizlikning sababini dindorlikdan ham, daxriylikdan ham emas, balki tafakkur so‘qirligi va jaholatdan izlash kerak.

5 Izohlar

  1. 1. Salom, Khurshid degan so’zni birinchi eshitishim. CHindan ismlari shunaqami. Agar shunaqa bo’lsa bunga e’tirozim yo’q. Lekini aksi bo’lsa nimaga bitta ismni eplab yoza olmaydsizlaru odamlarga aql o’rgatmoqchi bo’layapsizlar 🙂
    Manga huddi Dokensni kitobidan olinib u yer bu yeriga ozgina qo’shib yozilgan tekstga o’xshab ko’rinyapti 🙂

  2. Asoslar ma’qul. Men bu masalani dindorlar bn “dinsiz” kishilarni qiyoslash asosida ko’p o’ylaganman. Un-tda ishlayman. Dindor jo’ralarim bn “dinsiz” hamkasblarim orasidagi “harom”ga munosabatdagi farq “dinsiz”lar foydasiga ko’proq. Din chiroyli libosga o’xshaydi. Libos qalbga qanchalik ta’sir qiladi…

  3. Rahmat. Bunday erkin va kritik fikrlangan holatda yozilgan maqolani anchadan beri o’qimagandim.
    O’z fikrimni aytadigan bo’lsam, hozirgi yoshlar (mening tengdoshlarim, shuning uchun real faktlarga asoslanib yozyapman) na dunyoviy, na diniy bilimni qoyillatishyapti (“ни рыба, ни мясо”). Bunaqada taraqqiyot faqat qog’ozda va mediyada bo’laveradi. Real hayotda esa “Million” konsertidagi lavhalardan yosh bolalar iqtibos keltirib yuraverishadi (ahloq buzilishiga misol).
    Bilasizmi men hamma narsaning yechimi qayerda deb o’ylayman? Ikkita narsani yo’qotsak ko’p narsa o’zgaradi: xo’ja ko’rsin (faqat tepadagilar buyrug’ini bajarish va orqasiga tegadigan tepkidan motivatsiya olish) va andisha (ko’p revolyutsion fikrlar va yangiliklarning omma oldida yoki kattalar oldida dadil aytila olmasligi).
    Maqola uchun rahmat. Endi bu saytni kuzatib boraman. 🙂

  4. Boshqa odamning xato mulohazalarini ogirlab yana xato fikr yuritilgan. Eng qizigi oxirgi ikki gapga qarasangiz muallif ozini aytgan gapiga ozi qarshi xulosa yozganini korasiz

  5. Assalamu alaykum! Haaa sizning zexningiz Abror Muxtor Aliy aytganlaridan ham pastroq ekan. Hafa bo’lmang, diyn emas balki sizga o’xshaganlargina yoshlar ongini chalkashtiradi. Yoshligidanoq quronni yod olgan, aqidaviy va fiqxiy masalalarda bilimlarga ega bo’lgan, keginchalik dunyoga dars bergan muayyan sohalar asoschilari, yo’lboshchilari bo’lgan ajdodlarimizni eslang.. Sizningcha ular duyoviy fikrda tor, yodlab olishdan boshqaga yaramagan, chala mullolar degan fikr oydinlashadi. Yoq bilingki ular dunyo tan olgan olimlar bo’lib, avvalo diynni o’rganib, alloh yaratkang olamni tafakkur qilishga undagan!

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here