Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti (ToshDO‘TAU) ishchi guruhining lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi va imlosini takomillashtirish 
borasidagi takliflari loyihasi

I. Alifbo

Hozirgi joriy lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi 29 belgi-harfdan iborat bo‘lib, uning tarkibi quyidagicha:

A a B b D d E e F f G g H h I i J j K k L l M m N n O o P p Q q R r S s T t U u V v X x Y y Z z O‘ o‘ G‘ g‘ Sh sh Ch ch Ng ng

ToshDO‘TAU dagi ishchi guruh hozircha mavjud fikr-mulohazalarni o‘rgangan holda mazkur alifbo tizimining dastlabki loyiha sifatida quyidagicha bo‘lishini ma’qul ko‘radi va uning keng muhokama asnosida yanada mukammallashishiga umid qiladi:

А а (“а”) B b (“б”) C c (“дж”) D d (“д”) E e (“э”) F f (“ф”) G g (“г”) H h (“ҳ”) I i (“и”) J j (“ж” сирғалувчи) K k (“к”) L l (“л”) M m (“м”) N n (“н”) O o (“о”) P p (“п”) Q q (“қ”) R r (“р”) S s (“с”) T t (“т”) U u (“у”) V v (“в”) X x (“х”) Y y (“й”) Z z (“з”) Ŏ ŏ (ў) Ğ ğ (“ғ”) Š š (“ш”) Č č (“ч”) Ň ň (“нг” burun tovushi).

Alifbodagi jami harflar soni 30 ta bo‘ladi, ularning faqat 5 tasi qo‘shimcha belgili harflarni tashkil etadi, ammo bir tovushni qo‘sh harf bilan ifodalashdan xalos bo‘linadi. Dunyodagi alifbolarning ko‘pchiligida qo‘shimcha belgili harflar ancha-muncha bor. Ana shunday qo‘shimcha belgili harflar, masalan, portugal tili alifbosida 17 ta, slovak tilida – 16 ta, chex tilida – 15 ta, fransuz tilida – 13 ta, latish tilida – 11 ta, italyan va turk tillarida – 10 tadan va hatto Sudandagi mandingo tilida – 22 ta mavjud.

Joriy lotin alifbosida bir qator muammoli jihatlar bor (Ular haqida xilma-xil fikrlar bildirilmoqda). Masalan, undagi “ch” tovushi ifodasi uchun qabul qilingan “ch” qo‘sh harfi savod o‘rgatishda ham qiyinchilik tug‘diradi, chunki uning tarkibidagi “s” alifbo sirasida yo‘q. Shu bois bir harf o‘rgatish uchun ikki barobar kuch sarflanadi, ya’ni oldin “s” o‘rgatiladi, undan keyin bu harfning “h” bilan qo‘shilib, bir tovushni ifodalashi o‘rgatiladi va hokazo. Mazkur takomillashtirishlar natijasida bu kabi nuqsonlar barham topadi.

II. Imlo

ToshDO‘TAU dagi ishchi guruh turli kishilar tomonidan bildirilgan bir qator takliflarni o‘rganib, umumlashtirib, dastlabki loyiha sifatida imlo qoidalariga tahririy tuzatishlar va takomillashtirishlarni kiritish yuzasidan muayyan tavsiyalarni joiz deb biladi hamda mazkur qoidalarning keng muhokamasi asnosida yanada mukammallashishiga umid qiladi. 
Ma’lumki, alifbodagi harflarning ma’nosi va qo‘llanishi imlo qoidalari bilan boshqariladi, tartibga solinadi. “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 24 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan) jami 82 moddadan iborat, ularning 32 moddasida unli va undosh toushlar imlosi, qolgan 50 moddasida esa asos va qo‘shimchalar, qo‘shib yozish, chiziqcha bilan yozish, ajratib yozish, bosh harf bilan yozish, ko‘chirish kabi holatlar qoidalashtirilgan. Ammo ularda alifboni qo‘llashdagi barcha holatlarning fonetik-orfografik qonuniyatlari to‘lasicha o‘z aksini topgan emas.

Shuning uchun o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari mukammallashtirishga, takomillashtirishga muhtoj. Bunda, xususan, quyidagi jihatlarga alohida diqqat qilish maqsadga muvofiq:

1. Joriy imlo qoidalarida ko‘pincha fonetik-orfografik qonuniyat sifatida qoidalashtirilgan holatlar bir-birini istisno etadi. Masalan, sentyabrni sentabr tarzida, aktyorni aktyor shaklida yozish fonetik-orfografik qonuniyatlarning buzilishidir. Hozirga qadar rejissor, dirijor, budjet, sujet, oktabr tarzida yozib kelinayotgan ruscha-baynalmilal so‘zlarni shaklan ma’lum bir qonuniyatga solish maqsadida rejissyor, drijyor, byudjet, syujet, oktyabr kabi yozishni qoidalashtrish joiz, bunday imlo o‘qitish va o‘rgatishni osonlashtirishi tabiiy.
Umuman, kiril alifbosidagi, ayniqsa, “ye”, “yo”, “yu”, “ya”, “s” kabi harflar (faqat rus tili fonetik qurilishi ifodasi uchun xoslangan) ifodalagan tovushlarning o‘zbek lotin alifbosida ifodalanishi bilan bog‘liq holatlar yangicha qoidalashtirilishi lozim. Birgina misol: kirilcha “yu” harfini bir tovush deb tushunish (aslida u, asosan, ikki tovushni ifodalaydi: “y + u”) oqibatida, masalan, “Yu.(Obidov)”ni lotin o‘zbek alifbosida “Y.(Obidov)” emas, balki “Yu.(Obidov)” tarzida yozish kulgilidir.

2. Asos va qo‘shimchalar imlosida ham yanada takomillashtirilishi zarur bo‘lgan qoidalar yo‘q emas. Masalan, bog‘ga tarzida yozish qoidalashtirilgan, boshqa o‘rinlarda esa qanday talaffuz qilinsa, shunday yozish tavsiya qilingan, yagona tamoyil buzilgan. Yoki parvo, avzo tipidagi so‘zlarga egalik qo‘shimchalari qo‘shilgandagi imlosida ham notugal o‘rinlar mavjud.

3. O‘zlashma so‘zlar imlosi bilan bog‘liq muammolar juda ko‘p (masalan, xorijiy tillardan o‘zlashgan muassasa, korxona, tashkilot, firma va mahsulot nomlarini ingliz tilidagi shaklida emas, balki joriy alifbo asosida yozish joiz: Hyundai – Xunday, Chevrolet – Shevrolet, Google – Gugl, Twitter – Tvitter, Microsoft – Maykrosoft, Galaxy – Geleksi, Canon – Kenan Reuters – Reyters, Hi-Tech – Haytek kabi). 

4. Qo‘shib yozish qoidalari ham qayta qarab chiqilishi lozim. Masalan, Orolbo‘yi, Buloqboshi, Kavkazorti kabi tarkibida bo‘yi, boshi, orti so‘zlari ishtirok etgan joy nomlarining yozilishi nazardan chetda qolgan. Hozirgi kunda vaqtli matbuotda turlicha yozib kelinayotgan (veb-sayt, veb-sahifa, veb-dastur – vebsayt, vebsahifa, vebdastur) bir qator so‘zlar qo‘shma so‘zlar bo‘lgani uchun qo‘shib yozilishi lozim.

5. Ajratib yozish qoidalarida ham ayrim bahsli o‘rinlar bor. Masalan, yildan-yilga, ko‘pdan-ko‘p, yangidan-yangi kabi bir so‘zga aylanib udgurgan birliklarning chiziqchasiz ajratib yozilishi qoidalashtirilgan. Bu kabi qoidalar maqsadga muvofiq emas, albatta. 

6. Imlo qoidalarida qisqartma so‘zlarga ham alohida e’tibor qaratish zarur. Ayrim so‘zlarni qisqartirganda, etiketni saqlash maqsadida so‘zlarning faqat birinchi harflarini olish yo‘li bilan emas, yana boshqa usullarga tayanish kerak (Masalan, ITM emas, Ilmiy TM. Bu kabi so‘zlarni to‘liq yozishga harakat qilgan ma’qul).

O‘zbekistonning mustaqilligi barcha sohalarda bo‘lgani kabi ona tilimizning ham, uning ifodachisi bo‘lmish yozuvimizning ham rivoju takomilini emin-erkin belgilash, ta’min etish imkonini tug‘dirdi. Dalvatimizning Birinchi Prezidenti o‘sha davr haqida fikr yuritar ekan, quyidagilarni ta’kidlagan edi: “Tabiiyki, mustaqillikka erishganimizdan keyin xalqimiz ma’naviy hayotidagi boshqa ko‘plab muammolar qatori til va alifbo masalasi ham biz uchun kun tartibidagi dolzarb vazifaga aylandi. Ayniqsa, ona tilimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzini yuksaltirish, mamlakatimizning jahon kommunikatsiya tizimiga integratsiyalashuvini ta’minlash, farzandlarimiz uchun chet tillar, axborot texnologiyalarini har tomonlama puxta egallash borasida qulay imkoniyatlar yaratish kabi bir-biridan muhim vazifalar bu masalani kechiktirmasdan hal qilishni talab etar edi. Lekin shuni ham aytish kerakki, bu masala qanchalik o‘tkir bo‘lmasin, biz uni yechishda ortiqcha hissiyotlarga berilmasdan, ilmiy asosda, har tomonlama o‘ylab, keng jamoatchilikning xohish-istaklarini inobatga olib ish tutdik” (Karimov I. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: “Ma’naviyat”, 2008. –B.88).

Albatta, keng muhokama yo‘li bilan ilmiy asosda takomillashtirilishi kutilayotgan o‘zbek alifosi va imlo qoidalarini inobatga olgan holda yangilangan “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”ni qayta nashr etish ko‘zda tutiladi.

1 izoh

  1. Bugun yoshlar telekanalidagi O’zbek tili alifbosini tanlash bo’yicha ko’rsatuvni tomosha qildim.
    Taklifim bunday:
    1. O’zbek alifbosini lotin alifbosida qoldirish kerak.
    2. Lotin yozuvi asosidagi O’zbek alifbosini tallafuzini lotin yozuviga integratsiya qilish kerak.
    DIQQAT: Tilni qaysi yozuvda bo’lishidan qati’y nazar uni biror yozuvda aniq hariflarini(transkriptsiyasi) aniqlab olish kerak
    ana undan kegin marhamat qayzi yozuvga bo’lsa o’zgartirayvering, ASOSIY ish bu tilni harflardagi transkriptsiyasidur.
    3. Va yangi alifbo menga ma’qul

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here