“Axloqiylik mehvari” (“Tafakkur” jurnali 2012 yil 4-son) maqolasini o‘qib…

Boshlang‘ichda bunday bo‘ldi:

Oldin dunyo yaratildi. Odamning kelishiga hozirlandi. So‘ngra Odam yaratildi. Jannatga qo‘yildi. O‘zidan bir ayol ham yaratildi. Ollohning irodasi, buyuk hikmati ila ikkalasi Yerga tushirildi. Yerda tugul, butun borliq olamda yolg‘iz edi Odam bilan Havvo.Boshqa kimsa yo‘q edi.Ular ikkalasi va bilgisiz dunyo! Endi nima bo‘ladi, yer yuzida hayotlari qanday kechadi – bilmasdilar. Bubilgisizlik qarshisida lol Odamga Olloh taolodan bilgilar tushdi. Bir so‘z bilan aytganda, odob-axloq yo‘riqlari indirildi. O‘rgatildi: Ollohgagina qullik qil. To‘g‘ri bo‘l. Aldama. Bir-biringni o‘ldirma. Va hokazo.

Odam va Havvodan birin-ketin bolalar tug‘ila boshladi. Iblis ham yeng shimarib ishga kirishdi: bir zamonlar kelib, aka ukani o‘ldirdi. Biri Ollohdan qo‘rqdi, ikkinchisi isyon qildi. Ollohdan qo‘rqqani – dindori axloqini buzmadi, Unga isyon qilgani axloqda ilohiy yo‘riqdan chiqdi…

Maqolada juda nozik masala, nozik bo‘lganida ham kishi e’tiqodi bilan bog‘liq ancha hassos va teran axloq masalasi ko‘tarilgan. Lo‘nda qilib aytilsa, muallif “Kishilik jamiyatiga axloq-odob o‘lchovlarini kim (yoki nima) keltirgan? Kishining xulqi chiroyli yo xunuk bo‘lishida dinning hissasi qanday?” degan mavzuga qo‘l urgan.

Albatta, har qanday mavzu ochiq. U qancha nozik yo teran bo‘lmasin, har kim uni o‘rganishga, fikr-mulohazalarini bildirishga haqli. Birdan-bir sharti – o‘rganayotgan shaxs o‘rganilayotgan masalani puxta bilishi kerak. Chala bilishdan yoki umuman bilmaslikdan yuzaga keladigan sayozlik muallifni uyaltirib qo‘yishidan tashqari, mavzudan xabari kam yoki butkul xabarsiz ko‘pchilikni asl haqiqatdan chalg‘itishi bilan teskari xizmat ham qilib qo‘yadi.

Garchi maqola boshida “…bugun din axloq nazoratchisi vazifasini qanchalik o‘tamoqda, degan savol atrofida mulohaza yuritamiz”, deb vaqt bugun bilan chegaralanganiga alohida urg‘u berilgan bo‘lsa-da, xulosalar ham, yo‘lakay bildirilgan mulohazalar ham bugunning o‘zigagina tegishli emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri dinga, dinning axloqiy asoslariga qaratilgandek. Borib-borib hatto umuman dinlarning, xossatan, Islom dinining kishilik jamiyati xulqiga ta’siri bugun qolmadi, deya xulosa qilingan. Yosh faylasuf omma fikrini o‘rganishga ixtisoslashgan to‘rtta tashkilotning qaysi yo‘llar bilan olingani shubhali bo‘lgan raqamlarini bir-biriga urishtirish bilan, bor-yo‘g‘i sakkiz betli maqolasida kishilik jamiyati paydo bo‘lganidan beri yuzminglab mutafakkir olim millionlab jild kitobda, milliardlab inson esa o‘z hayotida tasdiqlab-isbotlab kelgan haqiqatni – axloq dindandir, axloqni din ushlab turadi, degan haqiqatni inkor etyapti!

Xo‘sh, “axloqiylik – kishilar o‘rtasidagi munosabatda butun jamiyat to‘g‘ri deb qabul qilgan xulq-atvor me’yorlari”mi yoki ilohiy yo‘l-yo‘riqlar asosida shakllangan ijtimoiy munosabatlar tizimimi?

Birinchidan, jamiyat odamlardan tashkil topadi, odamlar esa o‘zidan oldin o‘tgan ota-bobolaridan o‘rganganlari ustiga o‘zlaridan tajribalar qo‘shadi. Axloqning asosini qidirish uchun boladan otaga, otadan boboga, bobodan katta boboga qarab xayolan orqaga yurilsa, oxiri bir ota-onaga – otamiz Odam bilan momomiz Havvoga borib taqalishingiz shubhasiz. U bitta ota-ona kimdan o‘rgangan? Shubhasiz, o‘zlarini yaratgan Zot – Olloh taolodan o‘rgangan. Ollohga itoat etgan bolasida ham, isyon qilgan bolasida ham bitta ota-onadan o‘tgan xususiyatlar ma’lum miqdorda bor edi. Ammo biri imoni kuchliligidan axloqini buzmadi, ikkinchisi imoni zaifligi yoki isyoni sababli axloqsizlik qildi.

Ikkinchidan, muayyan bir xulq-atvor me’yorlarini jamiyat to‘g‘ri deb qabul qilishi uchun oldin jamiyatning qo‘lida to‘g‘ri bilan xatoning o‘lchagichi bo‘lishi kerak. Ya’ni, qaysi o‘lchovga solib to‘g‘ri yoki xato deydi? U o‘lchovni jamiyatga kim bergan? Bu savollarga javob axtara boshlasangiz, agar intilishingizda ozgina xolislik va haqiqatga yetishga samimiy istak bo‘lsa, xohlaysizmi-yo‘qmi, xulq-atvor me’yorlarining bulog‘i ilohiy bo‘lib chiqishini ko‘rasiz. Har zamonning eng ashaddiy xudosizi ham bir narsani yaxshi yoki yomon derkan, o‘zi tan olmasa-da, qaysidir bosqichda xudojo‘y bo‘lgan ota-bobosidan qonma-qon o‘tib kelgan o‘lchovlarga tayanadi. Farqi – u o‘lchovlarni ayni choqdagi e’tiqodiga (ya’ni, imonsizligiga) va o‘ziga o‘xshaganlarning manfaatiga moslab-o‘zgartirib oladi.

Agar maqola muallifi taxmin etayotganidek, “axloqiylik – kishilar o‘rtasidagi munosabatda butun jamiyat to‘g‘ri deb qabul qilgan xulq-atvor me’yorlari” bo‘lsa, unda jamiyatni tashkil etuvchi shaxslar – alohida odamlar qachon va qay tarz to‘planib bu o‘lchov-me’yorlarni ishlab chiqqan va bir to‘xtamga kelgan? Bunday bo‘lishi imkonsiz.

Uchinchidan, to shu bugungacha o‘rtada yana qanchadan-qancha payg‘ambar (hammalariga Ollohdan omonlik bo‘lsin) keldi. Har zamonning xususiyatlariga uyg‘un odob-axloq o‘lchovlari ketma-ket tushirib turildi. Tarixga qarasak, hamma payg‘ambar, xossatan, so‘nggi payg‘ambar yuborilish arafalarida odamlar axloqan buzilib ketganini, jaholat botqog‘iga botganini ko‘ramiz. Har gal yangi ilohiy Kitob tushib, odamlar bu yangi yo‘l-yo‘riqlarga zavq-shavq bilan bog‘lanib yashagan pallalarda axloq yuksak cho‘qqilarga chiqdi!

Kishilik jamiyati tarixiga, axloq tarixiga chinakam ilmiy nazar bilan boqilsa, vijdonli kishi odamlarni jaholat botqog‘idan go‘zal axloq bog‘lariga olib chiqqan asosiy omil din bo‘lganini e’tirof etadi. Ammo yosh faylasuf kabi “din ma’naviy va moddiy qadriyatlar, qo‘ying-chi, banibashar tamadduni beshigini tebratgan buyuk kashfiyotdir”, degan g‘alat e’tiqodda turilsa, unda haqiqatga yetish qiyin. Chunki din aslo kashfiyot emas. Aqlli odamlar ilm bulog‘iga sho‘ng‘ib o‘ylab-izlab topgan qonun-qoidalar ham emas, uni hatto hech bir payg‘ambar kashf qilmagan! Din mutlaqo Ollohningdir! Dinda odamning zarracha hissasi bo‘lsa, u odam uchun, odamning hayotiga uyg‘un qilib tushirilganidir, xolos. Din ishiga odam boshqa yo‘sinda aralasha olmaydi. Aralashsa, ayrim qavmlar kabi, dinni buzadi.

Muallif bir o‘rinda musulmon arab futbolchisi bilan nasroniy (yoki dinsiz) ingliz futbolchisining o‘yin chog‘i o‘zini qanday tutishini solishtirib, yanglish xulosa chiqaribdi: “…hakamning ko‘zini shamg‘alat qilib jarima ishlab olish ilinjida maydonda yotib olib o‘zini har maqomga solayotgan arab futbolchisi va turtkilashlariga parvo ham etmay bor kuchi bilan oldinga intilayotgan ingliz futbolchisiga e’tibor qilganmisiz? Ularning o‘yindagi g‘irromligi va halolligi (ya’ni, arab g‘irrom, ingliz halol demoqchi. – N.M.R.) kishilar o‘rtasidagi real munosabatlarga ko‘chib o‘tmaydi deya olmaymiz”.

Bu misol xoslikdan tashqari, yuzaki hamdir. Bu xos holatni hech bir asosda umumga yopishtirib bo‘lmaydi. Masalan, bitta o‘zbek tijoratchisi sherikchilikda g‘irromlik qilsayu butun o‘zbek xalqi haqida xato xulosaga kelinsa, to‘g‘ri bo‘ladimi? Ammo, misol sayoz bo‘lsa ham, undan chiqarilayotgan xulosa xato bo‘lgani uchun indamay o‘tolmadik.

Birinchidan, “g‘irrom” arabning ham, “olijanob” inglizning ham e’tiqod darajasini hech kim o‘lchab ko‘rmagan, bu haqda muallifning qo‘lida ham aniq dalil yo‘q. U bor-yo‘g‘i televizordan o‘yinni tomosha qilib o‘tirib o‘zicha taxmin qilyapti, xolos. Minglab chaqirim berilardan turib! Qolaversa, balki arab futbolchisining g‘irromligiga (axloqida kamchilik borligiga) e’tiqodining sustligi, ingliz futbolchisining o‘zini olijanob tutishiga (go‘zal xulqli ekaniga) uning dindorligi sabab bo‘lgandir? Ya’ni, o‘sha so‘rovnomadagi raqamlar aynan shu arab futbolchisi yoki aynan shu ingliz futbolchisining e’tiqod tuyg‘usini ifodalamagani aniq.

Ikkinchidan, xayriyat, misolda “olijanob” inglizni bir “g‘irrom” arab turtkiladi, deyilmapti. Demak, o‘zining vatandoshi yo dindoshi va yo dinsizlikda fikrdoshi turtkilagan. “Turtkilash”ning o‘zi axloqsizlik emasmi? Va bu axloqsizlikni boshqa bir ingliz yoki nemis qilyapti!

Uchinchidan, agar “din doim ham jamiyat axloqini yaxshilay olmay”di degan xulosa uchun misolni futbolchilarning holatidan keltirish lozim bo‘lsa, yosh faylasuf nega Olmoniya terma jamoasi hamda Madridning “Real” jamoasi o‘yinchisi Mesud O‘zil axloqini misol qilib keltirmaydi? O‘yinda biron marta uning g‘irromlik qilganini yoki birov g‘irromlik qilsa, jahli chiqib ketganini ko‘rgan bormi?! Raqib darvozalariga o‘nlab qoyilmaqom to‘p kiritganida yoki sheriklariga nihoyatda o‘ng‘ay to‘p uzatganida biron marta telbalanib, ko‘kraklarini kerib yoki boshqa qiliqlar qilib maqtanganini yosh faylasufimiz ko‘rdimikan?! Sheriklari uni qurshab olib qutlaganida ham kamtarona jilmayibgina qo‘yishi-chi! Holbuki, Mesud O‘zil asli millat o‘laroq aholisining 98 foizi musulmon bo‘lgan Turkiyaga tegishlidir. Garchi olmoniyalik turk bo‘lsa ham, musulmon e’tiqodli, ibodatli yigit u.

Yoki xuddi shu borada ikkinchi misol: nafaqat Fransiya terma jamoasi, balki jahon futbolining yorqin yulduzlaridan hisoblangan Zayniddin Zidan maydonda o‘zini qanday tutishlari nahot yosh faylasufning nigohidan chetda qoldi?! Uning odobiga, axloqiga butun dunyo tan bergan bo‘lsa-yu, bizning faylasufimiz bitta inglizdan boshqani tilga olmasa? Chunki muallifning oldindan tayyor xulosalariga bu misollar xalaqit qiladi!

O‘tgan galgi jahon birinchiligining eng oxirgi o‘yinida Fransiyaning qo‘li baland kelayotgan edi. Ayniqsa, Zayniddin Zidanga hech kim bas kelolmadi. G‘alaba ham yaqindek edi. Shunday bir vaziyatda raqib tomon – Italiya o‘yinchisi Zayniddinning qulog‘iga “Terrorchi!.. Sening onang falon!..” deb (Zayniddin Zidan bor-yo‘g‘i musulmon bo‘lgani uchun! –N.M.R.) haqoratladi. Zayniddin uning ko‘kragiga bitta kalla qo‘yib, qulatdi. Or-nomusini himoya etib, chinakam erkakning ishini qildi. Italiyalik o‘yinchining qilig‘i esa shunchaki g‘irromlik emas, balki uchiga chiqqan axloqsizlik ham edi. Hakam bu axloqsizni qo‘yib, axloqlilik namunasini maydondan chiqarib yubordi. O‘yinda Fransiya yutqazdi. Italiya jahon chempioni bo‘ldi. Odob yutqazdi, odobsizlik g‘olib bo‘ldi! Butun Fransiya endi Zayniddin Zidanni qoralasa kerak, deb o‘ylagan edik, aksincha, xalq uni qahramonlardek kutib oldi! Hatto o‘sha vaqtdagi mamlakat prezidenti Jak Shirak “Sening o‘rningda bo‘lganimda men ham shunday qilar edim!” deb, nomusni himoya qilish axloqning eng yuksak cho‘qqisi ekanini e’tirof etdi. O‘yinda yutqazgan bo‘lsa ham, axloq bobida Zayniddin Zidan timsolida, Fransiya yutdi. Holbuki, Zayniddin Zidan faranglik bo‘lsa-da, kelib chiqishi musulmon, musulmon bo‘lganida ham, e’tiqodli, ibodatli musulmon edi. Uning hatto g‘ayridinlar tan bergan axloqini shakllantirgan omil ham dinidir!..

“To‘p tepish”ni shu yerda to‘xtataylik-da, boshqa misollarga boqaylik.

Garchi salbiy misollari ko‘proq musulmonlarga tegishli bo‘lsa-da, maqolada umuman din va axloq munosabatidan bahs yuritilgan o‘rinlar ham bor. Masalan, 2011 yil 11 mart kuni Yaponiyada yuz bergan to‘fonli zilzila bilan 2006 yil avgust oyida AQSHning Yangi Orlean shahrida yuz bergan “Katrina” to‘foni chog‘ida ikki mamlakat aholisi o‘zini qanday tutgani qiyoslanadi va “Jamiyatning axloqiy-ma’naviy holati uning dindorlik darajasiga bog‘liqmi? Diniy aqidalarga e’tiqod qilish kishilar xulq-atvoriga qanchalik ijobiy ta’sir o‘tkazadi?” deb ko‘ndalang qo‘ygan savoliga salbiy javob beradi. Axloqiylik dindorlikka bog‘liq emas, degan xato fikrni ilgari suradi.

Albatta, bu ikki dahshatli kulfat u yerlarda yashaydiganlar boshiga juda katta talofotlar keltirgani ma’lum. Shu ma’noda, kulfat odamlarning axloqini ayirib berdi, deb muallif to‘g‘ri xulosa qiladi. Ammo odamlarning axloqsizligiga dindorligi to‘siq bo‘lolmadi, degan xulosasi asossizdir. Chunki bu yorqin misolning qorong‘i tomoni ham bor: so‘rov raqamlariga suyanib muallif Amriqoni dindor, Yaponiyani dinsiz mamlakatlar qatoriga qo‘shadi – xatolarning asosi ana shu yerda.

Birinchi xato: Amriqoda to‘fon ketidan sodir bo‘lgan o‘g‘riliklar, talon-taroj yangiorleanliklarning axloqsizligini ko‘rsatgani bilan, ular buni dindor bo‘lgani uchun qilganini bildirmaydi. Xuddi shuningdek, yaponlar kulfat chog‘i o‘zlarini mardona tutgan bo‘lishsa, bu ham ularning dinsizligidan emas.

Ikkinchi xato: teleekranlarga tushib qolgan amriqolik talonchiyu o‘g‘rilar balki ayni dinsizlardir, dindorlari yuksak axloqini ko‘rsatib, bu kabi kirdikorlardan chetda turgandir. O‘g‘rilik va talon-tarojdan o‘zini saqlagan yaponlar esa ayni diniy tarbiya ko‘rganlari, ayniqsa, Sharq tarbiyasiga xos xususiyatda – axloqqa katta e’tibor berishda o‘ta hassos bo‘lganlaridandir?

Uchinchi xato: “Yaponlar e’tiqod qiladigan dinlarda somiy dinlarida (yahudiylik, xristianlik, islom) bo‘lgani kabi o‘zida ilohiy buyruqlarni jamlagan, itoatsizlik uchun jazodan ogohlantiruvchi, gunoh va savob uchun ajrimdan so‘z yurituvchi yakka, qudratli Xudo g‘oyasini ifodalovchi yagona ilohiy kitob mavjud emas (ularni ma’lum ma’noda xudosiz dinlar deyish mumkin)” degan mulohazalar bilan yaponlarni mutlaqo dinsizga chiqarish, ulardagi mustahkam axloqning manbai, demak, boshqa narsa degan g‘oyani ilgari surish ilmiy-tarixiy haqiqatga tersdir. Dunyodagi hamma dinning (yoki dinga aylanib ketgan ta’limotlarning) katta qismi albatta axloqdan bahs yuritadi. Masalan, kunfutsiylik ilohiy din emas, ammo shubhasiz buyuk shaxs bo‘lgan oddiy bir maktab o‘qituvchisi Kunfutsiyning ta’limotini “Axloq kitobi” desa bo‘ladi. Zardusht, Budda kabi insonlar yaratgan ta’limotlar ham axloqqa katta e’tibor beradi. Boshqacha aytganda, agar axloq me’yorlarini belgilab bermasa, hech bir ta’limot odamlarga singmas edi. Yosh faylasuf ham axloqiylikning o‘zi inkor qilayotgan manbalari o‘rniga boshqa manba taklif etayotgani bekorga emas, u shunday qilishga majbur. Bunday qilmasa, butun g‘oyalari puch bo‘lishini, odamlarga singmasligini bilib turibdi. Shuning uchun maqolasining har yer-har yerida “qachonlardir ishlab chiqilgan qoidalar”, “jamiyat to‘g‘ri deb qabul qilgan xulq-atvor me’yorlari”, “to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ta’lim va qonunlar ijrosining qat’iy ta’minlanishi”, “yetarlicha dunyoviy ta’lim ko‘rish” deb xilma-xil tavsiyalar berib yotibdi.

To‘rtinchi xato. Asl haqiqat bunday – ilohiy nizomga ko‘ra, dinsiz bir millat, elat, qavm bo‘lmas. Jumladan, yaponlar ham qachonlardir dinli bo‘lgan. Axloqlari o‘sha yoqdan keladi. Aqidalari keyin buzilib ketgan, ammo diniy dunyoqarashlari ipini ushlab o‘tmishga qarab yurilsa, borib-borib boshlang‘ich nuqtaga – qaysidir bir dinning toza holatiga va biron payg‘ambarga borib taqaladi. Olloh taoloning “To payg‘ambar yubormagunimizcha (biron kimsani) azoblovchi bo‘lmadik” (Isro surasi, 15-oyat); “Har bir ummat ichida ham, albatta, bir ogohlantiruvchi (payg‘ambar) o‘tgandir” (Fotir surasi, 24-oyat); “Har bir qavm uchun hidoyat qiluvchi (To‘g‘ri Yo‘lga boshlovchi payg‘ambar) bordir” (Ra’d surasi, 7-oyat); “Darvoqe, Biz har bir ummatga “Ollohga qullik qilingiz va shaytondan yiroqlashingiz!”(degan vahiy bilan) payg‘ambar yuborganmiz. Shunda ular orasida Olloh hidoyat qilganlari ham, shuningdek, yo‘ldan ozishi qat’iy bo‘lganlar ham bo‘lgan. Bas, Yer yuzida yurib, (payg‘ambarlarini)yolg‘onchiga chiqarganlarning oqibati qanday bo‘lganini ko‘ringlar!”(Nahl surasi, 36-oyat) degan So‘zlari qat’iy va eng ishonchlidir! Biz hadisga tayanib, umumiy adadini “bir yuz yigirma to‘rt ming (hatto ikki yuz qirq sakkiz ming)” deymiz, balki ozdir, balki ko‘pdir, lekin payg‘ambarlar har biri o‘z zamonida hozirgi xalqlarning ota-bobolariga yuborilgani va sodda jamiyatlarning o‘sha vaqtdagi holatiga to‘liq javob beradigan ilohiy yo‘l-yo‘riq va axloq me’yorlarini yetkazgani haqdir! Bugungi nasl imonli bo‘ladimi, xudosiz bo‘ladimi – u ota-bobolardan o‘tib kelgan axloqni muayyan bir shaklda tutib kelmoqda. Boshi ulug‘ otamiz Odamga (u zotga Ollohdan omonlik yog‘ilsin) taqaladigan va keyingi nasllarga u zotdan meros axloqiy tamoyillar to bugungacha yo‘lda turli buzilishlarga uchragan bo‘lsa-da, buzuq xulqlar yonida, ularni yanada buzilib ketishdan asrab, go‘zal axloq ham yashab keldi va to qiyomatgacha yashab qolajak.

Demak, dunyodagi hech bir xalqni, millatni mutlaqo dinsiz bo‘lgan, deya olmaymiz. Shu jumladan yaponlarni ham. Oralarida hozir amal qilayotgan xulq-odoblarning ildizlari qachonlardir ularga yuborilgan payg‘ambar keltirgan axloqdan suv ichadi!

Maqolada “Axloqiylikni birgina din omili bilan bog‘lash o‘ta murakkab muammoning sodda, biroq ishonchsiz yechimini qabul qilishdan o‘zga narsa emas”, deyilibdi. To‘lasicha bo‘lmasa-da, axloqiylikda din omili ham bor, demoqchi. Ammo dinni birlamchi deyishdan qochyapti. Hatto, din boshqa, axloqiylik mehvari boshqa, degan g‘oyani ilgari surib, haqiqatning teskarisini isbotlamoqchi bo‘lyapti. Ya’ni, jamiyat dinsiz ham axloqli bo‘lishi mumkin, deyapti. Bu g‘oya, hech bo‘lmaganda, o‘n to‘rt asrdan bu yog‘ida yozilib kelgan hamma islomiy manbani – axloq dindandir deb ta’kidlagan Imom Buxoriydan tortib to bugungi Islom olimlarigacha barcha mutafakkirga (butun ma’naviy merosimizga!), Islom olami to‘plagan bor ma’naviy xazinaga soya tashlaydi. Adabiyotimizda esa Yusuf Xos Hojibu Ahmad Yassaviydan to Furqatu Muqimiygacha o‘tgan, ichida Alisher Navoiyu Zahiriddin Muhammad Bobur ham bo‘lgan barcha shoiru adiblarimizni, ular ilgari surgan g‘oyalarni tarix sandiqlariga qamab, ustidan “fan-texnika taraqqiyoti vujudga keltirgan bugungi muhit”ni bostirib qo‘yadi. Nega deganda, ular axloqiylik mehvarini din deb bilishgan!

Kecha axloqiylik o‘lchovlarini din keltirgan va uni nazorat etib turgan bo‘lsa ham, bugun bu ishni bajara olmaydi, bugun jamiyat axloqini “to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ta’lim va qonun ustuvorligi” tayin etadi – “Axloqiylik mehvari” maqolasining bosh g‘oyasi ana shu. Ya’ni, axloqiylik masalasida din birlamchimi, qonun birlamchimi? Jamiyat axloqini o‘nglash va nazorat qilishga bugun dinning kuchi yetadimi-yo‘qmi, deya muallif axloqiylikni ta’minlashda qonunni ilgari qo‘ymoqda. Sog‘lom aql axloq masalasida baribir dinni birlamchi hisoblaydi. Din qonundan ilgari deydi. Hech bo‘lmaganda, Yaratuvchisiga qarab ham dinni ilgari qo‘yadi. Qonun dindan keyin der ekan, qonunning jamiyat hayotidagi mavqeini kamsitmaydi, balki uning asl o‘rnini qayd etadi, xolos. O‘ylashimizcha, qonun ijod qiluvchilarning o‘zi ham hech qachon uni dindan oldinga qo‘ymaydi. Chunki har qanday qonun o‘zgaruvchan, din esa o‘zgarmasdir. Qonun – davriy, din – abadiy. Qonun uni tuzuvchilarning salohiyati darajasida bo‘ladi, din esa Yaratuvchisining maqomi kabi yuksakdir. Bulardan chiqadigan xulosa: jumladan, axloq masalasida ham birlamchi dindir, qonun axloqning hosilasidir. Ya’ni, axloq qonunni taqozo qiladi, qonun axloqqa xizmat qiladi. Shunda ham, qonun yaratuvchilar axloqli bo‘lsa, albatta! Aks holda – qonun ijod qiluvchilarning o‘zi axloqsiz yoki axloqiylik o‘lchovlarini yo‘qotgan bo‘lsa, xuddi bugun ayrim taraqqiy etgan mamlakatlarda, xossatan, muallif dinning ta’siri sustligiga qaramay axloqi yuksak deb o‘rnak qilib ko‘rsatayotgan yurtlarda kuzatilayotganidek, qonunlar axloqiylikning emas, axloqsizlikning mehvariga aylanadi. Bugun G‘arb madaniyati, axloqi (aslida, madaniyatsizligi, axloqsizligi) erkak bilan erkakning, ayol bilan ayolning, hatto odam bilan hayvonning jinsiy aloqasini (“nikohi”ni!) axloqiylik o‘lchovlari ichidagi hol deb qabul qilyapti! Ayniqsa, yosh faylasuf keltirgan raqamlarga ko‘ra, axloqqa din ta’siri masalasida eng past ko‘rsatkichli Shvetsiya hamda “olijanob ingliz futbolchisi”ni yetishtirgan Angliya kabi mamlakatlarda hatto cherkov ikki buzuqning nikohini qiyib beryapti!

Kimdir buzuq bo‘lsa, o‘shaning o‘zi axloqsiz, ammo bu buzuqlikni jamiyat ham to‘g‘ri deb qabul qilsa, axloqsizlikni qonun himoyasiga olsa, endi butun jamiyat axloqsiz sanaladi! Kamiga bu ishga cherkov ham qo‘shilsa, u yog‘ini ko‘ksida vijdoni bor, hali axloqiyligini yo‘qotmagan har kim o‘zi bilib olaversin. Mehvarlar almashganida bundan boshqa natijaga kelinmaydi! Ya’ni, axloqiylik mehvarini almashtirishga urinish oradan yillar o‘tib, Olloh ko‘rsatmasin, xuddi shunaqa ayanchli natija beradi!

Kechagi kunimizni bir eslaylik: kommunistik partiya boshchiligidagi sovet tuzumi mafkurachilari ham yetmish yil davomida axloq haqida, uning mehvari haqida bo‘lar-bo‘lmas g‘oyalar bilan boshimizni qotirib kelgan edi. Ular hatto qonunni ustuvor demadi. Dindan ham, qonundan ham kommunistik mafkurani ustun dedi. Hamma ijtimoiy masalaning, jumladan, axloqning ham asosiga shu mafkurani qo‘ydi. (Holbuki, inson fitratda dinli qilib, Sig‘inuvchisini izlovchi qilib yaratilgan. Din o‘rtadan “olib qo‘yilsa”, fitratan dinsiz turolmaganidan, odam o‘ziga tez boshqa bir sig‘inoq axtarishga tushadi. Kimdir pulga, kimdir hayvonga, kimdir mafkuraga, kimdir o‘zi kabi odamga… sig‘ina boshlaydi. Shuni o‘ziga “din” qilib oladi.)

“Kommunizm quruvchisining axloq kodeksi”ni yaratib, to yemaganiga qo‘ymay odamlarning og‘zigayu ongiga zo‘rlab tiqishtirganlari yolg‘onmi?! Natija nima bo‘ldi? Ul g‘ayriinsoniy loyiha qanday yakun topganini yosh faylasuf bilmasa, kattaroq yoshdagilar yaxshi biladi. Sovet mafkurasidan qutulinganiga yigirma ikki yil bo‘ldi, ammo uning asoratidan qutulolmayotganlar borligi kishini hayron qoldiradi. Zo‘rlab qusilsa – oshqozon, huqna qildirilsa – qorinu ichak-chavoq toza bo‘ladi, ammo miyaning ishi og‘ir ekan…

“Chinakam axloqli inson dindor bo‘lgani yoki do‘zaxdan qo‘rqqani uchun emas, aksincha, aynan axloqli bo‘lgani uchun ham Yaratganning ko‘rsatmalariga amal qiladi”, debdi muallif. Bir qarashda chiroyli ko‘ringan bu so‘z o‘yini miyamizga tubdan xato fikrni yerlashtiradi. Yosh faylasuf dindorlikdan axloqlilikni ajratyapti. Birlamchilik va boshlang‘ichlik maqomini axloqqa berib, dindorlikni natija deyapti. Axloq birlamchi bo‘lsa, uni kim va qay yo‘sin ishlab chiqqan va joriy qilgan? Payg‘ambarlar (xossatan, Oxirzamon payg‘ambari) kelgunicha jamiyatlar axloqi qanday ediyu ular kelganidan keyin qanday bo‘ldi? Yoki bular hammasi yolg‘on, “sodda” va “ishonchsiz yechim”lar-u, muallif bizga to‘g‘risidan, “ilmiy” va “ishonchli yechim”lardan ta’lim beryaptimi?!

“Dinlar va madaniyatlarning o‘zaro muloqoti kuchaygan bugungi kunda hech bir din axloq masalasida monopol mavqega ega bo‘lolmaydi”.

Birinchidan, dinlar va madaniyatlarning o‘zaro muloqoti “bugungi kunda”gina paydo bo‘lmagan yoki “bugungi kunda”gina kuchayib qolmagan, balki doim bo‘lib kelgan, hech bir zamonda to‘xtamagan va har davrga yarasha kuchayib yo susayib turgan. Buni bilish uchun dunyo tarixiga bir nazar tashlash yetarli deb o‘ylaymiz.

Ikkinchidan, muallif “hech bir din” derkan, dinlarni bir-biridan ayri tushunyapti, manbai bitta ekanini unutyapti. Dinlar ayri, manbai boshqa-boshqa desa, har bir dinning ilohi boshqa, degan ilmdan yiroq fikrni ilgari surgan bo‘ladi. Bu g‘oya bir zamonlardagi “har bir soha yoki hodisaning xudosi bor” degan ko‘pxudolik g‘oyasini eslatadi va asosda xatodir. “Xudolar ko‘p” bo‘lsa, borliq dunyoda ko‘rilayotgan bu muhtasham tartib-intizom butkul izdan chiqib ketishi ilmiy isbotlangan haqiqatdir. Yaratuvchi – bitta. Uning sherigi ham, tengi ham yo‘q. Qur’oni karimga ko‘ra, insoniyatga yuborilgan barcha payg‘ambar va elchi bitta dinni – Islomni keltirgan. Islom esa tavhid va axloqdan iborat. Ya’ni, hamma payg‘ambar yakkaxudolikni va insoniy axloqni olib kelgan. Hozirgi harxilliklar ularning manbai ko‘pligini bildirmaydi, aksincha, manbai bitta, ammo ilk zamonlardan to oxirgi elchi tushguniga qadar har gal oldingi payg‘ambarga ergashganlar ichida Ollohning yangi buyrug‘iga bo‘yin sunib keyingi kelgan payg‘ambarga ishonganlar va bo‘yin sunmay “eski e’tiqodi”da qolaverganlar hisobiga harxillik yuzaga kelgan va go‘yo boshqa-boshqa dinlar kabi qabul qilinadigan bo‘lib ketgan. (Hamma payg‘ambarga ishonish imonning yetti asosidan biridir.)

Uchinchidan, dinning axloq masalasida monopol mavqega ega bo‘lolmasligi to‘g‘risidagi xulosa ham shu ma’noda g‘alizdir. Ya’ni, biz “ikkinchidan” deb bildirgan fikrlarimizning mantiqiy davomi o‘laroq, sinchiklab boqilsa, umuman kishilik jamiyati axloqining boshlang‘ich manbai bitta bo‘lib chiqadi va shunga ko‘ra mavqe talashish yo‘qligi ma’lum bo‘ladi. Uni dunyoning qaysidir bir chekkasida kimdir inkor etadimi-yo‘qmi, haqiqat o‘zgarmaydi: axloqiylik mehvari qat’iy ma’lumdir! Bu mehvarni Egasidan olib boshqasiga berishga har qancha urinilmasin, harakatlar uvol ketadi. Sababi – “to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ta’lim ham, har qanday qonun ham” yo‘q yerdan paydo bo‘lib qolmaydi, ularning albatta boshlang‘ich nuqtasi bor, ular doim shu boshlang‘ich nuqtaga tayanadi. Tayanch nuqta esa, yana-tag‘in aylanib kelib, axloq me’yorlarining ilk manbaiga – dinga (muallif aytmoqchi, dinlarga) borib taqaladi.

“Xo‘sh, din doim ham jamiyat axloqini yaxshilay olmasa, u holda bu vazifani nima bajaradi? Bunga javobimiz shunday: to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ta’lim va qonunlar ijrosining qat’iy ta’minlanishigina vaziyatni o‘nglashi mumkin”, deydi muallif.

Aslida, din doim ham jamiyat axloqini yaxshilay oladi. Har qanday holat va vaziyatda u muntazam tarzda axloq bilan shug‘ullanadi. Olloh taolo yaratib qo‘ygan tabiatning o‘zi yoki unga taqlidan odamlar kashf qilgan maxsus tozalash qurilmalari kechayu kunduz tinim bilmay chiqit suvlarni toza suvga aylantirib berayotganidek; Olloh taolo yaratgan daraxtlar yoki unga taqlidan odamlar kashf qilgan maxsus tozalash qurilmalari iflos havoni kechayu kunduz tinimsiz toza havoga aylantirib berayotganidek, Olloh taolo o‘rtaga qo‘ygan axloq o‘lchovlari ham kishilar va jamiyatlar o‘rtasidagi axloqni kechayu kunduz muttasil kuzatib-tozalab turibdi! Ne’mat ichida ne’matning qadri uncha bilinmay qoladi, oddiy holday ko‘rinadi. Bu mukammal “tozalash qurilmasi” birpas to‘xtab qolsin yo butkul ishdan chiqsin, nimalar bo‘lishi o‘shanda bilinadi! Axloqsizlik din susayganida bosh ko‘taradi.

Qadimdan bir misol. Hozirgi Shveytsariyaning Lozanna shahriga besh-olti nafar arab savdogari keladi. Dag‘al, qalin sholcha matolardan ust-bosh kiyib yurgan lozannaliklar arablar olib kelgan harir, oppoq matolarga havas bilan boqadi. Asta-sekin ular ham arablardek toza kiyina boshlaydi. Yuvinishni o‘rganadi. Savdo-sotiq rivojlanadi. Arablar ham ko‘payadi. Savdogarlarning xush muomalasi, savdoda halolligi, boshqa odob-axloqlari Lozanna ahli diqqatini tortmay qo‘ymaydi. Qiziqish ortadi. “Kimsizlar? Qanaqa dindansizlar?” deb so‘roqlay boshlashadi. Ularning musulmon ekanini bilgach, Islom diniga qiziqishadi. Natija bunday bo‘ladi: qisqa fursat ichida lozannaliklar Islom dinini qabul qiladi, bolalarini ham ta’limga arablarga bera boshlaydi. Bor-yo‘g‘i bir yigitning umrichalik vaqt ichida Lozanna ahlining katta qismi musulmon bo‘lib, yigirmadan ortiq maktab-madrasa ochilib, Ovruponing qoq o‘rtasida joylashgan mamlakatning bu shahri musulmon shahriga aylanib qoladi. Bular hammasi yigirma-o‘ttiz nafar arab savdogarining axloqi yuzidan edi!

Yoki Indoneziyani olaylik. Olis Indoneziyaga ham din xuddi shu yo‘l – namunali xulq bilan kirib borgan. Arab savdogarlaridagi go‘zal axloqni ko‘rib, unga mahliyo bo‘lgach, mahalliy xalq bunday axloqni keltirgan dinni oshiqib qabul qilishga kirishgan. Bo‘lmasa Indoneziya qayoqda, Arab yarimoroli qayoqda!

Endi maqola muallifiga bir-ikkita savolimiz bor.

Omma fikrini o‘rganuvchi o‘sha “mo‘’tabar” tashkilotlar Yer yuzi aholisining beshdan biri e’tiqod qiladigan Qur’oni karimni namoyishkorona yoqayotgan pastorlarni va shu alangada qo‘lini isitayotgan kimsalarni axloqli deydimi, axloqsiz deydimi? Qur’oni karimni hojatxonaga tashlagan, oyog‘i ostiga olib ezg‘ilagan NATO askarining ishi qaysi axloq me’yorlari bilan o‘lchanadi? Bironta musulmon Tavrot yo Injilni biron marta yoqmagan, yoqmaydi ham. Buni e’tirof etadimi u tashkilotlar?

Niderlandiyalik tuban rassom Suyukli Payg‘ambarimizni (alayhissalom) hajv qilib chizgan rasmlarni butun Ovrupa mamlakatlari gazit-jo‘rnollari ko‘chirib bosish bilan, maqola muallifi axloqli deb ta’riflayotgan demokratik davlatlar qanaqa axloqiy me’yorlarga tayanishini ko‘rsatdi… Bunga qarshi bironta musulmon ularning muqaddasotini hajv qildimi?

Muallif ulug‘lab, o‘rnak qilib ko‘rsatayotgan G‘arb olamida ayniqsa keyingi yillarda Islomga, musulmonlarga qarshi tinimsiz bo‘htonlar qilinyapti, Islomga va musulmonlarga qarshi shior ko‘tarib chiqqan guruhlar saylovlarda yutyapti. Bu hol nimadan darak beradi? Saylovchilarning ham ko‘pi millatchilik, irqchilik kayfiyatiga botganidan emasmi?! Millatchilik, irqchilik, boshqalar dinini kamsitish kabi illatlar axloqdanmi, axloqsizlikdanmi?

Yoki Amriqo askarlarining iroqlik asirlar ustidan haqoratlari, “Abu G‘arib” qamoqxonasida musulmon erkaklarning eng or-nomusli nuqtasiga tegib, ularni yalang‘ochlab, xodadek ustma-ust taxlab, oralarida ayol askarlar ham bo‘lgan palidlar ularning bu hollaridan ho-holab kulishlari… qanaqa axloq o‘lchovlariga to‘g‘ri keladi?!

Maqolada nega bu va shu kabi misollar yo‘q? Chunki bu misollar maqola g‘oyasiga, muallifning oldindan tayyor xulosalariga to‘g‘anoq bo‘ladi. Holbuki, dalildan xulosaga kelish kerak, aksi emas. Fikrdan hodisa tug‘ilmaydi, hodisadan fikr tug‘iladi.

Xullas, gapirilsa gap ko‘p. Ammo mulohazalarni umumlashtiradigan palla ham keldi.

Bir yuz yigirma besh yillik istibdod, shuning ichida yetmish besh yil kommunistik mafkura zug‘umi ostida yashash, ana shu mustamlaka davomida tinimsiz olib borilgan “Senlar qoloq eding, biz madaniyat olib keldik”, “Senlar savodsiz eding, biz savodingni chiqardik”, keyinroq esa “Xudo yo‘q, kommunistik partiya bor”, “Jannat yo‘q, kommunizm bor”, “O‘tmishing hammasi sarqit, ularni tashlashing, biz olib kelganlarni so‘zsiz olishing shart!” kabi yovuz tazyiq va tashviqotlar, afsus, ayrimlarga o‘zidan, o‘zligidan tonish kayfiyatini singdirib qo‘ydi. Oqposhsho va sovet mustamlakasidan qutulgan bo‘lsak-da, qontomirlarimizda ular qoldirib ketgan mikroblardan hali-veri qutulolmayotganimiz shundan. Tushkun kayfiyatning eng ko‘rinarli alomati o‘zni inkor, o‘zgaga shaydolikdir, buning natijasida, keyingi asrlarda boshimizga tushgan hamma ko‘rgilikning hamda dunyodan orqada qolishimizning sababini milliy ruhdan va dindan deb biladigan bo‘lib qoldik.

Bugun biz nurli manzillarni ko‘zlagan millat o‘laroq, shubhasiz, dunyodan o‘rganishimiz, olishimiz kerak bo‘lgan yaxshiliklar ko‘p: dunyoviy ilm-fan, texnikaviy taraqqiyot, tartib, intizom… Ayni choqda, o‘zimizda ham dunyoga bersak, ular bizdan o‘rgansa arziydigan jihatlar yo‘q emas. Jumladan, axloq…

Nurulloh Muhammad Raufxon

 

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here