Maqola Hilol.uz’da 2015 yil chop etilgan

Jamiyatimizning psixologik komfort darajasini ko‘tarib turadigan bir jumla bor – “Osmonimiz tinch (zato)”. Besh soat erinmasdan benzinga navbatda turgan kirakashdan tortib “shahar qishki isitish mavsumiga tayyor” deydigan mansabdor shaxsgacha shu jumla bilan salgina g‘ingshigan noshukur individning og‘zini yopib qo‘yadi. Bu dohiyona, javob qaytarib bo‘lmas, odamlarning baxtlilik indeksini 500 foizga oshirvoradigan jumlani o‘ylab topgan odamga haykal qo‘yish vaqt masalasi, xolos.

“Osmonimiz tinch (zato)” ta’sirida “kun o‘tdi, ertaga bir gap bo‘lar” degan maishiy falsafa mentalitetimizning asosiy elementi bo‘lib qo‘yaqoldi. Bu unchalik qo‘rqinchli muammo emas. Asosiy muammo jamiyatimiz boshqaruvi, uning rivojlanishini, ertasini belgilaydigan odamlarning hayotiy falsafasi mana shu “kun o‘tdi, ertaga bir gap bo‘lar”dan iboratligi. Bir kun bilan yashab, mavhum “milliy mentalitet va qadriyatlar” asosida kelajak jamiyatini qurishga harakat qilyaptilar. Ora-sirada turli iqtisodiy masalalarni qo‘lidan kelguncha hal qilishu islohotlarni amalga oshirish ham shu odamlar qo‘lida. Bu odamlar kim? Bu odamlar ba’zi o‘rtoqlar so‘kinib eslaydigan “mash’um sovet” davrining mahsullari. Sovet davrida jamiyat a’zosi tarbiya qilinish tizimini eslataman: oktyabryat – pioner – komsomol – kompartiya a’zosi. Bu tarbiya tizimida asosiy unsur: haykallar tagigi gul qo‘yish, kollektiv ravishda ko‘cha supirish, turli yig‘ilishlar, “meropriyatiya”lar o‘tkazish, kollektiv ravishda ma’nosi yo‘q matnu 2500 yildagi sotsialistik kelajak haqida madhiya aytish va hokozalar. Bir so‘z bilan aytganda, kasal odamlar sektasi. Mana shu sektantlar, sobiq komsomollar haliyam bor (to‘g‘ri, sovet tizimi qulashi bilan albatta yangi odamlar kelishi mumkin emas, chunki hamma sovet insonlari edi). Ularda kommunistik ruhiyat allaqachon yo‘g‘u, biroq haykallar tagiga gul qo‘yish, kollektiv majlislar o‘tkazib ma’nosiz nutqlar so‘zlash, kollektiv ravishda u yoki bu hodisalarga baho chiqarish va o‘zlarining qo‘l ostida bo‘lgan sohalarda islohotlarni ishlab chiqish, ularni boshqarish va jamiyatning rivojlanish yo‘llarini belgilash kabi “o‘ta muhim” sof komsomolcha amaliyotlar bilan mashg‘ullanadi. “Meropriyatiye” o‘tkazildi – “galochka” tushadi, nutq so‘zlandi – “galochka”, islohotlar amalga oshirish esa tashkilotning nomi o‘zgartirilib, yoniga yana uchta bir xil tashkilot ochilish bilan chegaralanadi – bunga ham “galochka”. Bugun “galochkalar” bo‘yicha reja bajarilganini nishonlash uchun kollektiv ravishda komsomol parkiga borib, yo‘g‘-yey, uzr, choyxonaga borib moshkichri tamaddi qilinadi. Ertaga bir gap bo‘lar. Ertaga esa yana bugungi kun.

Hayotimizni shunday odamlar belgilayotgani achinarli, ular o‘zlarining komsomolcha dunyoqarashi bo‘yicha o‘zlari istagan voqelikni jamiyatimizning buguniga aylantirib yotishipti. Jamiyatning ertasini qurishga bularning aqli yetmaydi. Mayli, bu sektantlar birmuncha vaqtdan so‘ng bitib qolar, degan fikr kelishi mumkinu, biroq bu komsomolchilar o‘z o‘rniga neokomsomolchilarning yangi avlodini o‘stirib bo‘ldi. Yig‘ilishlar, majlislar, gulchambar qo‘yishlar… “Galochkalar” yig‘ish chempionlari ertaga bizning bugunimizni yasab berish bilan mashg‘ul bo‘ladi yana. Eski sovet nomenklaturasining nusxalari. Jamiyatimizning kelajagini quradigan yoshlar deb maqtanib qo‘yiladi. Qurolmaydi. Jamiyatning kelajagini qurish uchun bugungi kun bilan yashaydigan neokomsomolu eski sektantlar emas, o‘zi kejalakda yashab, hozirdan kelajak jamiyatining konstruksiyasiga poydevor quyadigan inson(lar) kerak. Bormi shunaka konstruktor(lar) atrofda? Ko‘zingiz tushganmi hech? “Bugunchi” sektant nomenklaturachilariyu neokomsomolchilar orasida yo‘q albatta bunday odam. Chunki komsomol muhim masalalarni hal etish uchun mo‘ljallanmagan sektantlar guruhi, xolos. Universitet talabasi bo‘lgan qo‘shni bolakayda hech nima sezmadingizmi? Yo‘qmi? Xayolida mashina sotib olish, chiroyli, onasi o‘pmagan qiz topib uylanishmi faqat? Hmm, 1991 yilda mustaqillikni kutib olgan yoshlar orasida bordir? Ah, bola-chaqa, tirikchilik degandek. Sevimli futbol jamoasi g‘alaba qozonolmasa, psixologik komfort darajasini ko‘taradigan sehrli ibora qullariga aylanib bo‘lgan ular deysizmi? Yo‘q, aslida jamiyatning oddiy a’zosining oddiy maishiy komfortga, ya’ni konsemyurizmga moyilligi normal holat. Global masalalarni hal etishni ulardan talab qilib bo‘lmaydi albatta. Jamiyatning oddiy a’zolariga ohista rivojlanish yo‘nalishini ko‘rsatish kifoya.

Demak, muammo bugungi jamiyatga yo‘nalish ko‘rsata biladigan insonni o‘stirib voyaga yetkazish. Hozirgi 24 yoshga to‘lgan yoshlarimizdan ish chiqmaydi, 5-6 yoshli bolakaylarni tarbiya qilishdan boshlashimiz kerak. Soni ko‘p bo‘lmasin, 30-40 bolakay yetadi boshiga. Ular yana o‘z navbatida 300-400 bolakayni tarbiyalaydi. Jamiyat elitasi bo‘ladi. Bunday odamlar soni jamiyatning 4-5 foizini tashkil etgan kun O‘zbekistonning kelajagini konstruksiyalash boshlanadi. 50 yo 60 yilcha vaqt yetib qoladi, menimcha. Bu ishni amalga oshirish uchun esa juda kichik muammoni hal qilish qoladi – 30-40 bolakaydan elita o‘stirishga qo‘l uradigan bir-ikki oddiy jamiyat a’zosini topish. Bormi mard? A? Ertaga bir gap bo‘lar? Buyam to‘g‘ri. Shoshgan qiz erga yolchimaydi (seksizm yaxshi narsa emas, biroq bu boshqa mavzu).

Xullas, bir gap bo‘lar.

2 Izohlar

  1. Juda to‘g‘ri mulohaza. Buni noshukurchilik sifatida qabul etmoqlik noto‘g‘ri bo‘ladi. O‘zingizda mavjud narsalsrga shukrona keltirib yashash bilan bir paytda oldinga harakat qila olishni ham bilish kerak.

Leave a Reply to Rasul Izohni bekor qilish

Please enter your comment!
Please enter your name here