Buxoro Sovet Xalq Respublikasi Zobiti
Buxoro Sovet Xalq Respublikasi Zobiti

Tarixda amalga oshmay qolgan muqobil taraqqiyotlar masalasi aqliy mushohadaga oid bo’lib, tarixiy voqelikka aloqasi yo’q. Maks Veber kabi katta olimlar tarixiy muqobilliklarga qiziqqan bo’lsa ham, muqobilliklarga ular faqatgina aqliy mashq sifatida qaragan. Bundan boshqa iloji ham yo’q, chunki tarixdagi muqobil yo’l haqida jiddiy fikr yuritishni boshlagan odam, bu muqobil yo’lni jiddiy asoslab berishga imkon bermaydigan son-sanoqsiz faktorlarga duch keladi. Shuning uchun ham, Chor Rossiyasi qullab, Lenin boshchiligida Bolsheviklar Markaziy Osiyoni 1917 yillarda qayta bosib olmaganida, o’zbeklar hozir qanday jamiyatda yashar edi, qanday davlatchilik qurgan bo’lar edi degan savolga quydagi javobni ham aqliy mashq sifatida qarash lozim.

Hozirgi tarixchi olimlar ta’kidlashicha, zamonaviy O’zbekistonni vujudga kelishi o’zlarini o’zbek deb tariflay boshlagan Markaziy Osiyoning musulmon ziyolilarining (Jadidlar) milliy loyihasining g’alabasi edi. Ya’ni, zamonaviy o’zbek millati – jadidlarning “tasavvuridagi jamoasidir” (imagined community).

O’zbek musulmon ziyolilari sahnada yakka o’zlari faoliyat yuritmadilar, albatta. Ularga raqobatdosh bo’lgan Bolsheviklarda ham dunyoni qayta qurish uchun o’z dasturlari mavjud edi. Keyngi tariximiz uchun muhim bo’lgan 1917-1924 yillarda O’zbekiston mana shu ikki raqobatchi, lekin mushtarakliklari ham mavjud bo’lgan Zamonaviylik (Modernity) loyihalari kesishgan nuqtada vujudga keldi. 1920- yillar mobaynida bu ikki loyiha ham ana’naviy mahalliy jamiyatga qarshi ba’zan shafqatsiz hurujlarni uyushtirdi, lekin bu hurujlarni dabdurustdan Sovet hukmronligini o’rnatish harakati deb anglash xato bo’lar edi.

Bolsheviklar ayni damda ham utopik, ham beshafqat bo’lmish, dunyoni qayta qurish, kerak bo’lsa “qoloqlikni” tugatib, barchani porloq kommunistik kelajakka olib kirish orzusidan ilhomlanganlar. Jadidlarning orzusi esa musulmoncha va milliy edi. Mahalliy jamiyatning qarshiligiga uchragan jadidlar 1917-yildan keyin tub va keskin chora-tadbirlar tarafdoriga aylandilar, Inqilobni jamiyatda o’zlari orzu qilgan tub islohot va o’zgarishlarga olib keluvchi vositda sifatida qo’’llab-quvvatladilar. Agarda millat o’z foydasini bilmasa, demak uni kuch bilan, qarshiliklarga qaramasdan, yangi zamonaviy dunyoga olib kirish kerak. Bolsheviklar ham, Jadidlar ham, farqli sabablarga ko’ra bo’lsa ham, ommaviy ta’lim, yer islohotlari, ayol ozodligi (va Bolsheviklardan, balkim, kutlmagan tarzda) milliy o’zliklarni yaratish kabilarni ichiga olgan madaniy inqilobni amalga oshirish tarafdorlari edi. Ammo bu ikki loyihaning asosida yotgan mantiq butunlay farqli edi va o’zaro munosabatlar doimo tarang bo’lib kelgan. Bu taranglikning mantiqiy yakuni 1930 yillarda jadidlarning qatliomi bo’ldi.

Agarda bolsheviklar emas, jadidlar yutganda, bugunimiz qanday bo’lar edi?

Mana shu nuqtada tarixiy voqelikdan chetlashib, aqliy mashqimiz boshlanadi. Bu mashqni spekulyativ tahminlarga emas, iloji boricha, faktlarga asoslangan holda bajaramiz.

1917 yildan keyingi tariximizda o’zbek davlatchiligini tatbiq etish uchun mahalliy ziyolilarning uch hil milliy loyihasi mavjud bo’lgan: Turkiston (Qo’qon) Muxtoriyati, Turar Risqulov boshchiligidagi Musulmon Byurosi va Fayzulla Ho’jaev rahbarlik qilgan Buxoro Sovet Xalq Respublikasi.

Turkiston muxtoriyati – Turkiston mintakasidagi dastlabki milliy hukumat (1917 y. 27 noyabr — 1918 y. 19 fevral). Atigi 72 kun umr ko’rgani uchun, biz bu milliy loyihaning istiqbollari va orzulari, va ayniqsa real voqelikdagi amaliy hatti-harakatlari qanday natijalar berishi mumkinligi unchalik ham tasavvur qila olmaymiz.

Huddi shu gap, yaxshi niyatlar bilan 1919 yilda tuzilgan va 1920 yilda o’z mohiyatini yoqotgan, O‘lka musulmon kommunistlari byurosi – O`lka Musbyurosiga ham taaluqlidir. Bu tashkilot Turar Risqulov 1920-yil yanvaridan shu yilning iyuliga qadar Turkiston respublikasi Markaziy Ijroiya Qo’mitasi raisi lavozimida ishlagan davrida Turkiston xalqlarining milliy manfaatlari, o‘ziga xoslik jihatlariga javob berolmaydigan, hududiy, sinfiy manfaatlardan nari o‘tmaydigan Turkiston avtonom sovet respublikasi o‘rniga “Turk respublikasi”ni tuzish g‘oyasini amalga oshirish uchun muvaffaqiyatsiz kurashgani bilan e’tiborga loyiq. 

Muqobil tariximiz borasidagi aqliy mashqimiz uchun boy va jiddiy faktologiyani faqatgina 1920-1924 yillarda faoliyat yuritgan Buxoro Sovet Xalq Respublikasi (BSXR) bera oladi.

Buxoro Sovet Xalq Respublikasi Islomiy-turkiy davlatchilik an’analarining davomchisi sifatida

Jadidlar Islomiy-turkiy davlatchilik ana’nalariga asoslangan “o’zbekchilik” nazariyasini 1917 yilgacha allaqachon shakllantirib bo’lgan edilar, ularga bu nazariyani amaliyotga tatbiq etish uchun qulay fursat kerak edi, halos. Turkiston Muxtoriyati va Mosbyuro shunday fursatning samarasiz ko’rinishlari bo’lsa, 1920 yilda tarix (yoki Allloh) jadidlarga  o’z tasavvurini amalga oshirishga yana bir qisqa, bu gal samaraliroq imkoniyat berdi.

1920 yilning yoziga kelib, Mihail Frunze Buxoro amirligi hali ham mavjud ekanligidan tobora toqatsizlandi. Moskvaning hadiksirashiga qaramasdan, Frunze harbiy yechimni tanladi va avgust oyida Qizil Armiya Buxoroga bostirib kirdi, amirni taxtdan ag’dardi. Buxoroning to’g’ridan-to’g’ri anneksiyasi Buyuk Britaniyaning e’tiroziga uchrashi mumkinligidan qo’rqqan Moskva u yerda Buxoro Kommunistik Partiyasi (BKP) boshchiligida “sovet xalq respublikasini” o’rnatishga qaror qildi. Ushbu munosabat bilan, Buxoroga unchalik aloqasi ham bo’lmagan turkistonlik va tatarlardan iborat eski Buxoro kommunistik partiyasi (BKP) oldinroq amir taziyqi tufayli Buxoroni tark etgan Yosh Buxoroliklarning ko’p sonli partiyasi bilan qo’shilib,  BKP qayta tashkil etildi. Shunday qilib, respublika ustidan nazorat Yosh Buxoroliklar, ya’ni jadidlar qo’liga o’tdi.  Fayzulla Ho’jayev respublika rahbari, Abdurauf Fitrat uning g’oyaviy maslahatchisi va bir qancha vazirliklarda rahbar bo’ldi. Qolgan nufuzli lavozimlarni ham ko’zga ko’ringan jadid arboblari egalladi. BKP’ga qo’shilish Yosh Buxoroliklarni na bir kunda sodiq kommunist qilib qo’ydi, na ularning siyosat haqidagi, inqilobdan oldin shakllangan tasavvurlarini o’zgartirdi. Faqatgina Sovetlar bilan hisoblashish zaruriyati Buxoro Xalq Sover Respublikasi  (BXSR) yangi hukumatini mafkuraviy zullisonaynlikdan foydalanishga majbur qildi. Sovet hokimiyati bilan aloqalarida ular “Bolshevikcha” gapirdilar, lekin davlatning ichki ishlarini umuman farqli, milliy suverinitet va mustaqillik kategoriyalarida obordilar.

Fitrat 1912 yil Buxorodagi ahvolni tanqid qilib yozgan “Hind sayohining qissasi” Yosh Buxoroliklar nimalarni amalga oshirmoqchi bo’lganligi haqida tasavvur beradi. Yosh Buxoroliklar uchun inqilob sinf emas, millatga hizmat qilishi kerak bo’lgan o’zgarish tarzi edi. Ular markazlashkan, jahon hamjamiyatining teng va to’liq mustaqil zamonaviy milliy davlat qurmoqchi edilar. Davlatdan ko’zlangan asosiy maqsad milliy boyliklardan unumli foydalanish orqali iqtisodiy farovonlikka erishish edi. Davlat shuningdek fuqarolarini “madaniyatga majburlash” kerak edi, jaholat va taasublikka qarshi kurash Buxoro Ta’lim vazirligining kun tartibidagi eng katta masala edi. Usmoniy ta’sirini Yosh Buxoroliklarning ko’pgina so’z va amallarida ko’rsa bo’ladi.

BSXR intellektual shajarasi Usmoniylar Imperiyasining so’nggi davridagi shiddatli baxs-munozaralarga borib taqaladi, chunki Fitrat va bir qator boshqa ko’zga ko’ringan jadidlar Usmoniylar imperiyasida yashagan, tahsil olgan. Aynan Usmoniy modellari yigirmanchi asrning boshlaridan beri Buxoro islohotchilarini o’ziga jo qilgan, ularga mos edi. 1910-yillarda Buxoro saxovatpeshalari tomonidan yoshlarni aynan Rossiya yoki Yevropa emas, aynan Istanbulga o’qishga yuborish haqidagi qabul qilingan tarixiy qaror madaniy ta’sirning yangi yo’llarini ochdi,  olisdagi Buxoroda Usmoniy siyosiy dunyosining bir burchagini yaratdi. Rus Inqilobi esa kutilmagan tarzda bu islohotchilarga endi o’z rejalarini amalga oshirish imkoniyatini taqdim etdi.  BSXR Markaziy Osiyoda turkiylikning g’alabasida katta rol o’ynadi.  Aynan BSXR davrida Buxoro turkiy davlat ekanligi haqidagi g’oya sayqallashdi. Yosh Buxoroliklar o’zbek tilini rasmiy davlat tili deb e’lon qildilar, Markaziy Osiyoning milliy manzarasini qayta shakllantirgan bir qator siyosiy dasturlarni amalga oshirdilar. Yosh Buxoroliklar siyosatini anglash uchun bu siyosatni Marks yoki Bolsheviklar g’oyasidan emas, ko’proq Usmoniylarning so’nggi davridagi davlat islohotlaridan ilhomlangan go’yalarni amalga tatbiq etish harakati deb qarash samaraliroqdir. Buning isboti Yosh Buxoroliklarning siyosiy qarashlari, ularning orzu-havaslarini aks etgan, lekin oldinlari hech ham tizimli tahlil qilinmagan respublikaning ichki hujjatlarida bor deydi tarixchi Adeeb Xalid.

Ya’ni  BXSR jadidlar tomonidan, ba’zan deyarli umidsiz sharoitlarda,  musulmon islohotini amalga oshirish va milliy davlatchilikni qurish harakati edi. BSXR’ning ildizlari Marksizm yoki Leninizm diskurslaridan ham ko’proq aynan Islom modernizmi diskurslariga borib taqaladi; BSXR musulmon respublikasi edi.

Respublikada Yosh Buxoroliklarning erkinligi va siyosiy “boshbodoqlik” uch yil davom etdi. O’zini mustahkamlab olgan markaziy Sovet hukumati 1923 yilda BSXR’da ham tartib o’rnatishga kirishdi. Bir kunda to’rt vazir turli ayblar bilan ishdan olindi va surgun qilindi, shularning ichida Fitrat ham bor edi. BSXR turkiy-musulmon respublikasidan haqiqatdan ham “sovet xalq respublikasiga” aylandi, shu bilan jadidlarning yana bir milliy loyihasi tugatildi.

BSXR tajribasi bizga Birinchi Jahon Urushidan keyin, islohot va inqilob, Islom va millat o’zaro ta’siridagi Islom modernizmining siyosiy natijalari o’rganishga noyob imkoniyat beradi. Millatning modernizatsiyasi – murakkab jarayon. Bu jarayon yangi va eskining kurashi, vayronagarchilik va bunyodkorlikni, turli siyosiy va ijtimoiy kuchlarning to’qnashuvini o’z ichiga oladi. Bu taranglik doimiy bo’lib, an’ana va zamonaviylik o’rtasidagi to’qnashuvlar, o’zlashtirmalar to’qnashuvi va islohotga intilish bilan barqarorlik o’rtasidagi to’qnashuvlardan iborat. Aytish mumkinki, agarda Markaziy Osiyoda Sovet tuzumi o’rnatilmaganda, mahalliy aholi Zamonaviylikka (Modernity’ga) moslashishi o’ziga hos, o’z tarixi va ananalariga asoslangan formulalar asosida kechar edi. Balkim, modernizatsiya jarayoni bunchalik fojiyali va og’ir oqibatlarsiz bo’larmidi.

***

Bu aqliy mashqning bugunimizga ham ta’siri bor. Bugun ham o’zbek millati chorraxada turibdi, bir qancha raqobatchi loyihalar uning kelajagini shakllantirishga davo qilmoqda. Kelajakdagi natija hali noma’lum ekan (zotan ma’lum bo’lishi ham mumkin emas: inson faoliyatining fojiasi va umidi ham shunda), kuchlar muvozanati beqaror ekan, ijtimoiy tizim almashinayotgan ekan, har qaysi inson, ayniqsa ziyolilar, siyosatchilar, uning nazdida nimaiki maqbul va matlub, zaruriy bo’lsa, shuni amalga tatbiq etishga harakat qilishi lozim. Bugunimiz – muqobil loyihalar tanlovidir. Lekin bugun o’tmishga aylanar ekan, bizga faqatgina nega muayyan loyiha tatbiq etilib, qolganlari tarixning chekkasiga surilib qo’yganini mushohada qilish qoladi.

 

1 izoh

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here