Maqola ilk bor Sof.uz’da chop etilgan.

2017 yil yoz oylarida hijobli abituriyentlarning oliy ta’lim muassasasiga arizasi qabul qilinmay, ariza topshirish uchun ulardan ro‘molini yechish so‘ralgani haqida xabarlar tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlarda va aholi o‘rtasida hijob o‘rash noqonuniymi, degan bahslar yana bir bor yangradi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosarining Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan yig‘ilishda ayollar ro‘moli haqidagi savollarga javobi mazkur mavzuni ijtimoiy tarmoqlarda yana bir bor muhokama qilinishiga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi viloyatlardan birida o‘tkazgan tadbirda ro‘mol qizlarni ro‘moldan chiqarish bo‘yicha targ‘ibot olib borgani ham keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Ayollarning diniy e’tiqodini ifoda etuvchi ro‘molni o‘rashni taqiqlash, uni majburan yechdirish va o‘z e’tiqodiga ko‘ra kiyinganlarning mehnat joyi, ta’lim va davlatning ijtimoiy xizmatlarida kamsitilishi, ularga shubha va gumon bilan qarash hamda jamiyatda obro‘sini tushirishga urinish, avvalo, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va milliy qonunlariga, qolaversa, O‘zbekiston ustunligini tan olib ratifikatsiya qilgan xalqaro inson huquqlari normalariga xilofdir. Po‘mol qonun darajasida taqiqlangan taqdirda ham mazkur qonun Konstitutsiya va xalqaro huquq normalariga zid keladi va bunday qonunni zudlik bilan bekor qilish lozim bo‘ladi.

Ushbu maqolada diniy erkinliklar, xususan, diniy libos kiyib yurish kabi din yoki e’tiqodni oshkor etish erkinligi haqida O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi ustunligini tan olib ratifikatsiya qilgan va ularning ijrosini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan xalqaro inson huquqlari standartlari hamda O‘zbekistondagi hijobga bo‘lgan rasmiy va norasmiy siyosatni tahlil qilamiz. Shuningdek, diniy erkinliklar bo‘yicha O‘zbekistonda qonunchilikni va muhitni yaxshilash uchun fuqarolar hamda davlat organlari nimalar qilishi lozimligi bo‘yicha tavsiyalar beramiz.

Vijdon erkinligi bo‘yicha milliy qonunchilik tahlili

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi vijdon erkinligini kafolatlaydi. Uning 31 moddasida shunday deyiladi:

«Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi».

Lekin «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 14 moddasi 5 bandida belgilangan quyidagi norma hijobga oid ko‘plab tushunmovchiliklarga sabab bo‘lib kelmoqda:

“O‘zbekison Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Xuddi shu qoida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1841-moddasida ham o‘z aksini topgan:

«O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari – eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravaricha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi».

Yuqoridagi qonun normalaridan ma’lum bo‘ladiki, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari taqiqlanadi va bu harakat tegishli javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Xo‘sh, ro‘mol ibodat libosiga kiradimi? Afsuski, bunga aniq javob yo‘q, chunki bu savolga har kim o‘zining fikrlashidan kelib chiqqan holda subyektiv javob bergani uchun kim uchundir ro‘mol o‘rash ibodat, kim uchundir esa oddiy kiyim hisoblanadi. Bundan tashqari, agar ro‘molni ibodat libosi deb oladigan bo‘lsak, unda o‘zbek ayollari tomog‘ining orqasidan qilib ro‘mol o‘rashi nima bo‘ladi? Uni ham kimdir ibodat deb o‘rashi mumkin, kimdir esa oddiy kiyim deb. Har qanday bosh kiyim yoki boshqa kiyimni bu ibodat libosimi yoki yo‘qmi deya javob qidirishning o‘zi mantiqsizlik bo‘ladi. Chunki bu savollarning javobi har bir shaxs uchun turlicha bo‘lib, davlat esa bir guruh shaxslarning fikrini to‘g‘ri deya topib, uni hamma uchun majburiy qonunga aylantirishi noto‘g‘ri bo‘ladi.

Hech qanday huquqiy ahamiyatga ega bo‘lmasada, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2013 yilda “Islom shariatida «maxsus diniy libos», «ibodat kiyimi» degan tushuncha mavjud emas, diniy qoidalar berkitishni talab qilgan a’zolarni yopib turuvchi kiyimni shaxs barcha holatlarda, shu jumladan, ibodat paytida ham kiyishi mumkin”, deya ma’lumot bergan edi (1 rasmga qarang). Aslida mazkur holatdagi kabi mujmal jumlalar yoki atamalar ta’rifi yoki ularning qonunlarga mos kelishi yoki kelmasligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sharh berishi kerak. Konstitutsiyaviy sud o‘ta passiv bo‘lib, mustaqillikdan beri o‘z faoliyatida atigi 38 ta qaror chiqargan, xolos (jamoatchilikka ma’lum bo‘lgani).

2017 yil avgust oyida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita “hijob ibodat libosi emas, hijob o‘rash taqiqlanmagan” deya bayonot chiqardi. Mazkur bayonot ijobiy qadam, ammo u masalani hal qilmaydi. Bunga quyidagi ikki sabab bor:

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning mazkur bayonoti yangilik emas. Bundan oldin ham Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hijob ibodat libosimi, ro‘mol kiyish taqiqlanadimi kabi savollarga o‘ta mujmal, ammo ro‘mol ibodat libosi emas, deya javob bergan edi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning bayonoti huquqiy maqomga ega emas. Vijdon erkinligi to‘g‘risidagi qonuning 14 moddasi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1841-moddasida ibodat libosida jamoat joylarida yurish taqiqlanadi, deyilgan. Agar qonun normalarida tushunmovchilik va g‘alizlik bo‘lsa, unga rasmiy sharh berilishi lozim va sharh berilishi natijasida qonun normasining noqonuniyligi, ya’ni O‘zbekiston Konstitutsiyasi va boshqa qonunlariga zidligi aniqlansa, mazkur norma bekor qilinishi lozim.

Qonunga sharh berish jarayonining ham o‘z rasmiy tizimi bo‘lib, qonunga faqat mazkur qonunni chiqargan organ, ya’ni Parlament va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rasmiy sharh bera oladi. Boshqa davlat organlari, shuningdek, olimlarning qonun normalariga bergan sharhlari asosli va o‘rinli bo‘lishi mumkin, ammo ular qonun ijrosiga ta’sir qiladigan rasmiy xarakterga ega bo‘lmaydi.

15 avgust kuni Milliy matbuot markazida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent islom universiteti, O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ishtirokida anjuman tashkil etildi.

Tadbir vaqtida diniy ta’limni rivojlantirishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilar orasida diniy libos masalasi ham o‘rtaga tashlandi. Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri, 14-moddasida “Fuqarolarning jamoat joyida diniy libosda yurishiga yo‘l qo‘yilmaydi” deyilgani, aslida diniy libos deyilganda qanday kiyimlar nazarda tutilishi haqida savollar yo‘llandi.

“Muayyan bir dinlarda ayrim rasm-rusumlarni bajarish uchun kiyiladigan kiyimlar belgilab qo‘yilgan bo‘ladi. Aholimizning 94 foizidan ortig‘i islom diniga e’tiqod qiladi. Islom dinida ibodat qilish uchun ”bunisi – islom kiyimi, bunisi esa islom diniga zid“, degan tushunchalar yo‘q. Boshqa dinlarda esa ibodat marosimlarini o‘tkazish uchun alohida liboslar kiyiladi. Islom dinida esa ibodat uchun diniy kiyim, degan mulohazalar noo‘rin”, deya qayd etdi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘tkir Hasanboyev.

Shuningdek, anjuman davomida ayollar o‘rab yuradigan ro‘mol – diniy libos toifasiga kirish-kirmasligi ham muhokama qilindi.

“Din ishlari qo‘mitasi, mutasaddi tashkilotlar, maslahatchi-ekspertlar ham ro‘molni hech qachon diniy libos sifatida e’tirof etmagan. Agar ro‘molni diniy libos sifatida qaralayotgan vaziyatga duch kelsangiz, bizga murojaat qilishingiz mumkin. Biz bu masalani ko‘rib chiqishga tayyormiz”, dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari.

Tadbir vaqtida diniy ta’limni rivojlantirishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilar orasida diniy libos masalasi ham o‘rtaga tashlandi. Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri, 14-moddasida “Fuqarolarning jamoat joyida diniy libosda yurishiga yo‘l qo‘yilmaydi” deyilgani, aslida diniy libos deyilganda qanday kiyimlar nazarda tutilishi haqida savollar yo‘llandi.

Hozirgi kunga qadar ko‘plab ayollar aynan ro‘mol o‘ragani uchun Ma’muriy Kodeksning yuqorida tilga olingan moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan; ish joyidan, o‘qish joyidan haydalgan va mahalla, ish, o‘qish joylarida qonuniy va noqonuniy jazo tahdidlari bilan yuzlashib, majburan hijoblari yechtirilgan holatlari ro‘y bergan. Agar mazkur ayollar o‘z buzilgan huquqlarini tiklamoqchi bo‘lsa, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita sudda qatnashib, ularni himoya qila oladimi? Shuncha vaqtdan beri buzilgan huquqlari uchun yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish uchun kurashadimi? Afsuski, shu paytgacha qo‘mita bunday ishni qilgani yo‘q.

Nima qilish kerak?

Demak, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning «hijob ibodat libosi emas, hijob o‘rash taqiqlanmagan» degan sharhi rasmiy xarakterga ega emas. Qonun normalaridagi jamoat joylarida ibodat libosida yurish taqiqi hanuz mujmal va uni istagan ijro etuvchi istagan vaqti ro‘molni taqiqlash deya talqin qilib, fuqarolarning diniy huquqlarini cheklashi mumkin. Mazkur qonun normasini har qanday vaziyatga xizmat qila oladigan mujmal holda qoldirish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita kabi davlat organlari, deputatlar hamda fuqarolar mazkur moddadagi g‘alizlikka uzil-kesil rasmiy sharh berilishini talab qilib, Parlament yoki Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishlari yoki umuman mazkur moddani bekor qilishni talab qilishlari lozim. Chunki jamoat joylarida (ro‘moldan tashqari bo‘lgan taqdirda ham) har qanday ibodat libosini taqiqlash xalqaro inson huquqlari normalarida va O‘zbekiston Konstitutsiya va qonunlarida belgilangan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini buzadi. Bundan tashqari, ertaga ibodat libosiga o‘zbeklarning milliy do‘ppisi yoki boshqa kiyimi yoxud erkaklarning soqoli kirmasligiga kim kafolat bera oladi?

Diniy erkinlikni cheklash natijasida ta’limdagi kamsitishlar

O‘quvchi va talabalarning ro‘mol o‘rashini taqiqlash O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuniga va eng asosiysi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid hisoblanadi. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 41 moddasida har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi belgilangan. «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning 4 moddasi bilim olish huquqi deb nomlanadi. Mazkur moddaga ko‘ra, jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi kabilardan qat’i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanadi. «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 7 moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining dunyoviy ta’lim olish huquqi ularning dinga bo‘lgan munosabatidan qat’i nazar ta’min etiladi. Ayol va qizlarning hijob o‘rashi ularning ta’lim olishiga to‘sqinlik bo‘lmasligi kerak va ular boshqalar bilan bir xil bilim olish huquqiga ega.

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 4 moddasi “Fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar teng huquqliligi” deb nomlanib, unga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari dinga munosabatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Rasmiy hujjatlarda fuqaroning dinga munosabati ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolarning dinga munosabatiga qarab ularning huquqlarini har qanday cheklash va ularga bevosita yoki bilvosita imtiyozlar belgilash, dushmanlik va adovat uyg‘otish yoxud ularning diniy yoki dahriylik e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy ziyoratgohlarni oyoqosti qilish qonunda belgilangan javobgarlikni keltirib chiqaradi”, deyiladi. Ya’ni, fuqarolarni dinga bo‘lgan munosabati uchun kamsitish yoki huquqlarini cheklash O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 141 moddasi (Fuqarolarning teng huquqligini buzish) hamda 156 moddasi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2 qismi talablariga ko‘ra jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Po‘molli qiz va ayollarni ro‘mol o‘ragani tufayli ta’limga bo‘lgan huquqini cheklab diskriminatsiya qilish Konstitutsiya va qonunlarga xilof bo‘lgani kabi, ro‘molli ayollarni mehnat faoliyatida va davlat xizmatlaridan foydalanishda diskriminatsiya qilish ham Konstitutsiya va qonunlarga xilof hisoblanadi.

Qonunlarning o‘zaro ixtilofi

Deylik, ro‘mol ibodat libosi bo‘lgan taqdirda ham, uni kiyishni taqiqlash yuqorida sanab o‘tgan e’tiqod erkinligini kafolatlovchi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari hamda quyida muhokama qilinadigan xalqaro huquq qoidalariga ziddir. Demak, har qanday holatda ham ro‘mol o‘rashni taqiqlash noto‘g‘ri va noqonuniy bo‘ladi.

Konstitutsiyaga ko‘ra, birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 16 moddasi hamda «Normativ huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, har qanday ma’muriy-boshqaruv organlari va tashkilotlarning o‘z doirasida qabul qiladigan hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda amaldagi qonun hujjatlariga zid kelishi mumkin emas.

Mazkur qonunning 5 moddasiga ko‘ra, qonunlarning iyerarxiyasi bo‘yicha avvalo O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, so‘ngra O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining hujjatlari va eng quyida mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari turadi.

Afsuski, hozirga qadar norasmiy tarzda ro‘molni taqiqlash siyosati orqali ko‘plab ro‘mol o‘ragan ayollar ma’muriy javobgarlikka tortilgan, boshqalari ishidan haydalgan; o‘quvchi va talaba qizlarni ro‘molini yechmaguncha o‘qishga kiritmaslik va o‘qishdan haydash kabi holatlar kuzatilgan. Bu holatlarning barchasi O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlari hamda xalqaro inson huquqlari normalariga ziddir.

Vijdon erkinligi bo‘yicha xalqaro normalarning tahlili

O‘zbekiston Konstitutsiyasi O‘zbekistonda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan oladi. O‘zbekiston Inson Huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasini qabul qilgan. Mazkur Deklaratsiyaning 18 moddasi barcha uchun vijdon, fikrlash va din erkinligini kafolatlaydi. Moddaga ko‘ra, mazkur erkinliklar inson o‘z dini va e’tiqodini o‘zgartirishi va jamoa bo‘lgan holda yoki yakka o‘zi, ommaga oshkor etgan holda yoki ommaga oshkor etmagan holda o‘z dini yoki e’tiqodidan ta’lim berishi, unga amal qilishi, ibodat qilishi va nishonlashini o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston, shuningdek, Fuqarolik va Siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro Pakt va Birinchi Ixtiyoriy Protokolni qabul qilgan. Paktda kafolatlanadigan asosiy fuqarolik va siyosiy huquqlar belgilangan bo‘lsa, Birinchi Ixtiyoriy Protokol Paktni qabul qilgan davlatlarning fuqarolaridan mazkur Paktning ijrosi yuzasidan individual shikoyatlar kiritishni ta’minlaydi. Demak, O‘zbekiston fuqarolari ham mazkur Paktning O‘zbekistonda ijrosi bo‘yicha BMTning Inson Huquqlari Qo‘mitasiga shikoyat qilishi mumkin.

Fuqarolik va Siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro Paktning 18 moddasida ham vijdon erkinligining kafolatlanishi va unga qanday hollarda cheklashlar o‘rnatish mumkinligi belgilangan:

“18 modda

Har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega. Ushbu huquq o‘z ixtiyori bilan o‘ziga ma’qul dinni qabul qilish va e’tiqod qilish erkini, yakka holda, shuningdek, boshqalar bilan birgalikda, oshkora yoki xususiy tartibda ibodat qilishni oshkor etishga, diniy va boshqa urf-odatlarni va marosimni bajarish erkini ham o‘z ichiga oladi.

Hech kim o‘z ixtiyoriga ko‘ra o‘z dini va e’tiqodiga ega bo‘lish yoki qabul qilish erkini kamsitadigan majburiy holatga duchor etilmasligi lozim.

Din yoki e’tiqodini oshkor etish erkiga faqat qonun bilan belgilangan va jamoat xavfsizligini, tartibini, salomatligini va axloqini saqlash uchun, shuningdek, boshqa shaxslarning asosiy huquqlari va erkini muhofaza etish uchun zarur bo‘lgan cheklashlar bilangina daxl qilinishi mumkin.

Mazkur Paktda ishtirok etuvchi davlatlar ota-onalarning va tegishli hollarda qonuniy vasiylarning o‘z bolalarini o‘z shaxsiy e’tiqodiga muvofiq diniy va axloqiy tarbiyalash erkini hurmat qilishi majburiyatini oladi”.

Din va e’tiqod erkinligi bo‘yicha BMT Inson Huquqlari Qo‘mitasining Maxsus Hisobotchisi Paktga a’zo davlatlarning Pakt ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlarini kuzatib, rasmiy sharh beradi. Maxsus Hisobtochiga ko‘ra, Konvensiyaning 18 moddasi fikr va e’tiqod erkinligi, o‘z tanloviga ko‘ra din yoki e’tiqodga ega bo‘lish yoki yangi din yoki e’tiqodga kirish erkinligini davlatlar o‘z milliy qonunlarida hech qanday holatda cheklashi mumkin emasligini belgilaydi. Mazkur huquqlar xalqaro huquqda forum internum deb atalib, ular insonning vijdonida saqlaydigan e’tiqod va xulosalari hisoblanadi.

Konvensiya 18 moddasining 3 bandida belgilangan huquqlarni, jumladan, diniy libos kiyish kabi din yoki e’tiqodni oshkor etish erkini davlatlar o‘z milliy qonunchiliklarida cheklashi quyidagi talablarga javob bersagina qonuniy bo‘ladi:

  • Cheklov amaldagi qonunchilikda ifodasini topgan bo‘lishi lozim (masalan, soqol qo‘yishni taqiqlovchi qonun yo‘q, ammo soqol qo‘yib yurishni taqiqlovchi norasmiy siyosat bor; demak, bunday taqiq noqonuniy);
  • Cheklov jamoat xavfsizligini, tartibini, salomatligini va axloqini saqlash uchun, shuningdek boshqa shaxslarning asosiy huquqlari va erkinliklarini muhofaza etish uchun zarur bo‘lishi lozim. Bu holatda mazkur sabablar aniq, isbotlangan va ommaga oshkor etilgan bo‘lishi lozim (Masalan, “hijob o‘raganlarning hammasi noqonuniy diniy oqimlarga kirib ketyapti, ekstremistik guruhlarga a’zo” degan mustaqil tashkilot tomonidan ilmiy tasdig‘ini topmagan va/yoki sudda isbotlanmagan umumiy va mujmal gaplar hijobni taqiqlash uchun asos bo‘la olmaydi).

Maxsus Hisobotchi, cheklashlarni qo‘llash uchun Konvensiya 18 moddasining o‘zida belgilangan talablardan tashqari, cheklashlar qo‘shimcha ravishda quyidagi talablarga javob berishi lozimligini aytadi:

  • Har qanday cheklash jamoat xavfsizligini, tartibini, salomatligini va axloqini saqlash uchun, shuningdek, boshqa shaxslarning asosiy huquqlari va erkini muhofaza etish uchun zarur bo‘lishi lozim;
  • Ommaviy yoki ijtimoiy ehtiyojlarga javoban belgilangan bo‘lishi lozim;
  • Cheklovlar qonuniy maqsadlarni nazarda tutgan va mazkur maqsadlarga mutanosib bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, din va e’tiqodni oshkor qilish erkinligiga cheklov o‘rnatishning o‘rinliligini oqlash/isbotlash burchi davlat zimmasiga yuklatiladi. Natijada, aniq dalillarga emas, balki faqat gumon yoki prezumpsiyalarga asoslangan holda diniy belgilarlarni kiyish/taqish ustidan taqiq o‘rnatish shaxslar diniy erkinligining buzilishi hisoblanadi. Masalan, hijob o‘ragan odam terrorchi yoki ekstremist bo‘ladi, buzg‘unchi diniy guruhlarga qo‘shilgan yoki jinoyat qilishga moyil bo‘ladi kabi aniq faktlar bilan isbotlanmagan gumon va prezumpsiyalar bilan hijob o‘rashni taqiqlash va ayollarni hijobini yechishga majburlash vidjon erkinligining buzilishidir.

Maxsus Hisobotchi, bundan tashqari, Konvensiyaning 18 moddasi, 3 qismiga nisbatan cheklovlar yuqorida ko‘rsatilgan asoslardan boshqa hech qanday holatlarda qo‘llanilmasligini, hatto ular milliy xavfsizlikni ta’minlash kabi Konvensiyadagi boshqa huquqlarni cheklashga sabab bo‘la oladigan asos bo‘lgan taqdirda ham vijdon erkinligi huquqiga nisbatan amal qilmasligini ta’kidlaydi. Bundan ayon bo‘ladiki, davlatlar milliy xavfsizlikni ro‘kach qilib din va e’tiqodni oshkor etish erkinligini, jumladan, diniy libos va belgilarni kiyish erkinligini cheklashi mumkin emas. Din va e’tiqodni oshkor qiluvchi hijob aslida milliy xavfsizlikka tahdid emas, ammo ba’zi davlatlar uni milliy xavfsizlikka tahdid deya hisoblaganda ham, hijob o‘rashni taqiqlash xalqaro inson huquqlari normalariga xilof bo‘ladi.

Cheklovlar faqat ular uchun belgilangan maqsadlar uchungina qo‘llanilishi mumkin. Cheklovlar ularni o‘rnatish uchun aniqlangan ehtiyojlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lishi kerak va ular mazkur ehtiyojga mutanosib bo‘lishi kerak. Cheklovlar kamsituvchi maqsadlarda qo‘llanilmaydi yoki kamsitadigan tarzda qo‘llanilishi mumkin emas. O‘zbekiston misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, aholining ko‘pchiligi musulmon bo‘lgan davlatda ibodat libosini taqiqlash aynan musulmon ayollarning hijobini taqiqlashday bir din va bir guruhni (hijob o‘rovchi musulmon ayollar guruhi) kamsitish maqsadida joriy etilgan, degan shubha tug‘diradi. Bunday maqsad bo‘lmagan taqdirda ham hijobning taqiqlanishi amaliyotda faqat musulmonlarning, xususan, hijob o‘rovchi ayollarni ishda, o‘qishda, mahallada va davlatning xizmatlaridan foydalanishida diskriminatsiya qilish tarzida qo‘llanilmoqda. Ayrim misollarga to‘xtalsak.

Ro‘molli ayollardan mehnat joylarida, ayniqsa, davlat idoralarida hijobni yechish so‘raladi; yechmasa ishdan haydaladi. Po‘molli ayollarning ishga kirish bo‘yicha arizalari rad etiladi. Albatta, ishdan haydash yoki ishga kirish arizasini rad etish kabi rasmiy hujjatlarda masalaning asl sababi bayon etilmaydi.

Universitet, kollej va litsey hamda maktablarda ro‘molli qizlar uni yechishga majburlanadi yoki o‘qishdan haydaladi. Ijtimoiy ta’minot kabi davlat yordamlarini olish uchun hijobli ayollardan hijobini yechish shart qilib qo‘yilgan hollar ham uchraydi. Hijobli ayollarga nisbatan bunday diskriminatsiya qilish nafaqat Fuqarolik va Siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro Paktga, balki O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan Ayollarga nisbatan kamsitishlarning barcha turlariga barham berish bo‘yicha xalqaro Konvensiya hamda O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan dini, jinsiga qarab kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga ham zid keladi.

Maxsus Hisobotchi davlatlar din va e’tiqodni oshkor etish erkinligini qanday ta’minlayotganini baholash uchun “og‘irlashtirilgan ko‘rsatkichlar” hamda «neytral ko‘rsatkichlar» mezonini tuzib chiqqan. Ularning barchasi sanab o‘tishga arzisada, O‘zbekistonga aloqador ikkita bandni keltirib o‘tamiz. Ya’ni, quyidagilar sodir bo‘lsa, O‘zbekistonda fuqarolarning diniy erkinligi buzilgan bo‘ladi:

  • Amalda davlat organlari kamsituvchi holda yoki kamsituvchi maqsadlarda, masalan, ayollar kabi muayyan jamoalarni yoki guruhlarni o‘zboshimchalik bilan yoki selektiv tarzda nishonga olgan bo‘lsa;
  • Cheklov din yoki e’tiqodiga qarab ochiq-oydin kamsitishni maqsad qilgan yoki din yoki e’tiqodiga qarab ochiqchasiga kamsitishga olib kelgan bo‘lsa.

Shu o‘rinda a-bandida keltirilgan «o‘zboshimchalik bilan» va “selektiv tarzda” ayrim guruhlarni nishonga olish ifodasiga biroz izoh berish lozim. O‘zboshimchalik bilan yoki selektiv tarzda deganda bir masalani turli ijro organlari turlicha qo‘llashi nazarda tutiladi. Misol uchun, ko‘cha-ko‘yda ko‘plab hijobli ayollarni ko‘rish mumkin. Ularni ichki ishlar xodimlari bozorlarda, ko‘chalarda va boshqa jamoat joylarida ko‘radi. Ammo hammasini ham Ma’muriy javobgarlik kodeksining 1841-moddasiga ko‘ra javobgarlikka tortayotgani yo‘q. Holbuki, hijob o‘rash huquqbuzarlik bo‘lsa, uni ko‘rib-bilib turgan ichki ishlar xodimining hijobli ayollarni javobgarlikka tortmasligi ularning o‘z vazifasini oshkora bajarishdan bosh tortishini ko‘rsatadi va noqonuniy hisoblanadi.

Ammo ro‘molli ayollardan ayrimlari xuddi boshqa ro‘molli ayollar kabi bozor, ko‘cha-ko‘y kabi jamoat joylarida ro‘molda yurgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Hatto sudda o‘z huquqlarini himoya qilganda ham eng yuqori instansiya darajasida ro‘mol ibodat libosi va uni jamoat joylarida o‘rash taqiqlanishini takidlab sud qarori chiqarilgan. Nima uchun aynan mazkur ayolning huquqiy javobgarlikka tortilganini uni “selektiv” tanlagan ichki ishlar organi biladi. Demak, xulosa qiladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda ro‘molni taqiqlash amaliyoti Maxsus Hisobotchining “og‘irlashtirilgan ko‘rsatkichlari” qatoriga kiradi. O‘zbekistonga b-bandi ham qanchalik mos kelishini yuqorida bayon etdik.

Davlat uchun tavsiya

Vijdon erkinligini cheklash, xususan, ro‘molni taqiqlashdan avval davlat organlari mazkur masalani chuqur yuridik tekshiruv va tahlildan o‘tkazishi lozim edi. Bundan keyin ham mazkur masalada siyosat va qonunchilikka o‘zgartish qilishdan avval quyidagi savollarga «ha» deya ijobiy javob olmaguncha, hijobni taqiqlash kabi vijdon erkinligiga qonun bilan cheklash o‘rnatmaslik lozim.

  • Davlatning cheklashi boshqa huquq va erkinliklarga tahdid solar ekan, cheklovni o‘rnatishga asos bo‘lgan xavf (masalan, jamoat xavfisizligi) bilan boshqa erkinliklarga tushayotgan tahdid (hijobli ayollarning bilimsiz, ishsiz va ijtimoiy ta’minotsiz qolishi, diskriminatsiyaga uchrashi) o‘zaro mutanosibmi?
  • Huquq va erkinliklarni cheklashda ularni eng kam miqdorda cheklaydigan chora qo‘llanganmi? (Masalan, hukumat ayollarning ro‘mol o‘rashida biror xavf ko‘rsa (aslida bunday xavfning mavjudligi haqida hech qanday huquqiy asos yoki faktlarga asoslangan sabab yo‘q), hijobni butunlay taqiqlamasdan, o‘sha ehtimoliy xavflarni bartaraf etishning boshqa yengilroq choralari bordir?)
  • Cheklov chorasi mutanosibmi, ya’ni u boshqa huquq va erkinliklarni cheklab qo‘ymaydimi? (Masalan, hijobli ayollarning ishga va o‘qishga qo‘yilmasligi oqibatida ularning bilim olish, mehnat qilish kabi boshqa huquqlari toptalmayaptimi?)
  • Tanlangan cheklov chorasi diniy bag‘rikenlikni rag‘batlantiradimi? (Ya’ni, diniy erkinlikka asosli bir cheklov qo‘yiladigan bo‘lsa, diniy bag‘rikenglikni ta’minlash asosoy tamoyil vazifasini bajarishi kerak. Agar hijobga taqiq qo‘yilsa, bu diniy bag‘rikenglikni rag‘batlantiradimi yoki buning aksi bo‘ladimi?)
  • Tanlangan cheklov chorasini qo‘llash natijasida hech bir din vakillari yoki diniy jamoa sharmanda bo‘lishga yoki ta’qibga olinishga duchor bo‘lmaydimi? (Masalan, hijobga qo‘yilgan taqiq oqibatida, asosan, e’tiqodi bois ro‘mol o‘ragan musulmon ayollar jabr ko‘rmoqda. Ular o‘zlarini bu taqiq oqibatida alohida ta’qib va diskriminatsiyaga uchrayotganini aytadi.)

Afsuski, mazkur savollarga hijob taqiqi ostida javob olar ekanmiz, ularning birontasiga «ha» deya ijobiy javob olib bo‘lmaydi. Chunki ro‘molni taqiqlash natijasida ayollarning teng huquqli ta’lim olish, mehnat qilish, davlat xizmatlaridan foydalanish va dini yoki jinsiga qarab kamsitilishlardan xoli bo‘lish kabi huquqlari xavf ostiga qolmoqda. Bu esa cheklash va uning natijasida buzilayotgan huquqlarning o‘zaro nomutanosibligni, cheklash diniy bag‘rikenglikni emas, jamiyatda hijob o‘raganlarga nisbatan adovat va hijob o‘rash taqiqlanishi natijasida huquqlari cheklangan ayollarda davlatga nisbatan ishonchsizlikni tug‘dirmoqda. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda hijobni taqiqlash O‘zbekiston «talablarini bajaramiz» deya ratifikatsiya qilgan xalqaro Konvensiyalarga, o‘z Konstitutsiyasi va qonunlariga zid siyosat ekanini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonning yangi hukumati yuqorida tilga olingan milliy va xalqaro qonunchilik me’yorlarini hisobga olgan holda hamda masalaga inson huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan yondashib, diniy e’tiqodiga ko‘ra jamoat joylarida ro‘mol o‘rab yurgan ayollarga nisbatan shu paytgacha amalda bo‘lgan siyosatga barham beradi, deb umid qilamiz.

Fuqarolar uchun tavsiya

Fuqarolar O‘zbekistonda vijdon erkinligi bo‘yicha qonunchilik hamda muhitni yaxshilash uchun faol bo‘lishi, o‘z fundamental huquq va burchlarini yaxshi bilishi hamda kerak joyda o‘z huquqlarini talab qila olishi lozim. Shunday huquqlardan biri bu shikoyat qilish huquqi bo‘lib, o‘z huquqlari poymol etilgan deb hisoblaganda tegishli davlat organlariga murojaat qilishi va matbuot manbalarini bundan ogoh etishi kerak.

Aynan mazkur maqola mavzusida aytadigan bo‘lsak, fuqarolar ibodat libosi degan mujmal atamaga rasmiy sharh berishni va birvarakayiga ro‘molni taqiqlavchi qonun normalarini Konstitutsiyaga zid deb topishni so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishlari lozim.

Zero, demokratik davlat qurishda, qonun ustuvorligini ta’minlash va erkin fuqarolik jamiyatini yaratishda fuqarolarning faolligi, davlat organlariga davlat xalq irodasini ifoda etishini yana bir bor eslatishi hamda davlat organlarining fuqarolar uzviy huquqlarini hech bir cheklovlarsiz himoya qilishi o‘ta muhim.

Din va e’tiqodni oshkor etish erkinligi borasida siyosatni ishlab chiqishda asosiy maqsad ham shaxslarning o‘z xohishiga ko‘ra diniy libos va belgilarni kiyish/taqish va kiyishga/taqishga majburlanishdan xoli bo‘lish erkinligini himoya qilish bo‘lishi lozim.

Yevropa Inson Huquqlari Sudining sudyasi Fransua Tulkens xonimning ta’biri bilan aytganda, “Eng muhimi, qayta-qayta takrorlanishi kerak bo‘lgan gap – fanatizm va ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashishning eng yaxshi chorasi bu inson huquqlarini himoya qilishdir”.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here