Yaqinda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisda to’rt soat mobaynida parlament, hukumat va xalqqa murojaat qilgan edi. Ko’tarilgan mavzular va ahamiyati bo’yicha bu nutq keng jamoatchilik orasida katta shov-shuvga sabab bo’ldi. Hattoki, Shavkat Mirziyoyev Simpoziumlar saroyiga president sifatida kirib kelgan bo’lsa, shu nutqning natijasida undan Milliy Lider maqomida chiqib keldi degan fikrlar ham bildirildi. Darhaqiqat, murojaatda chiroyli gaplar aytildi, muhim mavzular ko’tarildi, xullas, tahlilchilarni bir yillik material bilan ta’minlaydigan dolzarb nutq so’zlandi. Ammo, lekin, biroq ….

O’zbek millatining tarixida haqiqiy yetakchi sifatida iz qoldirish uchun, qanchalik otashin bo’lmasin, nutqlarning o’zi yetarli emas. Maddohlar jonini jabborga berib, barcha OAVlarda “prezidentimizning oqilona siyosatlarini” madh etishi ham milliy panteondan o’rin kafolatlamaydi. Zero, guvoh bo’lib turganimizdek, maddohlar kecha osmongacha madh etgan insonini bugun loy bilan chaplashdan ham tap tortmayapti. Sic Gloria Mundi.

Lekin xalqni qiynayotgan bir muammo borki, uni hal etgan inson haqida baxshi va shoirlar dostonlar yaratishi aniq. Gap hozircha hech qaysi o’zbek hukmdori muvaffaqiyatli kurasha olmagan mashxur o’zbek korruptsiyasi haqida ketayapti. Korruptsiya o’zbek millati va davlatchiligini ich-ichidan yemirib, zaiflashtirayapti. Bu illat allaqachon iqtisodiyotni ham izdan chiqargan, ta’lim va sog’liqni saqlash tizimini degradatsiyasiga olib kelgan. O’zbekning beshikdan qabrgacha hamrohi bo’lmish korruptsiyadan fuqarolar o’ta charchagan, odamlarda davlatga ishonchsizlik, ojizlik va chorasizlik hissiyotlari hukmron. Korruptsiya va uning natijasi bo’lmish adolatsizlik alal oqibat ijtimoiy tanglik, terrorizm, nizo va uyushgan jinoyatchilikning o’sishiga olib kelishi ham muqarrar. Muammo qanchalik jiddiyligini, poraxo’rlik bo’yicha xalqaro reytinglarda post-sovet mamlakatlar ichida eng ohirgi o’rinda, jahonda esa 176 mamlakatdan 156 o’rinda ekanligimizdan ham anglash mumkin. Bizdan keyin faqatgina Afg’oniston, Iroq, Suriya kabi fuqarolik urushi davom etayotgan mamlakatlardir. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy, Singapur, Janubiy Korea kabi tezda modernizatsiyalashni eplay olgan “Osiyo yo’lbarslaridan” ilhomlanishini bekitmaydi, o’z nutqlarida bot-bot ushbu davlatlarni namuna sifatida keltiradi. Bu davlatlardan, ayniqsa Singapurdan biz o’rganishimiz kerak bo’lgan narsalar ko’p, lekin ularning tarixiy tajribasidan olinadigan saboqlardan eng muhimi korruptsiya bilan jiddiy va tizimli kurashilmas ekan, hech qanday modernizatsya va adolatli jamiyat haqida gap ham bo’lishi mumkin emasligidir. Korruptsiya bilan kurashish “maishiy poraho’rlik” bilan kurashishni, vaqt-vaqti bilan oddiy shifokor, o’qituvchi va safdorlarni “namunaviy jazolashni” ham anglatmaydi. Buyuk Britaniyaning sobiq koloniyasi bo’lmish qashshoq Singapurni uchinchi dunyo mamlakatidan birinchi dunyo davlatiga aylantirgan sobiq Bosh Vazir Lee Kuan Yew shunday degan edi: “Singapur mo’jizasining siri bitta. Men hokimiyatga kelganimda eng yaqin uchta safdoshimni qamadim. Ular ham bilar edi sababini, men ham”. Ya’ni, Singapurda davlat tizimini korruptsiyadan tozalash va dizinfektsiyalash eng tepadan pastga qarab tizimli va og’ishmasdan amalga oshirilgan, rahbariyatda korruptsyaga qarshi kurashish uchun qat’iy siyosiy iroda bo’lgan. Xalqaro tajriba ko’rsatganidek, siyosiy iroda bo’lsa, mamlakatni korruptsiyadan 5-6 yilda butunlay tozalash mumkin. Lee Kuan Yew 3 yilda Singapurni “tozaladi”, fuqarolar urushini boshidan kechirayotgan Gruziyada poraxo’rlikni yengish uchun Mihail Saakashviliga 7 yil kerak bo’ldi.

Huddi shunday “poraho’rlikka sifir tolerantlik” yondashuvini Janubiy Korea, Xitoy va boshqa muvaffaqiyatli rivojlanayotgan mamlakatlarda kuzatish mumkin. Va aksincha, Singapur, Janubiy Koreyalar bilan ayni vaqtda va ayni ahvolda o’z mustaqil yo’lini boshlagan aksariyat post-koloniyal Afrika va Osiyo mamlakatlarida millat boshqaruvi, iqtisodiyoti “qudalar va jiyanlar” qo’liga tushdi, bo’lib olindi va talon-toroj qilindi.

Bugungi kunda o’zbek millati ham chorraxada turibdi, “yo hayot, yo mamot” onlarini boshidan kechirayapti. Yo ijtimoiy entropiya va tanazzulni to’xtatish uchun elitani tozalash orqali korruptsiya bilan jiddiy, tizimli kurashiladi, yo o’zbek millati “barbod davlatlar (failed states)” qatoriga qo’shiladi. Masala shunchalik dolzarb. Prezident Shavkat Mirziyoyev navbatdagi prezidentdan xalqning ko’nglidan joy olgan haqiqiy milliy yetakchi, Yurtboshiga aylanishi ham aynan shu masalaga bog’liq.

Javob qoldiring:

Please enter your comment!
Please enter your name here