Assalomu alaykum

«Gazetamiz «Taraqqiy» nominda o‘lub, bora-bora jismi ham ismig‘a muvofiq o‘lub millatimizni «keyin» qolmog‘ig‘a, jaholat va g‘aflati oliyda o‘lub boshqa millatlardan kam darajada qolmog‘ig‘a aslo rozi emasdirmiz…

Taraqqiy.uz haqida qisqa ma’lumot. 

Birinchi milliy gazeta bo’lmish «Taraqqiy» o’zbek millatni boshqalardan ortda qolib ketishiga aslo rozi bo’lmaganlar tomonidan 111 yil oldin chop etilgan edi.

Taraqqiy.uz veb-sayti ham “Taraqqiy” boshlab bergan yo’ldan borish niyatida.

Veb-sayt 2017 yil 21 fevralda ommaviy axborot vositasi sifatida O‘zMA agentligidan 1154-sonli guvohnoma bilan ro‘yxatdan o‘tgan.

Muharrir – Sardor Salim

Taraqqiy.uz haqida batafsil ma’lumot. 

O‘zbeklarning bugungi tashvishlarini ko‘zdan kechirsangiz, 20 asrning boshi bilan 21 asrning boshi o‘rtasida nihoyat bir o‘xshashlik, yaqinlikni ko‘rsa bo‘ladi. Bir qator mavzularga yondashishda bu yaqqol seziladi. Bu mushtaraklik sabablarini, bu ikki davrda ham milliy uyg‘onish jarayoni ketayotganligi bilan izohlash mumkin.

Postkolonial Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi mamlakatlarining tajribasi shuni ko‘rsatadiki, haqiqiy istiqlol hech qachon mustaqillikning e’lon qilinishining rasmiy kunidan boshlanmaydi. Faqatgina ong mustaqilligi orqali haqiqiy va boqiy mustaqillikka erishish mumkin. Ong mustaqilligiga erishish yo‘lida harakatlar bizda XX asr boshlarida boshlangan, 1930 yillar qatag‘onlari bilan uzilib qolgan, Mustaqilligimiz tufayli yana kun tartibiga qo‘yilmoqda. Istiqlol bizga dunyoni bevosita, dalollarsiz anglash va zamonamizning sivilizatsiyasiga esh yashash imkoniyatini berdi. Oradan o‘tgan 26 yil esa, buni zaruryatga aylantirdi.

Uyg‘onmoq – dunyo bilan bilan barobar yashamoqdir. Agar biz ong mustaqilligiga bu gal ham erisha olmasak, bu bosqichdan o‘ta olmasak, madaniyatli, ma’rifatli millatga aylana olmaymiz, jahondagi millatlar oilasiga qo‘shila olmaymiz, silsiladan tushib qolamiz. Demak, bugungi asosiy vazifa yo‘lda uzilib qolgan milliy uyg‘onishni davom ettirish. Milliy uyg‘onish bizning bugungi sharoitimizda ongni dekolonizatsyalashtirish, yani eski mustamlakachi va yangi neoimperial tuzumlarning asoratlari va ta’siridan iloji boricha xalos bo‘lish va shu orqali, shoir Xurshid Davronning ta’biri bilan aytganda, dunyoni o‘zbekcha anglashga harakat qilishdir.

Dunyoni o‘zbekcha anglash

Bir necha asr oldin boshlangan turg‘unlik, uning natijasida 130 yil davom etgan kolonial tobe’lik bizni tarixdan uzdi. Biz jahon sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgan va qo‘shib kelgan ma’rifatli millat ekanligimizni unutdik. To‘g‘rirog‘i, ongimizdan sitib chiqarishdi, o‘rniga texnikaga uquvsiz, til bilishga yaroqsiz, gastarbayterlikdan boshqa qo‘lidan hech narsa kelmaydigan bir millat sifatida o‘zimizni o‘zimizga “tanitishga” harakat qildilar, qilmoqdalar. Hattoki bunga bir darajada muvaffaq ham bo‘ldilar. Biz hamma narsaga, hususan o‘zimizga ham dastlab “oq” imperiyaning (G‘ofur G‘ulomning “Shumbola”sidagi “germon degan mahluqni” eslang), so‘ng “qizil” imperyaning ko‘zi bilan (masalan, “bosmachilar” masalasiga) boqdik. Bugun ham aksariyatimiz dunyoni yo Rossiya, yo G‘arb prizmasi orqali ko‘ramiz. Bizga dunyoni o‘zbekcha anglash qobiliyati yetishmayapti. Mustaqillik bizga tarix va kelajagimizga o‘z ko‘zimiz bilan boqish, o‘z aqlimiz bilan baho berish imkoniyatini berdi, lekin biz bu imkoniyatdan to‘laqonli va samarali foydalana olmayapmiz. Chunki dunyoni o‘zbekcha anglash uchun zamin hali shakllanmagan.

Taraqqiy.uz’ning maqsadi

O‘zbekcha anglanadigan dunyo, bugungi yangi jamiyat va yangi madaniyat qanday tamoyillar zaminida shakllanishi lozim? Bugun o‘zbek kishisi, avvalan, ziyolisi qaysi yo‘lni tanlamog‘i, nimani himoya etmog‘i, nimaga qarshi kurashmog‘i kerak? Hullas, qanday yashash kerak? Bu savollarga munosib javob farmoyish va qarorlar bilan emas, jamiyatdagi turli kuchlarning o’zaro bahs-munozarasi orqali topiladi.  

  • O’zaro suhbat uchun platforma. 111 yil oldin bu savollarga “Taraqqiy” va boshqa davr gazetalari sahifalarida javob berishga harakat qilingan. Taraqqiy.uz’ning asosiy vazifasi bahs-munozara bo’lib o’tayotgan so’qqa blog va ijtimoiy tarmoqlarda “sochilib” ketgan ziyolilar uchun fikr almashinuvning bugungi platformasi sifatida hizmat qilishdir.
  • Quruq xabar emas, munosabat. Hozirda o’zbek OAVlari (Xalq so’zi, Daryo, Kun, Gazeta.uz va hkz) xabarlarni muntazzam berib kelmoqda, lekin bu xabarlarga milliy yondashuv yetishmayapti. Millat uchun bu xabarlar qanday ma’noga ega, ularning ta’siri qanday bo’lishi mumkinligi haqida sifatli sharhlar jurnalistikamizda deyarli mavjud emas. Quruq faktlardan iborat xabarlarga sifatli sharh, talqin berish orqali jarayonlarning ma’nosini yoritish, o’zbeklarga dunyoni o’zbekcha anglashda ko’maklashish bizning yana bir vazifamizdir.

Shu maqsadlardan kelib chiqib, biz siz uchun eng muhim yangiliklarni tanlaymiz, dunyoda va O’zbekistonda bo’lib o’tayotgan jarayonlar haqida sifatli matnlar tayyorlaymiz. Biz “targ’ibot-tashviqot” va laganbardorlikdan hazar qilamiz. O’z faoliyatimiz davomida haq so‘zni aytolmasak, hech bo‘lmaganda botilga chapak chalmaymiz.

Xullas, haqiqatdan ham muhim narsalar haqidagina yozamiz.

Sizning fikr-mulohazalaringiz, taklif va tanqidingiz biz uchun muhim. O’z munosabatingizni quydagi forma orqali bizga bildiring:

Ismingiz (shart)

Email (shart)

Mavzu

Mulohazalaringiz